Amerika Qoʻshma Shtatlari (AQSH; inglizcha: United States of America, USA), Qoʻshma Shtatlar (inglizcha: United States) yoki shunchaki Amerika (inglizcha: America) Shimoliy Amerikada joylashgan davlat. Poytaxti – Vashington shahri, Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi. Amerika Qoʻshma Shtatlari sharqdan Atlantika, gʻarbdan Tinch okeani, janubi-sharqdan Meksika qoʻltigʻi bilan oʻralgan. Maʼmuriy jihatdan 50 shtat va bir federal okrugga boʻlinadi. Alyaska va Gavayi shtatlari mamlakat asosiy hududidan tashqarida joylashgan. Puerto-Riko Hamdoʻstligi, Shimoliy Mariana orollari Hamdoʻstligi, Guam, Virginiya orollari va Amerika Samoasi ham Amerika Qoʻshma Shtatlariga qarashli. Maydoni – 9 833 521 km2. Aholisi 346 128 000 kishi (2024) dan oshiq boʻlib, aholi soni boʻyicha jahonda 3-oʻrinda turadi.
Amerika Qoʻshma Shtatlari | |
---|---|
Shior: „In God We Trust“ („Xudoga ishonamiz “) | |
Madhiya: The Star-Spangled Banner | |
Poytaxt |
Vashington 38°53′N 77°01′W |
Eng katta shahar |
New York 40°43′N 74°00′W |
Rasmiy til(lar) | ingliz tili |
Hukumat | Prezidentlik Respublika |
Joe Biden | |
Kamala Harris | |
Qonun chiqaruvchi hokimiyat | Kongress |
• Yuqori palata |
Senat |
• Quyi palata |
Vakillar palatasi |
Mustaqillik (Buyuk Britaniyadan) | |
• Sana |
4-iyul 1776-yil |
Maydon | |
• Butun |
9 833 520[2] km2 (3/4-oʻrin) |
• Suv (%) |
4.66[3] |
Aholi | |
• 2020-yilgi roʻyxat |
331 449 281[4] (3-oʻrin) |
• Zichlik | 33.6/km2 |
YIM (XQT) | 2022-yil roʻyxati |
• Butun |
$24.8 trillion[5] (2-oʻrin) |
• Jon boshiga |
$74 725[5] (5-oʻrin) |
YIM (nominal) | 2022-yil roʻyxati |
• Butun |
$24.8 trillion[5] (1-oʻrin) |
• Jon boshiga |
$74 725[5] (5-oʻrin) |
Pul birligi | AQSh dollari ($) (USD) |
Vaqt mintaqasi | UTC−4 dan −12, +10, +11 gacha |
UTC−4 dan −10 gacha | |
Qisqartma |
|
Telefon prefiksi | +1 |
Internet domeni |
.us .mil .gov .edu |
Tarixi
Qadim zamonlarda hozirgi Amerika Qoʻshma Shtatlari hududida indeyslar va eskimoslar yashagan. Amerika 1492-yilda Xristofor Kolumb tomonidan kashf etilgandan keyin XVI asrda Ispaniya, Fransiya, Angliya, Gollandiya va Shvetsiya Shimoliy Amerikadagi boʻsh yerlarni egallashga kirishdi. Angliya XVIII asr oʻrtalarida asosiy raqiblarini surib chiqarib, qitʼaning sharqiy qismida oʻzining mustamlakachilik hukmronligini oʻrnatdi. Yerlarni egallash va oʻrnashib olish bilan ayni bir vaqtda mahalliy aholi qirgʻin qilindi va Afrikadan qul negrlar ommaviy ravishda olib kelindi. 1775–1783-yillardagi Shimoliy Amerikada mustaqillik uchun urush davomida 1776-yil 4-iyulda federal davlat – Amerika Qoʻshma Shtatlariga asos solindi va u respublika deb eʼlon qilindi. George Washington Amerika Qoʻshma Shtatlarining birinchi prezidenti etib saylandi. Mamlakat shimolida sanoat va fermerlik, janubida quldorlikka asoslangan dehqonchilik rivojlandi. Gʻarbdagi hindu qabilalarini haydab yuborish va yangi yerlarni oʻzlashtirish hisobiga Amerika Qoʻshma Shtatlari hududi tez kengaya bordi. 1803-yilda Fransiyadan Gʻarbiy Luiziana „sotib olindi“, 1819-yilda Ispaniya Floridaning bahridan oʻtdi, 1836-yilda Meksikadan Texas tortib olindi. XIX asr mobaynida hozirgi Kaliforniya, Arizona, Nyu-Meksiko va Nevada shtatlarining hududlari, Kolorado va Vayoming shtatlarining bir qismi qoʻshib olindi. XIX asr oʻrtalarida Amerika Qoʻshma Shtatlari da „ikki partiyali tizim“ tarkib topdi. Endi hokimiyatni Demokratlar partiyasi bilan Respublikachilar partiyasi galma-gal boshqaradigan boʻldi. Shimoliy burjuaziyasi bilan janub plantatorlari oʻrtasidagi ziddiyat Amerika Qoʻshma Shtatlarida 1861–1865-yillarda fuqarolar urushiga olib keldi, unda prezident Abraham Lincoln boshchiligidagi shimoliy shtatlar gʻalaba qozondi. Urush davomida yer ulushlari haqida (1862), quldorlikni bekor qilish toʻgʻrisida (1865) qonunlar qabul qilindi. Fuqarolar urushidan soʻng mamlakat iqtisodiyoti jadal rivojlana boshladi. 1867-yilda Amerika Qoʻshma Shtatlari chor Rossiyasidan Alyaska va Aleut orollarini sotib oldi; XIX asr oxirida Filippin, Gavayi, Puerto-Riko va boshqalarni, 1903-yilda Panama kanali zonasini qoʻlga kiritdi. Ikki asr boʻsagʻasida Amerika Qoʻshma Shtatlariga koʻchib kelishning yangi toʻlqini boshlandi. Muhojirlarning aksariyati janubi-sharqiy Yevropadan edi. Birinchi jahon urushi davri (1914–1918)da Amerika Qoʻshma Shtatlariavvaliga betaraflik mavqeyida turdi, 1917-yil aprelda Antanta tomonida turib harakat qildi. Urushdan keyin Amerika Qoʻshma Shtatlari iqtisodiy yuksalish davriga kirdi. Ammo tez orada iqtisodiy inqiroz (1929–1933) boshlanib, ishsizlik kuchaydi (1933-yilda 17 million ishsiz bor edi), korxonalar sindi, ishlab chiqarish keskin pasaydi. Inqiroz sharoitida Franklin D. Roosevelt (1933–1945-yillarda Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti) boshchiligidagi Demokratik partiya maʼmuriyati hokimiyat tepasiga keldi. Uning tashabbusi bilan bir qancha ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlar amalga oshirildi, „yangi yoʻl“ deb atalgan bu yoʻl Amerika Qoʻshma Shtatlarini inqirozdan olib chiqish maqsadini koʻzlar edi. 1941-yilda Yaponiya Amerikaning Pearl Harbor harbiy-dengiz bazasiga hujum qilganidan keyin Amerika Qoʻshma Shtatlari Ikkinchi jahon urushiga qoʻshildi va Adolf Hitlerga qarshi koalitsiya tomoniga oʻtdi. Amerika qurolli kuchlari asosan Tinch okeanida Yaponiyaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashdi. 1943-yilda Italiyaga qoʻshin tushirdi. Amerika Qoʻshma Shtatlari ittifoqchilarning xalqaro anjumanlarida (1943-yil Tehron, 1945-yil Qrim, 1945-yil Potsdam konferensiyalarida) qatnashdi. Nihoyat, 1944-yil 6-iyunda Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan Buyuk Britaniya ikkinchi frontni ochdi. 1945-yil avgustda Harry S. Truman (1945–1953-yillarda Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti) buyrugʻi bilan Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombalari tashlandi; oʻn minglab tinch aholining qirilishiga sabab boʻldi. 1950–1953-yillarda Amerika Qoʻshma Shtatlari Koreya urushida qatnashdi, 1956–1975-yillarda Vyetnamda urush olib bordi. 1945-yildan Amerika Qoʻshma Shtatlari – BMT, shuningdek, Amerika davlatlari tashkiloti, NATO aʼzosi.
Geografiyasi
Atlantika okeanining Amerika Qoʻshma Shtatlari qirgʻogʻida koʻrfaz va qoʻltiqlar juda koʻp, sohillari asosan pasttekislikdan iborat; eng katta yarim orol – Florida. Mamlakat relyefi uch turga boʻlinadi. Gʻarbdagi Kordilyera togʻ tizmasi Amerika Qoʻshma Shtatlari hududining uchdan bir qismini egallaydi. Tinch okean sohili baland togʻlar (Alyaska tizmasida Amerika Qoʻshma Shtatlari va butun – 6194 m balandlikdagi Mak-Kinli choʻqqisi joylashgan; bundan tashqari Qirgʻoqboʻyi tizmalari va Kaskadli togʻlar, Syerra-Nevada togʻlari bor). Sharqiy mintaqani Qoyali togʻ tizmalari egallagan. Mazkur ikkala togʻli mintaqa oraligʻida Kolumbiya va Kolorado platolari bor. Katta Havza choʻl yassi togʻliklarini chuqur daralar bir-biridan ajratib turadi. Sharqda uncha baland boʻlmagan Appalachi togʻlari (balandligi 2037 m gacha, Mitchell togʻi) boʻlib, uni torgina Atlantika boʻyi pasttekisligi okeandan ajratib turadi. Kordilyera bilan Appalachi oʻrtasida Markaziy tekisliklar, Buyuk tekisliklar (yoki Preriy platosi) va Meksikaboʻyi tekisliklarini oʻz ichiga olgan ichki tekisliklar joylashgan. Shim.da suv-muz shaklidagi relyefli Lavrentiy tepaligining bir qismi joylashgan. Amerika Qoʻshma Shtatlari – foydali qazilma zaxiralari va xilma-xilligi jihatidan dunyoning eng boy mamlakatlaridan biri. Koʻmir, neft, gaz, mis, qoʻrgʻoshin, rux, uran, temir, titan rudalari, simob, oltin, molibden, volfram, fosforit konlari mavjud. Tosh va kaliy tuzlari, oltingugurt va boshqa minerallar ham bor. Amerika Qoʻshma Shtatlari hududining deyarli barcha qismi moʻtadil va subtropik mintaqalarda, Alyaska – subarktika, Floridaning janubiy qismi tropik mintaqalarda joylashgan. Mamlakatning shimoli-sharqiy va sharqiy qismlari iqlimiga iliq Golfstrim oqimi, Tinch okean sohili iqlimiga sovuq Kaliforniya oqimi anchagina taʼsir oʻtkazadi. Hudud yuzasining tuzilish xususiyatlariga koʻra shimoliy va janubiy mintaqalar oʻrtasida havoning faol almashinuvi munosabati bilan ob-havo tez-tez oʻzgarib turadi. Amerika Qoʻshma Shtatlari ichki mintaqalarining iqlimi – kontinental, Kordilyera ichki hududlarida keskin kontinental. Bismark shahrida (Shimoliy Dakota shtati) yanvarning oʻrtacha harorati −19°, iyulda 21°, Chikago shahrida yanvarda −3,7° va iyulda 32°. Meksikaboʻyi pasttekisligi va Atlantika boʻyi pasttekisligining janubiy qismida subtropik iqlim. Yangi Orlean shahrida yanvarning oʻrtacha harorati 12°, iyulda 27,4°. Atlantika boʻyi sohilining shimoli-sharqiy qismi va Tinch okean boʻyi sohilining shimoliy qismida – dengiz iqlimi. Nyu-Yorkda yanvarning oʻrtacha harorati −0,8°, iyulda 23°. Tinch okean sohilining janubida Oʻrta dengizga oʻxshash iqlim, Kordilyera janubiy qismining ichki tumanlarida juda issiq va qurgʻoqchil. Havoning eng past harorati (-64° gacha) Yukon yassi togʻligi (Alyaska)da, eng yuqori harorati esa (50°) Ajal vodiysi (Kaliforniya)da kuzatilgan.
Oʻrtacha yillik yogʻin Alyaskaning janubi-sharqida va Vashington shtatining gʻarbida – 3000–4000 mm, mamlakatning janubi-sharqida – 1500–2000 mm, ichki tekisliklarda – sharqda 1500 mm dan gʻarbda 3 000 mm gacha. Amerika Qoʻshma Shtatlari ning koʻp daryolari Atlantika okeani havzasiga quyiladi. Mamlakat hududidan dunyoning eng yirik daryo tizimlaridan biri – Missuri bilan Missisipi daryosi oqib oʻtadi. Appalachidan oqib kelib Atlantika okeaniga quyiladigan daryolar (Gudzon, Potomak va boshqalar) – qisqa, tez va sersuv. Kordilyeraning daryo tarmogʻi siyrakroq. Bu yerdagi Kolumbiya, Kolorado kabi soylar chuqur daralardan oqib oʻtadi. Mamlakat shimolida, Kanada chegarasida Buyuk koʻllar (Yuqori koʻl, Guron, Michigan, Eri, Ontario) bor. Katta Havza togʻida Katta Shoʻr koʻl, Floridada koʻpdan-koʻp sayoz koʻl va qoʻltiqlar, Alyaskada muzliklardan hosil boʻlgan tektonik koʻllar, jumladan, Iliamna koʻli bor. Ichki suvlardan sanoat va kommunal suv taʼminoti, kema qatnovi, sugʻorish va gidroenergiya manbai sifatida barakali foydalaniladi. Tuproq qoplami xilma-xil. Shimoli-sharqda serajriq podzol (kulrang) va qoʻngʻir oʻrmon tuproq, janubi-sharqda qizgʻish va sargʻish tuproq, ichki tekisliklarda qoramtir preriy, qoratuproq va toʻq sur, Kordilyeraning togʻ oraligʻi platosida quruq dashtlarning kulrang va och sur tuproqlari. Mamlakat shimoli-sharqida aralash va qaragʻay oʻrmonlari, janubida keng bargli, Tinch okean sohili va Kordilyera yon bagʻirlarida igna bargli oʻrmonlar ustun. Markaziy tekisliklarning gʻarbidagi ayrim joylarda oʻtsimon preriy oʻsimlikzorlari, Buyuk tekisliklar, Kordilyera platosi va vodiylarida quruq dashtlarning oʻsimliklari saqlanib qolgan. Kordilyera yassi togʻligining qurgʻoqchil qismini chala choʻl va choʻllar egallaydi. Muhofazaga olingan yirik tabiat obyektlari orasida Iyellouston milliy bogʻi, Yosemit milliy bogʻi, Sekvoyya, Grand-Kanon milliy bogʻlari, Mamont va Karlsbad gʻorlari bor.
- Missisipi daryosi - Yangi Orlean
Hukumat va siyosat
Davlat tuzumi
Amerika Qoʻshma Shtatlari 50 ta shtat, bitta federal okrug va beshta hududdan tashkil topgan federativ respublikadir.[6][7][8] Bundan tashqari, jahonning mavjud eng qadimgi federatsiyasi hisoblanadi. 2021-yilda Amerika Qoʻshma Shtatlari Demokratiya indeksida 26-oʻrinni egalladi.[9]
Amerika Qoʻshma Shtatlari ning amaldagi konstitutsiyasi 1787-yilda qabul qilingan. Davlat va hukumat boshligʻi, qurolli kuchlar bosh qoʻmondoni – prezident, uning vakolatlari juda katta. Vitse-prezident bilan birga bavosita, ikki bosqichli saylov yoʻli bilan (saylovchilar hayʼati orqali) 4 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni senat va vakillar palatasidan iborat ikki palatali kongress amalga oshiradi. Senatda 100 senator bor (ular 6 yil muddatga, har shtatdan 2 tadan saylanadi va 1/3 qismi har 2 yilda yangilab turiladi). Vakillar palatasiga 435 deputat 2 yilga saylanadi. Ijrochi hokimiyat organi – Amerika Qoʻshma Shtatlari hukumati prezident tomonidan senatning roziligi bilan tayinlanadi; 13 ta vazirdan iborat boʻladi. Hukumat kongress oldida masʼul emas. Har bir shtatning oʻz konstitutsiyasi bor. Shtatdagi qonun chiqaruvchi hokimiyatni qonun chiqaruvchi majlis, ijrochi hokimiyatni esa gubernator amalga oshiradi. Amerika Qoʻshma Shtatlari davlatining konstitutsiyaviy tizimiga uch siyosiy-huquqiy qoida asos qilib olingan, bu qoidalar – hokimiyatning boʻlinishi, federalizm va sudning konstitutsiyaviy nazoratidan iborat. Hokimiyatning boʻlinish qoidasi davlat hokimiyatining uch tarmogʻi – qonun chiqaruvchilik, ijroiya va sud hokimiyatlarining mustaqilligini va ular oʻrtasida vazifalarning chegaralab qoʻyilishini nazarda tutadi. Federal darajadagi uch tarmoq – Kongress, Prezident va Oliy suddir. AQShning 44-prezidenti Barack Obama hisoblanadi.
Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari
Respublikachilar partiyasi, 1854-yilda tuzilgan; Demokratik partiya, 1828-yilda tuzilgan; Kommunistik partiya, 1919-yilda tuzilgan; Amerika Mehnat Federatsiyasi – ishlab chiqarish kasaba uyushmalari Kongressi, 1955-yil tashkil etilgan. Amerika Qoʻshma Shtatlari da salkam 40 mustaqil kasaba uyushmalari ham bor, ularga 4,5 million ishchi va xizmatchi aʼzo boʻlib kirgan.
Demografiyasi
Aholisi
|
| ||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
Manba: [10] |
Amerika Qoʻshma Shtatlari ning hozirgi aholisi uch asosiy etnik tarkibiy qismdan: Amerika Qoʻshma Shtatlari amerikaliklari, muhojirlar va tub joy aholisidan iborat. Amerika Qoʻshma Shtatlari aholisining 82,8% ni asli kelib chiqishi yevropaliklar, 12,6% ni afrikaliklar, 3,6% ni osiyoliklar, 1% ni hindular, eskimoslar, aleutlar tashkil etadi. Aholining 80% shaharlarda yashaydi. Amerika Qoʻshma Shtatlari amerikaliklari millat sifatida asosan 18-asrning 2-yarmida Yevropaning turli mamlakatlaridan kelgan muhojirlarning aralashib ketishi natijasida tarkib topgan. Afroamerikaliklar („qoralar“ deb ata-luvchi negrlar) Amerika Qoʻshma Shtatlari amerikaliklarining irqiy-etnografik guruhi boʻlib, ular 17-19-asrlarda mamlakatga keltirilgan afrikalik qullarning avlodlaridir. Afroamerikaliklar koʻp asrlar davomida ayirmachilik va kamsituvga duchor qilinishiga qaramay, afrikaliklarning oq tanlilar bilan jismoniy aralashuvi sodir boʻldi. Duragaylar afroamerikaliklar umumiy sonining anchagina qismini tashkil etadi. Amerika Qoʻshma Shtatlari da meksikanlar, italyanlar, nemislar, fransuzlar, shvedlar, norveglar, gollandlar, yaponlar, polyaklar, xitoylar va boshqaxalqlar ham yashaydi. Amerika Qoʻshma Shtatlari da 5 mingga yaqin oʻzbek istiqomat qiladi. Ular asosan NyuYork, Vashington, Nyu-Jersi shtatlarida, Filadelfiya shahrida hamda mamlakatning boshqa shtat va shaharlarida yashaydi. Ular turli kasb hamda tijorat ishlari bilan shugʻullanadilar. Hozirgi amerikalik oʻzbeklarning ota-bobolari 1917-yilgi oktyabr toʻntarishidan keyin bolsheviklar tazyiqidan qochib, avval Afgʻoniston va Xitoyga oʻtib ketganlar. 1950-yillarda esa, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya orqali Amerika Qoʻshma Shtatlari ga borib qolishgan. Ikkinchi jahon urushi davrida turli yoʻllar bilan u yerga borib qolgan oʻzbeklar ham uchraydi. Amerika Qoʻshma Shtatlari aholisining zichligi – 1 km² ga 27,2 kishi. Rasmiy tili – ingliz tili. Dindorlar asosan protestantlar va katoliklardir. Yirik shaharlari: Nyu-York, Chikago, Los Anjeles, Filadelfiya, Xyuston, Detroyt, San Fransisko, Vashington, Boston, Dallas, Klivlend, Baltimor (yana qarang Amerikaliklar).
Tibbiy xizmati
Mamlakat kasalxona muassasalarining 70% – xususiy. Shifokorlarni tibbiyot maktablari tayyorlaydi. Saratoga-Springs, Kliften, Trenchlik, Xot-Springsda balneologiya, Atlantiksitida dengiz boʻyi, Santa-Klaus, Monterey, Santa Barbarada dengiz kurortlari bor. Atlantika va Tinch okeanlari sohillari va orollarida, shuningdek togʻ va choʻl joylarda iqlimiy stansiyalar joylashgan.
Iqtisodiyoti
Xoʻjaligi
Amerika Qoʻshma Shtatlari iqtisodiyoti nominal qiymati boʻyicha dunyodagi eng yirik iqtisodiyotdir, u soʻnggi 50 yil ichida jahon yalpi ichki mahsulotining kamida toʻrtdan bir qismini tashkil etadi . Amerika iqtisodiyoti juda yuqori darajadagi shaffoflikka ega. Amerika Qoʻshma Shtatlari davlat organlari tomonidan har hafta, ikki hafta, oy, chorak va yilda bir marta oʻnlab turli statistik hisobotlar va iqtisodiy koʻrsatkichlar eʼlon qilinadi. Qonunchilikka koʻra, ularning baʼzilari keyingi davrlarda – yangi maʼlumotlar olinishiga qarab qayta koʻrib chiqilishi kerak. Qayta koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan hisobotlarga, iqtisodiy tahlil byurosi tomonidan eʼlon qilingan YAIM va aholining shaxsiy daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi oylik hisobotlar kabilarni misol qilib keltirish mumkin . Koʻrsatkichlarni yuqoriga yoki pastga qarab ketish holatlarini qayta koʻrib chiqish odatiy hol emas. Amerika Qoʻshma Shtatlari da oʻnlab davlat tashkilotlaridan tashqari, xususiy (tijorat va jamoat) tashkilotlarning oʻnlab statistik koʻrsatkichlari eʼlon qilinadi. Masalan, uzoq vaqt davomida ADP kompaniyasining ishsizlik toʻgʻrisidagi hisoboti, Michigan universiteti isteʼmolchilar kayfiyati indeksi, Standard & Poor’s Case-Shiller indeksi va boshqalar kabi koʻrsatkichlar ishonchli hisoblanadi. Mamlakat iqtisodiyoti dunyodagi eng xilma-xil milliy iqtisodiyotlardan biri boʻlib, soʻnggi 100 yil ichida jahon iqtisodiyotida etakchilikni saqlab kelmoqda. Biroq, 2000-yillarning boshidan boshlab, globallashuvning tezlashishi va rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotining oʻsishi tufayli uning jahon iqtisodiyotidagi taʼsiri biroz pasaydi. 2019-yilda isteʼmol xarajatlari Amerika iqtisodiyotining 68 foizini tashkil etdi. 2010-yil avgust holatiga koʻra, Amerika mehnat resurslariga 154 milliondan ortiq kishi kiradi. Hukumat mamlakatning eng yirik ish beruvchisidir, davlat kompaniyalari va tuzilmalarida 21 milliondan ortiq kishi ishlaydi. Xususiy kompaniyalar orasida eng yirik bandlik sohasi sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot (16,4 million kishi). Xodimlarning taxminan 12% kasaba uyushmalariga aʼzo hisoblanadi(Gʻarbiy Evropada – 30%). 2000-yildan buyon ishlab chiqarishdagi ish oʻrinlari soni 5 millionga kamaydi. Amerika Qoʻshma Shtatlari iqtisodiyotini 1994-2008-yillarda Kanada va Meksika bilan erkin savdo zonasini (NAFTA) tashkil etilishi mustahkamladi. 1993-2013-yillarda Amerika Qoʻshma Shtatlari ning NAFTA mamlakatlariga tovar eksporti hajmi 5 barobardan koʻproqqa: 141,8 milliard dollardan 529,0 milliard dollargacha oshdi. Shu davrda NAFTA mamlakatlaridan Amerika Qoʻshma Shtatlari tovar importining qiymati 4 barobardan koʻproq oshdi: 150,8 milliard dollardan 625,0 milliard dollargacha.
Sanoati
1933-yil 16-iyunda kuchga kirgan sanoatni qayta tiklash haqidagi qonun „Yangi yoʻnalish“ doirasidagi yana bir muhim tadbir boʻldi. Bu qonun sanoatning davlat tomonidan joriy qildi. Birinchi jahon urushi natijasida Amerika Qoʻshma Shtatlari Dunyodagi yetakchi davlatga aylanadi. Amerika kompaniyalari Yevropa mamlakatlariga ulkan miqdorda va yuqori narxlarda harbiy jihozlar, qurol -yaroq va oziq ovqat etkazib berdi. Koʻplab Yevropa mamlakatlari Amerika Qoʻshma Shtatlari dan urush olib borish uchun kredid oldilar va urushdan soʻng Amerika Qoʻshma Shtatlari oldida qarzdor boʻlib qoldilar amerika kompaniyalari urush davrida jami 35 mlrd. dollar foyda koʻrishdi. 1933-yil 12-mayda fermerlarga yordam haqidagi qonun qabul qilindi. Ularning mahsulotlariga boʻlgan narxlarni oshirish zarur edi. Fermerlarga ekinzorlar maydonini va chorva turini qisqartirish haqida davlat bilan kontrakt tuzish taklif etildi. Buning uchun ularga mukofotlar berildi. Fermerlarning qarzlari davlat hisobiga qabul qilindi va nomaʼlum muddatga toʻxtatib qoʻyildi. Davlat yuzminglab fermerlarga kredit berdi. Norentabel fermalar tugatildi. „Yangi yoʻnalish“ Amerika Qoʻshma Shtatlari dagi ijtimoiy munosabatlarni liberallashtirish uchun ijtimoiy qonnunchilik sohasida muhim siljishni amalga oshirildi. 1935-yili Amerika Qoʻshma Shtatlari Kongressi "Vagner qonuni " ni qabul qildi. Mazkur qonun boʻyicha ishchilar jamoaviy shartnomalar tuzish huquqiga va ish tashlash huquqiga ega boʻlishdi. Kasaba uyushmalari huquqlarining va ish tashlash huquqining tan olinganligi ishchilar sinfining oʻz saflari birligi uchun kurashiga yangi turtki berdi. Kasaba uyushmalari soni koʻpayib ketaboshladi. Tan olingan markaz – Amerika mehnat federatsiyasi bilan birga yangi kasaba uyushma tashkiloti – Ishlab chiqarish kasaba uyushmalari komiteti paydo boʻldi. Bu tashkilot 1938-yilda Ishlab chiqarish kasaba uyushmalari kongressi deb nomlandi. Ruzvelt Prezidentligi davrida ichki siyosatning liberallashtirilganligi tashqi siyosatda ham aks etdi. Amerika Qoʻshma Shtatlari ning tashqi siyosati yanada moslashuvchan va haqqoniyroq boʻlib qoldi. Yangi maʼmuriyatning tashqi siyosatdagi birinchi yirik ishi – 1933-yil noyabrida Sovet Ittifoqi bbilan diplomatic munosabatlar oʻrnatilganligidir. Ikki mamlakat oʻrtasida munosabatlar meʼyorlashganligi ularning iqtisodiy aloqalarini faollashtirildi. 1935 va 1937-yillarda Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan SSSR oʻrtasida ikki mamlakatning oʻzaro foydali iqtisodiy munosabatlari rivojlanishiga imkon beruvchi savdo bitimlati tuzildi. Ruzvelt 1937-yil 5-oktyabr kuni Chikagoda soʻzlagan nutqida agressorlar atrofida karantin oʻrnatishga chaqirdi. U fashistik davlatlarning bosqinchilik harakatlarini ham keskin qoraladi. 1939-yil 26-iyul kuni Amerika Qoʻshma Shtatlari Yaponiya bilan savdo shartnomasini bekor qildi. 1939-yil 4-noyabrda Ikkinchi jahon urushi boshlangandan soʻng betaraflik haqidagi qonun qayta koʻrib chiqildi va bu Angliya hamda Fransiyaga Amerika Qoʻshma Shtatlari dan qurol-yarogʻ sotib olish imkonini berdi.
Amerika Qoʻshma Shtatlari milliy daromadining 66,3% sanoatda hosil qilinadi. Sanoat ishlab chiqarishning yarmiga yaqini sanoat korporatsiyalari qoʻlida. Ular orasida: „Ekson“, „Mobil“, „Teksako“, „Shevron“, „Standard oyl of Kaliforniya“, „Standard oyl of Indiana“, „Galf oyl“ neft, „Jeneral motore“, „Ford motor“, „Kraysler“ avtomobil, „IBM“, „Jeneral elektrik“, „ITT“ elektr mashinasozligi, „YU. S. Stil“ poʻlat quyish, „Dyupon de Nemur“ kimyo va boshqa korporatsiyalar bor. Harbiy sanoat korporatsiyalari orasida „Jeneral daynemiks“, „Lokxid“, „Makdonnel Duglas“, „Grumman“, „Xyuz eyrkraft“ yetakchi oʻrinni egallaydi. Avia-raketa-kosmik, energomashinasozlik, elektron, shuningdek neft kimyosi, atom va energetika sanoati gʻoyat tez suratlar bilan taraqqiy etmoqda. Elektr energiyaning 74% issiqlik elektr stansiyalarida, 12,1% GESlarda, 14,1% AESlarda hosil qilinadi. Neft (Meksika qoʻltigʻi sohilidagi Galf, Kaliforniya, Alyaska), tabiiy gaz va oltingugurt (Galf), kumir (Appalachi va Markaziy havzalar), temir ruda (Yuqori koʻl atrofi), fosforit (Florida), uran, rangli metallar, kaliy tuzlari va sh.k. qazib olinadi. Qora metallurgiyaning asosiy markazlari – Chikago, Pittsburg, Detroyt, Klivlend, Buffalo, Baltimor, Filadelfiya. Alyuminiy sanoati Galf atrofida hamda Kolumbiya va Tennessi daryolari havzalarida joylashgan. Sanoatning yetakchi tarmogʻi – mashinasozlik va metallsozlik. Sanoat va energetika asbob-uskunalari, qurilish va qishloq xoʻjaligi mashinalari ishlab chiqarish asosan shimoli-sharqiy shtatlarda, elektrotexnika va aloqa vositalari ishlab chiqarish shimoli-sharq va Kaliforniyada Yoʻlga qoʻyilgan. Avtomobilsozlikning bosh markazi Detroyt shahri Samolyotlar, raketa va kosmik texnika ishlab chiqaruvchi zavodlar asosan Los-Anjeles, San-Diyego, Boston, Nyu-York, Filadelfiya, Baltimor, Buffalo, Dallas, Atlanta va boshqa shaharlarda joylashgan. Kemasozlik (asosan harbiy kemasozlik) Amerika Qoʻshma Shtatlari shimoli-sharqiy sohili portlarida rivojlangan. Atom sanoatining asosiy markazlari – Ok-Rij, Padyuka, Portsmut, Eyken, Xanford. Kimyo sanoati ximikatlar, plastmassalar, kimyoviy tola, sintetik kauchuk, loklar, kir yuvish vositalari, boʻyoqlar, maʼdanli oʻgʻitlar va sh.k.ni ishlab chiqaradi. Mazkur tarmoq korxonalari asosan shimoli-sharqiy shtatlarda, Meksika qoʻltigʻi sohilidagi shaharlarda joylashgan. Harbiy sanoat asosan Kaliforniya, Nyu-York, Texas, Konnektikut, Missuri, Massachusets, Virginiya shtatlarida. Yengil sanoat tarmoqlaridan eng salmoklisi toʻqimachilik (koʻproq Shimoliy Karolina, Janubiy Karolina va Jorjiya shtatlarida) va tikuvchilik (Nyu-York va janubiy shtatlar). Charm-poyabzal sanoati yaxshi rivojlangan. Oziq-ovqat sanoati oʻz xom ashyosi bilan yaxshi taʼminlangan. Uning yetakchi tarmoqlari – goʻsht, sut, un, yogʻ, qand-shakar, konserva, alkogolli, alkogolsiz ichimliklar, tamaki.
Qishloq xoʻjaligi
Amerika Qoʻshma Shtatlari milliy daromadining 8% dan koʻprogʻi qishloq xoʻjaligida hosil qilinadi. Yirik fermalar yetakchi rol oʻynaydi. Umuman qishloq xoʻjaligi sermahsul va sertovar boʻlib, muayyan hududlar ayrim mahsulot turlariga ixtisoslashgan va markazlashgan. Mamlakatda 2 mln.ga yaqin fermer xoʻjaligi bor, bir fermer xoʻjaligi oʻrta hisobda 190 ga yerda dehqonchilik qiladi. Mehnatga yaroqdi aholining 2,5% qishloq xoʻjaligida band. Amerika Qoʻshma Shtatlari da asosan makkajoʻxori, soya, paxta, tamaki, sholi, kartoshka, kungaboqar, qand lavlagi, shakarqamish va boshqa ekiladi. Bugʻdoyzorlar („bugʻdoy mintaqasi“) Buyuk tekisliklar va Kolumbiya platosida (asosan Kanzas va Shimoliy Dakota shtatlari), makkajoʻxori („makkajoʻxori mintaqasi“) Buyuk koʻllarning janubiy va gʻarbida (Ayova, Illinoys shtatlari) ustunlik qiladi, paxtazorlar faqat Missisipi daryosi vodiysi hamda Texas, Arizona va Kaliforniya shtatlarida uchraydi. Qand lavlagi, shakarqamish Missisipi daryosi etaklarida va Gavayi orollarida, tamaki Shimoliy Karolina, Virginiya va Kentukki shtatlarida yetishtiriladi. Bogʻdorchilik va polizchilik Kaliforniya, Floridada, Atlantika okeani va Buyuk koʻllar sohillarida koʻproq. Keng choʻllar va „makkajoʻxori mintaqasi“ shtatlarida goʻshtbop chorvachilik, shimoli-sharqda va Kaliforniyada sut chorvachiligi rivojlangan. Minnesota va Viskonsin shtatlarida sutning koʻp qismi qayta ishlanib, pishloq va sariyogʻ ishlab chiqariladi. Qoʻychilik asosan qurgʻoqchil togʻli shtatlarda rivojlangan. Goʻshtbop joʻja (broyler), tovuq, kurka yetishtirishga katta ahamiyat beriladi. Tuxum koʻproq janubi-sharqiy shtatlardagi yirik parrandachilik fab-rikalarida yetishtiriladi. Amerika Qoʻshma Shtatlari da 102 mln. bosh qoramol, 51 mln. bosh choʻchqa, 10 mln. bosh qoʻy bor. Baliq ovlash rivojlangan. Hamma turdagi yogʻoch tayyorlanadi.
Transporti
Ichki yuk tashishda temir yoʻl, avtomobil transporti, ichki suv transporti, dengiz transporti, havo transporti, gaz va neft quvurlari muhim ahamiyatga ega. Asosiy dengiz portlari: Nyu-York, Filadelfiya, Baltimor, Yangi Orlean, Xyuston, San-Fransisko, Buyuk koʻllarda – Chikago, Dulut. Aviatsiya qatnovi asosiy uzellari – Nyu York, Chikago, Atlanta, Los Anjeles, Mayami, Dallas.
Tashqi savdosi
Dunyoning turli mamlakatlariga bevosita mablagʻ sarflash koʻpayib bormoqda. Eksportda ham, importda ham tayyor mahsulot ustun. Amerika Qoʻshma Shtatlari dan sanoat va energetika mashina-uskunalari, transport vositalari, kimyo tovarlari, toʻqimachilik va qogʻoz mahsulotlari, koʻmir, oziq-ovqat va yembop don, soya, paxta, tamaki va boshqa mahsulotlar chiqariladi; neft va neft mahsulotlari, ruda va metall, sanoat mashina-uskunalari, uzoq muddat foydalaniladigan roʻzgʻor anjomlari, kiyim-kechak, poyabzal, yogʻoch, qogʻoz, baliq, goʻsht, qand-shakar, kofe va boshqa keltiriladi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari – Kanada, Yaponiya, Meksika, Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari. Pul birligi – Amerika dollari.
Madaniyati
Maorifi va madaniy-maʼrifiy muassasalari
Milliy maorif tizimi mustaqillik uchun urush (1775–83)dan keyin qaror topa boshladi. 1852-yilda Massachusets shtati Amerika Qoʻshma Shtatlari da birinchi boʻlib majburiy boshlangʻich taʼlim toʻgʻrisida qonun qabul qildi. Amerika Qoʻshma Shtatlari dagi koʻpchilik shtatlarda 7-16 yoshdagi bolalar uchun oʻqish majburiyil Oʻrta maktabning turlari koʻp: 3-yillik kichik oʻrta maktab, 6-yillik birlashgan kichik va oʻrta, 4-yillik oʻrta maktab. Barcha variantdagi oʻrta maktablarda oʻqish muddati – 12-yil Oliy taʼlim tizimi universitetlarni, 4-yillik kollejlarni bundan tashqari toʻliq oliy maʼlumot bermaydigan 2-yillik kichik kollejlarni, hunar va texnika institutlarini oʻz ichiga oladi. Barcha oliy oʻquv yurtlarida taʼlim pulli. Eng yirik oliy oʻquv yurtlari: Garvard, Kaliforniya (Berkli shahrida), Viskonsin, Michigan, Illinoys, Kornell (Itaka shahrida), Kolumbiya, Prinston, Chikago, Pensilvaniya universitetlari, Kaliforniya, Stenford va Massachusets texnologiya institutlari. Yirik kutubxonalari: Kongress kutubxonasi (1800-yil tashkil etilgan), Nodir kitoblar va qoʻlyozmalar kutubxonasi, Milliy arxiv kutubxonasi, Milliy tibbiyot kutubxonasi, universitetlarning kutubxonalari, Los-Anjeles (1872-yil tashkil etilgan), Chikago (1872-yil tashkil etilgan), Boston (1852-yil tashkil etilgan), Nyu-York (1895-yil tashkil etilgan) xalq kutubxonalari va boshqa Mashhur muzeylari: Amerika Qoʻshma Shtatlari Milliy muzeyi, Havoda uchish va kosmonavtika milliy muzeyi, Nafis sanʼat asarlari milliy kolleksiyasi, Milliy sanʼat galereyasi, Tarix va texnika milliy muzeyi, Milliy portret galereyasi (hammasi Vashingtonda), Hozirgi zamon sanʼat muzeyi, Metropoliten muzey, Amerika tabiatshunoslik tarixi muzeyi (Nyu-Yorkda), Boston nafis sanʼat muzeyi va boshqa
Etimologiyasi
Amerika Qoʻshma Shtatlari -etimologiyasi qadimgi ingliz-mulatlardan kelib chiqqan.Amerika Qoʻshma Shtatlari - katta sivilizatsiyaning markazlaridan biri hisoblanadi.
Ilmiy muassasalari
Amerika Qoʻshma Shtatlari da ilmiy muassasalarga rahbarlik qiladigan yagona markaz yoʻq. Vashingtondagi Amerika Qoʻshma Shtatlari Milliy Fanlar Akademiyasi (1863-yilda tashkil boʻlgan) fan va texnika masalalari boʻyicha federal hukumatning maslahatchisi hisoblanadi. 1964-yilda alohida Milliy texnika akademiyasi tuzilgan; Kaliforniya Fanlar Akademiyasi (1853), Chikago Fanlar Akademiyasi (1857) mavjud. Barcha ilmiy tadqiqotlarning anchagina qismi universitetlarda olib boriladi. 1965-yilda tashkil etilgan Milliy taʼlim akademiyasi maorif va pedagogika masalalari bilan shugʻullanadi. Mamlakatda birtalay ixtisoslashgan ilmiy tashkilot va jamiyatlar bor. 10 mingdan ortiq, asosan, xususiy sanoat firmalari, 700 ga yaqin federal hukumat muassasasi ilmiy tadqiqot va tadqiqot-konstruktorlik ishlarini amalga oshiradi. Kongressning ijozati bilan federal hukumat barcha ilmiy tadqiqot va konstruktorlik ishlarining yarmini pul bilan taʼminlaydi. 1950-yilda Millim ilmiy fond tashki l etildi. Bu muassasa zimmasiga ilmiy tadqiqotlarning yoʻnalishini belgilash, ularni muvofiqlashtirish va pul bilan taʼminlash, ilmiy kadrlar tayyorlash vazifasi yuklatilgan. Fan va texnika masalalari boʻyicha federal kengash prezidentning maxsus yordamchisi boshchiligida hukumat muassasalari bajaradigan tadqiqot ishlarini nazorat qiladi. Davlat muassasalari orasidagi eng yirik fondlar Mudofaa vazirligiga qarashlidir. Bu vazirlik ixtiyorida 100 dan ortiq ilmiy tadqiqot va tajriba ilmiy markazlari bor.
Matbuoti, radioeshittirish va telekoʻrsatuvi
Amerika Qoʻshma Shtatlari dagi yirik kundalik gazetalar: „Nyu-York tayms“ („Nyu-York vaqti“, 1851-yildan), „NyuYork deyli nyus“ („Nyu-York kundalik yangiliklari“, 1919-yildan), „Nyu-York post“ („Nyu-York pochtasi“, 1801-yildan), „Vashington post“ („Vashington pochtasi“, 1877-yildan), „Vashington tayms“ („Vashington vaqti“, 1982-yildan), „Uollstrit djornel“ („Uollstrit gazetasi“, 1889-yildan), „Chikago tribyun“ („Chikago minbari“, 1847-yildan), „Los-Anjeles tayms“ („Los-Anjeles vaqti“, 1881 ydan), jurnallar: „Taym“ („Vaqt“, 1923-yildan), „Nyusuik“ („Hafta yangiliklari“, 1933-yildan), „Yunayted steyts nyus end uorld riport“ („Qoʻshma shtatlar yangiliklari va jahonga nazar“, 1933 ydan), „Biznes uik“ („Biznes hafta mobaynida“, 1929-yildan), „Neyshn“ („Xalq“, 1865 ydan), „Demokrat“ (1961 ydan), „Layf“ („Hayot“). Yetakchi axborot agentliklari: Assoshieyted Press (AP; 1848-yilda tashkil etilgan) va YUPI (1958-yilda tashkil etilgan). Birinchi tijorat radiostansiyasi 1920-yilda tashkil etilgan. Amerika Qoʻshma Shtatlari da 9 mingdan koʻproq radio va IZO telestansiya mavjud. Tajriba telekoʻrsatuvi – 1928-yildan, muntazam telekoʻrsatuv 1941-yildan ishlaydi.[11]
Adabiyoti
17-asrdan rivojlana boshladi. 1775-83-yillar mustaqillik uchun urush davridagi maʼrifatparvarlar, xususan, „Uchinchi tabaka“ oliy maqsadlarining targʻibotchisi B. Franklin va atoqli publitsist, „Somom aql“ (1776) va „Inson huquqlari“ (1791–92) manifestining muallifi T. Peyn faoliyati milliy adabiyotni rivojlantirishda muhim rol oʻynadi. T. Jeffersonning „Mustaqillikdeklaratsi-yasi“ (1776)da ilgʻor maʼrifatparvarlik gʻoyalari aks etdi. Yevropa romantizm i taʼsirida 19-asrning 1-yarmida Amerika romantizmi yuzaga keldi va milliy oʻziga xoslik xususiyatlarini ifodalab berdi. Romantizmning dastlabki davri 1810- 30-yillarga toʻgʻri keladi. Uning eng salmoqli vakillaridan V. Irving, U. K. Brayant, J. F. Kuper asarlarida Amerika xalqining farovon turmush haqidagi orzu-umidlari aks etgan. 19-asrning 40-60-yillarida adabiyotda negrlarni qullikdan ozod qilish uchun boshlangan harakat bilan bogʻliq yoʻnalish yuzaga keldi. J. G. Uityer, X. U. Longfello, J. R. Louell, G. Bicher-Stou („Tom toganing kulbasi“), R. Xildret kabi shoir va yozuvchilar asarlari, U. L. Xarrison, U. Filips, A. Linkoln, mutafakkir negr F. Duglaslarning publitsistikasi quldorlikka qarshi qaratildi. Shoir U. Uitmen ijodi ham milliy adabiyotni rivojlantirishda muhim rol oʻynadi. Fuqarolar urushidan keyin Amerika Qoʻshma Shtatlari adabiyotida Mark Tven („Tom Soyerning sarguzashtlari“, „Geklberri Finning sarguzashtlari“) Amerika Qoʻshma Shtatlari adabiyoti tarixida oʻchmas iz krldirdi. T. Drayzer („Moliyachi“, „Amerika fojiasi“), F. Norris, J. London („Martin Idei“) 19-asr Amerika Qoʻshma Shtatlari adabiyoti anʼanalarini davom ettirib, Amerika Qoʻshma Shtatlari adabiyoti tarixida yangi saxifa ochdilar. J. Londonning asarlarida insonning alohida toifasi, mard, kuchli, halol, ayni vaqtda oʻz hayotiy kurashida yolgʻiz inson gavdalantirilgan. T. Drayzerning romanlarida ijtimoiy hodisalar chuqur tahlil etilgan, zamon qaxramonlarining taqdiri keng miqyosda tasvirlangan, tarixga donishmandlarcha nazar tashlangan. 20-asrning 20-yillarida „Yoʻqotilgan avlod“ deb atalgan adabiy guruh (E. Xeminguey, U. Folkner, J. Dos-Passos, F. S. Fitsjerald) tashkil topdi. Uning vakillari mavjud tartibqoidalarni tanqid qildilar, ishonchsizlikni, bosqinchilik urushlariga qarshi harakatni, yosh avlod fojiasini tasvirladilar. Ikkinchi jahon urushi arafasida T. Drayzer fashizm mohiyatini fosh etdi va unga qarshi kurashchi obrazini yaratdi. Urushdan keyin J. D. Selinjer, J. Chiver, J. Apdayk, U. Stayron, J. Outs prozasining bosh qahramoni – maʼnaviyatsiz jamiyatda oʻz qobiliyatini roʻyobga chiqara olmaydigan shaxs. Bu yozuvchilarning koʻpgina asarlari oʻrta sinf deb atalgan toifadagi odamlarga, yoshlarga bagʻishlangan. 20-asr Amerika sheʼriyatida xilma-xil gʻoyaviy-badiiy yechimlarni koʻramiz. Amerika Qoʻshma Shtatlari ning ilmiy-sarguzasht va hajv adabiyoti (A. Azimov, A. Klark va boshqalar) oʻziga xos mavzularning boyligi bilan ajralib turadi. Badiiy-hujjatli roman janri ayniqsa rivoj topdi. Amerika adabiyotining eng yaxshi namunalari „Tom togʻaning kulbasi“ (G. BicherStou), „Tom Soyerning sarguzashtlari“, „Geklberri Fin sarguzashtlari“ (M. Tven), „Koʻmir qiroli“ (E. Sinkler) romanlari, J. London, O. Genri, T. Drayzer, O. Karlson, P. Bak, R. Konnel, E. Xeminguey hikoyalari, L. Xyuz sheʼrlari va boshqa asarlar oʻzbek tiliga tarjima qilib nashr etilgan.
Meʼmorligi
Yevropaliklar Shimoliy Amerikaga kelmaslaridan oldin indeyslarning oʻziga xos meʼmorligi boʻlgan. Irokezlar „uzun uylar“ deb atalgan turar joylar yaratgan boʻlsalar, Pueblo indeyslari „pueblo“ qishloq uylarini qurganlar. Ingliz, golland va fransuz mustamlakachilari Amerika Qoʻshma Shtatlari ga Yevropa anʼanalarini keltirdilar. Dastlabki binolar barokko uslubida qurilgan. Ular sodda boʻlib, nAmerika Qoʻshma Shtatlari lar kam ishlatilgan. 18-19-asrlarda Amerika Qoʻshma Shtatlari meʼmorligida klassitsizm uslubi hukm surdi. Bu uslubda davlat va jamoat binolari (Vashingtondagi Oq uy, Nyu-Yorkdagi Eski ratusha – shahar idorasi), ibodatxona va boshqa qurildi. Keyinroq quramalik va dabdabalilik kuchaydi [Vashingtondagi Kapitoliy (kongress) binosi]. Fuqarolar urushidan soʻng Amerika Qoʻshma Shtatlari meʼmorligi yuksalish yuliga oʻtdi. Amerika Qoʻshma Shtatlari ning bir qancha isteʼdodli meʼmorlari T. Richardson, J. O. Ryoblin, U. O. Reblinglar qurilish texnikasi rivojiga katta hissa qoʻshdilar (Bruklin koʻprigi). 20-asr Amerika Qoʻshma Shtatlari meʼmorligi, asosan, texnika va iqtisod surʼatiga bogʻliq holda rivojlandi. 20-asrning 20-30-yillarida Amerikaning bir qancha shaharlarida (Nyu-York, LosAnjeles, Chikago va boshqalar) nihoyatda baland binolar qurildi. Amerikaning eng isteʼdodli meʼmorlari L. Salli-ven va F. L. Rayt yangi texnika imkoniyatlarini estetik tushunishga intildilar: L. Salliven koʻp odam sigʻadigan katta binolar uchun poʻlat toʻsinli konstruksiyani ishlab chiqsi, F. L. Rayt esa kichik bino loyihalari ustida ishladi, ayni vaqtda bir necha baland hamda baʼzi maʼmuriy binolar loyihasi ham 30-yillar oʻrtalarida chizildi. Amerika Qoʻshma Shtatlari ga Yevropadan mashhur meʼmorlar: V. Gropius, M. Breyner, L. Mis van der Roe, E. Mendelson, R. Neytra, E. Sa-ariyenen va boshqa keldilar. Ular hozirgi zamon Amerika Qoʻshma Shtatlari meʼmorligiga asos soldilar. Ikkinchi jahon urushi-yillari Amerika Qoʻshma Shtatlari da yigʻma qurilish rivojlandi. Urushdan soʻng „Poʻlat va alyuminiy“ meʼmorligi ragʻbatlantirildi, meʼmoriy shakllarning „universal uslubi“ taraqqiy etdi (L. Mis van der Roe asarlari). 50-yillarning oxirida yangi klassitsizmning yangicha nusxasi paydo boʻldi (E. D. Stoun, M. Yamasaki kabi meʼmorlar). 60-80-yillar inshootlari hajmining kattaligi, geometrik miqyoslarining salmoqliligi, meʼmoriy yunalishlarning betartibligi bilan ajralib turadi (Nyu-Yorkdagi Xalqaro savdo markazining 412 m balandlikdagi 110 kavatli minorasi, 1971–73, meʼmorlar M. Yamasaki, E. Rot; Chikagodagi „Sire va Robak“ savdo konsernining 442 m balandlikdagi minorasi, 1972–75, „SOM“ firmasi meʼmorlari; Minne-apolisdagi bank binosi, 1969–73, meʼmor G. Birkerts va boshqa; San-Fransiskodagi „Xayat Rijensi“ mehmonxonasi, 1973, „Jon Portmen va boshqa“ firmasi hamda Los-Anjelesdagi „Bonavantyur“, 1978, meʼmor J. Portmen).
Tasviriy sanʼati
Amerika Qoʻshma Shtatlari ning yerli xalqi – indeyslarning Amerika Qoʻshma Shtatlari ga boshqa mamlakatlardan kelgan xalqlar sanʼatidan farklanuvchi oʻziga xos qadimiy sanʼati bor. Indeyslar sanʼati diniy xarakterdagi yogʻoch haykallar, nAmerika Qoʻshma Shtatlari li sopol idishlar, guldor matolar, bizon terisiga tushirilgan nAmerika Qoʻshma Shtatlari va rasmlar, zebziynatlardan iborat. Amerika Qoʻshma Shtatlari yerlari yevropaliklar tomonidan mustamlakaga aylantirilgan davrdan 18-asr oʻrtalarigacha mahalliy tasviriy sanʼatda (yevropaliklar sanʼati) barokko uslubining soddalashtirilgan shakllari bilan yaratilgan taqlidiy asarlar tarqalgan. 18-asr oxiri va 19-asr boshlarida Amerika Qoʻshma Shtatlari da rassomlar – G. Styuart, J. Trammbal, T. Salli ijod qildilar. Amerika Qoʻshma Shtatlari tasviriy sanʼati rivojida Filadelfiyada tashkil topgan Badiiy akademiyaning (1805) ahamiyati katta boʻldi. 18-asr oxiri va 19-asr boshlarida rivojlangan Amerika Qoʻshma Shtatlari tasviriy sanʼati 19-asrning 20-50-yillarida tushkunlik davrini boshdan kechirib, 19-asr 2-yarmidan yana yuksaldi. Biron Uoldo, U. Maunt kabi realist rassomlar ijodida xalq turmushini jonli va haqqoniy ifodalashga intilish seziladi. 19-asrning 2-yarmida ijod qilgan va Amerika sanʼatini yuksak darajaga kutargan rassomlar orasida U. Gomer, T. Itkins, J. Uistlerlar alohida oʻrin tutadi. Rassomlik sanʼatining tarkib topishiga T. Nast, haykaltaroshlikka esa O. Sent-Godens hissa qoʻshgan. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida Amerika Qoʻshma Shtatlari tasviriy sanʼatida impressionizm, simvolizm, modernizm (Ch. Xessem, M. Preidergast) oqimlari paydo boʻldi. 20-asr boshlarida haykaltarosh J. Bernard, rassomlardan J. Pensell, J. Sloan va J. Bellouz kabilar ijod qildilar. Amerika Qoʻshma Shtatlari tasviriy sanʼatida rassom R. Kent alohida oʻrin tutadi. R. Kent shimoliy manzaralari va kitob suratkashligining mohir ustasi sifatida jahonga tanilgan. Portretchi I. Olinskiy, amerika xalqi turmushini haqqoniy tasvirlovchi aka-uka R. va M. Soyerlar, haykaltarosh M. Filde kabilar ham mashhur.
Musiqasi
Amerika Qoʻshma Shtatlari musiqiy madaniyati Yevropa va Afrikadan olingan musiqiy shakllar, janrlar va uslublar hamda Amerika qitʼasida qadimdan mavjud boʻlgan musiqiy anʼanalar omuxtasi tarzida tarkib topdi. Indeyslarning musiqa madaniyati bir ovozli va pasayib boruvchi ohangli qoʻshiq hamda raqslardan iborat boʻlgan. Amerikaning dastlabki yarim professional musiqachilari – U. Billings, E. Lou, J. Morgan (18-asr oxiri); ular ijodida dastlabki kelgindilarning diniy qoʻshiqlari amerikacha musiqaga xos yangi shaklga kirdi. 19-asrning 2-yarmidan boshlab Amerika Qoʻshma Shtatlari ga Yevropa mamlakatlaridan musiqachilar, kompozitorlar kelib, Amerika musiqa madaniyati rivojiga hissa qoʻshdilar. Ular simfonik orkestrlar, musiqa oʻquv yurtlari va jamiyatlari, teatrlar tashkil etishdi. 1883-yil Nyu-Yorkda mashhur „Metropoliten opera“ teatri ochildi. Shotlandiyalik Edvard Mak Douell Amerika Qoʻshma Shtatlari professional kompozitorlik maktabiga asos soldi. L. Armstrong, B. Gudmen, Dyuk Ellington kabi musiqachilar jaz sanʼatini rivojlantirdilar. Kompozitor va pianinochi Jorj Gershvinning 1935-yilda sahnalashtirilgan „Porgi va Bess“ operasi Amerikaning haqiqiy milliy operasi sifatida musiqa tarixiga kirdi. 20-asr 30-yillarida „Kompozitorlar uyushmasi“ va „Ishchi musiqachilar uyushmasi“ atrofida toʻplangan kompozitorlarning ijodiy faoliyati avj oldi. Amerika Qoʻshma Shtatlari kompozitorlaridan – L. Bernstayn, S Barber, J. K. Menotti, U. Shumen, dirijyorlardan – Yu. Ormandi, L. Stokovskiy, pianinochi – V. Klaybern, skripkachilardan – I. Menuxin, Isaak Stern, mashhur negr qoʻshiqchilari – Pol Robson va Marian Anderson, qoʻshiqchi kompozitor Pit Siger, musiqashunoslar – O. Kinkeldi, P. Lang, N. Slominskiy va boshqalarlar Amerika Qoʻshma Shtatlari musiqa tarixida salmoqli oʻrin tutadi. Mamlakatda bir necha mashhur orkestrlar, opera teatrlari, yirik musiqa oʻquv yurtlari, maktablari bor. Mashhur skripkachi Isaak Stern, qoʻshiqchi kompozitor Pit Siger, Beni Gudmen rahbarligidagi orkestr va boshqa turli vaqtlarda Oʻzbekistonda gastrodda boʻlgan.
Teatri
Shimoliy Amerika hududida teatr sanʼati boʻlganligi haqidagi dastlabki maʼlumot 17-asrga oid. Oʻsha paytlarda ingliz missionerlari xristianlikni targʻib qilish uchun diniy pyesalarni sahnalashtirar edilar. 18-asrda asosan Angliyadan kelgan teatr guruhlari spektakllar qoʻyishardi. 1716-yilda Uilyamsburgda (Virginiya shtati) birinchi teatr binosi qurildi. Angliyadan kelgan L. Xallem teatri shu binoda faoliyatini boshladi. U Shekspirning „Venetsiyalik savdogar“ pyesasini sahnaga qoʻydi. Amerika Qoʻshma Shtatlari professional teatri shu tariqa boshlandi. Uning repertuar asosini ingliz dramaturgiyasi tashkil qilgan edi. 18-asr oxiridan boshlab Amerika dramaturglarining (koʻpincha U. Danlep) asarlari qoʻyiladigan boʻldi. 18-asr oxiri – 19-asr boshlarida yirik shaharlarda teatrlar tashkil qilindi: „Park“, „Chetem“, „Baueri“ (Nyu-York), „Chestnat Strit“ (Filadelfiya), „Tremont“ (Boston) va boshqa 19-asr ikkinchi yarmida koʻchma guruhlar hisobiga teatrlar soni ortdi. Bu teatrlarda maʼlum bir pyesani qoʻyish uchun guruh yigʻish, spektaklni foyda bermay qolguncha koʻrsatib, soʻng guruhni tarkatib yuborish va boshqa pyesa hamda guruh izlash, ularda yetakchi oʻrinni egallagan „yulduzlar“dan foydalanish odat tusiga kirgan edi. Bu hol Nyu-Yorkning Brodvey kuchasida joylashgan teatrlarda ham roʻy berdi. 30-yillarda ishchi teatrlari maydonga keldi. 1927-yilda J. Louson va M. Gold „Yangi dramaturglar teatri“ tashkil qilib, „Xoboken Blyuz“ (M. Gold) va „Internatsional“ (J. Louson) kabi asarlarni sahnalashtirdi. Shu-yillarda „Reper-tuarli fuqaro teatri“ va 158 federal teatr ochildi. Ammo iqtisodiy tanazzul natijasida ilgʻor teatrlar birin-ketin yopilib, yana Brodvey teatrlari hukmron boʻlib qoldi. Ikkinchi jahon urushidan keyin „Brodveydan tashqari“ teatrlar maydonga keldi: „Kriket“, „Grinuich-Myuz“, „Living“, „Sheridan Skver pleyxaus“ va boshqa 1957-yilda NyuYorkda „Brodveydan tashqari“ teatrlar uyushmasi tashkil etildi. 1964-yilda NyuYorkda „Linkoln sanʼat markazi doimiy teatri“ ochildi. 70-yillarda Texas, Kaliforniya, Florida, Rod-Aylend va boshqa shtatlarda mintaqa teatrlari tashkil topdi. Tennessi, Viskonsin, Oklaxoma, Minnesota shtatlarida bolalar teatrlari ishlaydi. 50- 80-yillardagi Amerika Qoʻshma Shtatlari ning yetakchi dramaturglari – A. Miller, T. Uilyame, E. Olbi, J. Gelber, L. Xensberi, J. Boldun, D. Reyb va b; taniqli rejissorlar – J. Papp, E. Kazan, J. Bek, J. Chaykin, P. Shuman, D. Makbet, E. Sherin, D. OʻNil, J. Uord; aktyorlar – R. Stayger, L. Kobb, J. Fonda, J. Xarris, M. Stepplton, S. Puatye, D. Din, D. Jons va boshqa Turli millatlarning ishchi tashkilotlari huzurida havaskorlik toʻgaraklari mavjud. Teatr kadrlari universitetlarning maxsus fakultetlarida, xususiy drama studiyalarida tayyorlanadi.
Kinosi
Amerika Qoʻshma Shtatlari da kino sanʼati rivojlana boshlashi arafasida, 1893-yilda T. A. Edison „kinetoskop“ni ixtiro qildi. Mamlakatda uch-yildan keyin kino ishlab chiqarish boshlandi. 1908-yildan Hollywood (LosAnjeles yaqinida) Amerika Qoʻshma Shtatlari kinematografiyasi markazi boʻlib qoldi. Isteʼdodli rejissor D. U. Griffit yaratgan „Millatning tugʻilishi“ (1915), „Chidab boʻlmaslik“ (1916), „Sindirilgan novdalar“ (1919) kabi tarixiy filmlar mustaqil sanʼat sifatida kinoga asos soldi. L. Gish, R. Bartelmes, M. Pikford, K. Marsh, T. Ins, S.de Mill va boshqa kino sanʼati namoyandalari kinematografiya tarixida oʻchmas iz qol-dirdi. 20-yillarda „Shimoldan kelgan Nanuk“ (rejissor R. Flaerti, 1922), „Janubiy dengizlarning Moanasi“ (rejissor R. Flaerti, 1926), „Ochkoʻzlik“ (rejissor E. Shtrogeym, 1924), „Ulugʻ namoyish“ (rejissor K. Vidor, 1925) kabi filmlar yaratildi. Ovozsiz kino sanʼatida Ch. Chaplin, G. Lloyd, B. Kiton, R. Arbekl, Ch. Konklin kabi kino qiziqchilari yetishib chiqdi. 20-yillarda kino ishlab chiqarish „Metro-Goldvin-Mayer“, „Kolumbiya“, „Paramaunt“, „Uorner Brazers“ degan asosiy kinokompaniyalar ixtiyorida boʻldi. „Rizqi-roʻzimiz“ (rejissor K. Vidor, 1934), „Men surgundan qochganman“ (rejissor Le Roy, 1932), „Gʻazab“ (rejissor F. Lang, 1935), „Jin koʻcha“ (1937) 30-yillarning eng yaxshi filmlaridandir. Ikkinchi jahon urushi-yillarida „Yettinchi xoch“ (rejissor F. Sinneman, 1943), „Shimol yulduzi“ (rejissor L. Maylstoun, 1943), „Moskvaga safar“ (rejissor J. Uorner, 1943) kabi filmlar paydo boʻldi. 50-yillarda Hollywood koʻp seri yal i filmlar chiqara boshladi: „Ben-Gur“, „Spartak“, „Kleopatra“ va boshqa „Nyu-York maktabi“ deb atalgan ilgʻor maktab kinematografchilari „Bauerida“ (1956), „Qayt, Afrika“ (1959), „Oʻqraygan koʻz“, „Soyalar“, „Aloqdchi“ kabi filmlarni yaratdilar. 60-yillardagi Amerika Qoʻshma Shtatlari kinofilmlarining eng yaxshilari qatoriga „Bonni va Klayd“ (A. Peni, 1966), „Favqulodda hodisa“ (S. Lyumet, 1967), „Janubning diqqinafas tunida“ (M. Nikole, 1967), „Bitiruvchi“ (1968) kabilar kiradi. 70-80-yillarda koʻngilochar va sarguzasht filmlar, „dahshat“ va „falokat“ filmlari chiqarishga kirishib ketildi. Amerika Qoʻshma Shtatlari kinoaktyorlari – B. Lankaster, S. Tresi, M. Brando, G. va D. Fondalar, D. Xofman. Amerika Qoʻshma Shtatlari da kino sanʼati oʻquv va ilmiy tadqiqot muassasalari, jumladan, Kino sanʼati akademiyasi (1927-yilda asos solingan) bor, u har-yili mamlakat va chet ellarda yaratilgan eng yaxshi filmlarga „Oscar“ mukofotini beradi.
Hududiy boʻlinishi
Amerika Qoʻshma Shtatlari maʼmuriy jihatdan 50 shtatga va 1 federal okrugga boʻlinadi.
- Aydaho
- Ayova
- Alabama
- Alyaska
- Arizona
- Arkanzas
- Vayoming
- Vashington
- Vermont
- Virginiya
- Viskonsin
- Gavayi
- Delaver
- Jorjiya
- Gʻarbiy Virjiniya
- Illinoys
- Indiana
- Kaliforniya
- Kanzas
- Kentukki
- Kolorado
- Konnektikut
- Luiziana
- Massachusets
- Minnesota
- Missisipi
- Missuri
- Michigan
- Montana
- Meyn
- Merilend
- Nebraska
- Nevada
- Nyu-Xempshir
- Nyu-Jersi
- Nyu-York
- Nyu-Meksiko
- Ogayo
- Oklahoma
- Oregon
- Pensilvaniya
- Rod-Aylend
- Shimoliy Dakota
- Shimoliy Karolina
- Tennessi
- Texas
- Florida
- Janubiy Dakota
- Janubiy Karolina
- Yuta
Sanoati
Amerika Qoʻshma Shtatlari sanoati dunyodagi eng qudratli davlat hisoblanadi. Davlatda koʻmir qazib olish, elektr energetika kabi va koʻplab tarmoqlar asosan, Vashington va Nyu-Yorkda eng katta markazlari mavjud. Amerika Qoʻshma Shtatlari sanoati eng qudratli boʻlib, eng yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqaradi. 2023-yil uchun Sanoat ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda 1-oʻrinda turadi.
Manbalar
Oʻqish uchun
Havolalar
Wikiwand in your browser!
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.