From Wikipedia, the free encyclopedia
Saudi Aramco (Arabcha: أرامكو السعودية ʾArāmkū as-Suʿūdiyyah), rasman Saudi Arabian Oil Group yoki qisqacha Aramco, asosiy ulushi Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan egalik qilinadigan saudiya neft va tabiiy gaz shirkati[4][5][6]. 2022-yil holatiga koʻra, shirkat daromadi boʻyicha dunyodagi eng katta ikkinchi kompaniyadir[7]. Saudi Aramconing bosh qarorgohi Dhahran shahrida joylashgan. Shirkat global korporatsiyalar tarixida bir necha bor eng katta yillik daromadga ega kompaniyaga aylangan. Saudi Aramco butun dunyodagi aniqlangan eng katta ikkinchi xom neft zaxiralariga ega va bu 270 milliard barreldan ortiq(43 milliard kub metr)ni tashkil etadi[8]. Shu bilan birga shirkat butun dunyodagi barcha neft ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ichida eng katta kunlik neft qazib olish hajmiga ega[9][10][11]. Shirkatga 1933-yilda Kaliforniyada asos solingan va 1952-yilda shtab-kvartirasini Saudiya Arabistoniga koʻchirgan[12].
Turi | Ochiq Aksiyadorlik Jamiyati. Davlat Egalik Qiladigan Shirkat. |
---|---|
Tarmogʻi | Neft and gaz |
Qachon asos solingan | 29 may 1933 |
Hududiy xizmati | Global |
Rahbariyat |
|
Mahsulot(lar)i |
|
Aylanma daromadi | AQSH$535.188 milliard (2022)[1] |
Operatsion foydasi | AQSH$305.087 milliard (2022)[1] |
Boyligi | AQSH$664.780 milliard (2022)[1] |
Sof foydasi | 604 005 000 000[2] |
Ishchilar soni | 66,800[3] |
Shoʻba korxonalari | SABIC (Saudiya) (70%), Petro Rabigh, SATORP, Aramco Trading, Yanbu, Yasref, SASREF, S-Oil, Luberef, Aro Drilling, South Rub al-Khali, Pengerang Refining Company, The International Maritime Industries |
Vebsayti | aramco.com |
Saudi Aramco dunyodagi eng yirik yagona uglevodorod tarmogʻi – Master Gas Systemni ham boshqaradi. Saudi Aramco 2013-yilda xom neft ishlab chiqarish hajmi 3,4 milliard barrelni (540 million kub metr) tashkil etgan va shirkat Saudiya Arabistonidagi yuzdan ortiq neft va gaz konlarini nazorat qiladi. Shu jumladan ushbu konlarda jami 288,4 trillion standart kub fut tabiiy gaz zaxiralarini mavjud. Sharqiy provinsiya hududlarida Saudi Aramco eng koʻzga koʻringan quruqlikdagi va offshordagi eng katta konlar Ghavar va Safaniyada neft ishlab chiqaradi[13].
2019-yil 11-dekabr kuni Tadawul fond birjasida shirkat aksiyalari savdosi boshlandi. Bitta aksiyaning qiymati 35,2 saudiya riyoligacha koʻtarilib, shirkatning bozor kapitalizatsiyasi 1,88 trillion AQSH dollarini tashkil etdi[14]. Savdolar davom etgan ikkinchi kunda Saudi Aramconing bozor qiymati 2 trillionlik marrani zabt etdi[15]. Butun Tadawulning bozor kapitallashuvi 2,22 trillion AQSh dollariga teng boʻlgan. 2023 yilgi Forbes Global 2000 roʻyxatida Saudi Aramco dunyodagi ikkinchi eng yirik aksiyadorlik jamiyati sifatida qayd etilgan[16].
Saudi Aramconing kelib chiqish tarixi Birinchi jahon urushidagi neft taqchilligi hamda 1920-yildagi Birlashgan Qirollik va Fransiya oʻrtasidagi San Remo Petroleum Agreement bitimiga binoan Amerika Qoʻshma Shtatlari kompaniyalarining Mesopotamiyadan chiqarib yuborilishiga borib taqaladi[17]. AQSh mamuriyati 1921-yilda savdo kotibi Gerbert Guver boshlagan „Ochiq eshiklar siyosati“ni qoʻllab quvvatlardi. Standard Oil of California (SoCal) xorijdan yangi neft manbalarini qidirayotgan oʻsha AQSH shirkatlari qatorida edi[18].
SoCal 1932-yil 30-mayda oʻzining shoʻba kompaniyasi Bahrain Petroleum Co. (BAPCO) orqali Bahraynda neft qazib olishni boshladi. Bu voqea Arabiston yarimorolidagi istiqolli neft havzalariga qiziqishni oshirdi. 1933-yil 29-mayda Saudiya Arabistoni hukumati Iraq Petroleum Co.dan raqobatda oʻtib ketish uchun SoCal shirkatiga imtiyoz berdi[19]. Ushbu konsessiya SoCalga Saudiya Arabistonida neft qidiruv operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat berdi. SoCal ushbu imtiyozni oʻzi toʻliq egalik qiluvchi California-Arabian Standard Oil (CASOC) shoʻba korxonasiga topshirdi. 1936-yilda kompaniya neftni topishda muvaffaqiyatsizlikka uchragani sababli, Texas Company (Texaco) shirkati imtiyozning 50% ulushini sotib oldi[20]. Toʻrt yillik samarasiz izlanishlardan soʻng, birinchi muvaffaqiyatli neft qudugʻi 1938-yilda Dhahrandagi Dammam № 7 nomli burgʻulash maydonida topildi[21]. Bu quduqdan zudlik bilan kuniga 1500 barreldan ortiq (240 m3/kun) chiqa boshladi va bu shirkatga burgʻulash ishlarini davom ettirish uchun ishonch bagʻishladi. 1944-yil 31-yanvarda shirkat nomi California-Arabian Standard Oil Co.dan Arabian American Oil Co. (yoki Aramco)ga oʻzgartirildi[22]. 1948-yilda, Standard Oil of New Jersey (keyinchalik Exxon) shirkatning 30% and Socony Vacuum (keyinchalik Mobil) esa shirkatning 10% ulushini sotib oldi. SoCal va Texaco esa teng miqdorda 30%dan ulushlarini saqlab qolishdi[23]. Ushbu yangi kelgan kompaniyalar Iraq Petroleum Co.ning ham aksiyadorlari edilar va bu kelishuvga erkin kirishlari uchun Red Line Agreementdagi chekloʻvlarni olib tashlashlari kerak edi[24].
1949-yilda ARAMCO Abu-Dabi amirligiga bostirib kirdi va bu Abu Dabi va Saudiya Arabistoni oʻrtasida chegara mojarosiga sabab boʻldi[25]. 1950 yilda qirol Abdulaziz oʻz mamlakatining neft obyektlarini milliylashtirish bilan Aramcoga tahdid qilish orqali Aramkoni foydasini teng ikkiga boʻlishga boʻsim qildi[26].
Shunga oʻxshash hodisa bir necha yil oldin Venesueladagi Amerika neft kompaniyalari bilan ham sodir boʻlgan edi. Amerika hukumati AQSHning Aramco shirkatidagi aʼzo kompaniyalarga qirol Abdulazizga berilgan foydaga teng miqdordagi soliq imtiyozlarini berdi. Yangi tartibdan koʻp oʻtmay shirkatning bosh qarorgohi Nyu Yorkdan Dhahranga koʻchirildi[27]. 1951-yilda shirkat dunyodagi eng yirik offshor kon boʻlgan Safaniya neft konini topdi. Aramco 1957-yilda bir-biriga bogʻlangan kichik neft havzalarini topdi va bu quruqlikdagi eng katta neft konidir[13].
1975-yilda Saudiya Arabistonining ikkinchi besh yillik iqtisodiy rejasiga Master Gas Plan loyihasi ham kirardi. Tabiiy gaz gazni yoqish oʻrniga uni elektr energiyaga aylantirish uchun ishlatilina boshlandi. Reja associated gazdan foydalanishni nazarda tutgan edi, ammo 1985 yilga kelib, Aramco kuniga bir milliard standart kub fut non-associated gazni kiritishga muvaffaq boʻldi. Ushbu non-associated gaz neft qazib oluvchi Arab Zonasidan 650 metr (2130 fut) pastda joylashgan ohaktosh qatlami boʻlgan Kuff qatlamidan qazib olingan. 1994-yilda Aramco shirkati Jawf qumtoshi qatlamining chuqurrogʻida gazni topdi va uni qayta ishlash uchun Hawiyah va Haradhda zavodlar qurdi. Bu Master Gas Systemning quvvatini kuniga 9,4 milliard standart kub futga oshirdi[28].
1973-yilda AQSh Olti kunlik urush paytida Isroilni qoʻllab-quvvatlagani sababli, Saudiya Arabistoni hukumati Aramco aktivlarining 25% „ishtirok ulushini“ oʻzlashtirib oldi. Saudiya hukumati 1974-yilda ishtirok ulushini 60%ga oshirdi va 1976-yilga kelib qolgan 40% ulushga ham ega chiqdi. Aramco 1988-yilgacha Saudiya Arabistoni hukumati nomidan Saudiya Arabistoni neft konlaridagi oʻzining imtiyozli ulushini oʻz ichiga olgan sobiq Aramco aktivlarini boshqarishda davom etdi. 1988-yilning noyabr oyida qirollik farmoni bilan sobiq Aramco (yoki Saudi Aramco) aktivlarini nazorat qilish uchun Saudiya Arabistoni hukumati yangi neft shirkati – Saudi Arabian Oil Company tashkil etdi[29] va Aramco va uning sheriklaridan neft va gaz konlari tortib olib, Saudiya Arabistoni neftini boshqarish va operatsion nazoratini ushbu shirkatga topshirdi. 1989–90-yillarda Ar-Riyoddan janubdagi uchta hududda yuqori sifatli neft va gaz konlari topildi: poytaxtdan 124 km janubi-sharqda joylashgan Ragʻib hududida[30].
1990-yilning sentyabr oyida Fors koʻrfazi urushi boshlanganidan soʻng, Aramco Iroqqa kiritilgan savdo embargosi va Quvaytga bostirib kirilishi tufayli jahon bozoriga yetib bormayotgan neftning oʻrnini bosishi kutilgandi. Bu esa global neft bozorini barqaror ushlab turish uchun kuniga qoʻshimcha 4,8 million barrel (Mbpd) ishlab chiqarishni anglatardi. Bundan tashqari, Aramco BMT birlashgan kuchlarining barcha aviatsiya va dizel ehtiyojlarini taʼminlashi ham kutilgandi. Aramco 146 Harmaliyah, Khurais, and Ghawar neft quduqlarini gaz va neftni ajratish zavodlari va 1980-yillarda neft narxining qulashi paytida ishdan chiqqan tuzli suvni tozalash quvurlari bilan birga qayta ishga tushirdi. Kundalik ishlab chiqarish 1990-yil dekabr oyida 5,4 Mbit/sn iyulda 8,5 Mbit/sgacha koʻtarildi[28].
1990-yildan boshlab Aramco Osiyo bozorida ham xom neft sotishni kengaytirishga kirishdi. Shu jumladan, Janubiy Koreya, Filippin va Xitoy bilan kelishuvlarga erishildi. 2016 yilga kelib, Aramco xom neft savdosining taxminan 70%i Osiyo bozori hissasiga toʻgʻri keldi[28].
2001-yil may oyida Saudiya Arabistoni Gas Initiative rejasini eʼlon qildi. Bu loyiha sakkizta yirik bozor kapitalizatsiyasiga ega neft va gaz kompaniyalari bilan gazning yuqori oqimidagi maydonlarda toza gazni qidirish uchun uchta qoʻshma korxona tuzishni taklif qilardi. Core Venture 1 oʻz ichiga janubiy Ghawar and shimoliy Rubʼ Al-Khali, Core Venture 2 oʻz ichiga Qizil dengiz, Core Venture 3 esa Shaybah and Kidan hududlarini oʻz ichiga olardi. 2003-yilda Royal Dutch Shell va TotalEnergies Saudi Aramco bilan Core Venture 3 boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. 2004-yilda Core Venture 1 uchta alohida qoʻshma korxonaga aylandi. Saudi Aramco Lukoil bilan oʻzida 20 foiz ulushni saqlab qoladigan birinchi, Sinopec bilan ikkinchi va Repsol bilan uchinchi qoʻshma korxonalarni tashkil etdi[28].
2004-yilga kelib, Aramco kuniga 10 million barrrel neft ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan boʻlsa, kompaniya mavjud quvvatdan kuniga 8,6 million barrel ishlab chiqargan. 2005-yilda Aramco ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatini oshirish hamda burgʻulash qurilmalari sonini ikki barobarga oshirish orqali kunlik qazib olish quvvatini sutkalik 12,5 million barrelgacha oshirishni koʻzda tutgan 50 milliard AQSh dollarlik besh yillik rejani ishga tushirdi[28].
2005-yilda Saudi Aramco 781 milliard AQSH dollariga teng bozor kapitalizatsiyasi bilan dunyodagi eng yirik kompaniyaga aylandi[31].
2008-yil iyun oyida xom neft narxi bir barrel uchun 130 AQSh dollaridan oshib ketganida Aramco ishlab chiqarish hajmini kuniga 9,7 million barrelgacha oshirishini eʼlon qilgan. 2009-yil yanvar oyida narxlar keskin tushib ketganidan soʻng, Aramco ishlab chiqarishni kuniga 7,7 million barrelgacha qisqartirishini eʼlon qilgan[28].
2011-yilda Saudi Aramco Karan Gas Field konidan gaz qazib olishni boshladi. Shirkat kondan kuniga 400 million standart kub futdan ortiq gaz chiqarardi.[32]
2016-yil yanvar oyida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Al Saud davlat kompaniyasining aksiyalarini roʻyxatga olinishini va aksiyalarning 5% atrofidagi qismini sotilinishi hamda bu orqali Saudiya Arabistoni uchun yirik suveren jamgʻarmasini yaratish imkoniyatini koʻrib chiqayotganini maʼlum qilgan[33].
2017-yilning 26-aprelida Saudiya Arabistoni xavfsizlik kuchlari Yaman hududidan Aramco neft tarqatish markaziga kelayotgan boshqaruvchisiz kema hujumining oldini olgan[34].
The Wall Street Journal 2018-yil sentyabr oyida Aramco xalqaro texnologiya firmalariga sarmoya kiritish uchun 1 milliard AQSh dollari miqdoridagi venchur kapitali fondini koʻrib chiqayotganini xabar bergan[35].
2019-yil iyun oyida Financial Times xabarida Aramco vazirlik xarajatlarini koʻtarayotganini aytilgan. Nashrning qoʻshimcha qilishicha xarajatlar Energetika vaziri Xolid Al-Falihning kompaniya bilan bogʻliq va diplomatik safarlari, shuningdek, hashamatli mehmonxonalarda tunashini ham oʻz ichiga olgan. Biroq, hukumatparast nashrning bildirishicha Falihning olib borayotgan siyosati uning xarajatlaridan ancha koʻproq qoʻshimcha neft daromadlarni olib kelgan[36].
2019-yil sentyabr oyida Saudiya Arabistoni Yosir Al-Rumayyanni Aramco boshqaruvi raisi etib tayinladi. Al-Rumayyan 2015-yildan buyon qirollikning suveren jamgʻarmasi rahbari lavozimida ishlab kelayotgan Xolid Al-Folih oʻrniga ushbu lavozimga tayinlangan.
Aramco kompyuterlari 2012-yilning 15-avgust kunida kompyuter virusi tomonidan hujumga uchradi[37][38]. Ertasi kuni Aramco zararlangan kompyuterlarning hech biri toʻgʻridan-toʻgʻri neft ishlab chiqarish bilan bogʻliq tarmoqning bir qismi boʻlmaganligi va kompaniya tez orada toʻliq ish faoliyatiga qaytishini eʼlon qilgan[39]. Xakerlar kompyuter virusi tarqalishi uchun javobgarlikni oʻz zimmalariga olgan[40]. Virus neft va energetika sanoatidagi kompaniyalarga zarar yetkizgan[41][42]. „Cutting Sword of Justice“ nomli guruh Saudi Aramconing 30 000 ish stantsiyasiga uyushtirilgan hujum uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan.
Kompaniya oʻz xizmatlarini qayta tiklashi uchun esa bir necha oy sarflashiga toʻgʻri keldi[37]. Guruh keyinchalik hujumda Shamoon virusidan foydalanilganini tasdiqladi[43]. Ushbu hujum tufayli Aramco kompaniyasining asosiy sayti ishdan chiqqan va bosh sahifaga mijozlardan uzr soʻralgan xabar joylangan edi[44]. Kompyuter xavfsizligi boʻyicha mutaxassislarning taʼkidlashicha, "Shamoon nomli ushbu hujum sektordagi „kamida bitta tashkilotga“ zarba bergan. Shamoon virusi fayllarni oʻchirib tashlash va tarmoqdagi bir nechta kompyuterlarni yaroqsiz holga keltirishga qodir"[42]. Richard Clarkening bildirishicha hujum Eronning Stuxnetdagi intervensiyasi uchun AQShdan qasos olishning bir qismi boʻlgan[45]. Hujumdan keyin kompaniyaga xavfsizlikni tiklashda yordam bergan xavfsizlik boʻyicha tadqiqotchi Chris Kubecka oʻzining Black Hat USA 2015 taqdimotida[46][47] hamda Darknet Diariesning 30-qismida hujumning murakkablik darajasini batafsil bayon qilgan[48].
2019-yil 14-sentyabrda Saudi Aramconing ikkita zavodiga dronlar hujumi uyushtirildi[49]. Ushbu hujumlar Abqaiq neftni qayta ishlash zavodi va Khurais neft koniga amalga oshirilgandi[50]. Husiy isyonchilari hujum uchun javobgarlikni oʻz zimmalariga oldilar[51][52][53]. Hujum Saudiya xom neftining sutkalik qazib olish hajmini 5,7 million barrelga qisqartirdi, bu esa dunyodagi neft taʼminotning 5%dan ortigʻini tashkil etadi[54]. Saudiya Arabistoni rasmiylari tomonidan Aramconing IPOsini keyinga qoldirish boʻyicha munozaralar boshlanib ketdi. Chunki hujumlar „qirollik neft qazib olish hajmini yarmidan koʻpga qisqartirib yuborgan edi“[55].
2020-yil 10-martda Saudi Aramco Formula 1 bilan koʻp yillik global hamkorlik toʻgʻrisida bitim tuzilganini eʼlon qildi[56].
2020-yil 17-iyunda Saudi Aramco kimyoviy moddalar ishlab chiqaruvchi SABIC kompaniyasining 70% ulushini sotib oldi[57][58].
2020-yil iyun oyida Saudi Aramco mavjud xodimlarining 70 mingidan 500ga yaqinini ishdan boʻshatgan. Chunki bu vaqtda global energetika kompaniyalari COVID-19 pandemiyasi tufayli oʻz ishchilari sonini qisqartirayotgandi. Ishdan boʻshatilgan xodimlarning aksariyati xorijliklar edi[59].
2020-yil 31-iyulda Saudi Aramco Apple kompaniyasiga bozor kapitalizatsiyasi boʻyicha raqobatda yutqazib qoʻydi[60].
2020-yil 9-avgustda Saudi Aramco koronavirus inqirozi tufayli neftga boʻlgan talab va narxlarning keskin pasayishi fonida moliyaviy yilining birinchi yarmida sof daromadlarning 50%ga qisqarganini maʼlum qilgan[61].
2020-yil 3-noyabrda Saudi Aramco COVID-19 pandemiyasi davrida uchinchi chorak yakunlari boʻyicha sof foydasi 44,6 foizga kamaygani haqida xabar qilgan[62].
2020-yil 14-dekabrda Saudiya davlat televideniyesi Yanbu shahridagi Aramco neftni qayta ishlash zavodidan 60 000 metrik tonnadan ortiq qoʻrgʻoshinsiz benzin olib ketilayotgan neft tankeri portlovchi moddalar bilan yuklangan kichik kema tomonidan hujumga uchragani haqida xabar qilgan[63].
2021-yil mart oyida Saudi Aramco COVID-19 pandemiyasi davrida kiritilgan cheklovlar 2020-yilgi daromadlarni 2019-yilgiga nisbatan qariyb 45 foizga qisqartirib yuborganini xabar qilgan edi[64].
2021-yil 19-mart kuni Aramco neftni qayta ishlash zavodiga oltita bomba yuklangan dronlar hujum qildi[65]. Saudiya Matbuot Xizmatiga koʻra, husiy isyonchilari tomonidan tashkillashtirilgan hujum yongʻin keltirib chiqargan. Ammo hech qanday jarohat yoki vayronagarchilikka olib kelmagan[66].
2021-yil 21-martda Saudi Aramco Xitoyning keyingi 50 yil davomida energiya taʼminotini mustahkamlash va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishga qaratilgan texnologiyalarni yaratish boʻyicha bitim imzoladi[67][68]. Yaqinda ular EIG boshchiligidagi konsorsium bilan ham shartnoma imzolashdi[69].
2021-yil iyul oyida Saudi Aramco HSBC Holdings Plc sobiq bosh ijrochi direktori Stuart Gulliverni kompaniya direktorlar kengashiga tayinladi[70].
2021-yil oktyabr oyida Saudi Aramco 2060-yilgacha operatsiyalari natijasida ajralib chiqadigan uglerod emissiyasini nolga tushirish rejasini eʼlon qilgan.[71]
2021-yil 20-noyabrda husiy jangarilari Ar-Riyod, Abha, Jizan, Najron va Jiddadagi harbiy nishonlarga hamda Jiddadagi Aramco neftni qayta ishlash zavodlariga 14ta dron hujumi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oʻlgan[72][73].
2021-yilda The Guardian nashrining bildirishicha, Aramco Shell va BP kabi boshqa neft kompaniyalari bilan bir xil tezlikda diversifikatsiya qilishga harakat qilmayapti[74]. Aksincha, Aramco 2021-yilda kompaniya 2027-yilga kelib neft qazib olish quvvatini sutkalik 12 million barreldan 13 million barrelgacha oshirish maqsadi haqida xabar bergan[74].
2022-yil fevral oyida neft narxi barreliga qariyb 95 dollarga koʻtarilishi ortidan Saudi Aramco kompaniyasi Osiyo, AQSh va Yevropadagi xaridorlar uchun neft narxini oshirdi[75].
2022-yil mart oyida husiy jangarilari Jiddadagi Aramco omboriga hujum qilib, ikkita saqlash qismida yongʻin keltirib chiqargan[76]. Hodisa 2022-yilgi Saudiya Arabistoni Gran-prisiga saralash paytida yuz bergan edi.
2022-yil 11-mayda Saudi Aramco Apple Inc.ni bozor qiymati boʻyicha ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik kompaniyaga aylandi[77].
2022-yil avgust oyida Saudi Aramco Valvoline kompaniyasining neft blokini 2,65 milliard dollarga sotib olishini bildirgan[78].
2023-yil mart oyida Saudi Aramco COVID-19 pandemiyasidan keyin benzin narxi keskin oshganligi sababli rekord darajadagi 161 milliard dollar foyda koʻrganini eʼlon qilgan. Kompaniya foydasi ExxonMobilning 55,7 va Shellning 39,9 milliard dollarlik ancha oʻzib ketgandi[79].
2023-yil sentyabr oyida Saudi Aramco Lotin Amerikasi xususiy kapital fondi Southern Cross Group bilan Santyagoda joylashgan yoqilgʻi sotuvchisi Esmax Distribucion SPAni sotib olish boʻyicha kelishuvga erishgani maʼlum qilgan. Sotib olish Saudi Aramconing Janubiy Amerika chakana yoqilgʻi bozoriga rasman kirganini bildiradi[80].
Saudi Aramconing bor qarorgohi Dhahranda joylashgan boʻsa-da, shirkat butun dunyo boʻylab faoliyat yuritadi. Uning faoliyat turlariga neft qidiruv ishlari, ishlab chiqarish, qayta ishlash, kimyoviy moddalar, tarqatish va marketing kiradi. Saudiya Arabistoni Neft va mineral resurslar vazirligi bilan Neft va Mineral Resurlar Oliy Kengashi birga kompaniyaning barcha faoliyatini monitor qilib boradi[81]. Lekin bu borada vazirlik kengashga qaraganda ancha koʻproq vakolatlarga ega.
Direktorlar Kengashi
Saudi Aramco xodimlarining asosiy qismini geofiziklar va geologlar tashkil etadi. Saudi Aramco 1982-yildan beri neft va gaz konlarini qidirish bilan shugʻullanadi. Bu jarayonning asosiy qismi EXPEC ilgor tadqiqot markazida amalga oshiriladi. Dastlab Saudi Aramco oʻzining EXPEC Kengaytirilgan Tadqiqot Markazida (ECC) Cray superkompyuterlaridan (CRAY-1M) tadqiqot davomida olingan katta miqdordagi maʼlumotlarni qayta ishlashda foydalangan[82] va 2001-yilda esa shirkat ECCda Cray tizimlari oʻrniga Linux klasterlaridan foydalanishga qaror qilgan. ECC 2009-yilning oxirida 1050 terabayt (bir petabaytdan ortiq) xotira sigʻimiga ega boʻlgan yangi superkompyuter tizimini oʻrnatdi. Ushbu superkompyuter Saudi Aramco tarixidagi eng yirik maʼlumot saqlash qurilmasi boʻlib, shirkatning chegara hududlari va Qizil dengizdagi qidiruv ishlari maʼlumotlarini qayta ishlaydi[83].
Kompaniya dastlab neftni qayta ishlashni rejalashtirmagan boʻlsa-da, Saudiya hukumati butun neft ishlab chiqarish jarayoni bilan shugʻullanadigan faqat bitta kompaniyaga ega boʻlishni xohlardi. Shuning uchun 1993-yil 1-iyulda hukumat qirollik farmoni bilan Saudi Aramconi mamlakatning neftni qayta ishlash kompaniyasi Samarec bilan birlashtirdi. Keyingi yili Saudi Aramco shoʻba korxonasi Filippindagi eng yirik xom neftni qayta ishlovchi va sotuvchi Petron korporatsiyasining 40% ulushini sotib di. Shundan keyin Saudi Aramco mamlakatda neftni qayta ishlash va uni mamlakatda tarqatish mas‘uliyatini toʻliq oʻz zimmasiga oldi[13]. 2008-yilda Saudi Aramco oʻzining Petrondagi barcha ulushini Londonda roʻyxatdan otgan Ashmore Group investitsiya guruhiga sotib yubordi. Ashmore boshqa aksiyadorlarga majburiy tender taklifini berdi va kompaniyaning qoshimcha 11% ulushini sotib oldi. 2008-yil iyul oyiga kelib, Ashmore oʻzining SEA Refinery Holdings B. V. shoʻba firmasi orqali Petron aksiyalarining 50,57 foiziga egalik qilardi. Ashmore toʻlovlarni 2008-yil dekabr oyida amalga oshirgan. 2008-yil dekabr oyida Ashmore PNOCning 40% ulushini sotib oldi. Xuddi shu oyda San Miguel Corporation (SMC) Ashmore guruhi bilan Petronning 50,1 foizini sotib olish boʻyicha muzokaralarning yakuniy bosqichida ekanligini aytgan. 2010-yilga kelib SMC Petron korporatsiyasining aksariyat nazoratini qoʻlga kiritdi.
Saudi Aramco 2019-yil holatiga koʻra, neftni qayta ishlash quvvati kuniga 5,4 million barrelni tashkil etadi[84].
Saudi Aramco quyi oqim operatsiyalaridagi asosiy eʼtiborni neftni qayta ishlash zavodlarini neft-kimyo korxonalari bilan birlashtirishga qaratmoqda. Kompaniyaning quyi oqimdagi birinchi qoʻshma korxonasi Petro Rabigh korporatsiyasi bilan boʻlib, qoʻshma korxona 2005-yilda Qizil dengiz sohilida oʻz ishlarini boshlagan Sumitomo Chemical Co. bilan qoʻshma korxonaga aylandi[13]. Kimyoviy moddalar sohasida jahon yetakchisiga aylanish maqsadida Aramco Royal Dutch Shell kompaniyasining Saudiya Arabistonidagi neftni qayta ishlash zavodinng 50% ulushini 631 million AQSh dollariga sotib oldi[85].
Neftni qayta ishlash zavodlari roʻyxati
Mahalliy neftni qayta ishlash zavodlari roʻyxati[84]:
Mahalliy neftni qayta ishlash qoʻshma korxonalari roʻyxati[84]:
Xorijiy neftni qayta ishlash korxonalari roʻyxati:
Saudi Aramco Pokistondagi Gvandardagi 10 milliard dollarlik neftni qayta ishlash zavodi loyihasini va boshqa loyihalarga qiziqish bildirgan. Ammo Gvandardagi 10 milliard dollarlik neftni qayta ishlash zavodi loyihasi bekor qilingan. 2022-yilda Saudi Aramco kompaniyasi North Huajin Chemical Industries guruhi bilan Huajin Aramco Petrochemical Company nomli qoʻshma korxona yaratayotgani maʼlum boʻldi. Korxona etilen bugʻini kreking qilish qobiliyatiga ega sutkalik 300 000 barrel neftni qayta ishlaydi[90].
Saudi Aramco turli mamlakatlarga xom neft, qayta ishlangan neft va tabiiy gazni yetkazib berish uchun bir nechta tanker xizmatlaridan foydalanib keladi. Avvalari Aramco Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyoga yuklarni yetkazish uchun Bahri kompaniyasi bilan birlashtirilgan Vela International Marine shoʻba kompaniyasiga ega boʻlgan[91]. Ushbu qoshma korxona qurib bitkazilganda dunyodagi eng katta boladigan King Salman Global Maritime Industries Complex nomli kemasozlik zavodining aksiyadori hamdir[92].
Saudi Aramco butun dunyo boʻylab, jumladan uchta asosiy global energiya bozorlari, Osiyo, Yevropa va Shimoliy Amerikadagi faoliyat kengaytirmoqda[93]. 2019-yil aprel oyida Aramco Janubiy Koreyaning Hyundai Oilbank neftni qayta ishlash kompaniyasining 13% ulushini 1,24 milliard AQSh dollariga sotib olish boʻyicha shartnoma imzoladi[94][95]. Bundan tashqari, 2019-yil 11-aprelda Aramco Polshaning yetakchi neftni qayta ishlash kompaniyasi PKN Orlen bilan unga Arabiston xom neftini yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzoladi[96].
Aramco dunyodagi asosiy suyultirilgan tabiiy gazning yirik ishlab chiqaruvchisi boʻlishni rejalashtirmoqda[97][98]. U oʻzining birinchi suyultirilgan tabiiy gazini Singapurda hind xaridoriga sotdi[97]. Kompaniya suyultirilgan tabiiy gaz bozoridagi maqsadiga erishish uchun butun dunyo boʻylab potensial qoʻshma korxonalar va hamkorlarni qidirmoqda[97][98].
Ali Al-Naimining taʼkidlashicha dastlabki konsessiya shartnomasidagi 23-moddani kelgusi oʻn yilliklar davomida Saudiya jamiyatining shakllanishida asosiy rolni oʻynagan. Moddada shunday deyilgan: „Ushbu shartnoma boʻyicha korxona Saudiya fuqarolarini ishga oladigan amerikaliklar tomonidan boshqariladi va nazorat qilinadi va kompaniya saudiyalik munosib xodimlarni topsa, boshqa davlat fuqarolarini ishga olmaydi“. Kompaniyaning birinchi maktabi 1940-yil may oyida kompaniya tarjimoni va birinchi instruktori Hijji bin Jassimning Al-Xobar uyida tashkil etilgan. Al-Naimi, „Boshidanoq, Aramconing rivojlanishi Saudiya Arabistonining manfaatlari bilan bevosita bogʻliq boʻlgan“ deb taʼkidlaydi. Jebel maktabi nomli yana bir maktab 1941-yilda Dhahrada tashkil etilgan edi. Kirish darajasidagi lavozimlarga yollangan yigitlar ertalab soat 7dan boshlab toʻrt soat va tushdan keyin yana toʻrt soat ishlagan. 1950-yilda Aramco 2400 nafar ishchini tayyorlaydigan maktablar qurdi. 1959-yilda Aramco Saudiyalik ish oʻrganuvchilarning birinchi guruhini AQShdagi universitetga yuborgan. 1970-yilda Aramco oʻzining birinchi oʻrta maktab bitiruvchilarini ishga qabul qila boshladi va 1979-yilda ularga universitet grantlarini taklif qila boshladi. 1965-yilda Zafer H. Husayniy saudiyalik birinchi menejer, 1974-yilda Faysal Al-Bassam saudiyalik birinchi vitse-prezidentga aylandi. 1983-yil noyabrida dastlabki ish oʻrganuvchilardan boʻlgan Al-Naimiy Aramco prezidenti etib tayinlandi. U ushbu lavozimdagi birinchi saudiyalik prezident edi. Al-Naimiy taʼkidlaganidek, „Neft kompaniyasi saudiyalik toʻliq maʼlumotli va malakali sanoat mutaxassislari yaratishni oʻz zimmasiga olgan“. Al-Naimiy Tomas Bargerning saudilashtirishdagi hissasini eʼtirof etib: „Siz, Aramco rahbarlari orasida dastlabki kunlaridayoq saudiyalik xodimlarni oʻqitish boʻyicha eng katta maqsadga egasi edingiz. Bu uzoqni koʻzlagan saʼy-harakatlar hozir oʻz samarasini bermoqda va koʻplab saudiyaliklar ushbu saʼy-harakatlar tufayli rahbarlik lavozimlarini egallashmoqda“. 1943-yilda Aramcoda 1600 saudiyalik ishlagan boʻlsa, 1987-yilga kelib, Aramconing 43,5 ming ishchisining deyarli uchdan ikki qismi saudiyaliklar edi. 1988-yilda Al-Naimiy bosh direktor va Hisham Nazer boshqaruv raisligi lavozimlarini egallagan birinchi saudiyaliklar edi. Saudiyalashtirish oʻzining choʻqqisiga Shayba neft koni 1998-yil iyul oyida 90% saudiyaliklardan tashkil topgan jamoaning uch yillik saʼy-harakatlaridan soʻng ishga tushirilganda erishdi. 2016-yil Aramco hali ham 15% ishchi kuchi chet ellik edi. Al-Naimiyning tabiri bilan aytganda, „bu eng soʻnggi innovatsiyalar va texnik yechimlarga doimo foydalana olishni nazarda tutgan“[28].
Saudi aramco oʻz faoliyatini boshlagandan beri 59.26 milliard tonna karbonat angidrid ekvivalentidagi issiqxona gazlarini ishlab chiqargan. Ushbu koʻrsatkich 1965-yildan beri havoga chiqarilgan jami antropogen karbonat angidridning 4.38 fozini tashkil etadi[99].
Atrof muhitni asrovchi guruhlar Aramcoga 2 trillionlik bozor debyutini tashkillashda yordam bergan 9ta xalqaro banklarga xat joʻnatadi. Xatda guruhlar aksiyalarning bozorga chiqishi issiqxona gazlarini qisqartirishga va saudi tuzumi tomonidan inson huquqlarining buzulishini toʻxtatishga qaratilgan harakatlarga toʻsiq boʻlishini taʼkidlagan[100].
2019-yil 6-noyabrda, Saudi Aramco Jahon Bankining 2030-yilga qadar gaz yoqilishini nolga tushirish boʻyicha tashabbusiga qoʻshiladi. Kompaniya 2019-yilning birinchi yarmida umumiy xom gazning 1 foizdan kamrogʻini yoqqanini bildirgan[101].
Ekologlarning taʼkidlashicha 1965-yildan beri havoga chiqarilgan issiqxona gazlarining 4 foizi Aramco hissasiga toʻgʻri keladi. Emissiyaning asosiy qismini sotilgan neftning ishlatilishi tashkil etgan. Masalan, avtomobil dvigatelida yondirilgan gazolin ham kiradi. Issiqxona gazlarini hisobga olishda mahsulotdan foydalanish natijasida hosil boʻladigan chiqindilar „3-koʻlamli“ emissiya deb ataladi. 3-koʻlamli emissiyani cheklash Aramconing rejasida mavjud emas. Ammo, hukumat 2060-yilga kelib, mamlakat ichida uglerod chiqindilarini nolga tenglashtirishni aytmoqda[102].
2007-yilning 18-noyabrida tabiiy gaz quvuridagi portlash natijasida ishchilarning bir qanchasi halok boʻlgani toʻgʻrisida xabarlar tarqala boshladi. Keyinchalik qurbonlar soni 34ta boʻlgani aniqlandi[103][104]. Aramconing taʼkidlashicha bu faqatgina texnik xizmat koʻrsatishga oid baxtsiz hodisa.
2020-yil 9-dekabrda Financial Times Aramcoda COVID-19 virusini yuqtirib olgan muhandis haqida maqola chop etadi. Oilasining taʼkidlashicha kompaniya muhandisning kasalligini davolashda befarqlik qilgan[105]. Oila aʼzolarining aytishicha, oʻlimidan 3 hafta oldin u kompaniya va hukumat organlaridan yodam soʻragan. Ammo shunchaki qoʻqop va tibbiy niqob niyib yurishni tavsiya qilgan. Saudi Aramco muhandisning oʻlimidan 14 soat oʻtmaguncha uning oila aʼzolari bilan rasman bogʻlanmagan va uning jasadini berishni rad etgan. Bundan tashqari muhandisning mobil qurilmasidan maʼlumotlarni ataylab oʻchirib tashlagan. Uning oilasi moliyaviy yordamsiz 5 oy yashashga majbur boʻlgan va faqatgina Financial Times kompaniyadan savollar soʻrashni boshlagandagina 400 ming dollarlik nafaqa, sugʻurta va toʻlanmagan maoshini toʻlab bergan.
Xuddi shu maqolada 5 nafar huquqbonlar Aramconi bezorilik va notoʻgʻri boshqaruvda ayblagan[105]. Sobiq xodimlardan biri kompaniyaning klapanlar va tarmoq bloklarini bosim ostida sinovdan oʻtkazishda oʻta xavfli darajadagi buzilishlar, neftni qayta ishlash zavodi konstruktsiyasidagi yoriqlar va yoʻllar va poydevorlarning choʻkishi haqida oʻz xavotirlarini bildirgan. Neftni qayta ishlash zavodi Aramcoda ham Piper Alphaning taqdiri boʻlishi xavfini tugʻdiradi deydi boshqa bir chet ellik mutahasis. Shuningdek, u Aramconi qiyinchilikka koʻnikmaganlikda, qobiliyatsizlik va dangasalikka ayblagan.
2020-yilning mart oyida ijtimoiy tarmoqlarda katta qoʻl dezinfektsiyalash moslamasi kiyib olgan ishchi migrantning suratlari tarqalgach Saudi Aramco tanqidlar ostida qoldi[106]. Tvitterdagi foydalanuvchilar bu harakatni „zamonaviy qulchilik“, „tahqiromuz“ va „noinsoniylik“ deb qoraladi[107]. Kompaniyaga koʻra, namoyish Aramco rasmiylarining ruxsatisiz tashkil etilgan[107][108].
2019-yilda manbalar Financial Timesga Saudiyaning badavlat oilalari Saudi Aramco IPOsiga qoʻshilishga majbur qilinganini aytgan[109][110]. Tahlilchilarning fikricha, Aramco amaliy jihatdan bozor kapitallashuvini 1dan 1,5 trillion dollargacha oshirishi mumkin edi. Ammo saudiyaliklar 2 trillion dollarlik bozor qiymatiga erishishni xohlardi. Hech shubhasiz, roʻyxatdan oʻtganlarning koʻpchiligining qarindoshlari 2017–2019 yillgi Saudiya Arabistonidagi tozalash jarayonining bir qismi boʻlgan. Toʻrtta manbaga koʻra, Saudiya hukumati qirollikdagi baʼzi badavlat oilalarni IPOdagi qatnashishga majburlagan.
Saudi Aramconing asosiy aksiyadori Saudiya Arabistoni hukumati boʻlib, u yerda inson huquqlari tashvishli masala[111]dir. Saudiya Arabistoni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini shariat qonunlariga zid ekanligini bildirib[112], BMTdagi ovoz berishda betaraf qolgan. Mamlakat bolalar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasining shariat qonunlariga zid boʻlgan har qanday qoidasiga oʻzgartirishlar kiritgan[113]. Hukumat qiynoqlarni muntazam qoʻllashda hamda boshqa ijtimoiy guruhlar[114] bilan bir qatorda tanqidchilar[115], va ayollarga nisbatan zoʻravonlikdan[116] foydalanishda ayblangan.
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.