From Wikipedia, the free encyclopedia
Qatar muzeylari (sobiq Qatar muzeylari boshqarmasi[1]) Qatar davlat muassasasi boʻlib, Islom sanʼati muzeyi (ISM), Mathaf: Arab zamonaviy sanʼat muzeyi, MIA Park, Qataradagi QM galereyasi, ALRIWAQ DOHA koʻrgazma maydoni, Al Zubarah Butunjahon merosi obʼyektlarini oʻz ichiga oladi[2].
Qatar Muzeylari | |
---|---|
Qatar Museums Authority.jpg | |
Ochilgan sanasi | 2005 |
Joylashuvi | Doha, Qatar |
Manzili | 25°17′19.1″N 51°32′45.33″E |
Direktor | Shayxa Al-Mayassa binti Hamad bin Xalifa al-Tani |
Sayti | qm.org.qa |
Shuningdek, Qatar boʻylab arxeologik loyihalar, sharqshunoslik sanʼati, fotografiya, sport, bolalar taʼlimi va yovvoyi tabiat kabi turli faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha uning kolleksiyalarini taʼkidlab kelajak uchun loyihalar va
muzeylarni ishlab chiqadi.
Qatar muzeylari Shayx Al-Mayassa bin Hamad bin Xalifa Al-Tani boshchiligidagi vasiylik kengashi tomonidan nazorat qilinadi[3].
Qatar muzeylari boshqarmasi va Madaniyat, sanʼat va meros vazirligi Qatar madaniy siyosatining asosiy amalga oshiruvchilari hisoblanadi[4].
Qatar muzeylari boshqarmasi Qatarning har tomonlama rivojlanishi, taraqqiyoti va farovonligi uchun 2030-yilga moʻljallangan Milliy koʻrgazma dasturini amalga oshiruvchi tashkilotlardan biridir[5]. Ushbu dasturda merosga asoslangan ishlanmalar asosiy rol oʻynaydi. Chunki uning muammolari orasida mahalliy madaniyat va anʼanalar atrofida modernizatsiyani shakllantirish bor[6]. Shayx Al-Mayassaning vazifasi Qatar muzeylari va Qatarni madaniy qudrat markaziga aylantirishdir. The Economist nashrining xabar berishicha, bu haqida mas`ul shaxs shunday degan: "Biz avvalambor, Qatar Muzeylari butun dunyo boʻylab sanʼat loyihalari katalizatori, „madaniy qoʻzgʻatuvchi“si boʻlishini istaymiz"[4]. Qatar Muzeylari boshqarmasi tomonidan madaniy siyosatni amalga oshirish boʻyicha Doha 2010-yilda Arab madaniyati poytaxti deb nomlangan va bu tashabbus YUNESKO qoshidagi Arab Ligasi tomonidan qabul qilingan.
Qatar muzeylar boshqarmasi 2011-yilda YUNESKOning Butunjahon merosi qoʻmitasiga aʼzo boʻlish uchun muvaffaqiyatli nomzod boʻlib tenderda yetakchilik qilgan. 2013-yil 22-iyun kuni Kambodjaning Phompen shahrida boʻlib oʻtgan YUNESKO Butunjahon merosi qoʻmitasinimg kunduzgi sessiyasida Qatar oʻzining birinchi Butunjahon merosi obʼyekti Al Zubarah arxeologik obidasini eʼlon qilgan[7].
Qatar muzeylari boshqarmasi butun dunyo eʼtiborini oʻziga qaratdi, xususan Islom sanʼati muzeyi (ISM) hamda Abu-Dabidagi (BAA) rejalashtirilgan Guggenxaym Abu Dabi va Luvr Abu Dabi kabi boshqa muzey ishlanmalari shular jumlasidandir[8][9]. Londonning Serpentine galereyasi direktori Hans-Ulrich Obrist kabi tanqidchilar Dohaning „mavjud modellardan nusxa koʻchirmaydigan yoki gʻarbiy muzeylarni takrorlamaydigan, lekin mahalliy muzeylarni tan oladigan“ yangi modelga intilib, Abu-Dabidagidan farqli ravishda muzeylarga yondashishni taʼkidlaydilar[8].
Qatar muzeylari boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan barcha muzeylar dizaynida yoki umumiy konsepsiyasida Islom va Qatar madaniyati elementlari aks etadi[10]. Shu uslub orqali u oʻz brendini yaratishga harakat qiladi. Ushbu siyosat Qatar Jamgʻarmasining toʻrtinchi yoʻnalishi boʻlib u ilgʻor jamiyatni rivojlantirishga yordam berish bilan bir qatorda madaniy hayotni yaxshilash, Qatar merosini himoya qilish va jamiyatdagi bevosita ijtimoiy ehtiyojlarni qondirishga intiladi[11][12][13]. Qatar muzeylari boshqarmasi oʻz muzeylarini loyihalashtirish uchun bir necha bor mashhur xorijiy meʼmorlarni yollagan va u meʼmorlar yaqin Sharq meʼmoriy modellaridan ilhom olishlarini taʼkidlagan[10].
Ushbu muzeyda ikki qavatli doimiy koʻrgazma uchun va bitta asosiy vaqtinchalik galereya, shahar siluetiga qaraydigan ikkita ochiq hovli, taʼlim markazi, kutubxona, shuningdek, kafe va sovgʻalar doʻkoni joylashgan keng atrium bor[14].
Islom Sanʼati Muzeyiga ISM Park tutashib ketgan. U Nyu-York shahridagi Pei Partnership Architects tomonidan loyihalashtirilgan boʻlib 280 000 kvadrat metrli yarim oy shaklidagi dengiz boʻyida joylashgan park. U amerikalik rassom Richard Serraning „7“ nomli buyurtmasi aks ettirilgan haykaltaroshlik maydonini oʻz ichiga oladi. Bu asar rassomning yaqin Sharqdagi birinchi ommaviy ishi edi[15][16].
Parkda kino namoyishlari, sport, musiqiy va ommaviy dasturlar kabi koʻplab tadbirlar oʻtkaziladi[17].
Qatarning yangi Milliy muzeyi (QMM) 2019-yil 28-martda omma eʼtiboriga havola etilgan[18]. Muzey Pritzker mukofoti sovrindori meʼmor Jan Nouvel tomonidan yaratilgan innovatsion dizaynga ega. Qatarning oʻtmishiga oid ushbu muhim dizayn yodgorlik sifatida hozirda yangi QMMning yuragi boʻlib saqlanib qolgan. Yangi va eski bino oʻrtasidagi munosabat oʻtmish va hozirgi kun oʻrtasidagi koʻprikni yaratishning bir qismi hisoblanadi.
Qatar Milliy Muzeyi binosi Doha Kornishining janubiy maydonida joylashgan boʻlib dengiz ichidan qad koʻtargan va qirgʻoq bilan ikkita piyodalar koʻprigi orqali yoʻl koʻprigiga tutashib ketgan. Uning umumiy maydoni 1.5 million metr kvadratni tashkil etadi.
3-2-1 Qatar Olimpiya va sport muzeyi sport va uning ob’ektlarini saqlaydigan, tadqiq qiladigan va namoyish etadigan sport tarixi, merosi va bilimlariga asoslangan milliy va xalqaro markazdir[19]. U 2022-yilning 31-martida omma e`tiboriga havola etilgan[20][21]. 2022-yil sentabr oyida esa muzeyda „Futbol olami“ nomli ko‘rgazma bo‘lib o‘tgan[22][23].
2022-yilda uchta yangi muzey ob’ektlari eʼlon qilingan[24].
Ushbu ob’ektlardan birinchisi Art Mill: zamonaviy sanʼat koʻrgazma zallari, taʼlim va turar joy dasturlarini oʻz ichiga olgan kompleks. Kompleks binosi meʼmor Alejandro Aravena (Elemental) tomonidan loyihalashtirilgan[25].
Ikkinchisi, Jak Gertsog (Herzog & De Meuron) tomonidan ishlab chiqilgan Lusail muzeyida Sharq rasmlari, fotosuratlari, haykallari va amaliy sanʼatining katta toʻplami mavjud[26].
Uchinchisi, Qatar avtomuzeyi avtomobil galereyalarini oʻz ichiga oladi. Muzey Qatarning rivojlanishiga qaratilgan. Unda klassik avtomobillarni qayta tiklash uchun qoʻshimcha markaz mavjud. Muzey binosi arxitektor Rem Koolhaas (OMA) tomonidan loyihalashtirilgan[27].
Sharqshunoslik toʻplami dunyoda yigʻilgan sharqshunoslik sanʼatining eng muhim toʻplamlaridan biridir. Bu dunyoda faqat sharqshunoslik sanʼatiga bagʻishlangan yagona muassasadir. Unda XVI asr boshlariga borib taqaladigan rasmlar, akvarellar, haykallar va chizmalarni mavjud[28].
Sharqshunoslar to‘plami kelajakdagi dasturlar va ko‘rgazmalar orqali sanʼat tarixidagi nufuzli davrni xaritaga tushirish hamda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurroq tushunishga xizmat qiladi[29]. Undagi muhim sanʼat asarlari muntazam ravishda koʻrgazmalar uchun xalqaro muzeylarga topshiriladi. Ishlar Sharqshunoslar kolleksiyasi tomonidan Doha va xorijda tashkil etilgan ko‘rgazmalarda ham namoyish etilib kelimoqda[30].
Ilgari boshqarmada sharqshunoslik muzeyini yaratish taklifi mavjud edi[31], ammo 2019-yildan boshlab bu taklif toʻxtatib qoʻyilgan[32].
Qatar Muzeylari galereyasi 2010-yilda Qatar muzeylari boshqarmasi tomonidan vaqtinchalik koʻrgazmalar uchun joy sifatida tashkil etilgan[33]. Kataraning (madaniy qishloq) 10-binosida joylashgan galereya Qatardagi boʻlajak muzeylar uchun oʻz kolleksiyalari, loyihalari va qarashlarini taqdim etish uchun ochiq platformadir. Galereyada qatarlik rassomlarning ko‘rgazmalari ham o‘tkaziladi va xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etiladi. Ushbu galeriya fotografiya, arxeologiya, sanʼat, sport, arxitektura va haykaltaroshlik kabi koʻrgazmalarni keng mahalliy va xalqaro tomoshabinlar bilan uchrashtiradi[34].
Islom Sanʼati Muzeyi yonida joylashgan ALRIWAQ DOHA — Qatar muzeylarining yana bir vaqtinchalik koʻrgazma maydoni hisoblanadi. Uning umumiy maydoni 5000 kvadrat metrni tashkil etadi[35]. ALRIWAQ DOHA 2010-yil dekabr oyida ochilgan.
Yongʻin stansiyasi: mahalliy rassomlar dasturi Qatar muzeylari jamoat sanʼati boʻlimi tomonidan tashkil etiladi[36]. Ushbu dastur Dohadagi eski fuqarolik mudofaasi binosi oldini ijodkorlar uchun ochiq maydonga aylantirmoqda. Qatarlik arxitektor Ibrohim Al-Jayda tomonidan ishlab chiqilgan o‘t o‘chirish stantsiyasi 24 ta studiya va eski garajda joylashgan 700 kv.m galereyaga ega bo‘lib, undan dasturda ishtirok etayotgan rassomlar hamda mahalliy hamjamiyat foydalanishi mumkin. Shuningdek, u yerda kafe, restoran, kitob doʻkoni, sanʼat buyumlari doʻkoni, kinoteatr va rassomlar uchun inshootlar yaratiladi[37].
Ushbu loyiha „Qatarda va butun dunyoda yashovchi rassomlar oʻrtasida madaniy muloqot va tajriba almashish imkonini yaratadi“. Toʻqqiz oylik dastur qatarliklar va Fors koʻrfazi mintaqasidagi boshqa rassomlar, shuningdek, Qatarda joylashgan xalqaro rassomlar uchun ochiq maydon vazifasini oʻtaydi[38].
Ushbu tashkilot tashkil etilganidan beri Qatar muzeylarining tadqiqotlar, qazishmalar, restavratsiya, reabilitatsiya loyihalari kabi bir qancha arxeologik va arxitektura muhofazasi loyihalarini boshqargan[51]. Ushbu saʼy-harakatlar Qatar boʻylab koʻplab arxeologik yodgorliklar, qal’alar, minoralar, masjidlar va eski binolarni ochish, hujjatlashtirish, himoya qilish va targʻib qilishga yordam berdi. Shuning uchun mamlakat madaniyati va merosini saqlab qolgan[52][53].
Al Zubarah Dohadan 100 km shimoli gʻarbda joylashgan. Iroqdagi Basranining qulashidan soʻng 1760-yilda Quvaytning Bantu Utba urugʻi tomonidan asos solingan bu shahar Markaziy Fors koʻrfazining asosiy savdo shahriga aylandi.
Al Zubarah arxeologik yodgorligi 60 gektar maydonni egallagan. Qatarning ushbu obidasi xalqaro roʻyxatda birinchi va dunyo boʻylab 911 ta tabiiy-madaniy obʼyektlardan biri hisoblanadi.
Al-Zubarahdagi birinchi qazishma ishlari 1980-yilda Madaniyat, sanʼat va meros milliy kengashi hamda 2002 — 2005-yillarda Qatar muzeylari boshqarmasi tomonidan olib borilgan. 2009-yildan beri Kopengagen universiteti va QM oʻrtasida Qatar Islom arxeologiyasi va merosi loyihasi deb ataladigan qoʻshma loyiha Al-Zubarah va uning hinterlandida keng koʻlamli qazishmalar va restavratsiyalar, shuningdek, tarixiy, antropologik va ekologik tadqiqotlarni amalga oshirdi[54].
Qatar muzeylarining Jamoatchilik sanʼati boʻlimining vazifasi mahalliy yosh rassomlarning oʻz mahorati va dunyoqarashini rivojlantirishga yordam berishdir. Ushbu boʻlim yosh rassomlar uchun rezidentlik dasturini yaratish, xalqaro rassomlar ishtirokidagi koʻrgazmalar tashkil etish va Qatarda mashhur rassomlarning sanʼat asarlarini oʻrnatishni nazorat qilish uchun mas’ul hisoblanadi. Qatar Muzeylari boshqarmasi raisi Shayxa Al-Mayassa Bint Hamad Al-Tani shunday dedi: „Jamoat maydonida sanʼatning turli shakllarini namoyish etish orqali biz mahalliy isteʼdodlarni ilhomlantirish va sanʼat va mahalliy hamjamiyat oʻrtasida uzviy aloqa oʻrnatishni maqsad qilganmiz“[55].
Qatar muzeylarining vakolati muzeylar va sanʼat galereyalarini rivojlantirish hamda arxeologik obidalarni qayta tiklash, mahalliy va xalqaro miqyosda turli tadbirlarni tashkil etish, homiylik qilish kabi boshqa faoliyat turlaridan ham tashqariga chiqishi mumkin. Bunga yorqin misollar: 2009-yilda Doha Tribeka kinofestivalining tashkil etilishi[56], Qatar milliy anjumanlar markaziga Luiza Burjuaning ulkan haykalining oʻrnatilishi[57], Butunjahon kino fondi homiyligi, xalqaro rassomlarning xorijdagi ko‘rgazmalariga homiylik qilish, jumladan yapon rassomi Takashi Murakamining Versal shatodagi ko‘rgazmasi[58][59] va ingliz rassomi va sanʼat kollektsiyachisi Damien Xirstning 2012-yilda Tate Moderndagi ko‘rgazmasi[60] kabilardir.
2012-yil Qatar davlati va Yaponiya o‘rtasida ijobiy diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 40 yil to‘lgan. Buni nishonlash uchun Qatar „Yaponiya-2012“ bayrogʻi ostida bir yil davomida madaniyat, sport va biznes bilan bogʻliq tadbirlar oʻtkazgan[61]. Joriy yil uchun tuzilgan dasturga har ikki mamlakatda oʻtkaziladigan koʻrgazmalar va tadbirlar xususan, Takashi Murakamining ALRIWAQ DOHA koʻrgazma maydonidagi „Ego“ koʻrgazmasi[62] va Yaponiyaning Kobe shahrida boʻlib oʻtgan „Marvaridlar: dengiz marvaridlari“ koʻrgazmasi[63] shular jumlasidandir. Turli madaniy tadbirlar orqali yaponlarda Qatar madaniyati va yutuqlari haqida tushuncha paydo boʻlgan va qatarliklarda ham xuddi shu holat kuzatilgan.
Qatar-Buyuk Britaniya (2013) koʻrgazmasi Britaniya Kengashi va Qatar muzeylari tomonidann har ikki mamlakatning yetakchi sanʼat va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda muvofiqlashtirilgan loyiha hisoblanadi[64]. Yil yangi munosabatlarni oʻrnatish va taʼlim, sport va ilm-fan sohasida mavjud hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash bilan bir qatorda, madaniyat, yutuqlar va merosni anglash, qadrlashni, innovatsiyalar, ochiqlik ruhida ikki mamlakat odamlari va institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirishni maqsad qilgan[65]. Tadbirlar Qatarda ham, Buyuk Britaniyada ham boʻlib oʻtgan[66].
Qatar-Braziliya (2014) Qatar Davlati va Braziliya Federativ Respublikasidagi odamlarni madaniyat, jamoa va sport orqali bogʻlashga bagʻishlangan yillik madaniy almashinuv dasturi hisoblanadi[67]. Qatar-Braziliya (2014) 2013-yil 18-dekabrda Braziliyada Qatar Milliy kunini nishonlash chogʻida Braziliyadagi Qatar elchixonasida eʼlon qilingan. Ushbu madaniy dastur koʻrgazmalar, festivallar oʻtkazish uchun homiylar bilan hamkorlik qilib, Qatar va Braziliya oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va doimiy hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga qaratilgan. Tanlovlar va boshqa madaniy almashinuv tadbirlari har ikki davlatda boʻlib oʻtgan[68]. Qatar-Braziliya (2014) dasturi Qatar Muzeylari raisi Shayxa Al Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Tani homiyligida Qatar madaniyati, sanʼat va meros vazirligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan. Yil rasman 2014-yil 27-yanvarda Dohadagi Islom sanʼati muzeyida tantanali tantanali marosim bilan boshlangan[69].
Qatar-Turkiya (2015) Madaniy almashinuv yili[70] Dohadagi Islom sanʼati muzeyida turk bayrami bilan ochilgan[71]. Alyans ramzi sifatida Istanbulning Yevropa tomonidagi hududda „Qatar“ ko‘chasi ochilgan[72]. Dohadagi Islom sanʼati muzeyida turk festivali va bozori[73] turk musiqasi va raqsi, ochiq osmon ostidagi fotoko‘rgazma va kino hamda turk choyxonasi namoyish etilgan[74]. Shuningdek Istanbulda Qatar va butun dunyo boʻylab munchoqli zargarlik buyumlari[75] hamda Qatarda Harem Al Sulton koʻrgazmasi kabi bir nechta sanʼat koʻrgazmalari boʻlib oʻtgan[76][77]. „Badiiy sayohatlar: yangi burchaklar; yangi istiqbollar“ qo‘shma ko‘rgazmasida Qatar va turk fotograflarining foto asarlari namoyish etilgan[78].
Qatar-Xitoy (2016) Madaniyat yili[79] Dohada Qatar muzeylari, Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat vazirligi va Chjejiang provinsiyasi madaniyat departamenti tomonidan tashkil etilgan Jiangʻnan uslubidagi shou bilan ochilgan[80][81]. 2016-yilgi Xitoy-Qatar Madaniyat yilida Dohadagi muzeylar va galereyalar qadimiy va zamonaviy Xitoy sanʼatini aks ettiruvchi bir qator madaniy va badiiy koʻrgazmalarni taqdim etgan[82]. Bundan tashqari, Islom sanʼat muzeyida boʻlib oʻtgan Xitoy festivali Xitoy bozorlari, oziq-ovqat rastalari, Xitoy choyxonasi va turli tomoshalarni Qatar xalqiga taqdim etgan. Shu bilan bir qatorda ushbu muzeyda Xitoy tarixi va sivilizatsiyasini aks ettiruvchi „Xitoy xazinalari“ ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgan[83][84]. „Ikki davlat madaniyati“[85][86] fotokoʻrgazmasida toʻrt xitoylik va ikki qatarlik fotografning ishlari namoyish etilgan, ular ikki hafta davomida bir-birlarining vatanlariga sayohat qilib, oʻz madaniyatidan boshqa madaniyatni oʻrganishdi va xalqiga vizual tarzda yetkazishdi[87][88].
Qatar-Germaniya (2017) Madaniyat yili[89] Katara opera teatrida Qatar va nemis musiqasi konserti bilan rasman ochilgan[90][91]. Germaniya elchixonasi Gyote instituti va Doha kino instituti bilan birgalikda Islom sanʼati muzeyida Germaniya kinosi haftaligini tashkil qilgan[92]. Dohada boʻlib oʻtayotgan xalqaro kitob koʻrgazmasida Germaniyaning faxriy mehmoni Madaniyat va sport vaziri Salah bin Gʻanim Al Ali Germaniya savdo rastasiga tashrif buyurgan[93]. Qatarda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan „Madaniyat va innovatsiyalar“ mavzusida ayollar uchun tadbir bo‘lib o‘tgan[94]. Shuningdek, Germaniya elchixonasi, Gyote instituti va Qatar muzeylari tomonidan Germaniya va Qatar ayollar futbol jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etilgan[95][96]. Bundan tashqari, Al Riwaq galereyasida „Nemis dizayni asosida“ koʻrgazma boʻlib oʻtgan, Deutsche Bank kollektsiyasida nemis zamonaviy sanʼati toʻplami boʻlgan „Germaniya uchrashuvlari“ namoyish etildi[97][98].
Qatar-Rossiya (2018) Madaniyat yili[99] munosabati bilan 2018-yilgi futbol boʻyicha jahon chempionati arafasida Moskvadagi Qizil maydonda Qatar va Rossiya siyosatchilari va sanʼatkorlari oʻrtasida futbol boʻyicha oʻrtoqlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi[100]. Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtgan 7-Xalqaro madaniyat forumida ikki davlat ham Madaniyat yili doirasida bilim va gʻoyalar almashdi, unda ilk bor qatnashayotgan Qatar davlati faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi[101]. „Identify Qatar: Limits of Architecture“ konferensiyasida rus arxitektorlari Qatardagi ilg‘or arxitektura loyihalarini muhokama qilishdi va uning eng ajoyib binolarini ko‘zdan kechirishdi[102]. Bundan tashqari, koʻplab sanʼat va dizayn koʻrgazmalari, jumladan, Moskvadagi Davlat tarix muzeyida boʻlib oʻtgan 20 ta yangi qoʻshilgan asarlarning premyerasi boʻlgan „Dengiz va daryolardan marvaridlar, xazinalar“ koʻrgazmasi oʻtkazildi[103][104]. Qatarning Moskvadagi elchixonasi Afisha Picnic rus yozgi musiqa festivali davomida Qatar madaniyati va taomlarining pop-up tadbirini tashkil qildi[105].
2019-yil Hindiston-Qatar madaniy yilining[106] badiiy yo‘nalishlari qatorida Dohadagi Islom Sanʼati Muzeyida[107][108] ko‘rgazmalar bo‘ldib oʻtgan. Katara madaniyat qishlog‘ida ikki qatarlik fotografning 2019-yil Madaniyat yili doirasida Hindistonga sayohatidan olingan fotosuratlar ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan. Ko‘rgazmada Qatarlik ikki nafar hindistonlik fotograf ham o‘z asarlari bilan ishtirok etgan[107]. Bundan tashqari, Kataradagi opera teatrida Bollivud uslubidagi tadbir[109], Lusail Sports Arenada yopiq kriket ligasi[110] va Qatar Milliy muzeyida xalqaro yoga boʻyicha yoga darslari tashkil etilgan[111].
Covid-19 pandemiyasi natijasida rejalashtirilgan koʻplab tadbirlar onlayn platformalarga koʻchirildi[112]. 2020-yil Qatar-Fransiya Madaniyat yili va uning ikki xalq o‘rtasidagi madaniy almashinuvga qo‘shgan hissasi uchun Qatarning Fransiyadagi elchisi Parij zarbxonasi tomonidan bronza medali bilan taqdirlandi[113]. 2020-yilning may oyida Covid avjida boʻlgan bir vaqtda Madaniyat yili fransuz va Qatar jihatlarini aks ettiruvchi havaskorlar va professional fotograflar uchun ochiq boʻlgan onlayn foto koʻrgazmani tashkil etdi[114]. Boshqa tadbirlar qatorida Qatar muzeylari va Paris Saint Germain e-Sports kompaniyasi 2022-yilda Qatarda boʻlib oʻtadigan futbol boʻyicha jahon chempionati arafasida ikki davlat oʻrtasida kibersport musobaqasini tashkillashtirdi[115]. Bundan tashqari, Mishel yulduzli fransuz oshpazi Guillaume Sanches Parijdagi restoranidan video orqali Qatar va fransuz mehmonlari bilan anʼanaviy Qatar retseptlarini baham koʻrdi[116].
Doha xalqaro kitob koʻrgazmasida fransuz adabiyoti [117] diqqat markazida boʻldi va Qatar fondining muvaffaqiyatli qatarlik dizayner talabalari tomonidan yaratilgan eng yaxshi dizaynlar Parijdagi Maison et Objets xalqaro dizayn koʻrgazmasida namoyish etildi[118]. Parijdagi Tokio saroyi muzeyida „Bizning dunyo yonmoqda“ nomi bilan Qatar Muzeylari ko‘rgazmasi tashkil etildi[119] va Dohadagi O‘t o‘chirish stantsiyasida Pikasso studiyalarining ajoyib sanʼat asarlarini namoyish etildi[120][121].
Qatar-AQSh (2021) Madaniyat yili[122] dasturi butun yilni qamrab olgan va bir qancha madaniy boʻlimlardagi tadbirlarni oʻz ichiga olgan. Katara madaniyat qishlogʻi operasida AQSh harbiy-havo kuchlari markaziy orkestrining va Qatar filarmonik orkestrining qoʻshma kontserti bilan ochilgan[123].
Madaniyat yili doirasida Qatar muzeylari Fors ko‘rfazi mintaqasida amerikalik rassom Jeff Koonsning birinchi ko‘rgazmasini tashil etgan. „Amerikada yoʻqolgan“ filmi Koons hayoti davomida boshidan kechirgan Amerika madaniyatini koʻrsatadi[124][125][126]. Oregon shtatining Portlend shahridagi JEDARIART ommaviy sanʼat tashabbusi Qatarda yashovchi rassomlar va ularning asarlarini Qoʻshma Shtatlarga olib kelgan. Ularga San-Fransisko, Xyuston va Mayami kabi bir qancha shaharlardagi devoriy rasmlar uchun suratlar taqdim etilgan[127]. Dohadagi Islom Sanʼati Muzeyi XVII asr toʻqimachilik buyumlari va portretlari toʻplamini, shuningdek, illyustrativ qoʻlyozmalarni Vashingtondagi Smitsonianning Osiyo sanʼati milliy muzeyi Artur M. Sakler galereyasiga koʻrgazma uchun topshirgan[128]. Koʻrgazmada amerikalik va qatarlik fotografning Tinch okeanining shimoli-gʻarbiy qismi boʻylab sayohati ishi namoyish etilgan[129]. Qatar Amerika Madaniyat Instituti 2021-yil Qatar-AQSh Madaniy yilini ikkita ko‘rgazma bilan yakunladi: „Madaniy sintez“, dizayn talabalari ishlari va „Nur va soya: Oregon bo‘ylab vizual sayohat“. Ikkalasi ham 2022-yilga qadar davom etadi va kelajakda sanʼat va madaniyat almashinuvi uchun poydevor qoʻyadi[130].
Qatar muzeylari muntazam ravishda sanʼat, arxeologiya, islom tarixi va sharqshunoslikka oid ingliz va arab tillarida nashrlar chop ettiradi. Yusuf Ibrohim Al-Abdullohning „Qatar-Britaniya munosabatlari 1914-1949“ (1999), doktor Sabiha Al-Xemirning „Kordobadan Samarqandgacha“ (2006) va Muhammad Jassim Alning „Qatarda anʼanaviy arxitektura“ kitoblari bunga misol boʻla oladi[131].
Qatar muzeylari 2011-yilda London Universitet kolleji va Qatar fondi bilan uch tomonlama hamkorlikka kirishgan[132]. Education City London kollejida muzeyshunoslik, konservatsiya va arxeologiyani oʻrganish boʻyicha darslar yoʻlga qoʻyildi. Kollej ushbu sohalar boʻyicha magistrlik darajasini, shuningdek, Qatar muzeylari xodimlari uchun qisqa muddatli mutaxassislik kurslarini taqdim etadi[133].
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.