From Wikipedia, the free encyclopedia
Din (arabcha: دين – „eʼtiqod“, „ishonch“, „itoat“) jamoat tomonidan shifrlangan qadimiy yozuvlar, mifologiya va rituallarga qatʼiy amal qilingan holda bajariluvchi harakatlar toʻplamidir[1]; shuningdek, shaxsiy e’tiqod hamda mistik kechinmalardan iborat boʻlishi ham mumkin. „Din“ atamasi ham jamoat eʼtiqodiga oid shaxsiy amaliyotlarni, ham guruh tomonidan bajariluvchi rituallarga qoʻllanadi.
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Barcha patriarxal dinlar bir gʻoyani ilgari surishadi: olam va odamlarni ikkiga, biri muqaddas, boshqasi kufr boʻlgan qismlarga boʻlish. Din odatda hech kim tomonidan kuzatilmaydigan va aniqlanmaydigan, gʻayritabiiy, muqaddas, eng yuqori shaxs yoki mavjudotga fokuslangan oʻzak eʼtiqod ustiga qurilgan ijtimoiy tizim, deb ham taʼriflanadi. An’analar, qadriyatlar, institutlar, rituallar va diniy matnlar oʻzak eʼtiqod bilan bogʻliq koʻriladi, va bulardan baʼzilari sekyular falsafa bilan mos tushmasligi mumkin. Dinni shuningdek „turmush tarzi“ ham deyishadi.
Dinlarning kelib chiqishi turli madaniyatlarda turlicha kechgan. Ayrim dinlar ijtimoiy tartibni belgilab kelgan boʻlsa, boshqalari insonning ichki kechinmalari va ruhiyatini tartibga solishni koʻzlaydi.
„Din“ soʻzini baʼzi hollarda „e’tiqod“ maʼnosida ham qoʻllashadi, lekin bu doim oʻrinli emas, zero eʼtiqod shaxsiy ishonchdan iboratdir, aslo ijtimoiy tizim emas.
Din – xudo yoki xudolar, gʻayritabiiy kuchlar mavjudligiga ishonish. Din muayyan taʼlimotlar, his-tuygʻular, toat-ibodatlar va diniy tashkilotlarning faoliyatlari orqali namoyon boʻladigan, olam, hayot yaratilishini tasavvur qilishning alohida tarzi, uni idrok etishning oʻziga xos usuli. Dinning paydo boʻlishi haqida yagona fikr yoʻq. Islom dini taʼlimotiga koʻra, din – Alloh tomonidan oʻz paygʻambarlari orqali bashariyat olamiga joriy etilajagi zarur boʻlgan ilohiy qonunlardir. Tabiat va insonni yaratgan, ayni vaqtda insonga toʻgʻri, haqiqiy hayot yoʻlini koʻrsatadigan va oʻrgatadigan ilohiy qudratga ishonchni ifoda etadigan taʼlimotdir.
Din dunyo, inson, mavjudotlarning kelib chiqishi, insonning yashashdan maqsadi kabi savollarga oʻzicha javob beradi. Dunyoviy ilm nuqtai nazaridan din kishilik jamiyati tarixiy taraqqiyotining maʼlum bosqichida paydo boʻlgan ijtimoiy ong shakllaridan biri. Bu dunyoqarash jamiyatning maʼlum tarixiy davr va sharoitlaridagi talablari, ehtiyojlari asosida shakllanadi. Ulugʻ mutafakkir Abu Nasr Forobiy dinga falsafa bilan bir qatorda haqiqatga yetishishning 2 mustaqil usulidan biri sifatida qaragan. Forobiyning fikricha, falsafadagi masalalar isbotini paygʻambarlar ramzlar shaklida bayon qilganlar. Dinga turlicha yondoshishni Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyomning ijtimoiy-falsafiy qarashlarida, Ibn Rushdning ikki haqiqat nazariyasida kuzatish mumkin. 18-asr fransuz faylasuflarining dinga boʻlgan oʻziga xos yondashuvlari, 19-asrda mifologik maktab (aka-uka Ya. Grim va V. Grim, M. Myuller), antropologik maktab (L. Feyerbax) va boshqa turli yoʻnalishlar paydo boʻlgan boʻlsa, 20-asrda dinni tadqiq qilish yuzasidan yana boshqacha qarash va nazariyalar (K. Yung , E. Dyurkxeym) vujudga keldi.
Dinning nima ekanligi turlicha izohlansa-da, umuman olganda din – ishonmoqlik tuygʻusidir. Bunday tuygʻusi boʻlmagan xalq yoʻq. Chunki biron-bir xalq dinsiz, eʼtiqodsiz, biron-bir narsaga ishonchsiz yashay olmaydi. Din insoniyatning eng teran, eng goʻzal maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlaridan biridir. Insoniyat tarixida din turli shakllarda namoyon boʻlgan. Dinning dastlabki koʻrinishlari fetishizm, totemizm, animizm, sehrgarlik va b.dir. Shuningdek, urugʻqabila dinlari, milliy dinlar (iudaizm, hinduiylik, sintoizm, daosizm, konfutsiychilik), jahon dinlari (buddizm, xristianlik, islom) vujudga kelgan. Din avvaliga koʻpxudolik (poli-teistik), soʻngra yakkaxudolik (monoteistik) koʻrinishida boʻlgan. Har bir din diniy dunyoqarash, diniy marosim, diniy tuygʻu va sigʻinish obʼyektlarini oʻz ichiga oladi. Har qanday jamiyatda din maʼlum ijtimoiy, maʼnaviy va ruhiy vazifalarni bajaradi. Uning ijtimoiy hayotga taʼsiri kuchlidir. Har bir din dindorlarini oʻz taʼlimoti doirasida saqlashga harakat qiladi, oʻz qavmlari uchun tasalli beruvchi, ovutuvchilik vazifasini oʻtaydi. Dinlar oʻz marosim va bayramlarining qavmlari tomonidan qatiy tartibga amal qilgan holda bajarilishini shart qilib qoʻyadi, shuningdek, oʻz qavmlarining birligini, jamiyat va shaxsning oʻzaro aloqada boʻlishini taʼminlashga intiladi. Din insonga yashashdan maqsad, hayot mazmuni, bu dunyo va u dunyo masalalariga oʻz munosabatini bildirib turadi. U umuminsoniy axloq meʼyorlarini oʻziga singdirib, xulq-atvor qoidasiga aylantiradi. Madaniyat rivojiga katta taʼsir koʻrsatib, umuminsoniy va milliy qadriyatlarni saqlab qolish va avloddan-avlodga yetkazish ishiga yordam beradi.
Din insonning ishonchli hamrohi, odamzot hayotining bir qismi boʻlib kelgan. Unga turli davrda turlicha munosabatda boʻlingan. Dinni jamiyatning hukmron kuchlari davlat siyosati darajasiga koʻtargan yoki din hamda dindorlarni ayovsiz taʼqib ostiga olgan hollar tarixda koʻp uchraydi. Yaqin oʻtmishda – shoʻrolar davrida dinni kamsitish va unga qarshi kurash siyosati olib borildi.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, din madaniy-maʼnaviy omillar umumiy silsilasiga kiruvchi teng huquqli qadriyat sifatida tan olindi va dinga toʻla erkinlik berildi. Diniy jamoalar, tashkilotlarga qonun doirasida ochiq va daxlsiz faoliyat koʻrsatish imkoniyati yaratildi. Oʻzbekistan aholisining asosiy qismi islom diniga, yevropalik aholi xristianlikning pravoslaviye mazhabiga eʼtiqod qiladi. Ular bilan bir qatorda katolik, protestant, boshqa mazhab (jami 15 dan ortiq konfessiya) vakillari yashaydi. Ular vatan mustaqilligini mustahkamlash, siyosiyijtimoiy barqarorlikni taʼminlash yoʻlida faoliyat yuritmoqdalar.
Oʻzbekiston dunyoviy davlat boʻlib, din davlatdan ajratilgan. Vijdon erkinligining kafolatlari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, „Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida“gi qonunda (1998) bayon etilgan. Oʻzbekistonda din va diniy dunyoqarash dunyoviy turmush tarzi, dunyoviy fikr bilan yonma-yon rivojlanib kelmoqda[2].
Din (inglizcha: religion) atamasi ham Qadimgi fransuz va anglo-norman tillaridan (milodiy 1200-yillarda) kelib chiqqan boʻlib, huquq tuygʻusini hurmat qilish, axloqiy majburiyat, muqaddaslik, xudolarga hurmat degan maʼnolarni anglatadi[3][4].
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.