Arbil
From Wikipedia, the free encyclopedia
From Wikipedia, the free encyclopedia
Arbil (arabcha: أربيل Arbīl,[1], shuningdek Hawler (kurdcha: ھەولێر ,Hewlêr[2] suryoniycha: ,[3] yoki Arbel, turkcha: Erbil)[4] — Iroqning Kurdiston viloyati markazi va eng yirik shahri. Shuningdek tarixiy manbalarda shahar Arbel nomi bilan ham uchraydi.[5] Bugungi kunga qadar shahar aholisini roʻyxatga olish oʻtkazilmagan va aholining aniq soni maʼlum emas. Shahar aholisining soni 1,600,000 atrofida deya taxmin etiladi[6].
Arbil | |
---|---|
Shahar | |
36°11′28″N 44°0′33″E | |
Mamlakat | Iroq |
Hukumat | |
• Hokim | Omed Khoshnaw |
Avvalgi nomlari | Arbairā, Arbailu |
Maydon | 115 km2 (44 kv mi) |
Markazi balandligi | 390 m |
Rasmiy til(lar)i | arabcha |
Aholisi (2022) |
1 612 700 |
Zichligi | 10435 kishi/km2 |
Konfessiyaviy tarkib |
|
Etnoxoronim | Hawleri |
Vaqt mintaqasi | UTC+3 |
Telefon kodi | 066 |
Pochta indeks(lar)i | 44001 |
Miloddan avvalgi 5-mingyillikda Arbil hududiga odamlar kelib oʻrnasha boshlagan[7]. Shahar markazida qadimiy Arbil qal’asi va Mudafariya minorasi joylashgan. Mintaqaga oid eng qadimgi tarixiy maʼlumot Shumerning uchinchi Ur sulolasi davriga toʻgʻri kelgan boʻlib, oʻshanda shoh Shulgi Urbilum shahri haqida taʼkidlagan. Keyinchalik shahar Ossuriya tomonidan bosib olingan[8][9].
Gutiylar tomonidan bosib olingandan soʻng Arbil miloddan avvalgi XXI asrdan miloddan avvalgi VII asrning oxirigacha Ossuriya podsholigining ajralmas qismiga aylangan va Ossuriya yilnomalarida Urbilim, Arbela va Arba-ilu kabi turlicha nomlar bilan maʼlum boʻlgan. Shundan soʻng shahar bir qancha imperiyalar, shu jumladan, Midiya imperiyasi, Ahamoniylar davlati, Makedoniya imperiyasi, Salavkiylar davlati, Parfiya va Sosoniylar davlatining geosiyosiy ajralmas bir boʻlagi boʻlgan. Musulmonlar Forsni fath qilganidan soʻng, shahar endi eski mavqeini saqlab qola olmadi va oʻrta asrlarda Saljuqiylar imperiyasi va Usmonlilar imperiyasi tomonidan boshqarildi[10].
Arbil arxeologiya muzeyida islomgacha boʻlgan asarlar, xususan Mesopotamiya sanʼatining katta kolleksiyasi mavjud boʻlib, ushbu yer mintaqadagi arxeologik loyihalar markazi hisoblanadi. Shahar Arab Turizm Kengashi tomonidan 2014-yilda Arab turizm poytaxti sifatida eʼlon qilingan[11]. 2014-yil iyulda Arbil qal’asi Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan[12].
Klassik davrda Arbela (yunoncha: Ἄρβηλα; tarjima. Arbēla) nomi bilan mashhur boʻlgan shaharning qadimiy nomi qadimgi forscha Arbairā va oxir-oqibat Ossuriya tilidagi Arbailu nomiga borib taqaladi[13][14][15].
Shahar aholisi asosan kurdlar va turkman ozchiligidan tashkil topgan[16][17][18].
Arbil shahrida yashaydigan turkmanlarning soni 300,000 atrofida taxmin qilinadi. Ular asosan Arbil shahri markazidagi Taci, Mareke va Uch Tak mahallalarida, qal’a atrofida yashaydilar. Turkmanlar 2006-yilgacha deyarli 700 ta uyni oʻz ichiga olgan qal’aning Toʻpxona, Takya va Saroy mahallalarida yashaganlar. 2006-yilda qal’a boʻshatilib, qal’adagi turkmanlar boshqa mahallalarga koʻchirilgan. Turkmanlar KRG siyosiy institutlarida, jumladan parlamentda ishtirok etadilar[19].
Arbil shahri joylashgan hududlar miloddan avvalgi 3000-yillarda Shumerlar davlati tarkibiga kirgan. Keyinchalik butun Mesopotamiyani birlashtirgan Akkad davlati (m.a. 2335-2154) vujudga kelganidan soʻng, shahar ushbu davlat tarkibiga qoʻshib olindi. Bugungi kunda Ossuriya xalqi, akkad tilida soʻzlashuvchilarning avlodlari boʻlgan suriy tilida soʻzlashuvchi jamoa, Shimoliy Iroq, Suriyaning shimoli-sharqi, Turkiyaning janubi-sharqi va Eronning shimoli-gʻarbiy qismida ozchilikni tashkil qiladi. Ushbu aholining soni 3,3 million deb taxmin qilinadi[21].
Adabiy manbalarda Arbil haqida birinchi eslatma Sharqiy Somiy tilida soʻzlashuvchi Ebla qirolligi arxividan uchratilgan. Gutiylar qirolligining qiroli Erridupizir miloddan avvalgi 2150-yilda shaharni bosib oldi. Urning hokimi Amar-Sin miloddan avvalgi 1975-yilda shaharni egallagan[22].
Arbil miloddan avvalgi 2050-yillardan boshlab Ossuriyaning ajralmas qismi boʻlib, imperiyaning miloddan avvalgi 612-599-yillar oraligʻida qulaganga qadar boʻlgan davrlarda: Eski Ossuriya imperiyasi (miloddan avvalgi 1975-1750), Oʻrta Ossuriya imperiyasi (miloddan avvalgi 1365-1050) va Yangi Ossuriya imperiyasi (miloddan avvalgi 935-605) vaqtida muhim shaharlardan biri hisoblangan. Biroq shahar milodiy VII asrning birinchi yarmigacha fors, yunon, parfiya, rim va sosoniylar hukmronligi ostida Ossuriya tarkibiga kirgan. Midiya davlati hukmronligi davrida Kiaksar qadimgi Eronning sagart qabilasidan boʻlgan bir qancha odamlarni Ossuriyaning Arbela va Arrafa (zamonaviy Kirkuk) shaharlariga joylashtirgan boʻlishi mumkin deya taxmin qilinadi, ehtimol bu ushbu qabilaga Nineviyani qoʻlga kiritishda Kiaksarga yordam bergani uchun mukofot boʻlgan[23]. Klassik mualliflarning fikriga koʻra, Fors imperatori Kir II Buyuk miloddan avvalgi 547-yilda Ossuriyani egallab, uni Ahamoniylar davlati satrapligiga aylantirgan va eski forschada Aθurā (Athura) deb atagan va poytaxti Bobil boʻlgan[24].
Miloddan avvalagi 331-yilda Makedoniyalik Iskandar Ahamoniylar davlatining soʻngi shahanshohi Doro III ni magʻlub etgan Gavgamela jangi, Urbano Montining xaritasiga koʻra, Arbil shahrida 100 kilometr gʻarbda boʻlib oʻtgan[25]. Jangdan soʻng Doro III shaharga qochishga muvaqqat boʻlgan. Keyinchalik Arbela Makedoniyalik Iskandar imperiyasining tarkibiga qoʻshib olindi. Miloddan avvalgi 323-yilda Makedoniyalik Iskandar vafotidan keyin Arbela ellinistik Salavkiylar imperiyasi tarkibiga kirdi[26][27].
Arbil sosoniylar davrida Rim va Fors oʻrtasidagi bahsli hududning bir qismiga aylandi. Adiabene (Ossuriya Hadyabning yunoncha shakli) qadimgi Ashkenazi-Rifathean qirolligining markazi Arbil boʻlgan va shahar, qirollik oilasining yahudiy diniga oʻtishi bilan tarixda mashhur. Parfiya davridan sosoniylar davrining dastlabki davrigacha Arbil Adiabene davlatining Ashkenazi-Rifathean poytaxtiga aylandi[28].
Keyinchalik shahar aholisi asta-sekin I-IV asrlar orasida qadimgi Mesopotamiya dinidan nasroniylikka oʻtdi, Pkidha milodiy 104-yilda shaharning birinchi yepiskopiga aylandi. Ammo qadimgi Mesopotamiya dini milodiy X asrga qadar mintaqada butunlay yoʻq boʻlib ketmadi[29][30]. Arbeladagi Adiabene (Sharqiy Suriya cherkovi viloyati) oʻrta asr oxirigacha sharqiy suriyalik nasroniylikning markazi boʻlib qolgan[31].
Musulmonlar Forsni bosib olgandan soʻng, Arbil tarkibiga kirgan Naxwardašīragān va keyinchalik Garamig ud Nodardashiragan viloyati tugatildi[32][33] va VII asr oʻrtalaridan boshlab mintaqaga musulmon xalqlar, asosan arablar, kurdlar va turkiy xalqlar asta-sekin kirib keldi. Ushbu mintaqadagi eng koʻzga koʻringan mashhur kurd qabilasi Hadhabani boʻlib, X asrdan XII asrga qadar, Zangiylar hududni bosib olib, Begteginlarga berganiga qadar hukm surganlar[34][35]. Yoqut al-Hamaviy Arbilni XIII asrda asosan kurdlar istiqomat qilgan deb taʼriflagan[36].
Moʻgʻullar Yaqin Sharqni istilo qilgan vaqtlarida, Arbilga birinchi marta 1237-yilda hujum qilganlar. Ular shaharning quyi qismini talon-toroj qilishdi, lekin yaqinlashib kelayotgan xalifalik qoʻshini oldida chekinishga va qal’ani egallashni toʻxtatishga majbur boʻldilar[37]. 1258-yilda Huloku boshchiligidagi moʻgʻullar Bagʻdod xalifaligini bosib olgandan soʻng, Arbilni olti oy qamal qildilar va egalladilar[38][39]. Keyin Huloku shaharga nasroniy ossuriyalik hokimni tayinladi va Suriya pravoslav cherkoviga cherkov qurishga ruxsat berdi[40].
Vaqt oʻtishi bilan butun Hulokuiylar davlati boʻylab nasroniylar, yahudiylar va buddistlarga qarshi doimiy taʼqiblar 1295-yilda Oyrat amir Navruz hukmronligi ostida jiddiy tus oldi va bu mahalliy nasroniy ossuriyaliklarga salbiy taʼsir koʻrsatdi[41]. Mahmud Gazan tomonidan Navruzning qilayotgan oʻzboshimchaliklariga nuqta qoʻyildi[42][43].
Oljeytu hukmronligi davrida Ossuriya aholisi taʼqibdan qutulish uchun qal’aga chekinishdi. 1310-yilning bahorida viloyat maliki kurdlar yordamida qal’ani tortib olishga harakat qildi. Yepiskop Mar Yahballohning yaqinlashib kelayotgan halokatning oldini olish uchun qilgan barcha saʼy-harakatlariga qaramay, qal’a 1310-yil 1-iyulda Hulokuiylar davlati qoʻshinlari va kurd qabilalari tomonidan qamal qilinganidan keyin egallandi va barcha himoyachilar, shu jumladan shaharning quyi qismidagi koʻplab ossuriyaliklar qirgʻin qilindi[44][45].
Biroq, shaharning ossuriyalik aholisi 1397-yilda Amir Temur qoʻshinlari tomonidan shahar vayron qilungunga qadar son jihatdan koʻpchilikni tashkil etgan[46].
Shahar oʻrta asrlarda Umaviylar, Abbosiylar, Buvayhiylar, Saljuqiylar va turkman bekligi Begteginlar tomonidan muvafaqqiyatli boshqarilgan. Keyingi asrlarda shahar Hulokuiylar davlati, Jaloyiriylar davlati, Qora qoʻyunlilar davlati, Temuriylar imperiyasi va Oq qoʻyunlilar davlati tarkibiga kirgan. Shahar keyingi asrlarda 1514-yildagi Chaldiran jangidan soʻng, Usmonlilar imperiyasiga vassal boʻlgan Soran amirligi tarkibiga kirga. Amirlik 1830-yilda oʻzini Usmonlilardan mustaqil deb eʼlon qiladi. 1835-yilda Usmonlilar qoʻshini shaharni egallaydi va Soran amirligini butunlay tugatadi. Shundan soʻng, shahar va unga tutash hududlar Usmonlilar imperiyasining Mosul viloyati tarkibiga kiradi va Birinchi jahon urushida Buyuk Britaniya tomonidan ishgʻol etiladi[47].
Arbil shahri togʻlar ostidagi tekislikda joylashgan, ammo Iroq Kurdistoni aholisining koʻp qismi tepaliklarda, kurdlarning qadimdan anʼanaviy yashash joyi boʻlgan qoʻpol va toshloq yerlarda istiqomat qiladi[48].
Zamonaviy Arbil shahri Usmonli qal’asi tepasida joylashgan. Oʻrta asrlarda Arbil Bagʻdod va Mosul oʻrtasidagi yoʻlda asosiy savdo markaziga aylangan boʻlib, shahar geosiyosiy oʻrni jihatidan bugungi kunda ham muhim hisoblanadi[49].
Arbilda Suriyada davom etayotgan mojarolar tufayli koʻplab qochqinlar ham yashaydi. 2020-yilgi taxminlarga koʻra, Arbilga 2003-yildan beri 450,000 qochqinlar koʻchib kelgan va ularning bu yerda muqim qolishi faraz qilinmoqda[50].
1970-yilda Iroq hukumati va Mustafo Barzaniy boshchiligidagi Kurdiston demokratik partiyasi (KDP) oʻrtasidagi muzokaralardan soʻng Iroq Kurdistoni parlamenti Arbil shahrida tashkil etilgan. Ammo 1991-yilgi Fors koʻrfazi urushi oxiridagi kurdlar qoʻzgʻolonigacha Saddom Husayn tomonidan nazorat qilingan. 1990-yillarning oʻrtalarida ikki asosiy kurd fraksiyalari — Kurdiston demokratik partiyasi va Kurdiston vatanparvarlik ittifoqi (KVI) oʻrtasida toʻqnashuvlar boshlanganidan keyin qonun chiqaruvchi organ oʻz faoliyatini toʻxtatgan. Shahar 1996-yilda Saddam Husayn hukumati yordamida Kurdiston demokratik partiyasi tomonidan bosib olingan. Keyin Kurdiston vatanparvarlik ittifoqi Sulaymoniyada muqobil kurd hukumatini tuzdi. Kurdiston demokratik partiyasi 1996-yil mart oyida Kurdiston vatanparvarlik ittifoqi KDPga qarshi kurashish uchun Erondan yordam soʻraganini daʼvo qiladi. Eronliklarning Iroq tuprogʻiga kirib kelgan deb baholagan KDP Saddam Husayndan yordam soʻragan[51][52].
Arbildagi Kurd parlamenti 1997-yilda kurd partiyalari oʻrtasida tinchlik bitimi imzolangandan soʻng qayta yigʻildi, ammo haqiqiy kuchga ega boʻla olmadi. Arbildagi kurd hukumati avtonom hududning faqat gʻarbiy va shimoliy qismlarini oʻz nazoratiga ola oldi. 2003-yilda Iroqqa bostirib kirish paytida Amerika Qoʻshma Shtatlari maxsus kuchlarining shtab-kvartirasi Arbil yaqinida joylashgan[53][54][55].
AQSh Iroqni ishgʻol qilgan paytda Arbilga vaqti-vaqti bilan hujumlar uyushtirildi. 2004-yil fevralida Hayit bayramiga qarshi sodir etilgan portlashlarda 117 kishi halok boʻlgan[56]. Portlashdagi mas’uliyatni Ansor as-Sunna oʻz zimmasiga olgan. 2005-yil may oyida jonli bombaning (oʻzini portlatgan inson) portlashi oqibatida 60 nafar tinch aholi halok boʻldi va yana 150 nafari yarador boʻldi[57].
2005-yilda Arbil xalqaro aeroporti ochildi[58][59][60].
2013-yil sentyabrida beshta avtomobil portlashi oqibatida 6 kishi halok boʻldi[61][62].
2015-yilda Chikagoda joylashgan Sharqiy Ossuriya cherkovi oʻz oʻrnini Chikagodan Arbilga koʻchirdi[63].
2021-yil fevral oyida shaharga bir qator raketalar kelib tushdi, 2 kishi halok boʻldi va 8 kishi jarohatlandi. Keyingi raketa hujumlari 2022-yilning mart oyida amalga oshirildi[64][65][66].
Arbil xalqaro aeroporti Iroqning eng gavjum aeroportlaridan biri boʻlib, u shahar yaqinida joylashgan. Xizmatlar Bagʻdod xalqaro aeroporti kabi koʻplab ichki yoʻnalishlarga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni oʻz ichiga oladi. Arbildan koʻplab mamlakatlariga, jumladan Gollandiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Avstriya, Turkiya, Iordaniya va boshqa koʻplab dunyoning davlatlariga reyslar qoʻyilgan. Arbil xalqaro aeroportidan vaqti-vaqti bilan mavsumiy reyslar amalga oshiriladi. Arbil xalqaro aeroporti 2017-yil sentyabr oyida Iroq hukumati tomonidan kurdlarning mustaqillik ovoziga qarshi xalqaro tijorat reyslari uchun qisqa muddatga yopilgan edi, ammo 2018-yilning mart oyida qayta ochildi[67][68].
Arbil va uning atrofidagi tumanlar oʻrtasidagi boshqa muhim transport turi avtobus hisoblanadi. Turkiya va Eronga ham avtobusda qatnovlar qoʻyilgan. 2014-yilda yangi avtovokzal ochildi[69]. Arbilda shaharni oʻrab turgan beshta halqa yoʻl tizimi mavjud[70].
Arbil Oʻrta yer dengizi iqlimiga ega boʻlib, yozi juda issiq va uzoq, qishi esa yumshoq boʻladi. Yoz oylari juda quruq boʻlib, iyun-sentyabr oylarida yogʻingarchilik kam yoki umuman boʻlmaydi. Qish oylari odatda nam va zax boʻladi, yanvar eng yomgʻirli oy hisoblanadi[71].
iqlimi | |||||||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Koʻrsatkich | Yan | Fev | Mart | Apr | May | Iyun | Iyul | Avg | Sen | Okt | Noy | Dek | Yil |
Oʻrtacha harorat, °C | 12,4 | 14,2 | 18,1 | 24,0 | 31,5 | 38,1 | 42,0 | 41,9 | 37,9 | 30,7 | 21,2 | 14,4 | 27,2 |
Oʻrtacha minimal, °C | 2,4 | 3,6 | 6,7 | 11,1 | 16,7 | 21,4 | 24,9 | 24,4 | 20,1 | 14,5 | 8,9 | 3,9 | 13,2 |
Yogʻingarchilik meʼyori, mm | 111 | 97 | 89 | 69 | 26 | 0 | 0 | 0 | 0 | 12 | 56 | 80 | 540 |
Manba: Climate-Data.org,[71] My Forecast for records, humidity, snow and precipitation days[72] |
Arbil iqtisodiyoti qishloq xoʻjaligi, turizm, savdo va neft eksportidan iborat[73].
Arbil qal’asi — Arbilning tarixiy markazida joylashgan tepalik boʻlib, uning balandligi yer sathidan 25-32 metrdir. Qal’a 102,000 kvadrat metrni egallagan 430 dan 340 metrga teng oval maydon hosil qilgan. Bu joy dunyodagi doimiy aholi yashaydigan eng qadimgi shahar deb ishoniladi[74]. Qal’aning ishgʻol qilinganligi haqidagi eng dastlabki manbalar miloddan avvalgi V ming yillik oiddir. Shahar tarixiy manbalarda birinchi marta Ur III davrida uchraydi va Yangi Ossuriya imperiyasi davrida (miloddan avvalgi X—VII asrlar) alohida muhim hudud boʻlgan. 1258-yilda shahar moʻgʻullar tomonidan egallanganidan soʻng, Arbilning geosiyosiy ahamiyati pasaya boshladi[75].
XX asrda shahar tuzilishi sezilarli darajada oʻzgartirildi, buning natijasida bir qator uylar va jamoat binolari vayron boʻldi. 2007-yilda Arbil qal’asini qayta tiklash boʻyicha Oliy komissiya qal’ani qayta tiklashni nazorat qilish uchun tashkil etilgan. Oʻsha yili katta restavratsiya loyihasi doirasida bir oiladan tashqari barcha aholi qal’adan quvib chiqarildi. 2007-yildan beri arxeologik tadqiqotlar va restavratsiya ishlari turli xalqaro jamoalar va mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlikda olib borildi. Hukumat qal’a taʼmirlangach, unda 50 oila istiqomat qilishni rejalashtirmoqda[76].
Hozirda qalʼada saqlanib qolingan yagona diniy inshoot Mulla Afandi masjididir. Qal’a uch tuman yoki mahallaga boʻlingan: sharqdan gʻarbga Saroy, Takya va Toʻpxona. Sarayni taniqli oilalar egallagan boʻlsa, Takya tumani darveshlarning uylari nomi bilan atalgan, ularni takyalar deb atashgan. Toʻpxona tumanida esa hunarmandlar va dehqonlar yashagan. Qal’aning diqqatga sazovor joylari orasida masjid va Toʻqimachilik muzeyi yaqinida joylashgan 1775-yilda qurilgan hammom mavjud[77]. Arbil qal’asi 2014-yil 21-iyunda Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan[78][79].
Mahalliy asosiy futbol jamoasi Arbil futbol klubi boʻlib, oʻz futbol uchrashuvlarini Arbil markazining janubiy qismida joylashgan Franso Hariri stadionida oʻtkazadi. Stadion oʻz nomini oʻldirilgan ossuriyalik siyosatchi, Arbil shahrining sobiq gubernatori Franso Hariri ismidan olgan. Arbil futbol jamoasi Iroq milliy ligasida 3 marta gʻolib chiqqan. Shuningdek ikki marta OFK finaliga chiqishni uddalagan, lekin ikkala finalda ham magʻlub boʻlgan[86].
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.