From Wikipedia, the free encyclopedia
Abū Isʼḥoq Muḥammad ibn al-Vosiq (arabcha: أبو إسحاق محمد بن هارون الواثق; tax. 833 – 870-yil 21-iyun), hukmdorlik nomi Muhtadiy billoh (المهتدي بالله, „Xudo tomonidan boshqariladigan“) bilan mashhur, „Samarradagi anarxiya“ davrida 869-yil iyuldan 870-yil iyungacha hukmronlik qilgan Abbosiylar xalifaligining xalifasi.
Muhtadiy المهتدي | |||||
---|---|---|---|---|---|
Xalifa Moʻminlar amiri | |||||
869-yil Vositda zarb etilgan Muhtadiy dirhami | |||||
Abbosiylar xalifaligining 14-xalifasi | |||||
Saltanat | 869-yil 21/22-iyul — 870-yil 21-iyun | ||||
Oʻtmishdoshi | Muʼtazz | ||||
Davomchisi | Muʼtamid | ||||
Tugʻilishi |
tax. 833-yil Bagʻdod, Abbosiylar xalifaligi | ||||
Vafoti |
870-yil 21-iyun (tax. 37 yoshda) Samarra, Abbosiylar xalifaligi | ||||
Dafn etilgan joy |
Samarra | ||||
Farzandlari | Abu Bakr | ||||
| |||||
Sulola | Abbosiy | ||||
Otasi | Vosiq | ||||
Onasi | Qurb | ||||
Dini | Islom (Sunniylik) |
Muhtadiy Abbosiylar xalifasi Vosiqning o‘g‘li. 833-yilda tugʻilgan. Muhtadiyning onasi yunon qul Qurb boʻlgan[1]. 847-yil avgustda otasi, xalifa Vosiq (h. 842–847) vafotidan keyin Muhtadiyning xalifalikka saylanishini xohlovchi bir qancha tarafdorlar boʻlishiga qaramay, yakunda amakisi Mutavakkil (h. 847–861) xalifa sifatida tanlangan[2].
Xalifa Muʼtazz erishgan muvaffaqiyatlariga qaramay, davrning asosiy muammosi, yaʼni qoʻshinlarga maosh toʻlash uchun daromad yetishmasligini bartaraf eta olmagan. Xalifalikning moliyaviy qiyinchiliklari Muʼtazzning taxtga chiqish marosimi bilan ham ayon boʻlgan edi. Qoʻshinlarning oʻn oylik toʻlovi uchun mablagʻ yetishmasligi sababli marosim xarajatlari ikki barobarga kamaytirilishi kerak edi. Ayni shu sabab Bagʻdoddagi Mustaʼin rejimining qulashiga ham yordam bergan edi[3]. Fuqarolar urushi va undan keyingi umumiy anarxiya vaziyatni yanada ogʻirlashtirgan. Chunki chekkaroq viloyatlar u yoqda tursin, hatto Bagʻdod atrofidan ham keladigan daromadlar toʻxtab qolgan[4]. Natijada, Muʼtazz Bagʻdodda Ibn Tohir bilan kelishuvni bajarishdan bosh tortib, uni oʻz tarafdorlarini taʼminlashga majbur qilgan. Bu holat shaharda tartibsizliklar va Tohiriylar oilasining tezda tanazzulga uchrashiga olib kelgan[5]. Bagʻdoddagi gʻalayon Muʼtazz taʼsiri tufayli yanada kuchaydi. Xalifa 869-yilda Ibn Tohirning ukasi va vorisi Ubaydallohni lavozimidan boʻshatib, uning oʻrniga ancha qobiliyatli ukasi Sulaymonni tayinlagan[6]. Bu holat faqatgina xalifani Samarra askarlariga qarshi boʻlgan foydali tarafdorlardan mahrum qilishga xizmat qilib, turklarga avvalgi kuchlarini qayta tiklab olish imkonini bergan[7].
869-yilga kelib turkiy rahbarlar Solih ibn Vosif va Baykbak yana ustunlikka erishgan va Ahmad ibn Isroilning chetlatilishini taʼminlagan[6]. Nihoyat, turkiy qoʻshinlarning moliyaviy talablarini qondira olmagan Muʼtazz iyul oʻrtalarida saroy toʻntarishi natijasida taxtdan agʻdarilgan. U qamoqqa tashlanib, shu qadar yomon munosabatda qolganki, uch kundan keyin, 869-yil 16-iyulda vafot etgan[6]. Taxtga amakisi Muhtadiy chiqqan[6].
869-yil 15-iyulda amakivachchasi Muʼtazzning (h. 866–869) agʻdarilishi va oʻldirilishidan soʻng, turkiy qoʻriqchilar rahbarlari 21/22-iyulda Muhtadiyni yangi xalifa etib saylagan[2]. Muhtadiy hukmdor sifatida umaviylar xalifasi Umar ibn Abdulazizga taqlid qilishga intilgan[2]. Umar ibn Abdulaziz eng mashhur islom hukmdori hisoblanadi[8]. Shuning uchun qattiqqoʻl va taqvodor hayot kechirgan. Xususan, barcha cholgʻu asboblarini saroydan chiqarib tashlagan va shikoyat (mazalim) sudlariga shaxsan raislik qilishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyib, shu bilan oddiy xalqning qoʻllab-quvvatlashiga erishgan[2][9]. Muhtadiy „kuch va qobiliyat“ni birlashtirib, turk sarkardalarining janjallari tufayli davom etayotgan „Samarradagi anarxiya“ davrida yoʻqotilgan xalifaning obroʻ-e’tibori va qudratini tiklashga qaror qilgan[2][10].
Muhtadiy viloyatlarda Aliy qoʻzgʻoloniga duch kelsa-da, uning hokimiyatiga asosiy tahdid turk qoʻmondonlari boʻlib qolgan[2]. Hukmronligining birinchi oylarida amaldagi hukmron shaxs Solih ibn Vosif boʻlib, u ham qoʻshinlarni taʼminlash uchun yetarli mablagʻ topa olmagan. Sobiq vazir Ahmad ibn Isroilni qatl qilib, uning kotiblarini (kuttab) tovlamachilikda ayblagan bo‘lsa-da, uning qudrati pasayib boravergan[9]. Uning asosiy raqibi Muso ibn Bug‘a fursatdan foydalanib, Hamadondagi surgundan qaytib, 869-yil dekabrda Samarraga yetib kelgan. U poytaxtga kelgach, Muhtadiyni Solih Muʼtazzning onasi Qabiha xazinalarini oʻgʻrilagani uchun Solihni jazolash qasamini ichishga majbur qilgan. Solih yashiringan. Shundan so‘ng, turklar qo‘zg‘olon ko‘tarib, Muhtadiyni taxtdan ag‘darishiga sal qolgan. Xalifa Solihni afv etishni vaʼda qilgandan keyingina askarlar tavba qilishgan, ammo Solih qaytmaganidan keyin uning askarlari Samarrani talon-taroj qila boshlagan. Talon-tarojlar to Muso va uning qoʻshinlari isyonni tarqatib yuborguncha davom etgan. Koʻp oʻtmay, Mosuning odamlari Solihni topib, qatl qilgan. Shu tariqa Muso hukumatning yetakchi amaldori, Sulaymon ibn Vahb esa uning bosh kotibi mavqesiga erishgan[2]. Tarixchi Xatibning taʼkidlashicha, u rahbarlikka chiqish kunidan boshlab, oʻldirilishigacha doimiy roʻza tutgan.
Muso xorijiylarga qarshi yurish uchun ketganida, Muhtadiy fursatdan foydalanib, xalqni unga va uning ukasi Muhammadga qarshi qo‘zg‘atgan. Muhammad mablagʻlarni oʻzlashtirishda ayblanib, sudga tortilgan va hukm qilingan. Muhtadiy afv etishni vaʼda qilgan boʻlsa-da, Muhammad qatl etilgan. Bu Muso bilan kelishmovchilikni avj oldirgan. Muso oʻz qoʻshini bilan poytaxtga yurish qilib, xalifaga sodiq qoʻshinlarni magʻlub etgan. Xalifa taxtdan voz kechishdan bosh tortib, oʻzining diniy mavqei va xalqning qoʻllab-quvvatlashiga umid qilib, oʻz hayoti va lavozimini saqlab qolishga harakat qilgan. Shunga qaramay, 870-yil 21-iyunda oʻldirilgan va oʻrniga amakivachchasi Muʼtamid (h. 870–892) tayinlangan[2].
Xalifa Muhtadiyning janozasida Ja’far ibn Abdulvohid ibn Ja’far imomlik qilgan[11][12].
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.