From Wikipedia, the free encyclopedia
Jungʻorlar genotsidi (xitoycha: 準噶爾滅族; lit. 'jungʻor qabilasining yoʻq qilinishi') – Moʻgʻul jungʻor xalqining Sin sulolasi tomonidan ommaviy qirgʻin qilinishi[3]. Sinlar birinchi marta Amursana koʻmagida Jungʻor xonligini zabt etganidan soʻng, 1755-yilda jungʻorlar rahbari Amursana boshchiligida Sin hukmronligiga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolon tufayli imperator Syanlun genotsid oʻtkazishga buyruq berdi. Genotsid jungʻor hukmronligiga qarshi isyon koʻtargan turkiy aholi (hozirgi uygʻurlar) qoʻllab-quvvatlagan Sin armiyasining manjur generallari tomonidan amalga oshirilgan.
Jungʻor genotsidi | |
---|---|
Jungriyaning bosib olinishining bir qismi | |
Oroi-Jalatu jangi (1756). Xitoy generali Chjao Xui tunda hozirgi Shinjonning Wusu hududida joylashgan jungʻor lageriga hujum qilmoqda. | |
Joylashgan |
Jungʻor xonligi (hozirgi Jungʻariya tekisligi, Gʻarbiy Mongoliya, Qozogʻiston, shimoliy Qirgʻiziston, janubiy Sibir, Shinjon) |
Sana | 1755—1758 |
Nishon | Jungʻorlar |
Hujum turi |
Genotsid |
Jarohat olganlar |
Nomaʼlum |
Qurbonlar | 420,000[1]—480,000[2] (Urush va kasalliklardan jungʻor aholisining 70%—80% qismi) |
Jinoyatchilar | Sin sulolasi, Sakkiz bayroqlar, Xalxa moʻgʻullar, Qozoqlar, Uygʻurlar, Xueylar |
Jungʻor xonligi XVII asr boshlarida vujudga kelgan bir necha tibet buddist oyrat moʻgʻul qabilalarining konfederatsiyasi va Osiyodagi soʻnggi yirik koʻchmanchilar imperiyasi edi. Baʼzi olimlarning hisob-kitoblariga koʻra, 1755—1757-yillarda Sin istilosi paytida yoki undan keyin jungʻor aholisining qariyb 80 foizi yoki taxminan 500 000 dan 800 000 gacha odam urush va kasalliklar natijasida oʻldirilgan[4][5]. Jungriyaning tub aholisi qirib tashlangach, Sin hukumati hududda aholini koʻpaytirish uchun Manjur aholisi bilan birga Xan, Xuey, Uygʻur va Xibe xalqlarini Jungriyadagi boʻsh hududlarga joylashtirdi.
Sin sulolasi Jungʻor—Sin urushida jungʻorlarga qarshi urushga kirishdi. Jungʻorlar Buyuk Xitoy devorining gʻarbiy qismidan hozirgi Sharqiy Qozogʻiston va Shimoliy Qirgʻizistondan janubiy Sibirgacha boʻlgan hududda (ularning aksariyati hozirgi Shinjonda joylashgan) yashagan. Ular XVII asr boshidan XVIII asr oʻrtalarigacha Xitoyga tahdid solgan soʻnggi koʻchmanchi imperiya edi[6].
Bu davrda mahalliy jungʻor xalqlarida porox qurollarini ishlab chiqarish jarayoni takomillashib, Markaziy Yevroosiyoda „harbiy inqilob“ning mahalliy koʻrinishi kashshofi boʻlishdi. Shuningdek, jungʻorlar oʻz yerlarida aralash agro-yaylov xoʻjaligi, shuningdek, bir-birini toʻldiruvchi togʻ-kon sanoati va ishlab chiqarish tarmoqlarini yaratdilar. Bundan tashqari, jungʻorlar mintaqada oyrat tilidan foydalanishni kuchaytirish maqsadida imperiya boʻylab qonunlar va siyosatlar tizimini ishlab chiqishga muvaffaq boʻlishdi[7].
1680-yillarda boshlangan bir qator harbiy toʻqnashuvlardan soʻng, 1750-yillarning oxirida jungʻorlar Manjurlar boshchiligidagi Sin sulolasi (1644-1911) tomonidan boʻysundirildi. Klarkning taʼkidlashicha, 1757—1758-yillardagi Sin yurishi „nafaqat Jungʻorlar davlatining, balki bir xalq boʻlgan jungʻorlarning butunlay yoʻq qilinishiga olib keldi“[4]. Imperator Syanlun 1755-yilda Sin qoʻshinlari jungʻorlar ustidan gʻalaba qozonganidan soʻng, dastlab Jungʻor xonligini toʻrtta xon boshchiligidagi toʻrt qabilaga boʻlishni rejalashtirgan edi. Xoit qabilasi jungʻorlar rahbari Amursanani oʻz xoni etib tayinlashi kerak edi[8].
Amursana Sinlarning kelishuv boʻyicha taklifini rad etib, isyon koʻtardi. Chunki u birlashgan jungʻor xalqining rahbari boʻlishni xohlardi. Bundan gʻazablangan imperator Syanlun butun jungʻor xalqi va xalq nomini yoʻq qilish toʻgʻrisida buyruq berdi. Moʻgʻul bayroqlari va manjurlar jungʻor ayollari va bolalarini qul qildilar. Qolgan jungʻorlar qirib yuborilishi kerak edi[8].
Tashqi moʻgʻul xalxa xalqi shahzodasi Chingünjav 1755-yilda Singa qarshi qoʻzgʻolon koʻtarish maqsadida Amursana bilan til biriktirdi. Shundan soʻng Chingünjav 1756-yilda Tashqi Moʻgʻulistonda Singa qarshi qoʻzgʻolon boshladi. Sin qoʻshinlari 1757-yilda qoʻzgʻolonni bostirdi. Sinlar qoʻzgʻolon bostirilgandan soʻng, Chingünjav va uning butun oilasini qatl etishgan. Shundan soʻng imperator Syanlun Manjur sakkiz bayroqlariga jungʻorlarni zabt etish haqida buyruq bergan[9].
Imperator Syanlun Peter C. Perdue tarjima qilgan quyidagi buyruqlarni bergan[10]:
Bu qoʻzgʻolonchilarga hech qanday rahm-shafqat koʻrsatmang. Faqat keksalar va ayollar tirik qoldirilishi kerak. Biz oldingi harbiy yurishlarimizda juda xushmuomala edik. Agar biz avvalgidek harakat qilsak, qoʻshinlarimiz ortga chekinadi. Agar qoʻzgʻolonchi qoʻlga olinsa va safdoshlari taslim boʻlishni istasa, shaxsan garnizonga kelib, qoʻmondon huzuriga sajda qilib, taslim boʻlishni soʻrashi kerak. Agar boʻysunishni soʻrash uchun boshqa birovni yuborsa, bu, shubhasiz, hiyla. Tsengünjavga ayt, makkor jungʻorlarni qirgʻin qilsin. Ular nima desalar ham, gaplariga ishonmasin.
Jungʻor genotsididagi oʻlimlar, 1755—1758-yillardagi kasallik va urushlar natijasida yoʻq qilingan 600 000 va undan ortiq jungʻorlar[11][12] umumiy jungʻorlar sonining 70-80 foizini tashkil qiladi. Buni Maykl Klark „nafaqat jungʻor davlatining toʻliq yoʻq qilinishi, balki jungʻorlarning ham xalq sifatida yoʻq qilinishi“, deya ta’riflagan[13][1][2]. Sin olimi Vey Yuan (1794–1857) maʼlumotlariga koʻra, Sin istilosidan oldin jungʻor aholisi 200,000 xonadonda yashovchi 600,000 atrofida boʻlgan[1].
Vey Yuanning yozishicha, jungʻor xonadonlarining 40 foizga yaqini chechakdan oʻlgan, 20 foizi Rossiya yoki qozoq qabilalari tomonga qochib ketgan, 30 foizi esa manjur bayroqdorlari tomonidan oʻldirilgan. Bir necha ming li uchun taslim boʻlganlardan boshqa birorta gerlar qolmadi[1]. Rus manbalariga koʻra, jungʻorlarning barcha erkaklari, ayollari va bolalari manjur qoʻshinlari tomonidan oʻldirilgan[14]. Jungʻoriya aholisi bir necha avlodlar davomida qayta tiklanmadi[15].
Jungʻorlarning yoʻq qilinishi imperator Syanlunning ikki yil davom etgan „etnik genotsid“ deb taʼriflangan qirgʻin siyosati bilan bogʻliq[16]Andoza:Pn. Imperator jungʻor aholisining katta qismini qirgʻin qilishga, qolganlarini esa qul qilish yoki badargʻa qilishga, natijada jungʻorlarni xalq sifatida yoʻq qilishga buyruq berdi. Genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar ensiklopediyasida imperator Syanlunning jungʻorlarga qarshi xatti-harakatlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash toʻgʻrisidagi konvensiyasida berilgan taʼrif boʻyicha genotsid deb tasniflangan[17].
Imperator oʻzining yoʻq qilish siyosati va konfutsiylikning tinchlik tamoyillarini qoʻllab-quvvatlash oʻrtasida hech qanday tafovut koʻrmagan. Imperator jungʻorlarni vahshiy va gʻayriinsoniy qilib koʻrsatish orqali oʻz pozitsiyasini mustahkamladi. Imperator Syanlun jungʻorlarni yoʻq qilar ekan „varvarlarni supurib tashlash — mamlakatga barqarorlik olib kelish yoʻli“, jungʻorlar „sivilizatsiyadan yuz oʻgirgan“, „imperator ilohiy qoʻllab-quvvatlangan“ deya eʼlon qildi[18].
Imperator bir necha marta jiao (qirgʻin) atamasini qayta-qayta ishlatishiga qaraganda, uning qoʻmondonlari buyruqlarni bajarishni istamagan. Qoʻmondonlar Hadaxa va Agui jungʻor yerlarini egallab, xalqning qochib ketishiga imkon berganlari uchun jazolangan. Generallar Yaoxui va Shuhede qoʻzgʻolonchilarni yoʻq qilishda yetarlicha gʻayrat koʻrsatmaganlari uchun jazolangan. Boshqalar, masalan, Tangkelu, qirgʻindagi faol ishtiroki uchun mukofotlangan[19][20]. Syanlun Xalxa moʻgʻullariga „yosh va kuchlilarni topib, ularni qirgʻin qilish“ haqida aniq buyruq bergan. Qariyalar, bolalar va ayollar qul sifatida saqlab qolinib, oʻzlarining avvalgi ismlari va unvonlarini boy berishgan[19][21]. Soʻnggi tadqiqotlarini genotsid boʻyicha qilgan tarixchi Mark Levenning taʼkidlashicha, jungʻorlarning yoʻq qilinishi „XVIII asrning eng zoʻr genotsidi“ edi[22].
Jungʻorlar Oltishahrni ishgʻol qilish davrida Afaqi Xoʻja taklifi bilan uygʻurlarni bosib olib, oʻziga boʻysundirgan edi. Jungʻorlar uygʻurlar zimmasiga ogʻir soliqlar yuklaganlar. Shuningdek, uygʻurlar soliq yigʻuvchilarni ayollar va taomlar bilan ham taʼminlagan. Soliq miqdori qoniqarli boʻlmaganda, soliqchilar uygʻur ayollarini guruh boʻlib zoʻrlagan[23].
Turfon va Hami vohalarining jungʻorlarga qarshi uygʻur qoʻzgʻolonchilari Sin hukmronligi vassalligini qabul qilib, jungʻor hukmronligini agʻdarish uchun Sindan yordam soʻragan. Emin Xoʻja kabi uygʻur yetakchilariga Sin zodagonlari kabi unvonlar berilib, jungʻorga qarshi yurish paytida Sin harbiy kuchlarining uygʻurlar tomonidan taʼminlanishiga erishildi[24][25]. Sin jungʻorlarga qarshi yurishda Xoʻja Eminni ishga solib, undan Tarim havzasidagi musulmonlar bilan muloqotda vositachi sifatida foydalandi. Musulmonlarga Sin faqat oyratlarni (jungʻorlarni) oʻldirishni maqsad qilgani va musulmonlarga tegmasligini maʼlum qildi. Musulmonlarni jungʻorlarni oʻldirish va Sin tarafiga oʻtishga ishontirish uchun Sevang Araptan qoʻlidagi musulmonlar oʻzlarining sobiq jungʻor hukmdorlaridan noroziligi qayd etildi[26].
Sin hukumati jungʻorlarni bosib olgach, oyratlarni Emin Xoʻjaning turfoniy turkiy musulmonlariga qul qilib bergan[27].
Sinlarning jungʻorlarga qarshi genotsidi aholi sonining kamayib, hududlarning boʻshab qolishiga olib keldi. Bu Sin homiyligida Jungriyaga millionlab etnik xan xitoylari, xueylar, Markaziy Osiyo vohasi xalqlari (uygʻurlar) va manchu bayroqdorlarining joylashishiga imkon yaratdi.[28] Professor Stenli V.Toops bugungi demografik vaziyat Shinjondagi ilk Sin davriga oʻxshashligini taʼkidlaydi. Shimoliy Shinjonda sin, xan, xuey, uygʻur, xibe va qozoq aholisi hududdagi jungʻor oyrat moʻgʻullari qirib tashlanganidan soʻng olib kelindi, Shinjon umumiy aholisining uchdan bir qismi shimoliy hududda xuey va xanlardan tashkil topgan.[29][30] Jungriyada Sinlar Urumchi va Yining kabi yangi shaharlarni qurdi.[31] XVIII asrning 20-yillarida xitoylar Jahongir Xoʻja ustidan gʻalaba qozongach, 12 ming uygʻur taranchi oilasi Xitoy tomonidan Tarim havzasidan Jungriyaga surgun qilinib, bu yerlarni mustamlaka qilish va aholini qayta koʻpaytirishga jalb qildi.[32] Ilgari jungʻorlar yashagan Jungʻor havzasida hozirda qozoqlar yashaydi.[33]
Sinlar Shinjonni birlashtirib, uning demografiyasini oʻzgartirdi.[34] Shimoliy Shinjonning aholi punktlari sonining qisqarishi sinliklarning shimolga manchu, sibo (xibe), daurlar, solonlar, xan xitoylari, xuey musulmonlari va musulmon taranchilarni joylashtirishiga olib keldi. Koʻchmanchilarning eng koʻp qismini Xan xitoylari va xuey migrantlari tashkil etdi. Buddist Öölod (Jungʻorlar) ning Sinlar tomonidan tor-mor etilishi islomni targʻib qilishga va janubiy Shinjonda musulmon beklarining kuchayishiga hamda musulmon taranchilarning Shinjonga koʻchishiga olib kelganligi sababli Genri Shvars tomonidan „Sinlar gʻalabasi, qaysidir maʼnoda Islomning gʻalabasi“ deya taʼkidlanadi.[35] Shinjon geografik oʻziga xoslik sifatida Sinlar tomonidan yaratilgan va rivojlangan. Aynan Sinlar mintaqada musulmonlarni hokimiyatiga olib keldi, moʻgʻullar kuchi Sinlar tomonidan magʻlubiyatga uchratilgach, musulmon madaniyati va oʻziga xosligi qabul qilinib, hatto targʻib qilingan.[36] 1760-yildan 1820-yilgacha Xan dehqonlari tomonidan 1 million mu (17000 akr) dasht yaylovlardan qishloq xoʻjaligi yerlariga aylantirilgandan soʻng, Sinlar Jungriyaga Shinjon nomini berdi.[37]
Ayrimlar Sinning aholi yashash joylari va dehqonchilik uyushmalarini tashkil etish kabi harakatlarini Shinjondagi zamonaviy vaziyatdan kelib chiqib, ularni oʻz yerlarida uygʻurlarga qarshi fitna sifatida koʻrsatishga harakat qilgan boʻlsa-da, professor Jeyms A. Millvord Sinlar qishloq xoʻjaligi koloniyalarining uygʻurlar va ularning yerlari bilan hech qanday aloqasi yoʻq edi. Sinlar haqiqatda xan xitoylarining uygʻurlar yashovchi Tarim havzasi vohalari hududida joylashishini taqiqlab qoʻydi va aslida xan koʻchmanchilarini uygʻur boʻlmagan Jungriya va yangi Urumchi shahriga joylashishga yoʻnaltirdi. 1760—1830-yillarda 155 ming xan xitoylari joylashgan davlat xoʻjaliklarining barchasi Jungriya va Urumchida boʻlib, u yerda arzimagan sondagi uygʻurlar yashagan.[38]
Jungʻor genotsidi 1776-yilda Jinchuan Tibet xalqini Sinlar tomonidan yoʻq qilinishi bilan taqqoslanadi.[39]
1948-yilda Oyrat moʻgʻul shahzodasi Dorje Strategik xizmatlar boshqarmasi agenti Leonard Frensis Klark va tibetliklar, xuey va salor musulmonlari Abdul va Sulaymon Maga manjurlar oʻz oyrat xalqiga qarshi jungʻor genotsidini qanday sodir etgani va Shinjonni oyrat moʻgʻullaridan qanday bosib olgani haqida gapirib berdi. Ular tashqi Moʻgʻulistondagi toʻrtta Xalxa xonligi va 5-xonlikni (Oyrat Torgut qoʻshini) oʻz nazoratiga oldilar. U shuningdek, Rossiyada Qalmogʻistonga koʻchib oʻtgan, keyin Usmonlilarga qarshi kurashgan, keyin Shvetsiya qiroli Karl XIIni tor-mor etgan Torgut Oyratlar 1771-yilda 400 000 Torgutlar Jungriyaga qaytib, kazak qoʻshinlariga qarshi kurashgan holda qanday qilib koʻchib oʻtgani, keyinchalik Rossiyaning ayol hukmdori Yekaterinaning kazaklar armiyasiga qarshi kurashi haqida gapirdi. Ular Shinjonga qaytib ketayotib, kazaklar bilan toʻqnashuvda 300 ming bola, ayol va erkaklardan ayrilib qoldilar.[40] U bu Rossiyaning moʻgʻullar qoʻllab-quvvatlashini qanday „yoʻqotganini“ eslatib oʻtdi. 300 000 oyrat moʻgʻullari Yekaterinaning buyrugʻi bilan rus kazaklari tomonidan qirgʻin qilinganidan keyin 50 000 oyrat tirik qoldi. Keyin knyaz Dorje Oyrat Torgut bayroqdorlari Sovet Rossiyasi Qizil Armiyasiga qarshi jang qilib, „slavyan ommasidan“ qasos olishga tayyor ekanligini eʼlon qildi va Klarkdan Amerikadan gʻarbiy moʻgʻullarga slavyan ruslariga qarshi kurashda yordam berishni soʻradi. Klark Pentagon va Oq uy qaror qabul qilishini va bu haqda hech narsa qila olmasligini aytdi, chunki u Sinxaydagi musulmonlarni kommunistlarga qarshi jihodga chorlash va Amne Machin togʻida radioaktiv moddalar topish bilan band edi.[41]
Imperator Syanlun Szyan jungʻorlarni bosib olinishini eslab, Shinjondagi yangi hududni „Xitoy“ga qoʻshib, Xitoyni koʻp millatli davlatga aylantirib, Xitoy „Xitoyga toʻgʻri keladigan“ Xan hududlarini nazarda tutgan degan gʻoyani rad etdi. Sinlar maʼlumotlariga koʻra, Xan xalqi ham, xan boʻlmagan xalqlar ham „Xitoy“ tarkibiga kirgan boʻlib, bu „Sinjon“ning yangi hududini oʻz ichiga olib, uni sinlar jungʻorlardan bosib olgan.[42] Sinlar 1759-yilda Jungriyani bosib olgandan soʻng, ilgari jungʻorlarga tegishli boʻlgan yer endi „Xitoy“ (Dulimbai gurun) tarkibiga kirganligini manchu tilidagi yodgorlikda eʼlon qildilar.[43][44][45] Sinlar oʻz mafkurasini shunday tushuntirdilar, ular „tashqi“ xan boʻlmagan xitoylarni (masalan, ichki moʻgʻullar, sharqiy moʻgʻullar, oyrat moʻgʻullari va tibetliklar) „ichki“ xan xitoylari bilan birlashgan „bir oila“ga birlashtirmoqchilar. Sinlar davlati, Sinning turli sub’ektlari bir oilaning aʼzosi ekanligini koʻrsatib, Sin „Zhong Wai Yi Jia“ yoki „Nei Wai Yi Jia“ („ichki va tashqi koʻrinishi bir oila“) iborasini ishlatgan.[46] Shinjon xalqini Sin davrida chet ellik deb atashga ruxsat berilmagan.[47] Manchju rasmiy Tulisenning manchu tilida Torgut rahbari Ayuka Xon bilan uchrashuvi haqida yozilishicha, Torgutlar ruslardan farqli oʻlaroq, „Markaziy qirollik xalqi“ edi.[48]
Imperator Syanlun faqat Xan Xitoyning sub’ektlari boʻlishi mumkinligi va faqat Xan erlari Xitoyning bir qismi sifatida koʻrib chiqilishi mumkinligi haqidagi oldingi gʻoyalarni rad etdi, buning oʻrniga u Xitoyni koʻp millatli deb qayta belgiladi. 1755-yilda u shunday degan edi: „Xitoy (Chjungxia) toʻgʻrisida shunday qarash mavjudki, unga koʻra xan boʻlmagan xalqlar Xitoyga tobe boʻla olmaydi va ularning yerlari Xitoy hududiga qoʻshilmaydi. Bu bizning sulolamizning Xitoy haqidagi tushunchasini ifodalamaydi, aksincha, avvalgi Xan, Tang, Song va Ming sulolalariga tegishlidir“[49] Manchu imperator Syanlun Xitoyning koʻp millatli va faqat Xanga ishora qilmagani haqidagi fikrni ilgari surgan Xan amaldorlarining Shinjon Xitoy tarkibiga kirmaydi va uni bosib olmaslik kerak degan fikrlarini rad etdi.[50] Xanlarning Shinjonga koʻchishiga Manchu imperator Syanlun ruxsat bergan, u ham moʻgʻul nomlarini yoʻqotish uchun shaharlarga xitoycha nomlar bergan va bu hududda davlat xizmati imtihonlarini joriy qilgan. U Xitoy uslubidagi maʼmuriy tizimning okruglari va prefekturalarini amalga oshirdi va Sinlar nazoratini mustahkamlash uchun Xanlarning Shinjonga koʻchishiga yordam berdi.[51] The Imperial Gazetteer of Western Regionsda Fuheng va uning manjur amaldorlari jamoasi va imperator Syanlun tomonidan Shinjon musulmonlari orasida konfutsiylikni targʻib qilish uchun davlat tomonidan moliyalashtiriladigan maktablardan foydalanish taklifi yozilgan.[52] Shinjondagi qishloq va shaharlarga imperator tomonidan 1760-yilda Ürümchi uchun „Dixua“, Shinjonning boshqa shaharlari uchun Changji, Fengqing, Fukang, Huifu va Suilay kabi konfutsiy nomlari berilgan.[53]
imperator Syanlun oʻz yutuqlarini Xan va Tanglarning Oʻrta Osiyoga qilgan yutuqlari bilan taqqoslagan.[54] Syanlunning Shinjonni zabt etishiga uning Xan va Tang misollarini diqqat bilan qaraganligi sabab boʻlgan.[55] Shinjon uchun rasmiy Imperial Sin gazetasini chiqargan Sin olimlari mintaqaning Xan va Tang davri nomlariga tez-tez murojaat qilishdi.[56] Shinjonni bosqinchi Chjao Xuy Tan sulolasi generali Gao Syanji va Xan sulolasi generallari Ban Chao va Li Guangli bilan erishgan yutuqlari uchun reytingga kiritilgan.[57] Shinjonni boshqarishning Xan va Tang modellarining ikkala jihati Sinlar tomonidan qabul qilingan. Sinlar tizimi ham yuzaki jihatdan Qoraxitoy kabi koʻchmanchi davlatlarnikiga oʻxshar edi, lekin aslida Sinlar tizimi geografik jihatdan bosib olingan hududi jihatidan ham, gʻarb uslubiga (yevropa va rus) oʻxshash markazlashgan boshqaruv tizimi jihatidan ham koʻchmanchilarnikidan farq qilar edi.[58] Sinlar oʻzlarining Shinjonni zabt etishlarini rasmiy asarlarda Xan va Tanlarning mintaqadagi yutuqlarining davomi va tiklanishi sifatida tasvirlagan.[59] Sinlar oʻz istilolarini Xan va Tan davrlari chegaralari tiklanayotganini[60] daʼvo qilib, Xan va Tanning ulugʻvorligi va hokimiyatini Sin bilan taqqoslagan holda koʻrsatdi.[61] Shinjon haqida yozgan manchu va moʻgʻul sin yozuvchilari buni xitoy tilida, madaniy xitoy nuqtai nazaridan yozganlar.[62] Xan va Tang davrining Shinjon haqidagi hikoyalari targʻib qilindi va qadimgi xitoylik joy nomlari qayta tiklandi.[63] Xan va Tang davri yozuvlari va Shinjon haqidagi yozuvlar XVIII asrda Sin davridagi xitoylar uchun mavjud boʻlgan mintaqa haqidagi yagona yozuv boʻlib, adabiyotshunoslar tomonidan yangilangan yozuvlar bilan almashtirilishi kerak edi.[62][64]
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.