Shaxmat qoidalari
From Wikipedia, the free encyclopedia
Shaxmat qoidalari (shuningdek, shaxmat qonunlari deb ham ataladi) shaxmat oʻyinidagi tartib-qoidalarni oʻrgatadi. Shaxmat ikki oʻyinchi ishtirokidagi mavhum strategiyali stol oʻyini hisoblanib[2], har bir oʻyinchi shaxmat taxtasida olti turdagi oʻn oltita donalarni boshqaradi[3]. Donalarning har biri oʻziga xos tarzda harakat qiladi. Oʻyinning maqsadi — raqibning shohini mot qilish (muqarrar ravishda motga olib borish, yaʼni raqib shoh donasining yurishiga imkon qoldirmaslik). Oʻyin mot holatidan tashqari turli yoʻllar bilan, masalan, raqibning taslim boʻlishi, oʻyinning durang yoki mot (shohning yurishga yoʻli qolmasligi) bilan yakunlanishi mumkin[4].
Shaxmat qoidalarining aniq kelib chiqish davri nomaʼlum boʻlsa-da, zamonaviy qoidalar ilk marotaba oʻrta asrlarda shakllangan[5]. Qoidalar XIX asrning boshlariga qadar biroz oʻzgartirilib, hozirgi kundagi koʻrinishga kelgan. Turli mintaqalarda shakllangan qoidalar bir-biridan biroz farq qilib kelgan. Bugungi kunda standart qoidalar shaxmat boʻyicha xalqaro boshqaruv organi — FIDE (Fédération Internationale des Échecs) tomonidan oʻrnatiladi[6][7]. Baʼzi milliy tashkilotlar tomonidan kichik oʻzgartirishlar kiritilshi mumkin[8]. Tezkor shaxmat, standart shaxmat, onlayn shaxmat va Chess960 qoidalarining xilma-xilligi shular jumlasidandir[9].
Donalarning asosiy harakatlaridan tashqari, boshqa qoʻllaniladigan tartib-qoidalar mavjud[10]. Bular shaxmat taxtasining joylashishi, donalarning tartib bilan terilishi, vaqtni nazorat qilish, oʻyinchilarning xulq-atvori va axloqi, jismoniy nuqsoni boʻlgan oʻyinchilar uchun shaxmat yozuvlari yordamida harakatlarni yozib olish kabilardir. Shuningdek, oʻyin davomida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan qoidabuzarliklarni bartaraf etish tartib-qoidalari ham mavjud[11].