![cover image](https://wikiwandv2-19431.kxcdn.com/_next/image?url=https://upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/2/24/Tolstoy_and_chekhov.jpg/640px-Tolstoy_and_chekhov.jpg&w=640&q=50)
Rus adabiyoti
From Wikipedia, the free encyclopedia
Rus adabiyoti – Rossiya va uning muhojirlari adabiyoti va rus tilidagi adabiyotga tegishli. Rus adabiyotining ildizlari qadimgi Sharqiy slavyan tilidagi doston va xronikalar yaratilgan oʻrta asrlarga toʻgʻri keladi. XIX asrga kelib adabiyotning ahamiyati oshib bordi. 1830-yillarning boshidan boshlab rus adabiyoti sheʼriyat, nasr va dramaturgiyada oltin asrni boshdan kechirdi. Romantizm sheʼriyatning gullab-yashnashiga imkon berdi. Vasiliy Jukovskiy va keyinchalik uning qaysidir maʼnodagi davomchisi – Aleksandr Pushkin oldinga chiqdi. Nasr ham bu davrga kelib gullab-yashnagan edi. Mixail Lermontov shu davrning koʻzga koʻringan shoir va romanchilardan biriga aylandi. Birinchi buyuk rus yozuvchisi Nikolay Gogol edi. Keyin qisqa hikoyalar va romanlari bilan Ivan Turgenev kirib keldi. Tez orada Fyodor Dostoevskiy va Lev Tolstoy xalqaro miqyosda shuhrat qozondi. Rus realizmining boshqa muhim shaxslari qatorida Ivan Goncharov, Mixail Saltikov-Shchedrin va Nikolay Leskovlar ham bor edi. Asrning ikkinchi yarmida Anton Chexov qisqa hikoyalarda ustunlik qildi va yetakchi dramaturgga aylandi. XX asr boshlari rus sheʼriyatining kumush davri deb hisoblanadi. „Kumush asr“ shoirlar — Konstantin Balmont, Valeriy Bryusov, Aleksandr Blok, Anna Axmatova, Nikolay Gumilyov, Sergey Yesenin, Vladimir Mayakovskiy va Marina Svetaeva. Bu davrda Aleksandr Kuprin, Nobel mukofoti sovrindori Ivan Bunin, Leonid Andreyev, Fyodor Sologub, Yevgeniy Zamyatin, Aleksandr Belyaev, Andrey Bely va Maksim Gorkiy kabi roman va qissa yozuvchilar yetishib chiqdi.
![Thumb image](http://upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/2/24/Tolstoy_and_chekhov.jpg/640px-Tolstoy_and_chekhov.jpg)
1917-yilgi inqilobdan keyin rus adabiyoti sovet va muhojir qismlarga boʻlindi. Sovet Ittifoqi umumiy savodxonlik va yuqori darajada rivojlangan kitob chop etish sanoatini taʼminlagan boʻlsa-da, mafkuraviy senzurani ham amalga oshirdi. 1930-yillarda Rossiyada sotsialistik realizm ustunlik qildi. Uning yetakchi namoyandalari Nikolay Ostrovskiy, Aleksandr Fadeyev va boshqa yozuvchilar boʻlib, ushbu uslubning asoslarini yaratdilar. Ostrovskiyning „Как закалялась сталь“ romani rus sokrealistik adabiyotining eng mashhur asarlaridan biri boʻlgan. Mixail Bulgakov, Andrey Platonov va Danil Xarms kabi baʼzi yozuvchilar tanqidga uchragan. Shoirlar Vladislav Xodasevich, Georgiy Ivanov va Vyacheslav Ivanov, muhojir yozuvchilar Gaito Gazdanov, Vladimir Nabokov va Bunin kabi romanchilar quvgʻinda ham yozishni davom ettirdilar. Nobel mukofoti sovrindori Aleksandr Soljenitsin va Gulag lagerlari hayoti haqida yozgan Varlam Shalamov kabi baʼzi yozuvchilar sovet mafkurasiga qarshi chiqishga jur’at etdilar. Xrushchevning hokimiyat tepasiga kelishi adabiyotga yangi "shamol" olib keldi va sheʼriyat ommaviy madaniy hodisaga aylandi. Bu „yumshash“ uzoq davom etmadi. 1970-yillarda eng koʻzga koʻringan yozuvchilarning baʼzilari sovetlarga qarshi kayfiyatdagi asarlari uchun asarlarini nashr qilish taqiqlangan va jinoiy javobgarlikka tortilgan.
XX asrning oxiri rus adabiyoti uchun ogʻir davr boʻldi. Bu davrning eng koʻp muhokama qilingan yozuvchilari orasida qisqa hikoyalar va romanlar bilan mashhur boʻlgan Viktor Pelevin, yozuvchi va dramaturg Vladimir Sorokin va shoir Dmitriy Prigov bor edi. XXI asrda XX asr oxiridagi postmodernistik rus nasridan keskin farq qiluvchi rus adabiyotining yangi avlodi paydo boʻldi. Bu esa tanqidchilarni „yangi realizm“ haqida gapirishga olib keldi.
Rus yozuvchilari koʻplab adabiy janrlarga katta hissa qoʻshgan. Rossiyada adabiyot boʻyicha beshta Nobel mukofoti laureati bor.
2011-yil holatiga koʻra, Rossiya nashr etilgan asarlar boʻyicha dunyoda toʻrtinchi yirik kitob ishlab chiqaruvchisi edi[1]. Ommabop xalq maqolida ruslar „dunyodagi eng koʻp kitob oʻqiydigan xalq“ deb taʼkidlanadi[2].