Qoʻqon xonligi — oʻzbek xonliklaridan biri (1709-1876). Poytaxti — Qoʻqon. Oʻzbeklarning minglar urugʻidan boʻlgan Shohruxbiy 1709-yilda asos solgan. Bu xonlik tarkibiga dastlab Qoʻqon, Namangan, Margʻilon, Konibodom, Isfara va ularning atrofidagi qishloqlar kirgan. Abdurahimbiy davrida Buxoro xonligiga harbiy yurish qilinib, Samarqand egallanadi (1732). Abdulkarimbiy davrida (1746-yil) qalmoqlar Fargʻona vodiysiga hujum qilib, Oʻsh, Andijon, Margʻilon shaharlarini egallab, Qoʻqonni qamal qilgan. Qoʻqonliklarga yordamga kelgan Oʻrtepa hokimi Fozilbiy qoʻshinlari bilan birgalikda ularni Fargʻona vodiysidan quvib chiqarishgan. Norboʻtabiy davrida Chust va Namangan beklarining mustaqillik uchun koʻtargan gʻalayonlari bostirilgan. Mamlakatda sugʻorish inshootlari barpo qilinadi, savdo va hunarmandchilik, qishloq xoʻjaligi birmuncha rivoj topadi va nisbatan arzonchilik boʻladi.