Poligrafiya
From Wikipedia, the free encyclopedia
Poligrafiya (yunoncha: polygraphia – ko‘p yozish < poli... + grapho – yozaman, yozyapman) — texnikaning kitob, gazeta, jurnal, plakat kabi bosma mahsulotlar tayyorlash va chop qilish bilan bog‘liq barcha jarayonlarni o‘z ichiga olgan tarmog‘i;[1] matn va grafik tasvirlardan nusxa koʻpaytiradigan texnika vositalari majmui; matbaachilikning moddiy-texnika negizi (qarang: Poligrafiya sanoati).
Ilgari kitoblar faqat dastaki usulda tayyorlangan. Matnlar qoʻlda yozilib, muqovalash ishlari maxsus moslamalar bilan bajarilgan. Kitobni poligrafiya usulida nashr etish bir necha yuz yillardan beri maʼlum (qarang Kitob, Kitob bosish). Birinchi toʻliq hajmli kitobni 15-asr oʻrtalarida I. Guttenberg bosgan. 16-asrda rus matbaachisi I. Fyodorov chop etish texnikasini ancha takomillashtirdi. 19-asr bosma mashina ixtiro etilishi, litografiya yaratilishi natijasida poligrafiyada tub burilish yuz berdi. 20-asr oʻrtalaridan fan va texnika taraqqiyoti tufayli poligrafiya tez rivojlandi. Xususan, barcha bosma usullar uchun qoliplar tayyorlashning elektron usuliga oʻtildi, yuqori tezlikda ishlaydigan ofset bosma mashinalari qoʻllanila boshladi, pardozlash sexlarida avtomatik potok liniyalar yaratildi, butun ishlab chiqarishni kompleks mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish, gazeta sahifalarini fototelegraf texnikasi orqali uzatish va qabul qilish imkoniyati tugʻildi.