muayyan tartibda bir maromda takrorlanishidan hosil boʻladigan handasiy shakllar From Wikipedia, the free encyclopedia
Naqsh (arab. — tasvir, gul) — qismlari (taqsimlari) muayyan tartibda bir maromda takrorlanishidan hosil boʻladigan handasiy shakllar, oʻsimlik, qush, hayvon va boshqalarning uslublashtirilgan tasvirlaridan tarkib topgan bezak (gul). Turli narsalar (ashyolar, qurol, mato, mebel, kitob va t.k.), meʼmoriy inshootlar (ham ichki, ham tashqi bezaklar), nafis sanʼat (asosan, amaliy sanʼat) asarlarida keng qoʻllanadi, ayrim xalqlarda, shuningdek, odam tanasini bezashga (tatuirovka, bezashga) moʻljallanadi. Narsaning sirtini bezayotgan naqsh uning tuzilishini yuzaga chiqaradi va uning badiiy sifatini oshiradi. Naqsh yo mavhum shakllardan tuziladi, yo aniq mavzulardan uslublashtiriladi. Ishlanayotgan xom ashyosiga koʻra, naqsh ishlashning turli-tuman uslub va usullari mavjud: oʻyma (ganch, yogʻoch, mis, tosh, marmar va boshqalar), boʻyama (qogʻoz, mato, ganch, yogʻoch, sopol va boshqalar), chok yordamida tikma (kashtadoʻzlik, zardoʻzlik va boshqalar), zarb qilib, quyib (zargarlik, miskarlik va boshqalar), toʻqima (gilamchilik, toʻqimachilik va boshqalar), qadama (inkrustatsiya, panjarasozlik va boshqalar) va boshqalar.
Naqshning paydo boʻlishi haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Naqsh tarixi insoniyatning badiiy madaniyati kabi qadimiydir. Arxeologik materiallar naqshning jahondagi barcha xalqlarda qadimdan mavjud boʻlganligini koʻrsatadi. Metall, sopol buyum, idish, qurollar paleolit, neolit davrlarida oddiy handasiy shakllar qatorida oʻsimliksimon naqshlar bilan ham bezatilgan. Naqsh turli oʻlkalar, turli xalqlarda geografik muhit, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, madaniyati taʼsirida turlicha rivoj topgan. Masalan, Shimol oʻlkalari naqshlarida archa, chorvadorlarda mol shoxi, dexdonlarda uzum bargi va gʻujumi, oʻtroq aholida gul, anor, bodom, qalampir tasvirlari koʻp uchraydi. Yevropada turli davrlarda xukmron boʻlgan badiiy uslublar (barokko, gotika, klassitsizm va boshqalar) naqshga ham oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Uygʻonish davrida, ayniqsa, yuksak jozibadorlikka erishgan. XIX asrning oxiridan boshlab shu davrda vujudga kelgan turli okimlar naqshni atayin kam ishlatdi, xatto undan butunlay voz kechishgacha bordi.
Naqsh sanʼati Markaziy Osiyo madaniyati tarixida juda qadimdan boʻlib, oʻziga xos namunalari bilan ajralib turadi. Arxeologik topilmalar naqshning xilma-xil va rang-barang namunalaridan darak beradi. Meʼmoriy yodgorliklarda naqshning ancha mukammal, oʻziga xos va yuksak sanʼatkorlik bilan yaratilgan nusxalarini uchratish mumkin. Xalq amaliy sanʼatining har bir turida (xususan, kashtadoʻzlik, gilamchilik, oʻymakorlik, ganchkorlik, naqqoshlik kabi) naqshning shakliy imkoniyatlari naqadar keng va boy ekanligi yaqqol kuzatiladi. Oʻrta Osiyoda naqshlar keng tarqalgan boʻlib, ular, asosan, 2 turga boʻlina-di: handasiy shakl va chiziqlardan iborat eng murakkab naqsh turi — girih, keng tarqalgan oʻsimliksimon naqsh — islimiy. Har bir naqshning oʻz qonun-qoidalari bor: taqsim va boʻlaklar aniq oʻlchamda, uygʻun boʻlishi, ranglar did bilan tanlangan, oʻzaro mutanosib boʻlishi lozim. Bu naqqosh ustadan katta maxorat, malaka talab qiladi. Oʻrta Osiyoda eng qadimiy naqsh namunalar, asosan, meʼmoriy inshootlarda saqlangan; naqshning ajoyib namunalari ganch, yogʻoch va toshni oʻyib, baʼzan boʻyab ishlangan.
Naqsh hisobiga keng taraqqiy etdi, naqqoshlik jadal rivojlandi. Bino, buyum, idish, kiyim, qurollar aksariyat naqsh bilan bezatildi; masjid, madrasa, maqbaralarni xashamdor qilishda naqsh muqim oʻrin egalladi. Shu davrda meʼmorlikda gʻishtni turlicha qalab naqsh hosil qilish sanʼati yuksak darajaga koʻtarildi. Binolarning yogʻin tushmaydigan joylari ganch va yogʻoch oʻymakorligi, boʻyama naqshlar bilan bezatildi. Jumladan, meʼmoriy yodgorliklardan Oʻzgandagi maqbaralar (interyer, devor, peshtoq, ravoqlar) gʻishtin nafis naqshlangan. XIV—XV-asrlarda koshinkoriy naqshlar yaratildi (Koʻhna Urganchdagi Toʻrabekxonim koʻshki, Samarqanddagi Shohizinda ansambli, Dilkusho koʻshki — Ishratxona va boshqalar). Xiva, Buxoro, Qoʻqon xonliklari davrida xalq ustalari sanʼati ayniqsa shaharlarda oʻsdi, naqsh, naqqoshlik ham yanada rivojlandi. Xudoyorxon oʻrdasi (Qoʻqon), Sitorai Mohi Xosa (Buxoro), Toshhovli (Xiva) va boshqa binolar mohir ustalar tomonidan nafis naqshlar bilan bezatildi. Bu esa Oʻrta Osiyoda naqshning oʻziga xos uslublari vujudga kelganligini koʻrsatadi.
Buxoro naqshi eng murakkab, mukammal va jozibador boʻlib, koʻp asrlik ijodiy mehnat anʼanalari samarasidir; Naqsh bezak boʻlish bilan birga binokorlikning ajralmas qismiga aylangan. Juda murakkab girihlar puxta oʻlcham bilan ishlangan, gul naqshlari oʻziga xosligi bilan (gul naqshda vaza, kosa, guldonlar uslublashtirilib, ularda gul butalari aks ettirilgan, yaproq, mevalar tasvirlari bir maromda berilishiga alohida eʼtibori bilan) ajralib turadi. Xiva naqshi (yulduzlar hosil qiluvchi girihlar orasida oʻsimliksimon gullarni mahorat bilan joylashtirilishi, barg shaklidagi bezaklarning koʻpligi, oʻsimliksimon tasvirlar zich, koʻp va turli-tumanligi bilan mashhur. Fargʻona naqshi Margʻilon, Xoʻjand, Qoʻqon, Fargʻona, Namangan va boshqa shaharlarda vujudga kelgan uslublardan iborat. Meʼmoriy yodgorliklar (Qoʻqondagi Modarixon daxmasi va Daxmai shohon), XIX asrda yaratilgan naqshlarda sodda rang-baranglik (sariq, qizil, yashil, qora, oq, koʻk, pushtirang), naqsh qismlarining ancha joʻnligi koʻzga tashlanadi. Fargʻona naqshining oʻziga xos jihatlari: bino devorlariga mehrobi namoyonlar ishlanib, ular hoshiya naqsh bilan bir-biridan ajratiladi, hoshiyalar orasiga girih, qolgan qismlarga oʻsimliksimon gullar ishlanadi. Ularda Buxoro, Xiva naqshlarining taʼsiri seziladi. XIX asr oxiri — XX asr boshlaridagi naqshlarda yevropa naqshlarining ham taʼsiri bor.
Oʻrta Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston hududida yaratilgan roʻzgʻor buyumlari, asbob va qurollar, uy va inshootlarni naqshsiz (bezaksiz) tasavvur qilish qiyin. Oʻrta Osiyoda ishlangan bezakli buyumlar, matolar xalqaro bozorlarda ham qadrlangan. Turli oʻlkalar bilan madaniy-iqtisodiy aloqalar naqshning rivojiga ham sezilarli taʼsir koʻrsatgan.
XX asr boshqa sohalar qatorida amaliy sanʼat anʼanalarining yangi rivojlanish davri boʻldi. 1930-yillardan yirik jamoat va maʼmuriy binolar qurilishi rivojlandi, badiiy buyumlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Alisher Navoiy teatri, Muqimiy teatri, Oʻzbekiston tarixi muzeyi, Xalqlar doʻstligi saroyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Xotira maydoni, Imom Buxoriy majmuasi, Oliy Majlis, Oʻzbek milliy drama teatri, Oʻzbekiston konservatoriyasi binolarining turli texnika, usullar bilan ishlangan naqshlar hisobiga koʻrkam qilingani qadimiy anʼanalarning tiklanganligi, yangi mazmun bilan boyib borayotganligiga yorqin dalildir. Xalq ustalari Usta Shirin Murodov, Yu. Musayev, T. Arslonkulov, Q. Jalilov, Sh. Gʻafurov, S. Xoʻjayev, N. Ibrohimov, M. Qosimov, U. Zufarov, Q. Haydarov, U. Ahmedov, O. Polvonov, T. Toʻxtaxoʻjayev, O. Qosimjonov, J. Hakimov, Yo. Raufov, A. Boltayev, aka-uka Jalilovlar, S. Xudoyberganov, H. Rahimov va boshqa yaratgan asarlar XX asr oʻzbek milliy naqqoshligining yorqin namunalariga aylandi.
Kulollik, zardoʻzlik, kashtadoʻzlik, gilamchilik, zargarlik, kandakorlik va boshqa sohalarda naqsh bilan bezatilgan badiiy buyumlar turmushga fayz kiritadi. Ustalar yangi usullarni qoʻllab, yangi mazmun bilan boyitilayotgan naqshlar yaratmoqda. Bu jarayonda naqqoshlardan M. Toʻrayev, A. Ilhomov, S Mahmudov, Q. Shoislomov, H. Nuraliyev, A. Asqarov, O. Fayzullayev, S. Shukurov va boshqa yirik ustalar shogirdlari bilan qatnashdilar. Ular yaratgan bezaklarda kundal, mehrobi, bodom, buta, chorgul, shobarg, oygul, zanjira naqsh turlari koʻp uchraydi. Ushbulardan koʻrinadiki, Oʻzbekiston mustaqilligidan keyin barcha sanʼatlar qatorida amaliy sanʼat turlari, shulardan naqsh, naqqoshlik, yogʻoch va ganch oʻymakorligi ham jadal rivojlanmoqda, ularda qadimiy unutilayotgan anʼanalar qayta tiklanayotgani, naqsh turlari kengayotgani va islimiy naqshning bir necha turlari uygʻunlashayotgani kuzatiladi. Naqqoshlar ham 1995-yildan Toshkent shahrida YUNESKO tashkil etgan xalq hunarmandligi yarmarkasi, Parij shahrida oʻtkazilgan Amir Temurning 660 yilligi tantanalari koʻrgazmasi va boshqalarda qatnashib kasbiy maxoratlarini namoyish etdilar[1].
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.