Jonbos IV
From Wikipedia, the free encyclopedia
Jonbos IV — Oʻzbekistonda birinchi topilgan neolit davriga (miloddan avvalgi 4—3-ming yillik) oid Kaltaminor madaniyatining eng nodir va muhim yodgorligi. Yodgorlik Qoraqalpogʻistonning Toʻrtkoʻl tumanida joylashgan. Uni 1938—1940, 1945-yillarda Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi tekshirgan. Jonbos IV da maydoni 300 m² boʻlgan chayla qoldigʻi topilgan. Chayla kattagina urugʻ jamoasining yashash joyi boʻlib xizmat qilgan va unda qariyb 100—120 nafar kishi yashagan. Kuygan qamish va xoda qoldiqlariga qaraganda chayla ustunli, oval shaklida boʻlib, qamish bilan yopilgan. Unda bitta katta va yigirmadan ortiq kichik oʻchoq oʻrni qayd etilgan. Oʻchoqlar girdi va chayladan baliq (choʻrtan, zogʻora, laqqa), hayvon (toʻngʻiz, jayron, Buxoro bugʻusi), qush suyaklari va tuxum poʻchoqlari hamda bir qancha mayda tosh qurollar topilgan. Tosh qurollar orasida tosh bolta va ponalar, keskich, oʻroq hamda oʻq-yoy paykonlari uchraydi. Topilgan sopol idishlarning tubi yumaloq boʻlib, sirtiga chizma naqsh berilgan[1].
Jonbos IV | |
---|---|
Joylashuv | Qoraqalpogʻiston, Toʻrtkoʻl tumani |
Turi | turar joy |
Material | yogʻoch va qamish |
Xarita | |
Koordinatalari | 41°59′3.941″N 61°5′7.631″E |