Jahongir maqbarasi (Pokiston)
From Wikipedia, the free encyclopedia
Jahongir maqbarasi (urdu: مقبرۂ جہانگیر) — XVII asrda Boburiy hukmdor Jahongirga atab qurilgan maqbara. Maqbaraning qurilishi 1637-yilga kelib tugatilgan. Pokistonning Lohur shahri yaqinidagi Shohdara bogʻda, Ravi daryosi bo‘yida joylashgan[1]. Maqbara qurilishi hukmdor Jahongirshoh Nuriddin vafotidan keyin — 1627-yilda boshlangan va Boburiylar davlati deyarli butun Hindiston yarimoroli ustidan hukmronlik qilayotgan bir paytda, 1637-yilda Shoh Jahon hukmronligi davrida toʻliq qurib bitkazilgan[2].
Jahongir maqbarasi | |
---|---|
urdu: مقبرۂ جہانگیر | |
Maqbaraning umumiy koʻrinishi | |
Umumiy maʼlumot | |
Turi | maqbara |
Shahar | Lohur |
Mamlakat | Pokiston |
Koordinatalar | 31.6225°N 74.3032°E |
Qurilishi boshlangan | 1627-yil |
Qurilishi tugagan | 1637-yil |
Jahongir maqbarasi (Pokiston) Vikiomborda |
Bino freskalar va marmar bilan bezatilgan ichki hamda parchinlar bilan bezatilgan tashqi koʻrinishi bilan mashhur. Maqbara, Akbari Saroy va Osaf Xon maqbarasi bilan birga, hozirda UNESCOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan ansamblning bir qismidir[3].
Jahongir maqbarasi katta bogʻning oʻrtasida joylashgan. Bu bogʻ Bobur davrida Kobulda barpo etilgan chorbogʻ namunasi asosida qurilgan. Bogʻda jannatning toʻrt daryosi ramzi boʻlgan suv kanallari mavjud. Bogʻdagi qattiq qoplamali yoʻlaklarning kesishish nuqtalarida favvoralar oʻrnatilgan. Mazkur favvoralar uchun suv bogʻ hududidan tashqarida qazilgan quduqlardan quvurlar orqali olib kelingan[3].
Joylashuvi
Maqbara Lohur shahrining shimoli-gʻarbidagi Shohdara bogʻda joylashgan. Bu bogʻ Ravi daryosi sohilida, oʻzining koʻplab bogʻlari bilan mashhur boʻlgan hududda joylashgan[2]. 1645-yilda qurilgan Osaf Xon maqbarasi va 1637-yilda qurilgan Akbari Saroy Jahongir maqbarasidan gʻarbda joylashgan boʻlib, uchchalasi sharq-gʻarb oʻqi boʻylab yoʻnaltirilgan ansamblni tashkil qiladi. Shohdara bogʻ yodgorliklarining oxirgisi boʻlmish Osaf Xon maqbarasidan biroz janubi-gʻarbda joylashgan[2].
Qurilishning boshlanishi
Maqbara 1605–1627-yillarda hukmronlik qilgan boburiy hukmdor Jahongirshoh Nuriddin uchun qurilgan. Hukmdor 1627-yil 28-oktyabrda Rajauri shahri yaqinida Kashmir hududida vafot etgan. Uning jasadi 12-noyabr, juma kunida Lohurga olib kelinib, oʻsha kuni dafn etilgan[4][5]. Jahongir dafn etilgan Dilkusho bog‘i Jahongir Lohurda yashagan paytda uning eng sevimli joyi boʻlgan[2][6]. Jahongirshoh Nuriddinning oʻgʻli, yangi hukmdor Shoh Jahon otasining sharafiga „hukmdorlarga xos maqbara“ qurishni buyurgan[7]. Yana boshqa manbalarga koʻra Jahongir vafot etganida uning ikkinchi xotini — malika Nurjahon begim maqbara qurilishi haqida buyruq bergan[8].
Tarixi
Baʼzi zamonaviy tarixchilar maqbara qurilishini Jahongirning oʻgʻli Shoh Jahonga bogʻlashadi[9]. Qurilish 1627-yilda boshlangan[2], tugallanishi uchun oʻn yil kerak boʻlgan[10] va uning qurilishi uchun 10 lakh rupiy (1 million rupiy) sarflangan[9]. Sikh manbalariga koʻra, 1814-yilda qabrda taʼmirlash ishlari olib borilgan. Ammo sikhlardan boʻlgan Ranjit Singh armiyasi tomonidan Amritsardagi Oltin Maʼbadni bezash uchun maqbara majmuasi talon-toroj qilingan. Keyin talon-toroj qilingan bu yerlar Ranjit Singhning Muso Sohib nomi bilan ham tanilgan qoʻmondoni Senyor Omsning shaxsiy qarorgohiga aylantirilgan. Ranjit Singh 1828-yilda vabodan vafot etgan Muso Sohibni ushbu maqbara maydoniga dafn qilishni buyurgan. 1880-yilga kelib, qabr tepasida bir vaqtlar gumbaz yoki ikkinchi qavat boʻlganligi haqidagi mish-mishlar tarqala boshlagan. Uni Ranjit Singh qoʻshini buzib yuborgan, deyilgan, ammo maqbarada gumbaz yoki ikkinchi qavat boʻlganligi haqida hech qanday dalil topilmagan[10][11].
Shohdara yodgorlik ansambli Britaniya hukmronligi davrida, Osaf Xon va Nurjahon maqbaralari oʻrtasida temir yoʻl liniyasi qurilgach, yanada koʻproq zarar koʻrgan. 1889–1890-yillarda bu joy inglizlar tomonidan taʼmirlangan[12][13].
1867, 1947, 1950, 1954, 1955, 1957, 1958, 1959, 1962, 1966, 1973, 1976, 1981, 1950, 1954, 1947, 1950-yillarda maqbara yaqinidagi Ravi daryosining sathi koʻtarilishi va toshib ketishi maqbaraga zarar yetkazgan. Maqbara va u joylashgan majmuaga 1988-yilgi suv toshqini paytida katta zarar yetgan, majmuaning katta qismi 5 kun davomida 10 fut suv ostida qolgan[14].
Meʼmorchiligi
Maqbara Erondagi Safaviylar va Boburiylar davri meʼmorchiligi aralash uslubida qurilgan. Akbar maqbarasiga oʻxshab Jahongir maqbarasida markaziy gumbaz yoʻq, chunki hukmdor oʻz qabri ustiga gumbaz qurishlarini taqiqlagani haqida aniq maʼlumotlar mavjud. Boburiylar maqbaralarining meʼmorchiligida gumbazlardan foydalanish birinchi marta Humoyun maqbarasida qoʻllangan va Shoh Jahon ham bu usulni qoʻllagan[15].
Tashqi koʻrinishi
Jahongirning bobosi Bobur oʻzini sunniylik anʼanalariga koʻra, shifti ochiq, yaʼni ortiqcha bezaklarsiz va gumbazlarsiz maqbaraga dafn etishlarini maʼqul koʻrgan. Jahongir maqbarasida ham bunga amal qilingan. Jahongir sunniy urf-odatlariga amal qilish maqsadida oʻz maqbarasiga gumbaz qurishni man qilgan, shuning uchun tom oddiy va keyinchalik Toj Mahalda koʻzga tashlanadigan meʼmoriy bezaklardan holi tarzda qurilgan. Maqbara tashqi koʻrinishi marmar naqshlar, qizil qumtoshlar va sangi badal, sangi abru, qora hamda oq marmar[16] kabi turli xil ziynatli toshlar bilan bezatilgan[17][18].
Ichki koʻrinishi
Maqbara binosi bir qator kichik gumbazli boʻlimlarga boʻlingan boʻlib, ular Boburiylar davri freskalari bilan bezatilgan.
Qabr usti bezaklari
Maqbaraning markazida devorlari naqshinkor marmar bilan qoplangan sakkiz qirrali xona boʻlib, xona markazida Jahongirning qabri joylashgan. Qabr ustida turli xil gullar tasvirlari bilan bezatilgan, oq marmardan yasalgan qabrtosh mavjud. Qabrtoshda islom tasavvufidagi umumiy mavzu boʻlgan Allohning 99 ismi oʻyib yozilgan[19][20]
Maqbara atrofidagi bogʻ
Maqbarani katta daraxtzor bogʻ oʻrab turadi, u forscha „Chahar bogʻi“ yoki „Jannat bogʻlari“ deb ataladi. Bogʻ gʻishtin yoʻlaklar (xiyobonlar) va ikkiga boʻlingan markaziy suv ariqlari bilan toʻrt maydonga ajratilgan boʻlib, ular jannatda oqadi, deb ishoniladigan toʻrtta daryo ramzi hisoblanadi[21].
Joylashuv tartibi
Maqbara katta toʻrtburchak maydonda joylashgan boʻlib, eshiklari toʻrt tomonga qaragan. Maydonga gʻarbiy tarafdagi Akbari Saroy orqali kiriladi. Akbari Saroyning gʻarb tomonida Jahongirning qaynisi — Osaf Xon maqbarasi joylashgan[22].
Maqbarani asrash
Majmua 1975-yilgi Federal antikvarlar qonuni bilan himoyalangan. Ammo qonunlar koʻpincha eʼtibordan chetda qolishi oqibatida, majmua va uning atrofidagi hududga zarar yetkazilgan. Qonunga koʻra majmuadan 200 fut masofada barcha turdagi qurilishlar taqiqlangan ammo, xususiy qurilishlar majmuadan bir necha oʻn metr uzoqlikda xususiy xonadonlar joylashgan. Majmua 1993-yilda UNESCOning Jahon merosi obyekti maqomi uchun kuzatuv roʻyxatiga kiritilgan[23].
Qoʻshimcha maʼlumotlar
1954-yilda Pokistonda Jahongir maqbarasi tasviri aks ettirilgan pochta markalari chiqarilgan. Bundan tashqari, Jahongir maqbarasi 2005-yilgacha 1000 rupilik banknotada tasvirlangan[24][25].
Galareya
- Jahongirning qabri
- Maqbara atrofini oʻragan „Jannat bog‘lari“.
- Murakkab naqshlar bilan bezatilgan qabrtosh.
- Akbari saroy orqali kirish darvozasi.
- Maqbaraning tashqi bezaklari koʻrinishi.
- Maqbaraning bezakdor tomi, u mozaika va koshinlar bilan bezatilgan.
- Jahongirning qabrtoshidagi murakkab naqsh bilan bezatilgan marmarning yaqinroqdan koʻrinishi.
- Qabrtoshning uzoqroqdan koʻrinishi.
- Majmuaning tashqarisida joylashgan, Akbari Saroyga olib boradigan, Bara Darvaza deb nomlanuvchi katta kirish darvozasi.
- Minoralarning pastidagi parchin detallari.
- „Janobi oliylari: hukmdor Nuruddin Muhammad Jahongirning nurli qabri, hijriy 1037-yil“ — deb yozilgan lavha.
- Parchin detallarining yaqinroqdan koʻrinishi.
- Qabr turgan xonadagi bezak.
- Qabr xonasidagi yana bir bezak.
- Maqbara ayvonidagi sirlangan koshinkor bezak.
Manbalar
Havolalar
Wikiwand in your browser!
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.