From Wikipedia, the free encyclopedia
Eftaliylar (eftalitlar, eftallar, xaytallar, abdallar, yeda) — Oʻrta Osiyoning shimoli-sharqidan Movarounnahrning ichki viloyatlariga kirib, milodiy V asr - VI asrlarda davlat barpo etgan qabila ittifoqi.
1951-yillarda AQSHning Indiana Universiteti tarixchi olimlari tadqiqotlariga ko'ra eftaliylar Eroniy tilli qabila boʻlgan[1]. Buni olim Dénes Zsinór, yapon olimi Kazuo Enoki ham o'z ilmiy asarlarida tasdiqlagan[2][3].
Etyen De la Vayssier va boshqa olimlar eftaliylar asli turkiy bo‘lib, keyinchalik baqtriya tilini dastlab ma’muriy maqsadlarda, ehtimol keyinroq ona tili sifatida qabul qilgan, degan fikrni ilgari suradilar[4].
Aksariyat mutaxassis olimlarning fikricha, eftaliylar xuddi kushonlar kabi Baqtriya/Toxaristonga oʻrnashib olgandan keyin xuddi kushonlar singari baqtriya tilini rasmiy til sifatida qabul qilganlar[5]. Baqtriya tili qadimiy Sug'd va Xorazmiy tili kabi Sharqiy Eroniy tillardan biri boʻlgan, lekin oromoiy alifbosi ta'sirida shakllangan alifboda emas, balki miloddan avvalgi 3—2-asrlarda Yunon-Baqtriya podsholigining foydalanilgan yunon alifbosida yozilgan. Baqtriya tili rasmiy til boʻlishdan tashqari, eftaliylar hukmronlik qilgan mahalliy aholining tili ham boʻlgan[6].
Eftaliylar oʻz tangalarini yunon yozuvida yozilgan baqtriya tilida yozib qoʻyganlar, ular ega boʻlgan unvonlar XOAΔHO yoki Šaodeb nomlangan. Firdavsiyning “Shohnoma”sida keltirilgan eftaliy hukmdorlarining nomlari eroniy bo‘lib, qimmatbaho toshlar va boshqa dalillar eftaliy elitasining rasmiy tili Sharqiy Eron tili bo‘lganligini ko‘rsatadi. Yapon tarixchisi Kazuo Enoki eftalitlar, ehtimol, hind-evropalik (sharqiy) eroniylar bo'lib, ular Baqtriya/Toxaristonda paydo boʻlgan degan fikrni ilgari surgan, buning sababi, qadimgi manbalar ularni So'g'd va Hindukush oralig'ida joylashganligi va eftaliylarning ba'zi eroniy xususiyatlari borligini qayd etgan[7]. Richard Nelson Frye Enokining ham shu fikrga qo'shilgan va shu bilan birga, eftalitlar "ehtimol, aralash to'da" ekanligini ta'kidladi[8]. "Encyclopaedia of Islam" kitobi mualliflariga ko'ra, eftaliylar hozirgi Afg'oniston hududidan paydo boʻlgan[9].
Miloddan avval 7-asrda Xitoyning shimoliy gʻarbi (Xesi)da yashovchi mallasoch, koʻzi koʻk xalqlarning bir qismi yashab turgan yerlarini tashlab, Pomirning togʻli viloyatlariga kelib yashaydilar. Keyinchalik ular mahalliy aholiga aralashib, tillarini ham oʻzgartiradi.
Eftaliylar xioniylar (350 yil) va kidariylardan (380 yil) keyin Oʻrta Osiyoga koʻchishning uchinchi toʻlqinini tashkil etganligi odatda qabul qilingan. Yaqinda oʻtkazilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, buning oʻrniga milodiy 350-360 yillarda koʻchmanchilar koʻchib oʻtishning katta toʻlqini boʻlishi mumkin[10][11].
Eftaliylarning yana bir guruhi gʻarbga Kaspiy dengizining shimoliy hududlariga borib, keyinchalik bu yerlardagi turkiy xalklarga aralashib ketadi. Eftaliylar IV asrning 2-yarmida koʻpayib, Movarounnahrda yashovchi xioniy, kidariy va boshqa xalqlarni tobe etib, davlat barpo etadi. 5-asrda ular Qangʻ davlatini magʻlubiyatga uchratadi. Xurosonning talay qismini egallaydi. Xuroson yeri uchun Eftaliylar Eron bilan qattiq urush olib borgan. 6-asrning oxirlarida Eftaliylar davlati inqirozga uchraydi. Turk xoqonligi Movarounnahrni egallaydi. Eftaliylarning jangovar qismi Afgʻoniston va Hindistonning shimoliy mintaqalariga chekinib, ularning keyingi avlodlari shu yerlardagi xalqlarga aralashib, ular bilan qorishib ketadi. Eftaliylarning Markaziy Osiyoda qolgan qismi keyinchalik shakllangan oʻzbek, turkman va tojik xalqlari tarkibiga singib ketadi. Turkmanlar tarkibida va anatoliyalik turklarning tarkibida abdal nomi bilan Eftaliylarning keyingi avlodlari saqlanib qolgan. Eftaliylar otashparast boʻlganligi maʼlum, lekin ularning orasida asta-sekin buddizm va xristianlikka eʼtiqod qila boshlaganlar soni ham orta boshlagan[12].
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.