Boʻri, qashqir (Canis lupus) – itsimonlar oilasiga mansub yirtqich sut emizuvchi hayvon. Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikada tarqalgan. Oʻzbekistonning choʻl, dashtlari, oʻrmon, toʻqay, togʻ va togʻ etaklarida tarqalgan; qor va muz bilan qoplangan baland togʻlar va tundrada ham yashaydi. Boʻrilarning turli kenja turlari mavjud, jumladan osiyo boʻrisi, tundra boʻrisi, meksika boʻrisi, arktika boʻrisi va boshqalar.
Boʻri | |
---|---|
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Hayvonlar |
Tip: | Xordalilar |
Sinf: | Sut emizuvchilar |
Turkum: | Yirtqichlar |
Oila: | Itsimonlar |
Urugʻ: | Canis |
Turlari: | C. lupus |
Binar nomi | |
Canis lupus (Linnaeus, 1758-yil) | |
Kenja turlari | |
Qarang Canis lupus turlari | |
Boʻrilarning global diapazoni (IUCNning 2018-yilgi bayonotiga koʻra). |
Boʻrilar qoyalar orasiga, toʻqaylik va jarliklarga, quruq qamishzorlarga in quradi. Tulki inlaridan ham foydalanadi. Boʻrilar inida bolalaydi va bolalarini parvarish qiladi. Chorvachilik r-nlarida podalardan uzoqqa ketmaydi. Boʻrilar yanvar oyidan boshlab urchiydi. Urchish vaqtida erkaklari urgʻochisini talashib qattiq urishadi. Boʻrilar monogam hayvon. Jufti uzoq muddat saqlanib qoladi. Homiladorlik davri 62– 65 kun. Yosh boʻri 3–5 ta, qarisi 6–8 ta, baʼzan 10–13 ta bola tugʻadi. Bolasini 5–6 hafta emizadi. Bolasi 3 haftaligida inidan chiqa boshlaydi. Urgʻochisi emizikli davrida erkagi ovqat olib kelib turadi. Bolalari goʻsht bilan oziqlanishga oʻtgandan soʻng ona boʻri ham oʻlja tutib kela boshlaydi. Avgust oxiridan boshlab yosh boʻrilar har xil mayda kemiruvchilarni tutib yeya boshlaydi. Sentabrda kattalari bilan birgalashib, uy hayvonlarini va yovvoyi hayvonlarni ov qilishga oʻrganadi. noyabrga qadar 10–15 ta buri gala boʻlib yuradi. Oʻlja topish qiyin boʻlib qolganda bitta yoki ikkitadan boʻlib, tarqalib ketadi. Erkagi 2 yoshida, urgʻochisi 2–3 yoshida voyaga yetadi. Boʻri 15–16 yil yashaydi. Yilda ikki marta – bahor va kuzda tullaydi. Boʻrilar kuchli, chidamli va chaqqon, hid bilish va eshitish organlari yaxshi rivojlangan hayvon. Goʻsht bilan oziqlanadi, baʼzan olma, qovun, tarvuz kabi mevalarni ham yeydi. Asosan, uy hayvonlari va yovvoyi hayvonlar, quyon, yumronqoziq kabi kemiruvchilar, qushlar, hatto oʻlimtiklar bilan oziqlanadi. Boʻrilar juda ochkoʻz va xoʻra, ikkitasi bitta qoʻyni yeb qoʻyishi mumkin. Podaga hujum qilganda koʻp qoʻyni nobud qiladi. Bir nechta B. birgalikda yoki tuda boʻlib ov qiladi. Quturgan va ochiqqan boʻrilar odamga ham hujum qilishi mumkin. Boʻrining 12 ta kenja turi bor. Oʻrta Osiyoning choʻl, dasht va past togʻlarida choʻl boʻrisi, Pomir togʻlarida tibet boʻrisi kenja turlari yashaydi. Baʼzan qora boʻrilar ham uchraydi, uning terisi qimmatbaho hisoblanadi. Oʻzbekistonda choʻl boʻrisi tarqalgan.
Adabiyotlar
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Wikiwand in your browser!
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.