Alisher Navoiy koʻchasi (Toshkent)
From Wikipedia, the free encyclopedia
From Wikipedia, the free encyclopedia
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.
Navoiy shoh koʻchasi — Toshkent markazidagi shoh koʻchalardan biridir. Alisher Navoiy sharafiga shunday nomlangan. Koʻcha Amir Temur shoh koʻchasidan gʻarbga choʻzilib, Chorsuda Beruniy va Samarqand Darvoza koʻchalariga ajraladi. Navoiy koʻchasi Zarqaynar, Furqat, Gʻafur Gʻulom, Abay, Shayxontohur, Botir Zokirov, Rashidov, Mustafo Kamol Otaturk, Buyuk Turon koʻchalari bilan tutashgan.
Dastlab Hadra maydoni va Anhor kanali oraligʻida boʻlgan. 1966-yilgi Toshkent zilzilasidan soʻng Oʻrda koʻprigidan hozirgi Amir Temur shoh koʻchasigacha uzaytirilgan. 1893-yilgacha Toshkoʻcha, Kattakoʻcha nomlari bilan yuritilgan. Soʻng Shayxontohur koʻchasi nomi berilgan. 1938-yilda ulugʻ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligiga tayyorgarlik koʻrish doirasida Navoiy nomi berilgan. 19-asrning 2-yarmi va 20-asrning boshida Eski shaharni Yangi shahar bilan bogʻlashda muhim ahamiyat kasb etgan. Koʻchada asosan hunarmandlar yashagan. Unda Shayx Xovandi Tohur maqbarasi (15-asr), Yunusxon maqbarasi (19-asr), Eshonquli dodxoh madrasasi (19-asr)dan boshqa yirik binolar boʻlmagan. 20-asr boshlarida Eski shaharning eng gavjum koʻchasi hisoblangan. 20-asr boshida birinchi koʻnka va tramvay harakati aynan shu koʻcha orqali yoʻlga qoʻyilgan. 1908-yil ilk kerosinli fonarlar oʻrnatilgan. Koʻchadagi yangi qurilishlar va uning rekonstruksiyasi 1930-1970 yillarda amalga oshirilgan, kengaytirilgan transport magistrali oʻtkazilgan, koʻp qavatli binolar qurilgan. 1930-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, „Oʻzdavlatloyiha“ (keyinchalik Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi joylashgan), Markaziy telegraf binolari va boshqalar barpo qilingan. 1940-yil Madaniyat va mehnat saroyi (meʼmor Polupanov; keyinchalik bu binoda Adabiyot muzeyi, Yosh tomoshabinlar teatri joylashgan) qurilgan. 1949 yil bino oldidagi maydonda Navoiy haykali oʻrnatilgan (meʼmor Volchek, haykaltarosh Ditrix). 1968-yilda maydon rekonstruksiya qilingan va shu yili Alisher Navoiy tavalludining 525 yillik yubileyi munosabati bilan haykal oʻrnatilgan joyda „Shoirlar xiyoboni“ tashkil etilgan. 1991-yil 9-fevralda shoirning 550 yillik yubileyi munosabati bilan „Shoirlar xiyoboni“da shoirning yangi tagsupaga oʻrnatilgan haykali qayta ochilgan. 1937-1940 yillarda „Vatan“ kinoteatri (meʼmorlar A.Sidorov, N.Timofeev) qurilgan. Toshkent zilzilasidan keyin bu bino oʻrnida Hamza nomidagi teatr (hozirgi Oʻzbek milliy akademik drama teatri)ning yangi binosi qurildi; bino 2001-yilda qayta taʼmirlandi va butunlay yangi qiyofaga ega boʻldi. Koʻcha eniga kengaytirilib, tramvay yoʻli, jamoat transporti bekatlari tubdan yangilandi. Abay koʻchasi va Hadra maydoni oraligʻidagi savdo yarmarkasi tartibga keltirildi. Ikki yoqlama 3 qatorli transport vositalari harakati uchun imkon yaratildi. 2015-yilda koʻchadagi tramvay yo'li olib tashlangan edi, 2022-yilga kelib tramvay qayta tiklandi. 2017-yildan boshlab ko'chaga tutash hududda Tashkent City xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilmoqda. Koʻcha boʻylab barcha turdagi jamoat transporti vositalari harakati yoʻlga qoʻyilgan.