maʼlum bir davrga oid eng ommabop media mahsulotlarning nashr etilgan roʻyxati (musiqa, kitoblar, filmlar, oʻyinlar) From Wikipedia, the free encyclopedia
Xit-parad yoki chart — maʼlum bir davrga oid eng ommabop media mahsulotlarning nashr etilgan roʻyxati (musiqa, kitoblar, filmlar, oʻyinlar). Qoida tariqasida, xit-parad roʻyxatlari 10—20 dan ortiq boʻlmagan oʻrinlardan tashkil topgan boʻladi va koʻrsatkichlarning tushishiga qarab joylashtiriladi. Xit-paradlar asosan media mahsulotlarning sotuvi haqidagi maʼlumotlar, shuningdek, musiqiy kompozitsiyalarning qancha vaqt davomida radioda berilishi, filmlarning qancha vaqt davomida namoyish etilishi (kinoprokat) ga qarab belgilanadi. Odatda xit-paradning vaqtinchalik davri bir hafta, baʼzan esa bir oyni tashkil etadi. Tom maʼnoda „xit-parad“ eng ommabop media mahsulotlar roʻyxatini anglatadi.
Musiqa sanoatida xit-paradlar odatda qoʻshiqlarning gramplastinka va disklari sotuvi haqidagi maʼlumotlar, aksariyat holatlarda qoʻshiqlarning radiostansiyalarda qancha vaqt davomida qoʻyilishi va Internet orqali qoʻshiqlarning yuklab olinishi, turli xil musiqa jurnallari oʻquvchilari, radiostansiyalar tinglovchilari, televideniyedagi musiqiy koʻrsatuv tomoshabinlari oʻrtasida tashkil etilgan soʻrovlar asosida tuziladi.
Asosan, musiqiy xit-paradlar qoʻshiqning uzoq davomida efirga qoʻyilishi hamda oxirgi vaqtlarda Internet orqali yuklab olinishiga qarab tuzilmoqda.
Birinchi musiqiy xit parad 1936-yil 4-yanvarda Amerika Qoʻshma Shtatlarining „Billboard“ jurnalida nashr etilgan. 1940-yil 20-iyuldan jurnalda qoʻshiqlarning doimiy xit-paradlari (record charts), 1958-yil 4-avgustdan esa jurnal haftaning eng mashhur 100 ta qoʻshiqlari — „Billboard Hot 100“ musiqiy chartni chop eta boshladi[1]. Roʻyxatga olishda qoʻshiqlarning radiostansiyalarda berilishi va disklarning sotuviga oid maʼlumotlar hisobga olingan. Pop xit-parad (pop charts) bilan bir qatorda musiqaning alohida janrlari: kantri, ritm end blyuz, rok uchun ham xit-paradlar paydo boʻldi. Bugungi kunda Billboard" jurnali xit-paradi AQSh musiqa bozori holatini aniq aks etuvchi eng obyektiv manba boʻlib qolmoqda. 1958-yildan 1991-yilgacha „Billboard“ jurnali radiostantsiyadan olingan maʼlumotlar hamda sotuv maʼlumotlarini oʻzida saqlagan holda xit-paradlarni tuzgan boʻlsa, 1991-yil 30-noyabrdan jurnal yangi metodologiyasini tadbiq qila boshladi, yaʼni „Nielsen Broadcast Data Systems“ (BDS) elektron tizim xizmatidan foydalana boshladi[1]. Hozirda jurnalning xit-paradlar boʻyicha fikri musiqa sanoatida „oltin standart“ hisoblanadi.
Buyuk Britaniyada birinchi musiqiy xit-parad ilk marotaba 1952-yil 14-noyabrda „New Musical Express“ jurnalida nashr etilgan[2]. Soʻngra „Record Mirror“ (1955) va „Melody Maker“ (1958) jurnallarida ham xit-paradlar chop etila boshlandi. Germaniyada xit-paradlar „Bravo“ jurnali tomonidan nashr etila boshlangan.
SSSRda birinchi xit-paradlar 1970-yillarning ikkinchi yarmida „Moskovskiy Komsomolets“ gazetasida („Zvukovaya dorojka MK“ musiqiy boʻlimida)[3] nashr etilgan, keyinchalik „Smena“ va boshqa koʻplab yoshlar va musiqaga oid nashrlarida paydo boʻldi. Gʻarbdagidan farqli oʻlaroq, SSSRda xit-paradlar tinglovchilarning soʻrovlari va maʼlum bir davriy nashr (gazeta yoki jurnal) oʻquvchilarining xatlari asosida tuzilgan.
Har bir musiqiy chartda eng yuqori oʻrin (№ 1) mavjud boʻlib, hozirgi vaqtda bu eng mashhur qoʻshiq yoki eng koʻp sotilgan singl (gramplastinka) yoxud albom hisoblanadi. Ingliz tilidagi adabiyotlarda bunday chartlar yetakchisi „chart topper“[4], „chart-topper“ va shunga oʻxshash atamalar (number one, No. 1 hit, top of the charts, chart hit) deb nomlanadi. Ushbu atama musiqa marketingida, reklama biznesida va qoʻshiqchining mashhurlik darajasini aniqlashda keng qoʻllanadi. Biroq, bu nisbiy tushunchadir, chunki charttoper aniq raqamlarga asoslangan yillik sotuv maʼlumotlaridan farqli ravishda, bir vaqtning oʻzida qoʻshiqlar, albomlar va musiqalarni oʻzaro solishtirib, baholaydi. Lekin bu qoʻshiqlarning turli vaqtlardagi oʻrinlarini taqqoslash, qoʻshiqlar mashhurligining umumiy koʻlamini aniq taqqoslashni taʼminlay olmaydi. Aksariyat chartlar, ayniqsa haftalik chartlar qisqa vaqt ichida juda yaxshi sotiladigan qoʻshiqlarga oʻrin belgilashni maʼqul koʻrishadi. Natijada qisqa vaqt ichida mashhur boʻlgan qoʻshiq (one hit wonder), sekinroq sotiladigan va oʻrin ololmagan qoʻshiqdan koʻra yuqoriroq oʻrinni, yaʼni 1-oʻrinni egallaydi. Ammo hafta charttoperidagi eng mashhur qoʻshiq yil oxiriga kelib, kuchli oʻnlikda joy egallashi yoki egallamasligi ham mumkin[1][5]. Shu tufayli qoʻshiqchi bitta qoʻshigʻi yoki bir nechta qoʻshiqlari bilan chartdan oʻrin egallab, mashhurlikka erisha oladi[6].
Kinofilmlar xit-paradi kinoteatrlarda film prokatidan tushgan haftalik tushumlar haqidagi maʼlumotlarga asoslanib tuziladi (AQShda ular boxofficemojo veb-saytida eʼlon qilinadi). Muayyan koʻrsatuvlarning reytinga koʻra tuzilgan televizion xit-paradlar ham mavjud.
Noshirlik va matbaa sohasida kitoblarning xit-paradi „bestsellerlar roʻyxati“ deb ataladi va koʻpincha badiiy (romanlar va boshqalar) va badiiy boʻlmagan (biografiyalar, tarixiy ocherklar va boshqalar) boʻlinadi.
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.