From Wikipedia, the free encyclopedia
Oʻzbek ulusi — Dashti Qipchoqning sharqiy qismi (Janubiy Gʻarbiy Sibir)da Abulxayrxon asos solgan (1428) davlat va uning aholisi.
Oʻzbek etnonimining kelib chiqishi toʻgʻrisida bir nechta tahminlar mavjud. Shaxsiy ism sifatida oʻzbek soʻzining birinchi eslatilishi XII asrga toʻgʻri keladi. Oʻzbek soʻzi Turkiy qabilalari orasida Movarounnahrda XIII asr moʻgʻullar kelguniga qadar paydo boʻlgan.
XII asr arab tarixchisi Usoma ibn Munqiz „Taʼlim kitobida“ Saljuqiylar davrida 1115-1116-yildagi yoʻlboshlovchilaridan biri amir Oʻzbek degan Mosul hukmdori boʻlganligini taʼkidlaydi [1].
1221-yilda Afgʻonistondagi Xorazmshoh Jalol ad-din Manguberdi qoʻshinlarining etakchilaridan biri Jahon Paxlavon Oʻzbek Tayi edi. [2]
Tarixchi Mutal Ermatov oʻzbek soʻzi „Oʻzlar“ urugʻi nomidan kelib chiqqan deb taxmin qilgan qilgan [3]
Tarix fanlari doktori, professor R. G. Mukminova oʻzbeklarning etnik ismini Oʻzbek xon nomi bilan bogʻlashga qarshi qoʻshimcha dalillar keltirgan. Sharofiddin Ali Yazdiy Oʻzbek xon davridan ancha oldin 1289-yilgi voqealar haqida xabar berib, Tabriz viloyatidagi oʻzbek qoʻshinlarining yurishini eslatib oʻtadi.[4]
Boshqa tarixchilarning fikricha, XIV asrning 60chi yillarida, Dashti qipchoq hududida oʻzbeklar deb nomlangan koʻchmanchi turkiy qabilalarining ittifoqi tuzildi. XIV asrning 60-yillarida „oʻzbek“ etnonimi sharqiy Dasht-i-Qipchoqning butun turkiy aholisi uchun jamoaviy nomga aylandi. „Oʻzbek“ etnonimi Amir Temur davrida Movarounnahrga kirib kelgan. Buyuk shoir Alisher Navoiy (1441-1501) yozgan asarlarida „oʻzbek“ etnonimini Xuroson va Movarounnahrda tilga olgan.[5]
Poytaxti — Chimgi-Tura (hozirgi Tura) shahri 1428—46 yillarda Oʻzbek ulusiga Orol dengizining shim. qirgʻoqlaridan to Irtish daryosining oʻrta oqimlarigacha, sharqda Sarisu va Chu daryolaridan gʻarbda Yoyiq (Ural) daryosining soʻl sohillarigacha boʻlgan yerlar qaragan. Oʻzbek ulusi urugʻqabilachilik munosabatlari asosida barpo etilgan. 1431—46 yillarda Abulxayrxon Joʻjixon naslidan boʻlgan koʻpgina sultonlar (Iboqxon, Burka Sulton, Jonibek, Gerayxon, Mustafoxon)ning ayirmachilik harakatlariga barham berish uchun kurash olib borgan.
15-asrning 30-yillarida Oltin Oʻrda, Ok Oʻrda, Moʻʼuliston va Temuriylar saltanatida ichki nizolar kuchayib ketganidan foydalanib Abulxayrxon Oʻzbek ulusi tarkibiga hozirgi Markaziy va Sharqiy Qozogʻiston yerlarini, Sirdaryo boʻyidagi Sigʻnoq, Oqqoʻrgʻon, Arquq, Oʻzgan, Suzoq shahrilari va Xorazm viloyatini qoʻshib olgan (1431—35). 1447-yil Oʻzbek ulusining poytaxti Turadan Sigʻnoqqa koʻchirilgan. Natijada Oʻzbek ulusi temuriylarning yon qoʻshnisiga aylangan. Dehqonchilik va hunarmandchilik mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoj ularni har yili Movarounnahrga hujum qilishiga sabab boʻlgan. Shuningdek, Oʻzbek ulusi temuriylarning oʻzaro kurashlariga aralasha boshlagan. Mas, Abulxayrxon Abu Said mirzoning Samarqand taxtini egallashiga (1451) va Ulugʻbekning nabirasi Muhammad Joʻgiyning tojtaxt uchun kurashiga (1459—60) yordam bergan. Temuriylardan Sulton Husayn Boyqaro, Atouddavla, Manuchehr mirzolar Abulxayrxondan yordam soʻraganlar. Abulxayrxon vafoti (1468)dan soʻng Oʻzbek ulusi oʻzaro ichki nizolar natijasida inqirozga uchragan.
Abulxayrxon oʻrniga taxtga oʻtirgan oʻgʻli Haydarxon davrida Iboqxon, Burka Sulton, Jonibek, Gerayxon, mangʻit amirlaridan Yomgʻurchi va Muso Mirzolar Oltin Oʻrda xoni Ahmadxon bilan ittifoq tuzib, Haydarxonga qarshi kurash olib borib, gʻalabaga erishganlar. Haydarxon qatl etilgan. Iboqxon va uning ittifoqchilari Abulxayrxonning qarindoshurugʻlarini va tarafdorlarini qirgʻin qilishgan. Undan faqat Muhammad Shayboniyxon, uning ukasi Mahmud Sulton, Abulxayrxonning oʻgʻillari Suyunchxoʻjaxon va Koʻchkunchixon, Baxtiyor Sultonning oʻgʻli Mahdiy Sulton, Hamza Sulton va baʼzi beklargina qochib qutulgan, xolos.
Oʻzbek ulusi aholisi chorvachilik va dehqonchilik bilan shugʻullangan (qarang Dashti Qipchoq oʻzbeklari).
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.