YouTube platformasiga yuklangan ilk video From Wikipedia, the free encyclopedia
„Me at the zoo“ (tarjimasi „Men hayvonot bogʻidaman“) — YouTube platformasiga yuklangan ilk videorolik. Videorolik 2005-yil 23-aprel kuni yuklangan. 19 soniyali rolikda YouTube asoschilaridan biri, oʻsha paytda 25 yosh boʻlgan Jawed Karim Kaliforniyadagi San Diego hayvonot bogʻida ikkita fil oldida turgani va ularning uzun xartumiga eʼtibor qaratayotgani aks etgan. 2024-yil 31-avgust holatiga koʻra, video 332 milliondan ortiq marotaba tomosha qilingan. Ushbu videoni Karimning oʻrta maktabdagi doʻsti Yakov Lapitskiy tasvirga olgan.
„Me at the zoo“ | |
---|---|
Toʻliq video | |
Prodyuser(lar) | Jawed Karim |
Rollarda | Jawed Karim |
Kinematografiya | Yakov Lapitsky |
Chiqarilgan sanasi | 23-aprel, 2005-yil; 19 yil avval |
Davomiyligi | 19 soniya |
Mamlakat | AQSh |
Til | inglizcha |
Jurnalistlar „Me at the zoo“ roligini YouTubening havaskor kontentiga bir misol sifatida koʻrsatishadi. Bir nechta nashrlar uni veb sayt tarixidagi eng muhim rolik deb atagan. Karim YouTubening foyda olish uchun qiladigan harakatlarini tanqid qilish maqsadida bir necha bor video tavsifini tahrir qilgan.
2005-yil YouTube platformasiga PayPalning uch nafar sobiq xodimi – Chad Hurley, Steve Chen va Jawed Karim tomonidan asos solingan. Hurley Pensilvaniya universitetida dizayn, Karim va Chen esa Illinois Urbana-Champaign universitetida kompyuter fanlari boʻyicha tahsil olgan[1]. Super Bowl XXXVIII tanaffus shousidagi mojaro va 2004-yilda sodir boʻlgan Hind okeanidagi zilzila va sunamidan keyin ushbu platformani ishlab chiqish gʻoyasi kelgani aytilgan[2][3]. Karim ushbu voqealarga oid videolarni internetdan topa olmagan va shu sababli ham unda video almashish veb saytini yaratish gʻoyasi paydo boʻlgan[4].
„Me at the zoo“ platformaga 2005-yil 23-aprel kuni soat 20:27 da (UTC−08:00) yuklangan[5][6]. Videoda Karimning oʻzi va uning ortidagi ikki fil tasvirga olingan. 19 soniyali ushbu rolikda Karim fillarning xartumi uzunligi borasida soʻzlagan[7][8]. Video Yakov Lapitsky (Karimning maktabdosh doʻsti) tomonidan tasvirga olingan[9][10]. Unda Karim shunday deydi:
Yaxshi, biz fillarning oldidamiz va bu bolalar haqidagi eng ajoyib narsa shuki, ularda juda, juda, juda uzun, himm, xartumlar bor. Va bu, bu zoʻr. Va bu aytish mumkin boʻlgan deyarli hamma narsa[5].
— Jawed Karim, „Me at the zoo“
Bir qancha nashrlar bu video butun YouTubeni aks ettiradi, deb hisoblashgan. Business Insider veb sayti uni barcha davrlarning eng muhim YouTube videosi deb baholab, YouTubening ramzi ekanligini taʼkidlagan: „[…] bu ajoyib video boʻlishi shart emas, bu sodda boʻlishi mumkin. Birinchi YouTube videosi bu — har kim oʻzi yaratishi mumkin boʻlgan narsa“[11]. The New York Observer haftalik gazetasi ham uni YouTube tarixidagi eng muhim video deb baholab, „deyarli tarixiy artefakt“ deb atagan[12]. BuzzFeed News veb sayti uni barcha davrlarning eng muhim 20 ta onlayn videolari qatoriga kiritgan[13]. YouTubedagi ilk video boʻlganligi sababli ham birinchi YouTube vlogi sifatida ham taʼriflangan[14]. Shuningdek, The Observer gazetasi tomonidan video „past sifatli“ deya tanqid qilingan[15].
Tahlilchilar „Me at the zoo“ videosini YouTube tarixi uchun monumental deb hisoblagan. Aaron Duplantier oʻzining „Authenticity and How We Fake It: Belief and Subjectivity in Reality TV, Facebook and YouTube“ kitobida „Me at the zoo“ning „oddiy“ligi va „quruq estetika“si YouTubening oʻziga xos havaskor kontenti uchun namuna boʻlganini aytgan[16]. Los Angeles Times 2009-yilda „Me at the zoo“ medianing qabul qilinishida „asosiy rol oʻynagani“ va qisqa videolar uchun „oltin davrni“ yaratganini taʼkidlagan[17]. Digital Trends sayti videoni YouTubega yuklanadigan videolar uchun standartlarni belgilab beradigan video deb atagan[18]. Kinotanqidchi Peter Bradshaw tomonidan esa ushbu video 2000-yillarning asosiy relizlardan biri sifatida qayd etilgan[19].
Greg Jarboe oʻzining „YouTube and Video Marketing: An Hour a Day“ kitobida videoning „oddiy bir lahza“ning oʻz davrida „noodatiy“ tarzda aks ettirilganini taʼkidlagan, bu YouTube asoschisi Jawed Karimning YouTube qanday boʻlishi haqidagi tasavvurini anglatadi. Jarboening soʻzlariga koʻra, „Me at the zoo“ videosi YouTube platformasi faqat „maxsus lahzalarni videoga olish“ haqida emas, balki foydalanuvchilarni „kelajak teleboshlovchilari“ boʻlishiga yordam berish haqida ekanligini koʻrsatgan. Bu esa YouTubeni dunyoning eng mashhur onlayn video almashish hamjamiyatiga aylantirgan[20].
Karim YouTubening foyda olish uchun qiladigan harakatlarini tanqid qilish maqsadida video tavsifini bir necha bor tahrirlagan. YouTubeda izoh yozish uchun Google+ hisobi boʻlishi talab qilina boshlanganidan soʻng, Karim ushbu video tavsifini „Men bu yerda endi izoh yozolmayman, chunki menga Google+ hisobi kerak emas“ (I can't comment here anymore, since I don't want a Google+ account) deb tahrirlagan[21]. 2021-yil noyabrda YouTube videolarida „dislike“lar soni berkitilgan. Bu ishga javoban Karim video tavsifini mana bunga almashtirgan: „Har bir YouTuber „dislike“larni olib tashlash ahmoqona fikr deb hisoblasa, ehtimol bu haqiqatdir. Qayta urinib koʻr, YouTube🤦♂ (When every YouTuber agrees that removing dislikes is a stupid idea, it probably is. Try again, YouTube🤦♂️)[22][23][24]“. Bir necha kundan soʻng, video tavsifi YouTubening qarorini yanada kengroq tanqid qiluvchi matnga oʻzgartirilgan[23]. 2023-yilning 16-dekabrida video muqovasi MrBeast uslubidagi rasmga almashtirilgan. Rasmda Karimning koʻzlari yonib turgan, qoʻllari esa fillarga ishora qilgan holda edi. Oradan ikki hafta oʻtgach, muqova avvalgi holiga qaytarilgan[25].
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.