From Wikipedia, the free encyclopedia
Inson huquqlari himoyachisi – bu yakka tartibda yoki jamoa bilan birgalikda inson huquqlarini ilgari surish yoki himoya qilish uchun harakat qiluvchi shaxs. Ular jurnalistlar, ekologlar, maʼlumot tarqatuvchilar, kasaba uyushmalari aʼzolari, advokatlar, oʻqituvchilar, uy-joy targʻibotchilari, toʻgʻridan-toʻgʻri harakatlar ishtirokchilari yoki yakka tartibda faoliyat yurituvchi shaxslar boʻlishi mumkin. Inson huquqlari himoyachisi oʻz kasbining bir qismi sifatida yoki kasbdan tashqari ixtiyoriy ravishda huquqlarni himoya qilishlari mumkin. Kasbiy faoliyati yuzasidan harakat qiluvchi inson huquqlari himoyachilari (HRD) koʻpincha turli repressiyalarga, jumladan, tuhmat, kuzatuvlar, taʼqiblar, soxta ayblovlar, oʻzboshimchalik bilan hibsga olish, uyushmalar erkinligi huquqini cheklash, jismoniy hujum va hatto qotillikka ham duch kelishadi[1]. 2020-yil hisobiga koʻra jami 25 ta mamlakatda kamida 331 HRD oʻldirilgan. Xalqaro hamjamiyatlar va baʼzi milliy hukumatlar bunday zoʻravonlikka nisbatan turli xil himoya vositalari orqali javob berishga harakat qilishsa-da, HRDlarga nisbatan zoʻravonlik yildan-yilga oʻsishda davom etmoqda. Ayollar huquqlari himoyachilari va atrof-muhitni muhofaza qiluvchi inson huquqlari himoyachilari (koʻpincha mahalliy aholi) boshqa masalalarda ishlovchi huquq himoyachilariga qaraganda koʻproq repressiya va xavflarga duch kelishadi.
1998-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti inson huquqlari himoyachilari faoliyatini qonuniylashtirish va inson huquqlari faoliyatini himoya qilishni kengaytirish maqsadida Inson huquqlari himoyachilari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani eʼlon qildi. Ushbu deklaratsiya qabul qilinganidan soʻng ushbu sohada faoliyat olib boruvchi faollar soni sezilarli darajada ortdi va natijada HRD yorligʻi qabul qilindi. Bunday yorliqning qabul qilinishi, ayniqsa, professional inson huquqlari himoyachilari uchun juda foydali boʻldi.
Inson huquqlari himoyachisi atamasi xalqaro inson huquqlari hamjamiyatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan shaxslar, guruhlar va jamiyat organlarining umumeʼtirof etilgan inson huquqlari va asosiy erkinliklarini qoʻllab-quvvatlash hamda himoya qilish huquqi va masʼuliyati toʻgʻrisidagi deklaratsiya qabul qilinganidan keyin keng qoʻllanila boshlandi (A/RES/53/144, 1998-yil). Ushbu deklaratsiya Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi deb ataladi. Deklaratsiya qabul qilinishidan oldin inson huquqlarini himoya qilish bilan shugʻullanuvchi shaxslarga nisbatan faol, ishchi yoki monitor atamalari qoʻllangan[2]. Inson huquqlari himoyachilari toʻgʻrisidagi ushbu deklaratsiya inson huquqlari himoyachilariga juda katta mas’uliyat yuklaydi va uni targʻib qiluvchi yoki himoya qiluvchi har qanday shaxsni oʻz ichiga oladi[3][4]. HRDlar uchun berilgan bunday ulkan mas’uliyat inson huquqlarini himoya qilish dasturlarini qoʻllab-quvvatlashga intiluvchi manfaatdor tomonlar va donorlar uchun bir qator qiyinchiliklar hamda imtiyozlarni taqdim etadi[3].
2004-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar boshqarmasi inson huquqlari himoyachilari safini yanada kengaytirish va qoʻllab-quvvatlash uchun 29-faktlar varaqasini eʼlon qildi. Hujjatda aytilishicha, „inson huquqlari himoyachisi boʻlish uchun hech qanday malaka talab qilinmaydi“, ammo HRDlar uchun minimal standart inson huquqlarining universalligi va zoʻravonliksiz harakatni qabul qilish hisoblanadi[5].
Baʼzi tadqiqotchilar HRDlar duch keladigan xatarlarni yaxshiroq tushunib olish maqsadida inson huquqlari himoyachilarini bir necha toifalarga ajratishga harakat qilishdi. HRDlar professional va non-professional[6], shuningdek, ayollar huquqlari[7] yoki mahalliy aholining yer huquqlari kabi inson huquqlarini himoya qilish toifalariga koʻra turli guruhlarga ajratilgan[8].
Inson huquqlari himoyachisi sifatida oʻz-oʻzini identifikatsiya qilish, tashkil etilgan muassasalar, hukumatlar yoki NNTlar ichida faoliyat koʻrsatadigan professional inson huquqlari himoyachilari orasida koʻproq uchraydi. Ushbu tizimlardan tashqarida ishlovchi shaxslar, hatto ularning faoliyati BMTning Inson huquqlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyasida aniq belgilangan doiraga mansub boʻlsa ham, odatda, oʻzlarini huquq himoyachilari oʻrniga „faollar“, „rahbarlar“ yoki boshqa keng qamrovli huquq himoyachilari atamalari bilan tanishtiradilar. HRD identifikatoridan foydalanish inson huquqlari faollariga ularning ishini qonuniylashtirish va himoya choralari koʻrilishini osonlashtirishi mumkin[9]. HRD identifikatoridan foydalanish, shuningdek, eʼtiborni jamoa faoliyatiga emas, balki alohida shaxslarga qaratilishiga ham sabab boʻladi, bu esa ushbu shaxslarni yanada xavf ostiga qoʻyishi mumkin[10].
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi ayollar huquq himoyachilari uchun mavjud qoʻshimcha muammolarni belgilab oldilar va 29-noyabrni Xalqaro inson huquqlari himoyachilari kuni sifatida belgilab, gender nuqtai nazaridan bu borada ham kerakli ishlarni amalga oshirish zarurligini kelishib oldilar.
2013-yil 21-mart sanasida Inson huquqlari boʻyicha kengash tomonidan tasdiqlangan 22/6-rezolyutsiyada Inson huquqlari himoyachilari ayollar huquq himoyachilari duch keladigan tizimli, kamsitish va zoʻravonlik kabi tahdidlarni koʻrib chiqdilar va inson huquqlarini himoya qilish uchun xavfsiz va qulay muhit yaratishga qaratilgan saʼy-harakatlar yoʻlida ushbu mavjud muammolarni ham hal qilish lozimligini taʼkidlab oʻtishdi.
Inson huquqlari himoyachilari hukumat va yakka tartibda faoliyat yurituvchi shaxslar, jumladan, politsiya, harbiylar, mahalliy elitalar, xususiy xavfsizlik kuchlari, oʻng qanot guruhlar va koʻp millatli korporatsiyalar tomonidan qattiq repressiya va qasos olish holatlariga duchor boʻlishadi. Tahdidlar, oʻzboshimchalik bilan hibsga olish, taʼqib qilish, tuhmat qilish, ishdan boʻshatish, surgun qilish, bedarak gʻoyib boʻlish va qotilliklar shular jumlasidandir[11]. Ayollar huquqlari himoyachilari (WHRD) yoki madaniy gender meʼyorlariga eʼtiroz bildiruvchi HRDlar boshqa huquq himoyachilari bilan solishtirganda, chekka hududlardagi unchalik mashhur boʻlmagan ishchilarga nisbatan koʻproq xavfga duch kelishadi[11]. Atrof-muhit huquqlari, yer huquqlari va mahalliy aholi huquqlari masalalari bilan shugʻullanuvchi ekologik huquq himoyachilari (EHRD) ham boshqa HRDlarga qaraganda koʻproq tahdidlarga duchor boʻlishadi[12]. 2020-yilda dunyo miqyosida halok boʻlgan HRDlarning 69 foizi aynan yuqorida sanab oʻtilgan masalalar boʻyicha faoliyat koʻrsatuvchi huquq himoyachilari hisoblanadi[13].
2020-yilda Front Line Defenders tomonidan chop etilgan hisobotga koʻra, oʻsha yili 25 mamlakatda kamida 331 nafar huquq himoyachilari oʻldirilgan. Garchi tub aholi dunyo aholisining atigi 6 foizini tashkil qilsa-da, oʻldirilgan HRDlarning taxminan uchdan bir qismi mahalliy aholi boʻlgan. 2019-yilda esa 31 mamlakatda 304 nafar HRD oʻldirilgan edi[14]. Global Witness maʼlumotlariga koʻra, 2002-yildan 2019-yilga qadar 52 mamlakatda jami 1922 EHRDlarning joniga qasd qilingan. Keltirib oʻtilgan oʻlim holatlarining 80 foizi Lotin Amerikasida sodir etilgan. 2015 va 2019-yillar oraligʻida oʻldirilgan EHRDlarning taxminan uchdan bir qismi mahalliy aholi boʻlgan. Ushbu zoʻravonlik holatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq emas, shuningdek, oʻlim holati etib koʻrsatilgan zoʻravonliklarning bir qanchasi hibsga olish, surgun qilish, tuhmat va boshqa turdagi yuzlab repressiya holatlari boʻlishi ham mumkin[15].
Biznes va Inson Huquqlari Resurs Markazi[16] tomonidan olib borilgan tadqiqotlar 2017-yilda dunyo boʻylab inson huquqlari faollariga qarshi hujumlar 34 foizga oshganini bayon qildi. Raqamlar 120 nafar gumon qilingan qotillik, hujum, bezorilik va tahdidlar bilan bogʻliq yuzlab voqealarni oʻz ichiga oladi. 2017-yilda 388 ta hujum sodir etilgan boʻlsa, 2016-yilda hujumlar soni keyingi yilga qaraganda 98 marotaba kamroq sodir etilgan. Ushbu tadqiqot davomida agrobiznes, togʻ-kon sanoati va qayta tiklanuvchi energiya sektorlari (EHRD) bilan bogʻliq inson huquqlari himoyachilari boshqalarga qaraganda koʻproq xavf ostida ekanligini aniqlagan. Shuningdek, advokatlar va ekologik guruhlar aʼzolari ham kuchli xavf ostidagi shaxslar hisoblanishadi[17].
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1998-yil 9-dekabrda insonlar, guruhlar va jamiyat organlarining umumeʼtirof etilgan inson huquqlari va asosiy erkinliklarini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish huquqi va masʼuliyati toʻgʻrisidagi deklaratsiyasini (A/RES/53/144) qabul qildi va ushbu deklaratsiya Inson huquqlari umumiy deklaratsiyasi deb nomlandi. Ushbu deklaratsiya huquq himoyachilari[18] va inson huquqlari himoyachilarining shaxsiyati va faoliyatini qonuniylashtirish va belgilash, shuningdek, har bir insonning inson huquqlarini himoya qilish huquqi va mas’uliyatini belgilaydigan BMTning birinchi hujjati hisoblanadi.
Deklaratsiya qonuniy kuchga ega emas, lekin u inson huquqlari boʻyicha amaldagi shartnomalarda belgilangan huquqlarni ifodalaydi va huquq himoyachilari faoliyatini qonuniylashtirish va HRDlar himoyasini kengaytirish maqsadida qoʻllanadi. Deklaratsiyaga koʻra, inson huquqlari himoyachisi bu inson huquqlarini ilgari surish yoki himoya qiluvchi har qanday professional, non-professional, yakka, guruh yoki muassasaning bir qismi sifatida faoliyat koʻrsatuvchi shaxs hisoblanadi.
Deklaratsiya mavjud huquqlarni inson huquqlari himoyachilariga nisbatan qoʻllashni osonlashtiradi. Deklaratsiya bilan himoyalangan huquqlar, jumladan, inson huquqlari boʻyicha yangi gʻoyalarni ishlab chiqish, muhokama qilish va ularni qabul qilishni targʻib qilish, davlat organlari va idoralarini tanqid qilish hamda ularning faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish, inson huquqlarini himoya qilishda yuridik yordam, maslahat, odil sudlovlarni kuzatish, nodavlat va xalqaro tashkilotlarga toʻsiqsiz kirish va ular bilan muloqot qilish, inson huquqlarini himoya qilish maqsadida resurslardan foydalanish, shu jumladan, chet eldan mablagʻlar olish, soʻz erkinligi, uyushmalar va yigʻilishlar huquqlarini oʻz ichiga oladi.
Deklaratsiya davlatlar qoidalarga amal qilish va ularni hurmat qilish majburiyatiga ega ekanligidan dalolat beradi va ularga inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yurituvchi HRDlarni zoʻravonlik, qasos va qoʻrqitishlardan himoya qilish majburiyatini yuklaydi. Deklaratsiya, shuningdek, inson huquqlarini individual darajada va, ayniqsa, huquqni muhofaza qilish organlari, sudyalar kabi inson huquqlariga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan kasblarda faoliyat yuritadigan shaxslarni himoya qilish mas’uliyatini beradi[19].
Ayollar inson huquqlari himoyachilari (WHRD) bu inson huquqlarini himoya qiluvchi ayollar hamda ayollar huquqlari, gender va jinsiy aloqa bilan bogʻliq huquqlarni himoya qiluvchi barcha jins himoyachilari hisoblanadi. Ularning faoliyati va ular duch keladigan muammolar Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2013-yilda qabul qilingan rezolyutsiyasida eʼtirof etilgan boʻlib, unda ayollar inson huquqlari himoyachilarining alohida himoya qilinishi talab qilinadi.
Bu Ayollar Inson huquqlari himoyachilari xalqaro koalitsiyasining logotipi boʻlib, barcha uchun inson huquqlari bilan bogʻliq muammolarni bir joyga yigʻish va muhokama qilishni anglatadi.
Ayollar huquqlari himoyachisi oʻz jamiyati huquqlari uchun, shuningdek, qiynoqlarga qarshi kurashuvchi ayol huquq himoyachilari, LGBTQI huquqlari himoyachisi, seks-ishchilar huquqlari jamoasi yoki jinsiy va reproduktiv huquqlar uchun kurashayotgan erkak huquq himoyachilari boʻlishi mumkin.
Boshqa huquq himoyachilari singari ayol huquq himoyachilari ham inson huquqlarini amalga oshirishni talab qilganliklari uchun bir qancha hujumlar nishoniga aylanishlari mumkin. Ular oʻz jamoalarida kamsitilish, hujum, tahdid va zoʻravonlik kabi hujumlarga duch kelishadi. Ayollar huquq himoyachilari shaxsi va himoya qilish huquqlariga koʻra ham qoʻshimcha toʻsiqlarga uchrashadi. Yaʼni ular ayol jinsiga mansubliklari, shuningdek, LGBT boʻlganliklari uchun ham turli zoʻravonliklarni boshdan kechirashadi. Bundan tashqari, ular institutsional kamsitish va tengsizlik bilan bogʻliq boʻlgan qoʻshimcha toʻsiqlarga ham duch kelishadi, chunki ular patriarxal hokimiyat va ijtimoiy meʼyorlarga qarshi chiquvchi shaxslar deb hisoblaniladi. Ularga yetkaziladigan xavflar, asosan, jinsiy zoʻravonlik, seksist, misoginistik, gomofobik, transfobik tahdidlar, qoralash va stigmatizatsiya, shuningdek, resurslar va hokimiyatdan chetlatish kabi holatlardan iborat.
2006-yildan beri har yili 29-noyabr kuni Xalqaro xotin-qizlar inson huquqlari himoyachilari kuni nishonlanib kelinadi.
2017-yilda inson huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan targʻibot-tashviqot ishlari va shu yoʻnalishdagi faoliyati natijasida halok boʻlgan ayol huquq himoyachilari Xalqaro ayollar huquqlari himoyachilari kuni munosabati bilan taqdirlandi. Oʻldirilgan ayol huquq himoyachilari faoliyatlari davomida korrupsiya va adolatsizlikning boshqa shakllarini tanqid qilganlar, oʻz yerlarini hukumatlar va transmilliy korporatsiyalardan himoya qilganlar hamda lezbiyanlar, geylar va transgender shaxslarning huquqlarini himoya qilganlar[20].
Atrof-muhit boʻyicha inson huquqlari himoyachilari yoki oddiygina atrof-muhit himoyachilari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit boʻyicha dasturi tomonidan „yer va atrof-muhit huquqlari bilan bogʻliq keng koʻlamli faoliyatni amalga oshiradigan, shu jumladan, qazib olish sanoati, qurilish va rivojlanish loyihalari bilan bogʻliq masalalarda faoliyat koʻrsatuvchi himoyachilar“ deb taʼriflangan[21].
Atrof-muhit himoyachisi (yoki atrof-muhit boʻyicha inson huquqlari himoyachisi) atamasi inson huquqlari tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va ilmiy doiralar tomonidan yaqin yillar ichida foydalanila boshlandi. Ushbu atamaning paydo boʻlishi BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga borib taqaladi[22]. Biroq atrof-muhit himoyachilarining yondashuvi va roli 1980-yillarda ishlab chiqilgan ekologik adolat va kambagʻallar ekologiyasi kabi eski tushunchalar bilan ham chambarchas bogʻliq[22]. Garchi ushbu atamalarning kelib chiqish tarixi turlicha boʻlsa-da, ular yerga nisbatan madaniyatni qayta tiklash, chegaralangan hududda istiqomat qiluvchi odamlar uchun hududni qayta tiklash, yerosti resurslarini qazib olish, zaharli chiqindilarni tashlash kabi faoliyat turlarini himoya qilish ishlarini oʻzida jamlaydi[23][22]. 1998-yilgi BMT deklaratsiyasidan boshlab atrof-muhit himoyachilari atamasi global tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari tomonidan tobora koʻproq foydalanib kelinmoqda.
1998-yilda Inson huquqlari himoyachilari toʻgʻrisidagi deklaratsiya qabul qilingandan soʻng, ham xalqaro, ham mintaqaviy miqyosda HRDlarni himoya qilishni kuchaytirish va deklaratsiyada belgilangan rejalarni bajarishga hissa qoʻshish boʻyicha qator tashabbuslar amalga oshirildi. Shu nuqtai nazardan, quyidagi mexanizmlar va koʻrsatmalar ishlab chiqildi:
Elektron xaritalash elektron tarmoqlar, sunʼiy yoʻldosh tasvirlari va kuzatuvidan foydalangan holda yangi ishlab chiqilgan vosita hisoblanadi. Bularga misol tariqasida taktik xaritalash, inqiroz xaritasi va geo-xaritalashni keltirish mumkin. Taktik xaritalash, asosan, inson huquqlari buzilishini kuzatish va ularning amalga oshirilishi monitoringini vizualizatsiya qilish orqali kuzatilgan[29].
2017-yilda qrim-tatarlardan boʻlgan huquqshunos Emil Kurbedinov[30] xavf ostida boʻlgan frontdagi inson huquqlari himoyachilari uchun mukofotni qoʻlga kiritgan. Kurbedinov fuqarolik jamiyati jangarilari, yomon munosabatda boʻlgan qrim-tatarlari va ommaviy axborot vositalari xodimlarining ashaddiy himoyachisi boʻlgan. U faollar turar-joylarini tintuv qilish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda inson huquqlarining buzilishini hujjatlashtiradi. 2017-yilning yanvar oyida Qrim ekstremizmga qarshi kurash markazi[31] tomonidan Kurbedinov hibsga olingan va soʻroq qilish uchun Rossiya Federal xavfsizlik xizmati[32] mahalliy muassasasiga olib ketilgan. Muassasa Kurbedinovni terrorchi guruhlar va tashkilotlarga tashviqot ishlarini olib borishda aybdor deb topgan va unga 10 kunlik qamoq jazosi tayinlangan[33].
Har bir zamon va davrda qonunlarga boʻysunadigan shaxslar boʻlgan. SSSRda sovetlarga qarshi targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish, qayta qurish, oshkoralik harakatlarini amalga oshirgan shaxslarga nisbatan qamoq jazosi tayinlangan. Stalin vafotidan soʻng, baʼzi fuqarolar Nikita Xrushchyovning maʼruzasini[34] (KPSS XX Kongressi, 1956-yil) qabul qildi. Tom maʼnoda, ushbu maʼruza kishilarga oʻz huquqlari uchun kurashish, huquqlarini himoya qilishga undadi va bunday odamlar huquq himoyachilari va dissidentlar deb atala boshlandi[35].
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.