From Wikipedia, the free encyclopedia
„Encyclopædia Britannica“ (talaffuzi: Insayklopidiya britennika; lotincha „Britaniya ensiklopediyasi“ degani; inglizcha: „British Encyclopaedia“) — inglizcha universal ensiklopediya. „Encyclopædia Britannica“ Encyclopædia Britannica, Inc. kompaniyasiga tegishlidir. Ensiklopediya 100 ga yaqin muharrir tomonidan muntazam tahrirlanib va yangilanib turadi. Bundan tashqari, 4 000 dan oshiq ko'ngillilar hissa qoʻshib boradi. Bular orasida 110 Nobel mukofoti sovrindori va besh AQSh prezidenti ham bor. „Encyclopædia Britannica“ ingliz tilidagi eng ishonchli ilmiy ensiklopediyalardan biri hisoblanadi.[1] 2011-yildan beri faqat elektron ensiklopediya oʻlaroq chop etiladi.
Britannicaning logotipi | |
Asl nomi | Encyclopædia Britannica |
---|---|
Muallif(lar) | 4 441 hissa qoʻshuvchi |
Til | inglizcha |
Janr(lar)i | ensiklopediya |
Nashriyot | Encyclopædia Britannica, Inc. |
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi | 1768-2010 (bosma) |
Sahifalar soni | 32 640 (15-nashr, 2010) |
„Britannica“ bugungi kungacha muntazam chop etilib kelinayotgan eng eski inglizcha ensiklopediyadir. Birinchi marta „Encyclopædia Britannica“ 1768 - 1771-yillarda Edinburgda uch jildda chop etilgan. Vaqt oʻtishi bilan ensiklopediyaning hajmi oʻsdi: ikkinchi nashri 10 jildli boʻldi. Toʻrtinchi nashriga kelib (1801 - 1810) jildlar soni 20 taga yetdi. Ensiklopediyaning mavqei koʻtarilib bordi. „Britannica“ning 9- (1875 - 1889) va 11- (1911) nashrlari ilmiy hamda badiiy uslubi jihatdan ingliz adabiy tilining yuksak namunasi sifatida baholangan.
11-nashrga kelib „Britannica“ Amerika firmalari qoʻliga oʻtib ketdi. Natijada, Shimoliy Amerika bozoriga mos tarzda, ensiklopediyaning hajmi qisqartirildi, shuningdek, maqolalar soddalashtirildi. 1933-yili „Britannica“ga ensiklopediyalar tarixida birinchi marta muntazam tahrirlanish tartibi joriy etildi: har bir maqola belgilangan vaqtda yangilanib, butun ensiklopediya muntazam ravishda yangi nashrlarda chop etila boshlandi.
2012-yil martida Encyclopædia Britannica, Inc. ensiklopediyaning bosma nashri toʻxtatilganini eʼlon qildi. Buning oʻrniga endi „Britannica“ning onlayn nusxasi boʻlmish „Encyclopædia Britannica Online“ga eʼtibor qaratildi. „Britannica“ning oxirgi bosma nashri 2010-yil chiqqan 32 jildli nashridir.[2]
„Britannica“ning 15-nashri uch qismdan iborat: qisqa maqolalardan iborat 12 jildli „Micropædia“ (750 tadan kam soʻz), uzun maqolalar kiritilgan 19 jildli „Macropædia“ (2 sahifadan 310 sahifagacha) va bilimning qisqa iyerarxik tavsifini beruvchi bir jildli „Propædia“. „Micropædia“ biror faktni tezda koʻrib olish uchun moʻljallangan hamda „Macropædia“dan foydalanish uchun qoʻllanma vazifasini oʻtaydi; „Propædia“ berilgan mavzuning ilmdagi oʻrnini koʻrsatish uchun va yana boshqa shu mavzuda batafsil yozilgan maqolalarga yoʻnaltirish uchun moʻljallangan.
„Encyclopædia Britannica“ hajmi oxirgi 70 yilda deyarli bir xil boʻlib keldi: yarim million mavzuda deyarli 40 million soʻz. Ensiklopediya 1901-yildan beri AQSHda chop etilayotgan boʻlsa ham, „Britannica“da maqolalar ingliz tilining britan lahjasida nashr qilinmoqda.
Shu kungacha ensiklopediyaga egalik qilganlar bir necha bor oʻzgardi. Bular qatorida A & C Black, Horace Everett Hooper, Sears Roebuck va William Benton bor. Encyclopædia Britannica Inc. bugungi kunda Shveysariyalik milliarder aktyor Jacqui Safraga tegishlidir. Keyingi paytda axborot texnologiyalarida kuzatilgan oʻzgarishlar, Encyclopædia Britannica Ultimate Reference Suite, Encarta hamda Vikipediya kabi elektron ensiklopediyalarning paydo boʻlishi sabab bosma ensiklopediyalarga boʻlgan talab susaydi.[3] Bunga qarshi kurashish uchun Encyclopædia Britannica, Inc. oʻzining jiddiy ensiklopediya sifatida olgan obroʻsiga eʼtibor qaratib, narxini pasaytirish va elektron versiyalarni (CD-ROM, DVD, onlayn) tayyorlash kabi choralarni ko'rmoqda. O'tgan asrning 30-yillaridan beri kompaniya boshqa qoʻshimcha ensiklopedik loyihalarni ham yuritib kelyapti.[4]
„Britannica“ bugungacha 15 nashrda chiqarilgan. 3 hamda 5-nashrlari uchun koʻp jildli qoʻshimchalar tayyorlangan (quyida berilgan jadvalga qarang). 10-nashr 9-siga qoʻshimcha boʻlgan, xolos. 12 va 13-nashrlar boʻlsa 11-nashrga qoʻshimcha taaarzida chop qilingan. 1985-yilda 15-nashr keskin oʻzgartirilgan. Shunga qaramay, yangilangan hozirgi nashr 15-nashr deb aytiladi.
Yaratilganidan beri „Britannica“ ikki maqsadni koʻzlab kelmoqda: mukammal ensiklopediya boʻlish hamda taʼlim berish.[5] 1974-yil 15-nashrda yana bir maqsad qoʻshildi: insoniyatning jami bilimini tizimlashtirish.[6] „Britannica“ tarixini boshqarishdagi oʻzgarishlar yoki qayta ishlashlar boʻyicha besh davrga boʻlish mumkin.
Birinchi davrda (1 - 6-nashrlar, 1768 - 1826-yillar) „Britannica“ Colin Macfarquhar, Andrew Bell, Archibald Constable va boshqalar tomonidan boshqarilgan hamda chop etilgan. Britannica birinchi marta 1768 - 71-yillar orasida „Encyclopædia Britannica yoki yangi reja bilan toʻplangan sanʼat va ilm lugʻati“ (inglizcha: „Encyclopædia Britannica, or, A Dictionary of Arts and Sciences, compiled upon a New Plan“) nomi bilan Edinburgda chop etilgan. „Britannica“ning chop etilishiga qisman Denis Diderot Jean le Rond d'Alembert bilan birgalikda tayyorlagan fransuzcha „Encyclopédie“ (1751 - 1772-yillarda chop etilgan) ensiklopediyasi sabab boʻlgan. Britannica asosan shotlandcha hisoblangan. Ensiklopediya Shotland Uygʻonishidan qolgan meroslardan biridir.[7] Bu davrda „Britannica“ yosh muharrir William Smellie[8] tayyorlagan uch jildli toʻplamdan (1-nashr) bir necha muallif tomonidan yozilgan 20 jildli toʻplam darajasiga yetishgan.
Bu davrda bir necha boshqa raqib ensiklopediyalar boʻlgan. Bular orasida Abraham Reesning „Cyclopædia“si, Samuel Taylor Coleridgening „Encyclopaedia Metropolitana“si,[9] shuningdek, David Brewsterning „Edinburgh Encyclopaedia“si boʻlgan.
Ikkinchi davrda (7 - 9- nashrlar, 1827 - 1901-yillar) „Brittannica“ni Edinbrugda joylashgan A & C Black nashriyoti tayyorlagan. Baʼzi hissa qoʻshuvchilarni, masalan Macvey Napierni muharrirlar doʻstlari va tanishlari orasidan jalb qilishgan. Boshqa hissa qoʻshuvchilar esa „Britannica“ning obroʻsi tufayli jalb qilingan. Hissa qoʻshuvchilar koʻpincha boshqa mamlakatlardan borgan. Ular orasida dunyoga mashhur mutaxassislar ham boʻlgan. 7-nashrda birinchi marta har bir maqola kiritiladigan koʻrsatkich tayyorlangan. Bu odat 1974-yilgacha davom etgan. Birinchi angliyalik muharrir 9-nashrni tahrir qilgan Thomas Spencer Baynes boʻlgan. 9-nashr „Olimlar nashri“ deb ataladi va bu nashr eng ilmiy nashr hisoblanadi.[10][11] 1880-yildan keyin Baynesga William Robertson Smith yordam bergan. Bu yillardagi joriy nashrlarga tirik shaxslarning biografiyalari kiritilmagan. James Clerk Maxwell va Thomas Huxley ilmiy masalalar boʻyicha maxsus maslahatchilar boʻlishgan. Shunday boʻlsa ham, 19-asrning oxiriga kelib 9-nashr eskirgan hamda Britannica moddiy qiyinchiliklarga duchor boʻlgan.
Uchinchi davrda (10 - 14-nashrlar, 1901 - 1973-yillar) „Britannica“ni amerikalik ishbilarmonlar boshqarishgan. Ular toʻgʻridan-toʻgʻri sotish usullaridan foydalangan. Ensiklopediyani kattaroq bozorlarda sotish uchun amerikaliklar maqolalarni asta-sekin soddalashtirdi. 10-nashr 9 jildli boʻlib, 9-nashrga qoʻshimcha tarzida chop etilgan. 11-nashr butunlay yangilangan. Ushbu yangilangan nashr o'quvchilar tomonidan yaxshi baholangan. Horace Hooper bu nashrni iloji boricha mukammal qilish uchun kurashgan.[11]
Hooper moddiy qiyinchiliklarga uchraganidan keyin „Britannica“ni Sears Roebuck 18 yil davomida boshqardi (1920 - 1923, 1928 - 1943-yillar). 1932-yil Searsning vitse-prezidenti Elkan Harrison Powell prezidentlik lavozimiga ko'tarildi. 1936-yil u muntazam tahrir qilish uslubini amaliyotgaa tatbiqq etgan. Bundan avval yangi nashr chiqquncha maqolalar yangilanmas, baʼzan yangi nashr 25 yil o'tgach chiqarilardi.[4]
Powell „Britannica“ning obroʻsiga tayanib yangi taʼlim mahsulotlarini tayyorlagan. 1943-yil egalik huquqi William B. Bentonga oʻtgan, u 1973-yil vafotigacha boshqaruvchilik qilgan. U ensiklopediyaning asosiy ta'minoti bo'lgan "Benton Fondi"ga asos solgan. Bu fond „Britannica“ni 1996-yilgacha boshqargan. 1968-yil „Britannica“ oʻzining 200 yilligini nishonlagan.
Toʻrtinchi davrda (1974 - 1994-yillar) „Britannica“ning 15-nashri chiqdi. Bu nashr avvalgilaridan tubdan farq qilib, „Micropædia“, „Macropædia“ hamda „Propædia“ deb nomlangan uch qismga bo'lindi. Mortimer J. Adler rahbarligi ostida „Britannica“ni yaxshilash bilan birga, unda insoniyatning bor bilimini bir tizim ostida jamlashga harakat qilingan. Mortimer J. Adler 1949 - 1974-yillarda muharrirlar hay’ati aʼzosi boʻlgan. 1974-yildan shu hay’atning rahbarlik qilgan. 1965-yildan boshlab 15-nashrni rejalash boʻyicha direktor lavozimida ishlagan.[12] 15-nashr ilk chop etilganida alohida koʻrsatkichning yoʻqligi, maqolalarning parallel ensiklopediyalarda berilgani keskin tanqidga uchragan.[10][13] Bunga javoban nashr 1985-yil yana qaytadan iste'molga chiqarilishi uchun butunlay oʻzgartirilgan va koʻrsatkich qoʻshilgan. 15-nashrning bu ikkinchi versiyasi 2010-yilgacha tahrirlanib, chop qilindi. 15-nashrning rasmiy nomi „Yangi Encyclopædia Britannica“ (inglizcha: „New Encyclopædia Britannica“) boʻlsa-da, u „Britannica 3“ deb ham yuritiladi.[10]
Beshinchi davrda (1994-yildan hozirga qadar) „Britannica“ning elektron va onlayn nashrlari tayyorlandi. 1996-yil Jacqui Safra moddiy qiyinchiliklarga uchragan „Britannica“ni arzon bahoga sotib oldi. 1999-yil Encyclopædia Britannica, Inc. ikkiga boʻlindi. Bir qism shirkat nomini olib qoldi va bosma nashrni tayyorladi. Ikkinchi qism Britannica.com Inc. elektron versiyalarni ishlab chiqdi. 2001-yildan beri har ikki kompaniyaga ham Ilan Yeshua rahbarlik qilib kelmoqda. Powellga oʻxshab Yeshua ham yangi mahsulotlarni Britannica nomi bilan iste'molda qoldirishni qoʻllab-quvvatladi.
2012-yil martida prezident Jorge Cauz ensiklopediyaning bosma nashrlari boshqa chiqmasligini eʼlon qildi. 2010-yil chiqqan 15-nashr so'nggi bosma nashr boʻldi. Endi kompaniya barcha eʼtiborni onlayn nashrga qaratmoqda.[2][14]
„Britannica“ning global nashri 2010-yil chop etildi. Bu nashr 30 jild, 18 251 sahifadan iborat. Kichikroq jildlarda 8 500 surat, xarita, bayroq hamda tasvir berilgan. Nashrdagi 40 000 dan oshiq maqolalarni turli mamlakatlarda yashovchi mutaxassislar yozgan. Ular orasida Nobel mukofoti sovrindorlari ham bor. 15-nashrdan farqli oʻlaroq global nashr „Macro-“ va „Micropedia“ qismlariga boʻlinmagan. 14-gacha boʻlgan eski nashrlardagidek maqolalar alifbo tartibida berilgan. Global nashrning barcha nusxasi sotilgan hamda chop etish toʻxtatilgan.
Britannica 1788-yildan 1901-yilgacha Britaniya taxtidagi monarxga bagʻishlangan. Amerikalik hamkorlarga sotilgandan keyin Britaniya monarxi va AQSH prezidentiga bagʻishlangan.[10] 11-nashr George II, Hindiston imperatori va AQSH prezidenti William Howard Taftga bagʻishlangan."[15] Bagʻishlovlardagi ketma-ketlik AQSH - Britaniya kuchiga hamda sotuvga qarab oʻzgarib kelmoqda. 14-nashrning 1954-yilgi versiyasi AQSH prezidenti Dwight David Eisenhower va qirolicha Elizabeth II ga bagʻishlangan."[16] Shu udumga koʻra 15-nashrning 2007-yilgi versiyasi AQSH prezidenti George W. Bush va qirolicha Elizabeth II ga,[17] 15-nashrning 2010-yilgi versiyasi esa Qo'shma Shtatlar prezidenti Barack Obama hamda qirolicha Elizabeth IIga bagʻishlangan.[18]
3-nashrdan beri „Britannica“ga tanqidchilar yuqori baho berib kelyapti.[10][19][20] AQSHda 3- va 9-nashrlarning noqonuniy nusxalari tayyorlangan.[11] „Britannica“dagi maqolalar noqonuniy koʻchirilib tayyorlangan birinchi ensiklopediya „Dobson's Encyclopædia“dir.[21] 14-nashrdan keyin Time jurnali „Britannica“ni „kutubxona boshchisi“ deb nomlagan.[22] Bir reklamada William Beebening „Britannica“ni solishtirib boʻlmaydi, chunki unga mos raqib yoʻq" degan soʻzlari ishlatilgan.[23] „Britannica“ ingliz adabiyotida koʻp tilga olingan. Masalan, Arthur Conan Doylening Sherlok Xolms haqidagi „Mallalar uyushmasi“ hikoyasida. Bu hikoyani „Britannica“ning 200 yilligida Hilbert Inglefield tilga olgan.[24]
„Britannica“ bilimni umumlashtiruvchi ensiklopediya sifatida shuhrat qozongan.[25] Baʼzi odamlar bilimlarini chuqurlashtirish uchun „Britannica“ni boshdan-oyoq oʻqib chiqishga qaror qilishib, mutolaa uchun 3 yildan 22 yilgacha vaqt sarflashgan.[11] 1797-yil Fat′h Ali Shah Qajar shoh boʻlganida unga „Britannica“ning 3-nashri toʻplami berilgan va u ensiklopediyani boshidan oxirigacha oʻqib chiqqan. Bundan keyin shoh oʻzining rasmiy unvoniga "Eng Buyuk Shoh va Encyclopædia „Britannica“ning ustasi" nomini qoʻshgan.[24] Yozuvchi George Bernard Shaw ilmiy maqolalardan tashqari 9-nashrni butunlay oʻqib chiqqanini aytgan.[11] Richard Evelyn Byrd 1934-yil Janubiy Qutbga qilgan 5 oylik sayohati davomida „Britannica“ni oʻqish uchun olib olgan. Philip Beaver dengizda qilgan sayohati davomida „Britannica“ni oʻqigan.
Yaqinda boʻlsa Esquire jurnali muharriri Philip Beaver 2002-yilgi nashrni oʻqib chiqqan. Bu haqida 2004-yil chiqqan „Bilagʻon: Bir odamning dunyodagi eng aqlli odam boʻlish uchun qilgan kamtar intilishi“ (inglizcha: „The Know-It-All: One Man's Humble Quest to Become the Smartest Person in the World“) kitobida yozgan. Faqat ikkita inson „Britannica“ning ikki mustaqil nashrlarini oʻqib chiqqan: yozuvchi C. S. Forester[11] va ishbilarmon Amos Urban Shirk. Shirk 11- va 14-nashrlarni oʻqigan. 11-nashrni har kech uch soat oʻqigan va 4 yarim yil deganda oʻqishni bitirgan.[26] „Britannica“ning koʻp bosh muharrirlari kitobni boshdan-oyoq oʻqib chiqishgan, deb ishoniladi. Bular orasida William Smellie (1-nashr), William Robertson Smith (9-nash) va Walter Yust (14-nashr) bor.
Onlayn „Britannica“ 2005-yil „Eng yaxshi onlayn isteʼmolchi servisi“ deb topilib, Codie mukofotiga munosib ko'rildi.[27] Codie mukofoti har yili Software and Information Industry Association tashkiloti tomonidan eng yaxshi dasturlarga beriladi. 2006-yil „Britannica“ yana shu mukofotni oldi.[28] „Britannica“ning CD/DVD-ROM versiyasi Encyclopædia Britannica Ultimate Reference Suite 2004-yil Katta yutuq mukofoti (inglizcha: Distinguished Achievement Award) sovrindori boʻldi.[29] Shu versiya yana 2000, 2001 va 2002-yillarda ham Codie mukofotini oldi.[30][31] 2009-yil 15-iyulda 2 000 dan oshiq kishi mustaqil ovoz berib „Britannica“ni „Buyuk Britaniyadagi 10 eng yuqori brend“ roʻyxatiga qoʻshishdi.[32]
„Britannica“da mavzular „Propædia“dagi „Bilimning qisqacha sxemasi“ga qarab tanlanadi.[6] „Britannica“da jugʻrofiya („Macropædia“ning 26 %i), biografiya (14 %), biologiya va tibbiyot (11 %), adabiyot (7 %), fizika va astronomiya (6 %), din (5 %), sanʼat (4 %), gʻarb falsafasi (4 %) va huquqshunoslik (3 %) haqida maqolalar yozilgan.[10] Bir izlanishga koʻra „Micropædia“da geografiya boʻyicha maqolalar 25 % ni, ilm boʻyicha — 18 % ni, ijtimoiy fanlar boʻyicha — 17 % ni, biografiyalar — 17 % ni, boshqa gumanitar fanlar boʻyicha maqolalar qolgan 25 % ni tashkil qiladi.[19] 1992-yilda taqrizchilaran biri: "Mavzularning koʻlami, chuqurligi hamda universalligi boʻyicha „Britannica“ga teng keladigan ensiklopediya yoʻq, " — deb yozgan.[33]
„Britannica“da maqolalar bir xil teranlikda yoritilmagan. Masalan, Buddizm va boshqa koʻplab dinlar „Macropædia“da bitta maqolada berilgan. Xristian dini boʻyicha 14 maqola kiritilgan, bu din haqidagi barcha maqolalarning yarmini tashkil qiladi.[34] Shunday boʻlsa ham, „Britannica“ni gʻarbda oʻquvchilarga taklif qilinadigan eng betaraf ensiklopediya deb baholashgan.[10] Yana barcha davrda yashagan ayollar haqida yozilgan biografiyalar ham olqishlanadi.[19]
„Britannica“ning 15-nashri gʻarbga xos boʻlmagan madaniy, ijtimoiy va ilmiy rivojlanishlarga boshqa har qanaqa hozirda mavjud inglizcha ensiklopediyadan koʻproq eʼtibor beradi, deb qoʻrqmasdan aytish mumkin.
— Kenneth Kister, „Kisterning eng yaxshi ensiklopediyalari” (inglizcha: „Kister’s Best Encyclopedias“) (1994)
„Britannica“ muharrirlarining ishi koʻpincha tanqid qilinadi. Hajmi deyarli oʻzgarmagani sababli ensiklopediyada baʼzi maqolalarga joy ajratish uchun boshqalarini qisqartirish yoki olib tashlashga toʻgʻri kelgan. Bu koʻpgina muammolarni yuzaga keltirgan. 15-nashr birinchi chiqqanida (1974-1985) bolalar adabiyoti, Joachim du Bellay, harbiy unvonlar haqidagi maqolalar qisqartirilgani va nashrdan tushirilgani qoralangandi. Bundan tashqari, yapon biografiyalarini notekis taxlash kabi xatolarga yoʻl qoʻyilgani aytilgan.[35] Koʻrsatkich qo'yish tartibining bekor qilingani, maqolalarning „Micropædia“ va „Macropædia“ boʻlimlariga boʻlingani ham qattiq tanqid ostiga olingandi.[10][13] Bir tanqidchi ilk 15-nashr haqida: "Maʼlumot saqlashdan koʻra tuzilishini oʻzgartirishga intiluvchi muvaffaqiyatsizlik, " — deb yozgan.[35] American Library Association xodimlari 1992-yilgi „Macropædia“dan koʻpgina taʼlim boʻyicha va psixologiyaga doir maqola olib tashlanganini bilib, hayratda qolishgan.[36]
„Britannica“ koʻpincha hissa qoʻshuvchi tanlashda adashadi. Bunga muhim misol 3-nashrning (1788 - 1797) bosh muharriri George Gleig Isaac Newtonning gravitatsiya teoriyasini qabul qilmagani hamda ""22gravitatsiyaning sababi odatiy olov elementidir" deb yozganidir.[11] Shunday boʻlsa ham, „Britannnica“ hissiy va e'tiqodlar bilan bogʻliq mavzularga ilmiy yondashib kelyapti. Masalan, 9-nashrda William Robertson Smithning din haqidagi maqolalarida shunday yo'l tutilgan. Xususan, Smithning Bibliya tarixiy xatolarga egaligi haqidagi maqolalariga (1875) ilmiy yondashilgan.[11]
Muharrirlar tanqid qilinganiga yana boshqa bir misol Britannica muharrirlar hay’ati aʼzosi Wendy Donigerning[37] Hinduizmga bergan salbiy taʼrifidir.[38][39] „Britannica“da Hinduizm haqidagi maqolalari, umuman olganda, doimiy tanqidga uchrab kelmoqda.[40]
„Britannica“ni nashrlar eskirgan sari tanqid qilishadi. Ensiklopediyaning yangi nashrini chiqarish juda qimmat boʻlgani uchun muharrirlar navbatdagi nashrni iloji boricha choʻzishgan (odatda 25 yilgacha).[4] Masalan, muntazam yangilash metodiga qaramasdan 14-nashr 35 yildan soʻng (1929 - 1964) eskirib qoldi. 1964-yil Amerikalik fizik Harvey Einbinder oʻzining „Britannica mifi“[41] (inglizcha: „The Myth of the Britannica“) kitobida ensiklopediyani tanqid qilganidan keyin „Britannica“ ishchilari yangi nashr ustida ishlay boshlashgan hamda bunga 10 yil sarflashgan.[10] Bir tanqidchi „Eskirgan yoki tahrir qilinishi kerak boʻlgan maqola topish qiyin emas“,- deb yozgan. Unga koʻra, „Macropædia“dagi uzun maqolalar „Micropædia“dagi qisqa maqolalarga qaraganda koʻproq eskiradi.[10] „Micropædia“da berilgan maʼlumot baʼzan „Macropædia“ga toʻgʻri kelmaydi, chunki ikkovidan biri yangilanmay qolgan boʻlishi mumkin.[19][20] „Macropædia“dagi biografiyalar maqolalardan koʻra koʻproq eskirishi tanqid nishoni bo'lib keladi.[10][19][20]
2010-yil Irlandiya Bilim va fan boʻlimi „Britannica“ning onlayn versiyasiga haq toʻlash haqida qaror chiqardi. Shundan so'ng „Britannica“da irland grajdanlar urushi haqidagi maqoladagi xatolik payqaldi. Mamlakatdagi ommaviy axborot vositalarida bu xatolik keng muhokama qilindi.[42][43]
„Britannica“ning bosh muharriri George Gleig 3-nashr haqida „Bunday rejaga asoslangan va bunchalik har xil mavzularni qamragan ishda kamolotga erishish mushkul“, - deb yozgan.[44] 2006-yil martda „Britannica“ xodimlari „Biz "Britannica" xatosiz demoqchi emasmiz, zero biz hech qachon bunday demaganmiz ham“,- deb yozishgan.[45] Birinchi muharrir William Smellie ham shunday ruhda yozgan:
Xatolar, ular aqliy, tipografik yoki tasodifiy boʻladimi, biz ularni har qanaqa tanqidchidan koʻproq bila olamiz. Bu qadar katta ishni qilinganida tug'iladigan qiyinchiliklarni bilgan odam xatoga keraklicha oʻrin qoldiradi. Biz shunday insonlar bergan bahodan qoniqamiz.
— William Smellie, „Encyclopædia Britannica“ning 1-nashri uchun yozilgan kirish soʻzdan
Ammo, Encyclopædia Britannica Inc.ning prezidenti Jorge Cauz boshqacha fikrda. 2012-yil Cauz bunday dedi: "„Britannica“ […] doim fakt jihatdan toʻgʻri boʻladi."[2]
„Britannica“ universal ensiklopediya boʻlgani sababli maxsus ensiklopediyalar bilan raqobat qilmaydi. „Matematika ensiklopediyasi“, „Oʻrta asrlar ensiklopediyasi“ kabi ensiklopediyalarda tanlangan mavzular haqida yozish uchun joy koʻproq. „Britannica“ning ilk raqibi „Ephraim Chambers“ universal ensiklopediyasi boʻlgan. Keyin „Rees's Cyclopædia“ va „Encyclopaedia Metropolitana“ kabi raqiblar chiqqan. XX asrdagi raqiblar qatoriga „Collier's Encyclopedia“, „Encyclopedia Americana“ va „World Book Encyclopedia“larini kiritish mumkin. Shunday boʻlsa ham, 9-nashrdan boshlab „Britannica“ inglizcha universal ensiklopediyalar orasida eng sarasi hisoblanib kelinadi.[25] Bunga sabab maqolalarning keng koʻlami ekani hamda atoqli mualliflarning koʻpligi boʻldi.[10][19] „Britannica“ning bosma nashri raqobatdosh ensiklopediyalardan ancha qimmat boʻlgan.[10][19]
1990-yillardan beri „Britannica“ elektron manbalardan yangi raqobatda duchor boʻlib kelyapti. Hozirda insonlar uchun internet maʼlumot manbasiga aylandi. Qidiruv saytlari orqali unda osonlikcha ishonchli manbalar yoki mutaxassislardan maʼlumot olish mumkin. Google Book Search, MIT OpenCourseWare va PubMed Central kabi loyihalar internetda maʼlumot topishni osonlashtirdi.[46][47] Umuman olganda, ijtimoiy tarmoqlarda bosma manbalardan koʻra maʼlumot tezroq yangilanadi. Sababi internetda maʼlumotni yangilash juda oson.[48] Ilm, texnologiya, siyosat, madaniyat hamda hozirgi tarix kabi sohalarda boʻlayotgan oʻzgarishlarni vaqtida yoritib turish „Britannica“ uchun muammo boʻlib kelyapti. Bu haqida ilk bor muharrir Walter Yust batafsil yozgan.[16] „Britannica“ hozir multimedia manbalarda va internetda taklif qilinayotgan boʻlsa-da,Vikipediya kabi ensiklopediyalar unga yetarlicha raqobat yaratmoqda.[2]
„Encyclopædia Britannica“ni sifat va son jihatda boshqa bosma ensiklopediyalar bilan bemalol solishtirish mumkin.[10][19][20] Kenneth Kister „Britannica“ni „Collier's Encyclopedia“ hamda „Encyclopedia Americana“ga solishtirgan.[10] Son jihatdan solishtirish uchun 10 ta tasodifiy maqola tanlangan: sunnat qilish, Charles Drew, Galileo Galiley, Philip Glass, yurak xastaligi, IQ, panda, seksual shilqimlik, plashanitsa va Oʻzbekiston (inglizcha: circumcision, Charles Drew, Galileo, Philip Glass, heart disease, IQ, panda bear, sexual harassment, Shroud of Turin, Uzbekistan). Toʻrtta kategoriyada A dan D gacha yoki F (failed - muvaffaqiyatsizlik) baholari berilgan. Bu kategoriyalar maqolalarning qamrovini, aniqligini, yetarliligini hamda zamonga mosligini oʻlchagan.
Uchala ensiklopediya toʻrtala kategoriya boʻyicha B− dan B+ gacha baho olgan. Bunga asosiy sabab 1994-yil birorta ensiklopediyada ham seksual shilqimlik haqida maqola boʻlmagan. Aniqlik kategoriyasida „Britannica“ga bitta „D“ va yettita „A“ berilgan. „Encyclopedia Americana“ sakkizta „A“ olgan. „Collier’s“ ham "Britannica" bilan bir xil natija qayd etgan. Yaʼni „Britannica“ va „Collier’s“ aniqlik uchun 92 %, "Americana“ 95 %, baho olgan. 1994-yilgi „Britannica“ Charles Drew haqidagi maqolasida anchadan beri notoʻgʻri deb topilgan maʼlumotni bergani uchun qoralangandi. Zamonga moslik kategoriyasida „Birannica“ga 86 %, „Americana“ga 90 % va „Collier’s“ga 85 % oʻrtacha baho berilgan. Uchala ensiklopediyani yana solishtirib Kister „Collier’s Encyclopedia“sini eng yaxshi deb tavsiya qilgan. Bunga asosiy sabab qilib u ensiklopediyaning yozish uslubi, maʼlumotni yoritishi va yaxshi yoʻnaltirishlarni koʻrsatgan. „Collier’s“ 1998-yildan beri chiqmaydi. „Encyclopedia Americana“ oxirgi marta 2006-yil chop etilgan. „Britannica“ bosma nashrini 2012-yil toʻxtatdi.
CD/DVD-ROM ensiklopediyalardan „Britannica“ uchun eng muhim raqib Microsoft kompaniyasining „Encarta“ multimediaviy ensiklopediyasi boʻlgan.[49] „Encarta“ hozirda chiqmaydi. „Encarta“da uch bosma ensiklopediya birlashtirilgan: „Funk & Wagnalls“, „Collier's Encyclopedia“ va „New Merit Scholar's Encyclopedia“. „Encarta“ AQSHda 2000-yil yanvardan 2006-yil fevralgacha boʻlgan savdo boʻyicha eng bozori chaqqon multimediaviy ensiklopediya boʻlgan.[50] „Encarta Encyclopedia“ va „Encyclopædia Britannica Ultimate Reference Suite“ deyarli bir xil narxda sotilgan. „2007 Encyclopædia Britannica Ultimate“ning CD yoki DVD nusxasi $50 ga,[51] „Microsoft Encarta Premium 2007“ DVD boʻlsa $45 ga sotilgan.[52]
„Britannica“ CD/DVDda 100,000 maqola va „Merriam-Webster’s Dictionary and Thesaurus“ bor (faqat AQSHda). Boshlangʻich hamda oʻrta maktab uchun alohida nashrlari mavjud.[51] „Encarta“ esa 66,000 maqola, qulay vizual brauzer, interaktiv xaritalar, matematika, til va uy vazifalari uchun asboblar, lugʻatlar hamda bolalar uchun nashrni o'z ichiga oladi.[52] „Encarta“ ham, „Britannica“ ham asosan AQSHdagilar uchun moʻljallangani tanqid qilingan. Britaniya haqidagi maqolalar kamroq yangilangan, AQSH xaritalari boshqa mamlakatlarnikiga qaraganda batafsilroq boʻlgan va Britaniya lugʻati boʻlmagan.[49] Ikkala ensiklopediyani ham onlayn koʻrish uchun pul toʻlab obuna boʻlish kerak boʻlgan. Shunday boʻlsa ham, baʼzi materiallarni bepul koʻrish imkoni mavjud.[53]
„Britannica“ga onlayn alternativ ensiklopediya Vikipediya ochiq ensiklopediyasidir. Ikki ensiklopediya orasidagi muhim farq mualliflikdadir. Macropædiadagi 699 maqolani maʼlum odamlar yozadi. Micropædiadagi 65,000 atrofidagi maqolani muharrirlar va maʼlum tashqaridan kelgan mualliflar tayyorlaydi. „Britannica“da mualliflar nomi maʼlumdir. Yoki nomlar maʼlum boʻlmasa muharrirlar yozgan, deb bilish mumkin. Muharrirlardan tashqari, „Britannica“ga hissa qoʻshuvchilar oʻz sohasi boʻyicha mutaxassislardir. Hissa qoʻshuvchilar orasida Nobel mukofoti sovrindorlari bor.[54] Vikipediyada boʻlsa maqolalar turli xil tajribaga ega odamlar tomonidan yoziladi. Koʻp vikipediyachilar tajribalari bor, deb hisoblanmaydi. Tajribalilar boʻlsa ham ularning ismi nomaʼlum boʻlishi mumkin, ularning kimligini aniqlashning iloji boʻlmasligi mumkin. „Britannica“dan maosh oluvchi Robert McHenry Vikipediya „Britannica“ga aniqlik boʻyicha teng kela olmaydi, degan.[55]
Ikkinchi farq maqolalardagi oʻzgarishlarning tezligidir. „Britannica“ning bosma nashri bir necha yilda bir yangi chiqqan. Vikipediyaning maqolalari boʻlsa tez-tez yangilanadi. "Britannica"ning onlayn nusxasi boʻlsa tezroq yangilanadi. Vikipediyaga oʻxshab hozirda onlayn „Britannica“ni tahrirlash mumkin. Ammo tahrir qilganda ismni koʻrsatish kerak va oʻzgarishlar mutaxassislar tekshirib maʼqullashgandan keyingina saytda koʻrinadi.
2005-yil Nature jurnali ikkala saytdan ham har xil mavzuda maqola olib ularni tegishli sohadagi ekspertlarga yuborgan. Mutaxassislar soʻngra maqolalarni yonma-yon solishtirishgan. Ammo ularga qaysi maqola qayerdan olingani aytilmagan. Nature jurnali 42 ta taqriz olgan.
Yakunida jurnal faqatgina sakkizta jiddiy xato topgan (masalan, muhim tushunchani notoʻgʻri anglash): ikkala saytdan toʻrttadan. Yana koʻpgina notoʻgʻri faktlar, qoldirib ketishlar va tushunarsiz gaplar topilgan: Vikipediyada 162 ta, „Britanica“da 123 ta. Bu degani Vikipediyada oʻrtacha har bir maqola uchun 3.86 ta, „Britannica“da oʻrtacha 2.92 ta shunday xato kuzatilgan.[56]
Encyclopædia Britannica, Inc. 20 betli batafsil raddiyasida Nature jurnalining izlanishini kamchiliklarga boy va notoʻgʻri deb aytgan[45] hamda tezlik bilan xato deb topilgan ishlaridan voz kechishga chaqirgan. Izlanishda qarab chiqilgan ikki maqola „Britannica“dan emas, balkim Yilnomadan, yana ikki maqola „Comptonʼs Encyclopedia“dan (kompaniya saytida „Britannica Student Encyclopedia“ deb ataladi) olingan deb aytilgan raddiyada. Norozilik xatida yana taqrizchilarga berilgan baʼzi maqolalar bir necha maqolaning birlashtirilgani boʻlgani, qolganlari boʻlsa shunchaki parchalar ekanligi yozilgan. Kompaniya yana "Nature" xato deb topgan baʼzi narsalar yozishning har xil variantlari ekanligini, qolganlari boʻlsa anglashilmovchilik sabab yuzaga kelganini aytgan.
Nature jurnali oʻzining soʻzidan qaytmagan. Jurnal Vikipediya bilan „Britannica“ning onlayn versiyasini solishtirgani uchun „Britannica“ning saytda qanday maʼlumot bor boʻlsa, oʻshani ishlatganini aytgan.[57]
„Britannica“ning direktori 2009-yil intervyu berib, bunday degan:
Vikipediya qiziqarli sayt va u yerda juda qiziq maʼlumot bor. Ammo ularning metodi „Britannica“ga toʻgʻri kelmaydi. Mening vazifam odamlar ongida nashriyotga boʻlgan boshqacha qarashimiz haqida fikr tugʻdirishdan iborat. Ular iskana, biz drel va ishni qilish uchun sizda toʻgʻri asbob boʻlishi kerak.[58]
Nashr/qoʻshimcha | Chop etilgan yillar | Hajm | Sotuv | Bosh muharrir(lar) | Izoh |
---|---|---|---|---|---|
1- | 1768-1771 | 3 jild, 2,670 sahifa, 160 alohida tirkalgan tasvir | 3,000 | William Smellie | Asosan Smellie yolgʻiz oʻzi tayyorlagan; 3,000 toʻplam sotilgan; 30 maqola uch sahifadan uzun boʻlgan |
2- | 1777-1784 | 10 jild, 8,595 sahifa, 340 tasvir | 1,500[11] | James Tytler | Asosan Tytler yolgʻiz oʻzi tayyorlagan; 150 uzun maqola; sahifalarni nomerlashda xatolar; barcha xarita „Geografiya“ maqolasida; 1,500 toʻplam sotilgan[11] |
3- | 1788-1797 | 18 jild, 14,579 sahifa, 542 tasvir | 10,000 yoki 13,000 | Colin Macfarquhar va George Gleig | Sotilgan 10,000 nusxadan £42,000 foyda tushgan; monarxga birinchi bagʻishlash; Dublinda Moore, Philadelphiada Thomas Dobson noqonuniy nusxalarni tayyorlagan |
3-nashrga qoʻshimcha | 1801, 1803-yil qayta ishlangan | 2 jild, 1,624 sahifa, 50 tasvir | George Gleig | Mualliflik huquqi Thomas Bonarga tegishli | |
4- | 1801-1810 | 20 jild, 16,033 sahifa, 581 tasvir | 4,000 | James Millar | Mualliflarga birinchi marta mualliflik huquqini olib qolishga ruxsat berilgan; mualliflik huquqi bilan bogʻliq muammolar sabab 3-nashrga qoʻshimcha qilib tayyorlangan jildda berilgan material kirgizilmagan. |
5- | 1815-1817 | 20 jild, 16,017 sahifa, 582 tasvir | James Millar | 4-nashrning qayta chop etilgani; Millar va Andrew Bellning vorislari moddiy yoʻqotishlarni boshdan kechirishgan; EB huquqlari Archibald Constablega sotilgan | |
5-nashrga qoʻshimcha | 1816-1824 | 6 jild, 4,933 sahifa, 125 tasvir1 | 10,500[11] | Macvey Napier | Ser Humphry Davy, Sir Walter Scott, Malthus kabi mashhur hissa qoʻshuvchilar ishga olingan |
6- | 1820-1823 | 20 jild | Charles Maclaren | 4- va 5-nashrning yangi font bilan qayta chop etilgani; 1826-yil 19-yanvarda Archibald Constable bankrot boʻlgan; EB huquqlarini Adam Black olgan | |
7- | 1830-1842 | 21 jild, 17,101 sahifa, 506 tasvir, 187 betli koʻrsatkich | 5,000[11] | Macvey Napier, James Browne, LLD yordam bergan | Mashhur hissa qoʻshuvchilar soni oshgan: Ser David Brewster, Thomas de Quincey, Antonio Panizzi; 5,000 toʻplam sotilgan[11] |
8- | 1853-1860 | 21 jild, 17,957 sahifa, 402 tasvir; 1861-yil chop etilgan 239 betli koʻrsatkich2 | 8,000 | Thomas Stewart Traill | Koʻp uzun maqolalar 7-nashrdan olingan; 344 hissa qoʻshuvchi, shu jumladan William Thomson; Amerikada ruxsat olib Little, Brown Boston shahrida chop etishgan; hammasi boʻlib 8,000 toʻplam sotilgan |
9- | 1875-1889 | 24 jild, 25-jild deb nomlangan 499 betli koʻrsatkich | 55,000 rasmiy va 500 000 noqonuniy toʻplam | Thomas Spencer Baynes (1875-80); keyin W. Robertson Smith | 8-nashrdan material olingan, lekin asosan yangi ish; ilmning yuqori darajasi; Britannica tomonidan 10,000 toʻplam sotilgan va Little, Brown Boston shahrida, Schribners' Sons Nyu-York shahrida 45,000 nusxa chop etishgan; lekin AQSHda juda koʻp noqonuniy nusxasi tayyorlangan (500,000 toʻplam).3 |
10-, 9-nashrga qoʻshimcha |
1902-1903 | 11 jild, 9-nashrning 24 jildi4 | Londonda Ser Donald Mackenzie Wallace va Hugh Chisholm; Nyu-Yorkda Arthur T. Hadley va Franklin Henry Hooper | 1901-yil 9-mayda Amerikalik sheriklar EB huquqlarini sotib olishgan; qizgʻin sotish usullari | |
11- | 1910-1911 | 28 jild, 29-jild deb nomlangan koʻrsatkich | 1,000,000 | Londonda Hugh Chisholm, Nyu-Yorkda Franklin Henry Hooper | Ilmda yana bir yuqori choʻqqi; 9-nashrdagidan koʻp maqola, ammo qisqaroq va soddaroq; ega Horace Everett Hooper uchun moddiy muammolar; 1920-yil egalik huquqlari Sears Roebuckga sotilgan |
12-, 11-nashrga qoʻshimcha |
1921-1922 | oʻz koʻrsatkichi bilan 3 jild, 11-nashrning 29 jildi5 | Londonda Hugh Chisholm, Nyu-Yorkda Franklin Henry Hooper | Dunyoning Birinchi Jahon Urushidan avval, davomida va undan keyingi ahvoli haqida maʼlumot | |
13-, 11-nashrga qoʻshimcha |
1926 | oʻz koʻrsatkichi bilan 3 jild, 11-nashrning 29 jildi6 | Londonda James Louis Garvin, Nyu-Yorkda Franklin Henry Hooper | 12-nashr jildlari almashtirilgan; 1910—1926-yillardagi voqealar yaxshiroq qarash bilan yozilgan | |
14- | 1929-1933 | 24 jild 7 | Londonda James Louis Garvin, Nyu-Yorkda Franklin Henry Hooper | Buyuk Depressiya boshlanishidan avval chop etish moddiy jihatdan fojeali boʻlgan | |
qayta ishlangan 14- | 1933-1973 | 24 jild 7 | 1938-yilgacha Franklin Henry Hooper; keyin Walter Yust, Harry Ashmore, Warren E. Preece, William Haley | 1936-yil muntazam yangilash kirgizilgan: har bir maqola har oʻn yillikda hech boʻlmasa ikki marta yangilana boshlagan | |
15- | 1974-1984 | 30 jild 8 | Warren E. Preece, keyin Philip W. Goetz | Uch qismli tuzilish kirgizilgan; maqolalar Micropædia va Macropædia qilib boʻlingan; Propædia boʻlsa bilimning qisqacha tavsifini bergan; alohida koʻrsatkich yoʻq qilingan | |
1985-2010 | 32 jild 9 | Philip W. Goetz, keyin Robert McHenry, hozirda Dale Hoiberg | Ikki jildli koʻrsatkich tiklangan; Micropædia va Macropædia maqolalari birlashtirilgan; umuman olganda ozgina uzunroq; har bir necha yilda yangi nashr chiqarilgan; oxirgi bosmadan chiqqan nashr |
Nashrlar haqida izohlar
1 Encyclopædia „Britannica“ning 4-,5- va 6- nashrlariga qoʻshimcha. Ilmlar tarixi haqida maʼruzalar bilan. 2 7-nashrdan 14-nashrgacha alohida koʻrsatkich tayyorlangan. 3 9-nashrga oʻsha paytda mashhur boʻlgan olimlar hissa qoʻshishgan. Masalan, elektr toki va magnetizm haqida James Maxwell, issiqlik haqida William Thomson maqola yozishgan. 4 10-nashrda xaritalar uchun alohida jild boʻlgan, 9- va 10- nashr jildlarini umumlashtiruvchi koʻrsatkich ham boʻlgan 5 30-32-jildlar… 11-nashrning 21 jildi bilan birga 12-nashrni tashkil qiladi 6 Bu qoʻshimcha oldingi qoʻshimchaning oʻrnini olgan. 7 Yangilanib turgan birinchi nashr. Odatda bir yilda bir tahrir qilingan. 8 15-nashr („Britannica 3“ deb nomlangan) uch qismdan iborat: qisqa maqolalardan iborat 10 jildli Micropædia, 19 jildli Macropædia va Propædia. 1985-yil Micro- va Macropædialar 12 va 17 jildli qilib oʻzgartirilgan. 9 1985-yil ikki jildli koʻrsatkich kirgizilgan; Macropædia maqolalar ozroq, kattaroq maqolalarga qoʻshilgan, oʻrtacha kattalikdagi maqolalar Micropædiaga koʻchirilgan. Birinchi CD-ROM versiya 1994-yil chiqarilgan. Oʻsha paytda toʻlaganlar uchun onlayn nusxa ham taklif qilingan. 1999-yil bu bepul qilingan va yangilangan bosma nashr chiqmagan. Bu tajriba 2001-yil toʻxtatilgan va yangi bosma nashr 2001-yil chiqarilgan. |
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.