From Wikipedia, the free encyclopedia
Dino Buzzati Traverso (italyancha: Dino Buzzati Traverso; 1906-yil 16-oktyabr, San-Pellegrino di Belluno, Venetsiya viloyati, 1972-yil 28-yanvar, Milan) italyan yozuvchisi, jurnalist va rassom.
1906-yilda Belluno munitsipalitetining San-Pellegrino kvartalida tugʻilgan. Uning oilasi badavlat edi, otasi Pavia universitetida xalqaro huquqdan dars bergan, onasi Alba Mantovani asli venetsiyalik boʻlib, yozuvchi Dino Mantovanining singlisi edi.
Dino Buzzati oiladagi toʻrt farzandning ikkinchisi edi. Bolaligidan u yozishni, tasviriy sanʼatni oʻrgangan, pianino va skripka chalgan. Bolaligidan u togʻlarni yaxshi koʻrar va oʻzining birinchi romani „Togʻlarning Barnabo“ sini aynan togʻlarga bagʻishlagan edi.
1924-yilda yuridik fakultetga o‘qishga kirdi. Milanda oʻqib, 22 yoshida huquqshunoslik darajasini olgan. Lekin u faqat ota-onasining xohishi bilan huquq fakultetida tahsil oldi.
1928-yilda Italiyaning Milandagi eng obroʻli gazetalaridan biri „Corriere della Sera“ ga ishga kirdi. Bu gazetada 50 yil ishladi, deyarli barcha jurnalistik rollarda (muxbir, jurnalist, maxsus muxbir, madaniyat boʻlimi muharriri) oʻzini sinab koʻrdi[1].
1930-yillarning boshlarida Buzzatining birinchi romanlari „Kafkaesk“ nomi ostida paydo boʻldi. Ikkinchi jahon urushi paytida Afrikada Italiya Qirollik dengiz flotida jurnalist sifatida xizmat qilgan. 1943-yil sentabr oyida Milanga qaytib keldi va u yerda gazeta muharriri sifatida faoliyatini davom ettirdi. 1964-yilda Almerina Antoniazzi ismli ayol bilan turmush qurdi. 1972-yilda Dino Buzzati Milanda oshqozon osti bezi saratonidan vafot etdi.
U eng katta eʼtirofga yozuvchi va dramaturg sifatida erishdi. Buzzati nasriy fantaziyaga moyil boʻlib, koʻpincha masal xarakteriga ega asarlar yaratadi. Bu borada u koʻpincha Edgar Allan Po, Kafka bilan taqqoslanadi. Uning asarlarini ekzistensialist asarlar deya tasniflash mumkin va Sartrning Koʻngil aynishi yoki Kamyuning Begona romani bilan oʻzaro bogʻlanishi mumkin.
Tanqidchilarning taʼkidlashicha, jurnalistik faoliyati yozuvchi uslubiga katta taʼsir koʻrsatib, uni juda realistik qildi. Ammo shu bilan birga, uning asarlarida har doim gʻayritabiiy va mantiqsiz narsa bor edi.
Yozuvchining roman, qissa va pyesalarida ham tushunarsiz tahdid va yolgʻizlikning aniq aurasi seziladi. Uning hikoya va pyesalarida qahramonni tushunarsiz va chalkash holatlar tarozida tortadi. Koʻp hollarda, qahramon unga biror narsa buyuradigan vazifalar bilan bogʻlangan boʻladi. Yozuvchi asarlarida uni kulgi va dahshatini o‘zida mujassam etgan grotesk teatri bilan bog‘laydigan kinoyani his qilish mumkin. Buzzati qahramonlarini Frans Kafkaning „Sinov“ va „Qasr“ qahramonlari bilan solishtirish mumkin.
Buzzatining asarlari, hatto roman va hikoyalari ham sahnaga juda mos keladi. Yakkalanish va halokat hissi sahnada yanada keskinroq ifodalanishi mumkin. Ammo uning teatrdagi faoliyati nisbatan qisqa muddatli boʻldi. Uning deyarli barcha pyesalari 1953-yil yozilgan „Klinik voqea“ va „Burjuaziyaning oxiri“ 1968-yil oralig‘ida paydo bo‘lgan.
Yozuvchi oʻzining kasalligini bilar edi. Italyan yozuvchisining izlanishlari va umidsizliklari „Tongda polk jo‘naydi“ hikoyasiga asos bo‘ldi. Hikoya 1985-yilda muallif vafotidan keyin nashr etildi. Unda juda achinarli mavzu bor edi, yaʼni keksa urush qahramoni tong otguncha o‘limdan qutulishga harakat qiladi va oʻlimidan oldin o‘z hayoti haqida o‘ylaydi.
Yozuvchining 1933-yilda nashr etilgan „Tog‘li Barnabo“ nomli ilk romani Birinchi jahon urushi yillarida jang qilgan partizan Barnabo haqida hikoya qiladi. Vaqtni kutish va oʻtish mavzusi Buzzatining keyinchalik barcha asarlariga kiradi. Roman jamoatchilik tomonidan iliq kutib olinadi.
Buzzatining eng mashhur kitobi, „Tatar choʻli“ (1940) romani choʻl bilan chegarada hamma tomonidan unutilgan qal’a haqida hikoya qiladi. Qal’ada boʻlganlarning barchasi ular bilan jang qilishlari mumkin boʻlgan qoʻshinlarni kutish bilan yashaydilar va oʻzlarini mamlakatning qutqaruvchisi deb bilishadi. Qal’ada boʻlganlar uni tark eta olmaydi. Kitob Valerio Zurlini tomonidan xuddi shu nomdagi filmga aylantirilgan (1976).
Kutish — bu ekzistensializmning oʻz hayotini maqsadsiz oʻtkazishi haqidagi allegoriya, bu yerda hatto vaqt koʻrsatilmagan, chunki u hech qanday rol oʻynamaydi. Qal’adagi borliq tobora tasavvufiylashib boraveradi. Qal’ada hech narsa sodir bo‘lmaydi, qahramon hayoti esa maqsadsiz hayotga aylanadi. Vaqt muzlab qoladi va shu bilan birga bugun cheksizdek tuyuladi. Bunda Buzzati romanini Tomas Manning „Sehrli tog‘“ romani bilan solishtirish mumkin. Ammo baribir soat oʻz yoʻnalishini davom ettirmoqda. Kundan kunga vaqt faqat bosh qahramondan qochadi. U ham oʻz safdoshlari kabi vaqt garoviga aylanadi, bu esa oʻlim muqarrarligini yanada yaqinlashtiradi. Vaqt oʻtishi ular tomonidan sezilmaydi va ular bir kun kelib oʻzlarini keksa odamlardek koʻrishadi. Biror narsani oʻzgartirishning yagona yoʻli — sahrodan kelishi kerak boʻlgan tatarlar bilan jang paytida shon-sharafga erishish, ammo kutilganidan farqli oʻlaroq, u yerdan koʻp yillar davomida hech kim oʻtmagan.
„Muhabbat“ romani 1963-yilda nashr etilgan. Bu yozuvchining so‘nggi romani hisoblanadi. Unda 49 yoshli Antonioning fohishaga muhabbati haqida hikoya qilinadi. Toʻsatdan sevgi uning uchun azobga aylanadi. Ularning munosabatlarining tugashi uni xafa qiladi va oʻzining oʻlimi bilan bogʻliq boʻlgan ehtirosdan qochishga harakat qiladi. Hozir bu yozuvchining eng mashhur romanlaridan biri edi. Asar 1966-yilda suratga olingan.
Rassom sifatida Dino Buzzati oʻz kitoblarini suratga olgan va teatrda ishlagan. U bir qancha teatrlashtirilgan spektakllar va radio koʻrsatuvlar uchun ssenariylar, shuningdek, opera librettolari, sheʼrlar va koʻplab hikoyalar yozgan. Buzzatining hayoti davomidagi shaxsiy koʻrgazmasi Milanda boʻlib oʻtgan.
Yozuvchi Oltmishta hikoya uchun Strega mukofotini oladi (1958). Yozuvchining ko‘plab asarlari suratga olingan. Uning absurd dramasi „Qiziqarli voqea“ (1953) 1956-yilda Alber Kamyu tomonidan fransuz tiliga tarjima qilingan. Borxes „Tatar cho‘li“ romanining ispancha nashriga so‘zboshi yozgan va romanni o‘z antologiyasiga kiritgan. Shuningdek, roman Le Monde nashri bo‘yicha asrning 100 kitobi ro‘yxatida 29-oʻrinni qoʻlga kiritilgan.
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.