Zilzila bashorati
From Wikipedia, the free encyclopedia
Zilzila bashorati deganda berilgan muddat ichida boʻlajak zilzila[1] va xususan, berilgan mintaqadagi kelasi kuchli zilzilaning sodir boʻlish vaqti, joyi va magnitudasini oldindan aytib berish tushuniladi.[2] Bunda zilzilani taxmin etish amaliyoti tushunilmasligi kerak, chunki taxminlash berilgan mintaqada kelajak bir necha yil ichida zilzila sodir boʻlishi ehtimolligini aniqlash boʻlib, aniq natija berishni oʻz oldiga vazifa qilib qoʻymaydi.[3] Zilziladan ogohlantirish tizimi ham zilzila bashorati emas, chunki bunday tizim zotan sodir boʻlgan zilzilani qayd etib, u qoʻshni mintaqalarga yetib borgunicha ularni bir necha soniya oldindan ogohlantirish uchun ishlatiladi.
Foydali boʻlishi uchun zilzila bashorati tayyorgarlik koʻrish va faoliyat toʻxtatilishiga ketadigan sarf-xarajatlar bekor boʻlmasligini kafolatlaydigan darajada aniq boʻlishi lozim. Aks holda soxta bashoratlar nafaqat iqtisodiy zarar keltiradi,[4] balki shunday bashoratga ishonchni kamaytirib, samarasiga jiddiy putur yetkazadi.[5]
1970-yillarda olimlar orasida zilzilalarni bashorat etish metodi alal-oqibat ishlab chiqilishi mumkin, degan nekbinlik kuchaygan edi, biroq 1990-yillarga kelib davom etayotgan muvaffaqiyatsizlik koʻp olimlarni zilzilani bashorat qilishning umuman iloji bormi, degan savolga olib keldi.[6] Bugunda ayrim olimlar yetarli resurslar bilan zilzilalarni bashorat qilish mumkin, deyishsa, boshqa olimlar bunday bashoratlarni amalga oshirishning hech qanday iloji yoʻq, degan fikrda.[7]