From Wikipedia, the free encyclopedia
Sut emizuvchilar (Mammalia), umurtqali hayvonlar sinfi. Trias oxirida yirtqich sudralib yuruvchilar — sinodontlardan kelib chiqqan. Sinodontlar bir guruhidan koʻp boʻrtiqlilar (qirilib ketgan), ikkinchisidan kloakalilar paydo boʻlgan. Koʻp boʻrtiqlilardan Yura davrida pantoteriyalar, ulardan esa hozirgi xaltalilar va yoʻldoshlilar vujudga kelganligi taxmin qilinadi.
Sut emizuvchilarning tashqi koʻrinishi va oʻlchami har xil. Pakana oq tishlining (hasharotxoʻrlardan) uzunligi 4 sm, vazni 1,2 g kelsa, quruklikda yashovchi eng yirik hayvon — afrika filining balandligi 4,5 m, vazni 7,5 t ga yaqin. Hozirgi hayvonlar orasida eng yirigi koʻk kitning uzunligi 33 m, vazni 150 t. Sut emizuvchilar boʻyin umurtqalarining 7 ta boʻlishi, tishlarining har xil tuzilganligi, ular chuqurchalar (alveolalar)da joylashganligi, pastki jagʻi faqat tish suyaklaridan iboratligi, oʻrta qulogʻi boʻshligʻida 3 ta eshitish suyakchasining va soʻlagida kraxmalni parchalovchi ferment borligi bilan boshqa umurtqalilardan farq qiladi.
Sut emizuvchilarning yumshoq labi ovqatni olish vazifasini bajaradi. Ichagi murakkab tuzilgan, baʼzi Sut emizuvchilar ning oshqozoni koʻp boʻlmali. Oʻpkasi alveolalardan iborat. Tana boʻshligʻining diafragma yordamida koʻkrak va qorin boʻshligʻiga boʻlinishi nafas olishini jadallashtiradi. Yuragi 4 kamerali; faqat chap aorta yoyi saqlanib qolgan. Sut emizuvchilar issiq qonli — gomoyoterm hayvonlar; arteriya va vena qoni toʻliq ajralgan. Eritrotsitlari yetilgan davrida yadrosiz. Ayirish sistemasi chanoq buyragidan iborat. Bosh miyasi yirik, uning oldingi qismi (yarimsharlari) poʻstloq hosil qiladi. Sut emizuvchilarning murakkab nerv faoliyati va xulqatvori yarimsharlar poʻstlogʻining kuchli rivojlanganligi bilan boglik. Hid bilish, kurih, eshitish organlari yaxshi rivojlangan. Hiqildogʻi murakkab tuzilgan; unda ovoz paylari joylashgan. Tashqi quloq rivojlangan. Sut emizuvchilar ateriyalar va teriyalar (tirik tugʻuvchilar) kenja sinflariga ajratiladi. Ateriyalar proteriyalar (qirilib ketgan trikonodont va kloakalilar turkumlari) va alloteriyalarga (qirilib ketgan koʻp boʻrtiqlilar turkumi); teriyalar esa 3 boʻrtiqlilar (qirilib ketgan), xaltalilar va yoʻddoshlilarga boʻlinadi. Xaltalilarga 1 turkum, yoʻldoshlilarga hozirgi 17—23 va qad. qirilib ketgan 12 turkum kiradi. Hozirgi Sut emizuvchilar 4000 ga yaqin turni oʻz ichiga oladi. Issiq qonliligi, tanasining yung bilan qoplanganligi (suvda yashovchilar terisi ostida qalin yogʻ qatlamining boʻlishi), nasli toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi (sut bilan boqishi, himoya qilishi, tarbiyalashi) va boshqa turli xil moslanishga ega boʻlishi tufayli Sut emizuvchilar yer yuzidagi Shimoliy qutbdan tortib Antarktida qirgʻoqlarigacha boʻlgan barcha hududlarni egallagan.
Sut emizuvchilar qadimdan odam hayotida katta ahamiyatga ega boʻlgan. Koʻpchilik Sut emizuvchilar ovlangan. Bir qancha turlari xonakilashtirilib, ulardan oziqovqat manbai, ishchi kuchi yoki qoʻriqchi sifatida foydalanib kelinadi. XX asr dan moʻynali Sut emizuvchilarni xonakilashtirish, ulardan lab. hayvonlari sifatida foydalanish boshlandi. Bir qancha Sut emizuvchilar qishloq xoʻjaligi ekinlari, oʻrmonchilik (ayrim kemiruvchilar) va chorvachilikka (asosan, yirtqichlar) ziyon keltiradi. Ayrim sut emizuvchilar (asosan, kemiruvchilar) oʻlat, tulyaremiya, quturish va boshqa ogʻir yuqumli kasalliklarning tarqalishida ishtirok etadi.
Odam faoliyati taʼsirida Sut emizuvchilarning bir qancha turlari soni kamayib, ayrim turlari yoʻqolib bormoqda. XVII asr boshidan hozirgacha Sut emizuvchilar ning 63 turi (1,3%) qirilib ketgan. Rejasiz ovlash, qishloq xoʻjaligi. ekinlari, xonaki va ov hayvonlarini muhofaza qilish maqsadida qirish, ular yashash joyining buzilishi va qisqarishi, introduksiya qilingan turlar taʼsiri yoki tabiiy omillar Sut emizuvchilar soni kamayib ketishining asosiy sabablari hisoblanadi. Sut emizuvchilarning 230 turi va 91 kenja turi Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Qizil kitobiga kiritilgan. Shuning bilan birga ayrim sinantrop Sut emizuvchilar areali va soni ortib bormoqda. Sut emizuvchilarning 7 turi (jumladan Prjevalskiy oti, David bugʻusi) faqat tutqunlikda yoki yarim tutqunlikda (zubr, okdum gnu) saqlanib qolgan. Sut emizuvchilar ni muhofaza qilishda noyob turlarning ovlanishini taqiqlash, ularning yashash joyini saqlab qolish, milliy bogʻlar, qoʻriqxonalar va buyurtma qoʻriqxonalar tashkil etish, tutqunlikda koʻpaytirish orqali hayvonlarni reakklimatizatsiya kilish (qaytadan tabiiy arealiga qaytarish) katta ahamiyatga ega. Qoʻriqxonalar tashkil etish orqali zubr, qulin, buxoro bugʻusi (xongul), yoʻlbars, leopard va boshqa hayvonlar saqlanib qoldi; saygʻoq, sobol, bobyor va boshqa soni qayta tiklandi[1].
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.