![cover image](https://wikiwandv2-19431.kxcdn.com/_next/image?url=https://upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/b/b8/Stamps_of_Uzbekistan%252C_2007-38.jpg/640px-Stamps_of_Uzbekistan%252C_2007-38.jpg&w=640&q=50)
Bibixonim
From Wikipedia, the free encyclopedia
Bibixonim (asl ismi Saroymulkxonim) (1341 — 1408) — Amir Temurning katta xotini, Chigʻatoy ulusi xoni — Qozonxonning qizi. Dastlab Amir Qazagʻonning nabirasi — Xusayn ibn Musallabga (1355), keyin (Xusayn qatl etilgach) Amir Temurga nikohlangan (1370). Shu bilan Amir Temur Koʻragon unvoniga musharraf boʻladi. Zotan xon avlodiga mansub Saroymulkxonim haramdagi barcha malikalardan ulugʻ hisoblanib, „Katta xonim“ yoxud „Bibixonim“ degan unvonga noil boʻladi.
![Thumb image](http://upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/b/b8/Stamps_of_Uzbekistan%2C_2007-38.jpg/320px-Stamps_of_Uzbekistan%2C_2007-38.jpg)
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Bibixonim oʻz zamonasining yuksak idrokli, farosatli, tadbirkor, maslahatdosh va yetuk aql-zakovat sohibasi, shuningdek, husn-latofat bobida ham benazir edi. Bibixonim insonparvar, vatanparvar, mamlakatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotidan yaxshigina xabardor boʻlgan, saltanat ishlarida dono maslahatlari bilan qatnashib turgan ayol edi. Ayniqsa, ilm-maʼrifatga aloxida eʼtibor berar, tolibi ilmlarga homiylik qilardi. Sohibqiron Amir Temurning harbiy yurishlarida koʻpincha hamrohlik qilgan. Bibixonim saltanatni boshqarishda vujudga kelgan ayrim muammolarni hal qilishda oʻzining oqilona maslahatlari bilan faol qatnashgan. Amir Temur Bibixonimga oshkora boʻysunmasa-da, biroq uning oqilona maslahatlariga oʻzida qandaydir ehtiyoj sezib turgan.
Bibixonim oʻz jamgʻarmasi hisobidan Samarqandda ulkan Madrasa (qarang Bibixonim madrasasi) qurdirgan.
Bibixonim farzand koʻrmagan boʻlsada, Sohibqiron oʻz nabiralari — Muhammad Sulton, Xalil Sulton, Ulugʻbek va boshqa mirzolarni bevosita zukko Bibixonim tarbiyasiga topshirgan edi.
Samarqandda Amir Temur Bibixonimga atab qurdirgan Bibixonim jome masjidi mavjud. Bibixonim haqida xalq orasida koʻplab rivoyatlar saqlanib qolgan.
Turgʻun Fayziyev.