Quturish
From Wikipedia, the free encyclopedia
Quturish — neyrotrop virus qoʻzgʻatadigan oʻtkir yuqumli zoonoz kasallik; tomir tortishishi, falajlik, hiqildoq va nafas muskullarining spazmi bilan kechadi. Quturish qadimdan maʼlum, uni suvdan choʻchish kasalligi deb ham atashgan (qarang Gidrofobiya). Fransuz olimi Lui Paster XIX asrning 2-yarmida quturish kasalligiga qarshi vaksina kashf etdi, shu sababli quturishga qarshi tadbirlarni amalga oshiradigan barcha muassasalar Paster stansiyalari deb yuritila boshlandi. Ularning faoliyati tufayli quturgan hayvon tishlaganidan soʻng vaqtida emlangan millionlab odamlar hayoti saqlanib qolindi. Qoʻzgʻatuvchisi quturishning yovvoyi virusi, u nerv hujayralarini tanlab jarohatlaydi. Virus sovuqqa chidamli, muzlatilganda uzoq saqlanadi. Tashqi muhitda, shuningdek, qaynatilganda, 3—5% li lizol, xloramin eritmalarida tez nobud boʻladi.
Kasallikning yashirin davri hayvonlarda 14—16 kun. Shundan keyin bezovtalik, yirtqichlik, xatti-harakatning oʻzgarishi, koʻp soʻlak ajralishi kuzatiladi. Hayvon hech narsa ichmay, yemay qoʻyadi. Soʻngra tomir tortishishi, falajlik boshlanib, hayvon oʻlib qoladi.
Odamga quturish virusi kasal hayvon, asosan, it, mushuk va boshqa jonivorlar tishlaganida yoki soʻlagi teri yuzasiga tushganida yuqadi. Odamda quturish kasalligining yashirin davri 15 kundan bir necha oygacha (oʻrtacha 20— 30 kun) davom etadi. Quturgan it boʻyin, yuzni tishlaganda bu davr qisqaroq, oyoqni tishlaganda uzoqroq boʻladi[1].