Oʻlik til
From Wikipedia, the free encyclopedia
Oʻlik til — tirik qoʻllanilishda boʻlmagan va, odatda, faqat yozma yodgorliklar boʻyicha maʼlum boʻlgan, yoki sunʼiy reglamentli qoʻllashda boʻlgan til. Odatda bunday holat bir til qoʻllanilish davomida boshqa til bilan almashtirilganda yuz beradi (shuningdek «til koʻchishi»), masalan, kopt tili arab tili bilan almashtirildi, koʻpchilik mahalliy amerika tillari esa, ingliz, fransuz, ispan va portugal tillari tomonidan siqib chiqarildi. Til yoʻqolishi davrida uning mavjudligi oxirgi bosqichlarida u faqat belgilangan yosh (va ijtimoiy) guruhlari uchun xususiyatli boʻlib qoladi[1]. Baʼzan tirik, faol qoʻllashda boʻlgan arxaik tillar ham oʻlik tillar deb ataladi[2].
Oʻlik tillar — jonli isteʼmoldan chiqqan (tabiiy soʻzlashuv tili boʻlmagan), yozma yodgorliklarda saqlangan til. Ayrim tillar bosqinchilik, mustamlakachilik, unda soʻzlashuvchilarni majburlash natijasida yoki tarixiy, iqtisodiy va madaniy oʻzgarishlar taʼsirida yoʻqolib borgan. Shumer, lotin, etrusk, yunon, qadimiy slavyan, pruss, vestgot, ostgot, italiy, gall, gyoz, kopt (qibtiy), oʻrxun, qad uygʻur, eski oʻzbek, qadimiy fors, sanskrit, pali, prakrit, bulgʻor va boshqalar Oʻlik til hisoblanadi.
Tilning taraqqiy etish qonuniyatlarini belgilashda Oʻlik tillar katta ahamiyatga ega. Shuni taʼkidlash joizki, qadimiy tilshunoslikning dastlabki salmoqli yutuqlarga erishishida ham qadimiy Mesopotamiyadagi shumer, qadimiy Kichik Osiyodagi xett, qadimiy Hindistondagi sanskrit singari Oʻlik tillarni oʻrganish asosiy oʻrin tutgan edi.
Baʼzi Oʻlik tillardan, ular koʻp sohalarda isteʼmoldan chiqqaniga ming yillar oʻtgan boʻlsa ham, insoniyat aloqa tili emas, balki ibodat tili sifatida foydalanib kelinmoqda. Mas, misrlik xristianlar kopt tilidan, katolik cherkovi vakillari lotin tilidan, moʻgʻul xalqlarining lamaistik cherkovi vakillari tibet tilidan foydalanadilar. Shuningdek, Oʻlik tillardagi yozma yodgorliklar tarixiy manbalar sifatida ham muhim ahamiyatga ega.
Oʻlik tillar milliy tillar rivojlanishiga ham (Hindistonda klassik sanskrit, arab mamlakatlarida klassik arab, Gʻarbiy Yevropada lotin, Rossiyada cherkovslavyan, Yunonistonda qadimiy yunon tillari) ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Keyingi davrda yozma Oʻlik tilni davlat, fan, maktab tiliga aylantirish uchun urinishlar sodir boʻlmoqda. Chunonchi, Isroilda qadimiy yahudiy tili (ivrit) davlat tili deb eʼlon qilingan boʻlsa, Vatikanda lotin tilida yangi terminlar lugʻatlari nashr etib borilmoqda.
Ayrim hollarda oʻlik tillar tirik muloqot vositasi sifatida xizmat qilishdan chiqqan holda, yozma shaklda saqlanadi va fan, madaniyat, din zaruratlari uchun foydalaniladi[3]. Bunday rivojlanish misollari quyidagilar hisoblanadi:
- lotin tili (er. ol. 6 asrdan er. 6 asrgacha)[4] — hozirgi roman tillarining ajdodi boʻlgan oʻlik til[2] (Biroq hozirgi kunda ham fanda va katolik serkovlarda foydalaniladi);
- qadimgi rus tili (XI—XIV asrlar yozma yodgorliklari) — hozirgi sharqiy slavyan tillari darajasigacha rivojlangan oʻlik til[5][6][7][8];
- qadimgi yunon tili (er. ol. 2 minginchi yillik oxiridan er. V asrgacha) — hozirgi yangi yunon tillari va shevalari darajasigacha rivojlangan til.
Ayrim hollarda oʻlik til fan va din maqsadlarida foydalanishda davom etadi. Ushbu shaklda foydalanilayotgan koʻpchilik oʻlik tillar orasida sanskrit, lotin, cherkov slavyan, kopt, avesto va boshqa muhim oʻrin egallaydi.
Yana shunday misol borki, oʻlik til yana tirik tilga aylanadi, ivrit tili bilan ham shunday hol yuz bergan.
Koʻpchilik hollarda adabiy til ogʻzaki tildan boʻlinib qoladi va keyinchalik deyarli oʻzgarmasdan oʻzining klassik qiyofasida qolib ketadi; ogʻzaki til yangi adabiy til shakliga oʻtsa, eskisini oʻlik tilga aylangan til sifatida qarash mumkin (bunday holat uchun misol qilib XX asrning 20-yillarida Turkiyada usmon tilidan taʼlim va ish yuritish tili sifatida turk tiliga oʻtilishini keltirish mumkin).