Oltoy togʻlari
Rossiya, Qozogʻiston, Xitoy va Moʻgʻulistondagi togʻ tizimi / From Wikipedia, the free encyclopedia
Oltoy (turkiy va mongol tillarida altan — oltin) — Osiyodagi togʻ sistemasi, Rossiya, Moʻgʻuliston va Xitoy hududida. Shimoli-gʻarbda Gʻarbiy Sibir tekisligi (81° shq.u.)dan janubi-sharqda Gobi tekisliklari (106° shq.u.)gacha choʻzilgan. Uzunligi 2000 km. Ayrim tizmalardan iborat. Baland choʻqqilari gʻarbiy qismida (Beluxa, 4506 m). Oltoy togʻlari uch qismga — Asl Oltoy, Gobi Oltoyi va Mongoliya Oltoyiga boʻlinadi. Asl Oltoy Rossiya Federatsiyasi Oltoy oʻlkasi va Qozogʻiston Respublikasining Sharqiy Qozogʻiston viloyatida joylashgan. U shimolida Gʻarbiy Sibir tekisligidan jarlik orqali ajralgan, sharqi va shimoli-sharqi Mongoliya Oltoyi, Gʻarbiy Sayan togʻlariga tutashib ketadi. Gobi Oltoyi Mongoliya Oltoyining davomi. Mongoliya hududida. Uzunligi 500 km, balandligi 1500–2500 m, eng baland joyi 3957 metr; togʻ etaklarida choʻl, yuqoriroqsa dasht oʻsimliklari oʻsadi.