From Wikipedia, the free encyclopedia
Ismoiliylar — 8-asr oʻrtalarida arab xalifaligida shialik yoʻnalishida shakllanib, 10—11-asrlarda Yaqin va Oʻrta Sharqda keng tarqalgan diniy oqim tarafdorlari. I. oqimining shakllanishi arab xalifaligida ziddiyatlarning va xalq qoʻzgʻolonlarining kuchayishi bilan bogʻliq. Shialikning baʼzi tarafdorlari xalifalik taxtini egallagan abbosiylar bilan maʼlum darajada kelishib ish tutganlari tufayli abbosiylarga qarshi kurashni davom ettirish niyatida boʻlgan bir guruh shialar imom Jaʼfar as-Sodiqning katta oʻgʻli Ismoil (oqimning nomi shundan) atrofiga jipslashdilar. Imom Jaʼfar Ismoilni vorislikdan mahrum etib, kichik oʻgʻli Muso al-Kozimni voris qilib tayinladi. Bundan norozi boʻlgan Ismoil tarafdorlari uning vafotidan (762-yil) keyin, oʻgʻli Muhammad ibn Ismoilni imom deb tanidilar.
9-a oxirlariga kelib, ismoiliylik mustaqil diniy firqa sifatida tashkil topdi. Ular maxfiy uyushma yoki tashkilotlar tuzdilar. Bu tashkilotlar muayyan guruhlarning manfaatini ifoda etar edi. Shu davrda yunon falsafasi, neoplatonizm, neopifagorsizm, xristian gnostitsizmi va b. oqimlar taʼsiri ostida I.ning murakkab diniyfalsafiy tizimi shakllandi. Ularning taʼlimoti avvalo ikkiga: zohiriy (tashqi) — ochiq va botiniy (ichki) — maxfiy taʼlimotlarga boʻlinadi. Zohiriy taʼlimot shialarning umumiy taʼlimotidan kam farq qiladi, bu taʼlimot firqaning maxfiy taʼlimotidan bexabar boʻlgan oddiy ommaga moʻljallangan. Birinchi bor botiniy taʼlimotni movarounnahrlik annasafiy (942-yil v.e.) asoslab berdi. Unga koʻra, mutlaq xudo oʻzidan quyi boʻlgan 7 ta pogʻonani ajratadi (emanatsiya), yaʼni: mutlaq xudo, olamiy aql, olamiy jon, birlamchi materiya, fazo vaqt va komil inson (yaʼni paygʻambar). Kamolotga erishgan inson (al-Inson al-Komil), I. taʼlimoti boʻyicha, oʻzida "olamiy aql"ni aks ettirgan notiq (gapiruvchi) boʻlib, u paygʻambar maqomida boʻladi va vahiyni insonlarga yetkazib beradi, oʻzida "olamiy jon"ni aks ettirgan somit (jim turuvchi) esa oyatlardagi botiniy mazmunni tushuntirib beradi. I. tasavvurida insoniyat tarixi Odamatodan Qoimgacha boʻlgan "buyuk davr"dir. U 7 "fitra"dan iboratki, ularning har biriga muayyan notiq (paygʻambar) toʻgʻri keladi: Odam, Nuh, Ibrohim, Muso, Iso, Muhammad. Har bir paygʻambar davrining yettinchi imomi keyingi paygʻambar (notiq)ga aylanadi. Demak, Ismoilning oʻgʻli Muhammad — yettinchi imom, Qoim qiyofasida yettinchi paygʻambar boʻlib kelishi va "qiyomat Qoim"gacha hukm surishi kerak.
Oʻrta asrda I. orasidan nizoriylar (hashshoshiylar), mustaʼliylar, druzlar, qarmatlar ajralib chiqdi. I. taʼlimoti, xususan, qarmatlar mafkurasi islom dinining oʻta soʻl maslagi boʻlgan. Oʻrta asr tafakkurining yirik namoyandalari Rudakiy, Ibn Sino, Abu al-Aʼlo al-Maʼarriy va b.ga qarmatlar mafkurasi taʼsir koʻrsatgan. Mashhur shoir va mutafakkir Nosir Hisrav esa I.ning yirik namoyandalaridan biri boʻlgan. Hozirgi davrda nizoriylar Suriya, Eron, Afgʻoniston shim.da, Togʻli Badaxshonda, mustaʼliylar Yaman, Hindiston, Pokiston, Misrda, druzlar Suriya va Livanda saqlanib qolgan.[1]
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.