Ish haqi
From Wikipedia, the free encyclopedia
Ish haqi — mehnatga pul shaklida toʻlanadigan haq; qiymatning oʻzgargan shakli, ish kuchi (taqdim etilgan mehnat xizmati)ning bahosi.[1] Ish kuchi qiymati va narxi bevosita ish haqida ifodalanadi. Ish haqi darajasi mehnat bozorida kelishiladi. Xodim mehnat bozorida mehnatni emas, oʻz ish kuchini sotadi. Ish haqi mehnatning pul shaklidagi bahosi boʻlib, uni ishga yollovchilar (korxona, muassasa, tadbirkor) mehnat qiluvchilarga maʼlum vaqt mobaynida maʼlum miqdordagi va muayyan sifatli ishni bajarganliklari uchun toʻlaydilar. Yollanma xodim uchun ish haqi asosiy daromadi manbai hisoblanadi.
Ish haqi — yollanma xodim daromadining asosiy manbai, unga tegishli ish qobiliyatiga boʻlgan mulkchilik huquqini iqtisodiy jihatdan roʻyobga chiqarish shakli. Shu bilan birga ish beruvchi uchun yollanma xodimlar mehnatiga toʻlanadigan haq ishlab chiqarish harajatlarining unsurlaridan biri. Ish beruvchi mehnat resurslaridan ishlab chiqarish omillaridan biri sifatida foydalanish uchun uni xarid qiladi.