Interpol
From Wikipedia, the free encyclopedia
Interpol (fransuzcha: Organisation Internationale de Police Criminelle, OIPC) — xalqaro jinoiy politsiya tashkilotining barcha tillar uchun qisqartirilgan umumiy nomi. 1923-yilda Vena shahri Avstriyada asos solingan. Hozirgi nomi manzilni qisqa qilib ifodalash tarzida 1-marta 1947-yilda paydo boʻlgan. 1949-yili BMT unga rasmiy ravishda xalqaro hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilot maqomini berdi. „Interpol“ning amaldagi ustavi 1956-yil 13-iyunda kuchga kirdi. „Interpol“ jinoyatchilarni roʻyxatga olish xalqaro markazi sifatida ish koʻradi, shuningdek, jinoyatchilarni (jinoyatlarda gumon qilinuvchilarni; bedarak yoʻqolganlarni; oʻgʻirlangan boyliklarni) xalqaro miqyosda qidirish ishlarini muvofiqlashtiradi. 185 davlat (1998-yilda), shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi „Interpol“ning aʼzosidir (1994-yildan). Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tarkibida „Interpol“ning Oʻzbekiston Respublikasidagi milliy markaziy byurosi tuzilgan. „Interpol“ning oliy organlari — bosh assambleya, uning sessiyalari har yili chaqirib turiladi; ijrochi qoʻmita, unga „Interpol“ prezidenti boshchilik qiladi; bosh kotibiyat, unga bosh kotib rahbarlik qiladi. Interpolga aʼzo boʻlishni istagan har qanday davlat oʻzining vakolatli hukumati nomidan Interpolning Bosh Kotibiga yozma ravishda murojaat qiladi[1]. Muayyan davlatni Interpolga qabul qilish masalasi Interpolning Bosh Assambleyasi tomonidan qatnashuvchilarning 2/3 qismining ovozi bilan hal qilinadi. Interpolning Nizomida bu hamjamiyatga apzodavlatlarning siyosiy, harbiy, diniy va irqiy masalalarga aralashmasligi talab etiladi[2].
Ishga tushgan sanasi | 1923-yil |
---|---|
Joylashuvi | Lion, Fransiya |
Vebsayti | www.interpol.int |
Map of the member states of Interpol 2018.svg |
„Interpol“ 1946-yildan „Xalqaro jinoiy politsiya umumlashtiruvchi maʼlumoti“ jurnalini nashr etadi. „Interpol“ning doimiy qarorgohi Fransiya qilib belgilangan[3].
Interpolning tarkibiy tuzilishi quyidagicha:
- Bosh Assambleya;
- Bosh kotibiyat;
- Milliy Markaziy byurolar;
- Maslahatlar.
Interpol Prezidenti 4 yil muddatga, Vitse Prezidentlar esa, 3 yil muddatga saylanadi. Saylangan muddati tugaganidan keyin yana oʻsha muddatga qayta saylanishi mumkin emas[4].
Tashkilot Prezidenti Bosh Assambleya va Ijroiya qoʻmitasiga rahbarlik qiladi. Barcha Interpol organlarining faoliyati qabul qilinayotgan qarorlarga mos boʻlishini kuzatadi. Bosh kotib bilan aloqada boʻladi[5].