![cover image](https://wikiwandv2-19431.kxcdn.com/_next/image?url=https://upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/9/9a/Hugh_Laurie_flickr.jpg/640px-Hugh_Laurie_flickr.jpg&w=640&q=50)
Gregory House
Doktor House teleseriali bosh qahramoni / From Wikipedia, the free encyclopedia
Gregory House (talaffuzi: Gregori Xaus/Haus) — amerikalik kinoijodkorlar tomonidan sur’atga olingan tibbiyotga aloqador Doktor House teleserialining bosh qahramoni. Obraz David Shore tomonidan yaratilgan hamda aktyor Hugh Laurie tomonidan tasvirlangan. House Nyu-Jersi shtatida joylashgan Princeton-Plainsboro shifoxonasida diagnostika boʻlimi boshligʻi hisoblanadi[1]. Qahramon xarakteri mizantropiya, sinizm, egoizm va telba daholik kabi xususiyatlar bilan sifatlangan[2].
Gregory House, M.D. | |
---|---|
Doktor House teleseriali obrazi | |
![]() | |
Ilk bora koʻringan | „Pilot“ (1.01) |
Soʻnggi bora koʻringan | „Hamma oʻladi“ (8.22) |
Muallif(lar) | David Shore |
Jonlantirgan(lar) | Hugh Laurie |
Umumiy maʼlumotlar | |
Laqabi | House |
Jinsi | erkak |
Kasbi |
Diagnostika boʻlimi rahbari Nefrolog (sobiq) |
Aloqador boshqa obraz(lar) |
Stacy Warner (sobiq sevgilisi) Lisa Cuddy (sobiq sevgilisi) Dominika Petrova (xotini, ajrashgan) |
Serialda qahramonning noanʼanaviy diagnostik yondashuvlari, radikal terapevtik motivlari va qatʼiyatli ratsionalligi u va uning hamkasblari o‘rtasida ko‘plab ziddiyatlarga sabab bo‘ladi[3]. Obrazda koʻpincha oʻz bemorlariga nisbatan hamdardlik sifati yoʻqligi tasvirlangan. Bemorlar tuygʻulari bilan ovora boʻlib qolmaslik unga patologik jumboqlarni hal qilish uchun vaqt tejashiga sabab boʻladi. Xarakterini yaratishda ijodkor qisman Sherlock Holmesdan ilhomlangan[4][5]. Housening bir necha yil oldin avtohalokat natiijasida oyogʻi nogiron boʻlib qolgani sababli, ogʻriqqa chiday olmay, doimiy ravishda vikodin ichib yurishi teleserial syujetining ajralmas bir qismi hisoblanadi. Housedagi narkomaniya kokain va boshqa giyohvand moddalar isteʼmolini odat qilgan Sherlock Holmes kabi obrazlarga oʻxshashlikni keltirib chiqaradi[6].
Obraz haqida jamoatchilik tomonidan koʻplab ijobiy sharhlar aytildi, bu esa uning bir qancha „eng yaxshi“ roʻyxatlardan joy olishiga sabab boʻldi[7][8]. The Washington Post muxbiri Tom Shales Houseni „televideniyedagi soʻnggi yillarning eng hayajonli qahramoni“, deb atadi[9]. Houseni ekranda gavdalantirgan Hugh Laurie ushbu roli uchun turli mukofotlarga sazovor boʻldi. Jumladan, „Drama serialdagi eng yaxshi aktyor“ nominatsiyasida 2 martadan Oltin globus mukofoti, Screen Actors Guild Awards, Satellite Awards mukofotlarini, 6 bora Primetime Emmy mukofotini, „Drama janridagi shaxsiy yutuqlari uchun“ Televizion tanqidchilar uyushmasi mukofotini qoʻlga kiritdi.