FIFA Puskás mukofoti
From Wikipedia, the free encyclopedia
FIFA Puskás mukofoti – Fédération Internationale de Football Association (FIFA) mukofoti. Ushbu mukofot oʻsha davrdagi FIFA prezidenti Sepp Blatter buyrugʻi bilan 2009-yil 20-oktabrda taʼsis etilgan boʻlib, bir kalendar yil hisobida eng estetik va chiroyli golni urgan erkak yoki ayol futbolchiga taqdim etiladi. Puskás mukofoti har yili eʼlon qilinadi va ovoz berish yoʻli bilan aniqlanadi.
Mukofot 1950-yillar oxiridan to 1960-yillarning oxirigacha Real Madrid hujumchisi sifatida oʻynagan va Vengriya terma jamoasining eng mashhur aʼzosi Ferenc Puskás sharafiga nomlangan. Puskás koʻpchilik mutaxasislar tomonidan Yevropaning eng kuchli va sermahsul hujumchisi deb topilgan va 1197-yilda IFFHS (Xalqaro Futbol Tarixi va Statistikasi Federatsiyasi) tomonidan XX asrning eng yaxshi toʻpurari sifatida eʼtirof etilgan. Puskás jamoa safida 193 oʻyinda 806 ta, terma jamoa safida 90 uchrashuvda 86 ta gol urishga muvaffaq boʻlgan. Bu oʻsha davrdagi jahon rekordi hisoblanadi[1][2].
Blatter Budapeshtda boʻlib oʻtgan mukofotni dastlabki topshirish marosimida shunday degan edi:
Tarixda oʻchmas iz qoldirgan buyuk futbolchilar xotirasini doimo asrab-avaylashimiz kerak. Ferenc Puskás nafaqat ulkan isteʼdodga ega oʻyinchi, balki koʻplab faxriy unvonlarni qoʻlga kiritgan ajoyib inson ham edi. Shu sababdan FIFA ushbu mukofotni uning xotirasiga bagʻishlash orqali unga hurmat bajo keltirishdan oʻta mamnundir.
2018-yilga qadar mukofot gʻolibi toʻliqligicha FIFAning rasmiy veb-saytida muxlislar tomonidan ovoz berish yoʻli orqali aniqlangan[3]. Biroq, 2018-yilgi mukofotni topshirish bilan bogʻliq tortishuvlardan soʻng[4], FIFA tartibni oʻzgartirgan. Shundan soʻng mukofot FIFA tomonidan tanlangan ekpertlar qarori orqali aniqlanadigan boʻlgan. Ular gʻolibni jamoatchilik tomonidan ovoz berilgan eng yaxshi uchta gol ichidan tanlashadi.
Ushbu mukofot ilk marotaba Shveysariyada boʻlib oʻtgan FIFA World Player of the Year festivalida taqdim etilgan boʻlib, unga portugaliyalik Cristiano Ronaldo loyiq deb topilgan.