Chirchiq-Boʻzsuv suvenergetika trakti
From Wikipedia, the free encyclopedia
Chirchiq-Boʻzsuv suvenergetika trakti – Chirchiq daryosi va Boʻzsuv kanali boʻylab ketma-ket joylashgan GESlar majmui. Traktning uzunligi 171,1 km. Traktda umumiy oʻrnatilgan quvvati 1220,6 MVt boʻlgan 20 ta GES bor. 1926-yilda ishga tushirilgan Boʻzsuv GES traktda birinchi boʻlib qurilgan. Traktning boshlanish qismida (Chirchiq daryosi oʻzanida) ketma-ket 3 stansiya – Xoʻjakent GES, Chorvoq GES, Gʻazalkent GES joylashgan. Gʻazalkent GESdan quyiroqda, Chirchiq daryosi suvini tartibga solib turuvchi toʻgʻonning oʻng tomonidan Tovoqsoy GES, Loginov nomidagi GES va Oqqovoq GESlari, Qibray GESning derivatsiya kanallari boshlanadi. Soʻngra Oqqovoq2 GESning suv tashlama kanalidan boshlangan Boʻzsuv irrigatsiya kanalida ketma-ket Qibray, Qodriya, Salor, Boʻzsuv, Shayxontohur, Boʻrjar, Oqtepa GESlari, 1, 2, 3, 4 hamda 6 Quyi Boʻzsuv GESlari joylashgan.
Traktning barpo etilishi natijasida Chirchiq daryosi suvi yordamida elektr energiyasi hosil qilish bilan birga irrigatsiya inshootlari, yirik sanoat markazlari, shaharlar, aholini, sanoat korxonalari va ekinzorlarni suv bilan taʼminlash masalalari ham kompleks hal qilingan.
2003-yilda bu traktdagi GESlarda 5625,3 mln. kVtsoat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.