From Wikipedia, the free encyclopedia
Buxoro madrasalari — Turon hududiga islom kirib kelib, mustahkam oʻrnashganidan soʻng, Buxoro vohasida IX asr boshlaridan tashkil etila boshlagan oliy taʼlim berish uchun maxsus qurilgan oʻquv binolari — oliy oʻquv yurtlarining umumlashtirilgan nomi.
Buxoro madrasalari taʼlim tizimining eng yuqori bosqichi boʻlib, ilm maskani sifatida nafaqat Turonda, balki barcha musulmon mamlakatlarida madaniyat oʻchoqlari vazifasini oʻtab, maʼrifat markazi boʻlgan. Buxoro madrasalari islom olamidagi eng mashhur va nufuzli oliy oʻquv yurti boʻlib, ularda taʼlim olgan ulamolarning diniy masalalardagi fikrlari Misr va Hijozda oʻqiganlarning fikrlaridan koʻra moʻtabarroq hisoblangan[1].
Buxoro madrasalari nafaqat oliy oʻquv yurti, balki oʻziga xos meʼmoriy yodgorlik obidalari ham edi. Buxoro madrasalari oʻz hashamati, pishiq va puxta qurilganligi bilan meʼmoriy jihatdan oʻrta asr arxitekturasining eng nodir namunalari sifatida hozirgacha saqlanib qolgan. Madrasalar qurish ishi bilan asrlar osha shugʻullanilganligi bois, bu borada boy tajriba ham shakllangan[2].
Buxoro madrasalari faoliyati tarixiga oid maxsus tizimga solingan maʼlumotlar XX asrning boshlaridayoq paydo boʻla boshlagan. Sadri Ziyo, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Muhammad Ali Baljuvoniy, Sayyid Mansur Olimiy kabi mualliflar Buxoro madrasalari haqida qimmatli maʼlumotlar berishgan[3]. Bunga qadar Buxoro madrasalari tarixi manbalarda deyarli maxsus yoritilmagan[4].
SSSR davrida Buxoro madrasalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Lazar Rempel izlanishlarining muayyan qismini tashkil etadi. Lazar Rempel mahalliy aholidan olgan maʼlumotlaridan tashqari X—XVII asrlarda yashagan mahalliy va arab tarixchi-geograflaridan Muhammad Narshaxiy, Istaxriy, Ibn Havqal, Juvayniy, Maqdisiy, Tabariy, Ibn Hurdodbeh, Ibn al-Asir, Zayniddin Vosifiy va rus tarixchilaridan Vasiliy Bartold, Mixail Masson, Ivan Umnyakov, Vasiliy Shishkin va boshqa olimlarning asarlaridan keng foydalangan[5].
Ushbu davrda Poʻlatjon Aminovning 1950—1970-yillarda Buxoro madrasalari tarixiga doir toʻplagan maʼlumotlari topilgan. Ushbu axborotlar tartibsiz, turli sahifalarga sochilib, aralashib yotgani; ishda aniq qoida va izchillik boʻlmaganligi; ish tadqiqotning birinchi — boshlangʻich bosqichining quyi holatida qolgan boʻlsa-da, shunga qaramay, tadqiqotchiga ularning foydasi tegishi taʼkidlangan[3].
SSSR qulab, uning tarkibidagi davlatlar mustaqillikka erishganlaridan soʻng, Oʻzbekistonda bu sohaga qiziqish jonlanadi. Ashraf Ahmedov, M. Ismoilov, Qahramon Rajabov, G. Solijonova, D. Ziyoyeva, Feruza Bobojonova, Z. Xalilova kabi tadqiqotchilar bu sohaga ayrim kichik yangiliklar olib kirishgan boʻlishsa[6], 2010-yillarga kelib, Feruza Bobojonova, Lobar Asrorova va ayniqsa, Abdusattor Jumanazar bu borada katta ishlarni amalga oshirishdi.
Feruza Bobojonova, Lobar Asrorovaning ishlarida asosiy eʼtibor Buxoro amirligidagi madrasalarga qaratilgan boʻlsa, Abdusattor Jumanazar tadqiqotlari qamrovi IX—XX asr boshlari oraligʻida mavjud boʻlgan Buxoro madrasalari tarixiga bagʻishlangan boʻlib, 300 dan ortiq Buxoro madrasalariga doir maʼlumotlar yigʻilgan va tadqiqotda foydalanilgan hujjatlarning taxminan 75—80 foizi (koʻproq ham boʻlishi mumkin) ilmiy muomalaga kiritilgan[7]. Bunga qadar, Oʻzbekistondagi birorta madrasa faoliyati tarixi zamonaviy ilmiy talablar asosida mukammal tadqiq qilinmagan edi[8].
IX asrda Buxoroda maktab va madrasa atamalari hamda oʻrta va oliy taʼlim yurtlari tushunchalari shakllangan[9].
Oʻrta asrlarda Buxoro madrasalari ilm maskani sifatida nafaqat Movarounnahrda, balki Markaziy Osiyo, musulmon sharqida ham mashhur edi[10][11][12]. Sadriddin Ayniyning qayd etishicha, Buxoro madrasalarining islom olamidagi nufuzi juda yuqori boʻlib, ularda taʼlim olgan ulamolarning diniy masaladagi soʻzlari Misr va Hijozda oʻqiganlarning soʻzlaridan koʻra moʻʼtabarroq hisoblangan[13].
Buxoro madrasalari azaldan islom dunyosining ilm-maʼrifat markazi sifatida katta nufuzga ega boʻlganligi sababli XIX—XX asr boshlarida ham oʻzining maʼnaviy-madaniy markaz sifatidagi ahamiyatini yoʻqotmagan[14]. XIX asr oxiri va XX asrning boshlarida ham Buxoro madrasalarining islom dunyosidagi mavqei va nufuzi maʼlum darajada saqlanib, jamiyat taraqqiyoti darajasidan kelib chiqib, oʻsha vaqtda davlatning hukmron siyosati va islom taʼlimotiga xizmat qilgan[1]. XX asr boshlarida Buxoro madrasalari Markaziy Osiyo, Kavkazorti, hozirgi Tatariston va Boshqirdiston hududlari uchun islomiy taʼlim markazlaridan biri sifatida muhim ahamiyat kasb etgan[15][16].
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.