Bofort dengizi
From Wikipedia, the free encyclopedia
Bofort dengizi (/ˈboʊfərt/; fransuzcha: Mer de Beaufort, Iñupiaq: Taġiuq) — Shimoliy Muz okeanining chekka qismida[4] joylashgan dengiz[5]. Shimoli-gʻarbiy hududda, jumladan Yukon va Alyaskaning shimoliy qismida hamda Kanada Arktika arxipelagidan gʻarbda joylashgan. Dengiz gidrograf ser Frencis Beaufort sharafiga shunday nomlangan. Kanadadagi eng uzun Makkenzi daryosi Tuktoyaktukdan gʻarbroqda joylashgan Bofort dengizining Kanada bilan tutash boʻlgan qismiga borib quyiladi. Bu hudud dengiz qirgʻogʻidagi bir nechta doimiy aholi punktlaridan biri hisoblanadi.
Koordinatalari | 72°N 137°W |
Okean tipi | dengiz |
Havzaga aloqador oʻlkalar | Kanada va AQSh |
Yuzasi | 476,000 km2 (184,000 kv mi) |
Oʻrtacha chuqurligi | 124 m (407 ft) |
Eng katta chuqurligi | 4,683 m (15,364 ft) |
Suv hajmi | 22,000 km3 (1.8×1010 acre⋅ft) |
Manbalar | [1][2][3] |
Ogʻir iqlimi bilan ajralib turadigan dengiz yilning asosiy qismida muzlagan holatda boʻladi. Tarixiy jihatdan, 100 km (62 mi) ga qadar tor dovon yoʻlidagi muzlar faqatgina avgust-sentyabr oylarida qirgʻoqlari yaqinidagi qismlarigina erigan holatda boʻlgan. Ammo soʻnggi yillarda Arktikadagi iqlim oʻzgarishi tufayli yoz oxirida muzsiz hudud sezilarli darajada kengaygan. Yaqin vaqtgacha Bofort dengizi Arktika dengiz muzini toʻldirish uchun muhim suv ombori vazifasini oʻtab kelgan[6]. Dengiz muzi koʻpincha Bofort dengizining asosiy okean oqimi boʻlgan Bofort Girasida bir necha yil davomida aylanib, mustahkam va qalin koʻp yillik muz hosil qilgan[7][8].
Dengiz sohilida taxminan 30 000 yil oldin aholi yashagan degan daʼvolar toʻliq tasdiqlanmagan; hozirda bu hududdagi aholi zichligi juda past koʻrsatkichga ega. Dengiz shelfida katta miqdordagi neft va tabiiy gaz zaxiralari mavjudligi aniqlangan, masalan, Amauligak koni shular jumlasidandir. Kon 1950—1980-yillar oraligʻida aniqlangan va oʻsha davrning soʻnggi qismidan boshlab ularni oʻrganish hududdagi insonlarning asosiy mashgʻulotiga aylangan. Anʼanaviy baliqchilik, jumladan, kit va tyulen ovlash faqat mahalliy hududlarda amalga oshiriladi. Mazkur mashgʻulot turi tijorat ahamiyatiga ega emas. Shu sababli dengizga beluga kitlarining katta koloniyalari doimiy tarzda kelib turadi va ularning koʻpayishiga antropogen omili taʼsir qilmaydi. Oʻz dengiz hududida haddan tashqari koʻp miqdorda baliq ovlashning oldini olish maqsadida AQSh 2009-yil avgust oyida ehtiyotkor tijorat baliqchilikni boshqarish rejasini amalga oshirdi[9]. 2011-yil aprel oyida Kanada hukumati Inuvialuit bilan okeanlarni boshqarish boʻyicha katta rejani ishlab chiqishda birinchi qadam sifatida oʻzaro kelishuv memorandumini imzoladi[10]. Kanada hukumati 2014-yil oktyabr oyida Bofort dengizida hech qanday yangi turdagi tijorat baliq ovlash ishlari, toki Inuvialuitga barqaror zaxiralar holatini koʻrsatmaguncha amalga oshirilmasligini eʼlon qildi[11].
Kanada hukumati Bofort dengizining qirgʻoqlarini „dengizdagi qoʻriqlanadigan hududlar“ (MPA) deb belgilagan. MPA Amundsen koʻrfazidagi Parry yarim orolini oʻrab olgan hamda Tarium Niryutait MPA qismi Makkenzi daryosi deltasi va estuariyasi hududida joylashgan[12][13][14]. Himoya qilinadigan hududlar Inuvialuit jamoasi uchun jonivor turlari va yashash joylarini himoya qilish maqsadida ajratib qoʻyilgan.