Boʻstonliq tumani – Oʻzbekiston Respublikasi Toshkent viloyatidagi tuman. Maʼmuriy markazi Gʻazalkent shahri.
| |
Tuman | |
---|---|
Tegishli | Toshkent viloyati |
Maʼmuriy markazi | Gʻazalkent |
Asos solingan sanasi | 19-aprel 1955-yil |
Tuman hokimi | Ahmedov Joʻrabek Ilhomovich[1] |
Rasmiy tili | oʻzbek tili |
Aholi | 175 724 (2023-yil mart) |
Millatlar tarkibi | Oʻzbeklar, qozoqlar, tojiklar, ruslar va boshqa |
Dinlar tarkibi | Islom, xristianlik |
Maydoni | 4940 km² |
Balandligi dengiz sathidan Baland choʻqqisi Oʻrtacha balandligi |
Adelunga choʻqqisi, 4301 m 900 m |
Vaqt mintaqasi | UTC+05:00 |
Pochta indeksi | 110700 |
Internet domeni | uz |
Avtomobil raqami kodi | 10-19 |
Rasmiy sayti | bostonliq.uz |
Xaritada | |
41°34′12″N 69°46′12″E |
Boʻstonliq tumani hududi 1876-yilgacha Qoʻqon xonligi tarkibida boʻlgan.
Qoʻqon xonligi Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan soʻng uning hududlari yangi tuzilgan Turkiston general-gubernatorligining Sirdaryo viloyati tarkibiga kiritiladi.
1917-yil 27-noyabrdan 1918-yil 22-fevralgacha Turkiston general-gubernatorligining sharqiy qismi Turkiston Muxtoriyati tarkibida boʻlgan[2].
Rossiya imperiyasi parchalanib, sovet hokimiyati oʻrnatilgach, Turkiston general-gubernatorligi hududining bir qismi Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibiga kiritilgan.
1924-yil oktyabrda SSSR tomonidan Oʻrta Osiyoning milliy-hududiy chegaralanishini amalga oshiriladi, buning natijasida Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasida turli darajadagi 5 ta maʼmuriy birlik tashkil topadi.
Bu chegaralanish natijasida hozirgi Boʻstonliq tumani hududi RSFSR tarkibidagi Qirgʻiz Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasiga oʻtkazilgan. 1929-yilda bu yerda Boʻstonliq qoʻzgʻoloni boʻlgan[2].
1936-yilda tugatilgan Qirgʻiz ASSR oʻrnida Qozogʻiston SSR tashkil topgandan soʻng tuman Bostandiq tumani nomi bilan Janubiy Qozogʻiston viloyati tarkibiga oʻtkazilgan.
1956-yil 13-fevralda tuman [[Qozogʻiston SSR] tarkibidan Oʻzbekiston SSRning Toshkent viloyati tarkibiga oʻtkaziladi[3] va nomi Boʻstonliq tumani deb oʻzgartiriladi.
1962-yil 24-dekabrda tuman Yuqori Chirchiq tumani tarkibiga kiritilgan, 1968-yil 25-dekabrda esa yana Boʻstonliq tumaniga aylantirilgan.
Boʻstonliq tumani Toshkent viloyatining shimoli-sharqiy qismida joylashgan. Shimoldan Qozogʻiston Respublikasi, shimoli-sharqdan va sharqdan Qirgʻiziston Respublikasi, janubi-gʻarbdan Qibray tumani, janubdan Parkent va Ohangaron tumanlari, janubi-sharqdan Namangan viloyatining Pop tumani bilan chegaradosh[2].
Tumanning maydoni 4940 km² (Toshkent viloyatidagi eng katta tuman). Boʻstonliq tumani hududi Oʻzbekistonning eng baland togʻli hududlaridan biri hisoblanadi.
Tuman hududida sharqiy Tyan-Shan, Qorjontov, Piskom, Ugom va Chatqol togʻ tizmalari joylashgan[2].
Iqlimi moʻtadil kontinental, havosi yozda issiq va qishda ancha sovuq boʻladi.
Yillik oʻrtacha harorat +15,0 °C; yanvarning oʻrtacha temperaturasi −9,0°, iyulniki +21,0°. Mutlaq minimal harorat −26 °C, mutlaq maksimal harorat + 46 °C.
Tumanda yiliga oʻrtacha 500-600 mm yogʻin tushadi (yogʻinning asosiy qismi bahor va kuzda sodir boʻladi). Vegetatsiya davri 210-215 kun davom etadi[2][4].
Adirlarning tuproq qoplamasini asosan boʻz tuproqlar va togʻ jigarrang tuproq, baland togʻ och qoʻngʻir oʻtloqi-dasht tuproqlar tashkil etadi[2][4].
Boʻstonliq tumanining relyefi nisbatan bir xil boʻlib, asosan adirlar, togʻlar va baland togʻlardan iborat.
Tumanning gʻarbiy va qisman janubiy qismlarida pasttekisliklar keng tarqalgan. Faqat baland togʻlar joylashgan shimoliy qismidan tashqari, adirlar hamma joyda uchraydi.
Tumanning deyarli butun qismini sharqiy Tyan-Shan, Qorjontov, Piskom, Ugom va Chatqol togʻ tizmalari joylashgan togʻlar egallagan.
Tumandagi tepaliklar gʻarbdan sharqqa va janubdan shimolga qarab koʻtarilgan. Tumanning janubiy va gʻarbiy qismlari dengiz sathidan oʻrtacha 1000 metr balandlikda joylashgan.
Tumanning togʻli hududlari ustunlik qiladigan qolgan qismi esa dengiz sathidan 1200 metrdan 4000 metrgacha balandlikda joylashgan.
Tumanning eng baland nuqtasi balandligi 4301 metr boʻlgan Piskom tizmasining Adelunga choʻqqisi hisoblanadi. Balandligi boʻyicha 2-oʻrinda Piskom tizmasining yana bir choʻqqisi balandligi 4299 metr boʻlgan Beshtor turadi.
Qayd etulgan choʻqqilardan tashqari yana koʻplab baland togʻlar va choʻqqilar mavjud boʻlib, ular dengiz sathidan 1000 metrdan 4000 metrgacha balandlikda joylashgan.
Tumanning eng yirik va ahamiyatli choʻqqilari Oqtosh, Katta Chimyon, Qizilnura, Mingbuloq, Poʻlatxon kabilardir.
Koʻplab baland togʻlardagi dovonlardan avtomobil yoʻllari oʻtgan. Adirlar, asosan, qumtosh va lyosslardan tashkil topgan. Koʻpgina togʻlarning asosi slanets va granitdan iborat.
Tuman hududi har yili 5 balldan 8 ballgacha yoki undan koʻp darkada kuchli zilzilalar sodir boʻladigan seysmik zonaga kiradi[2][4].
Deyarli barcha togʻ tizmalaridan soylar oʻtgan, ularning baʼzilari daryolarga aylanadi. Soy va ochiq suv oqimlarining asosiy qismini Chirchiq daryosining irmoqlari tashkil etadi.
Ulardan eng yiriklari Beldorsoy, Piskom, Ugom, Koʻksuv, Chimyonsoy kabilardir.
Tuman hududidan baʼzi hollarda Chirchiq daryosining chap qismi hisoblanadigan yana bir daryo Chatqol oqib oʻtadi.
Deyarli barcha daryolarning suvlari suv omborlariga, jumladan, Chorboq suv omboriga quyiladi. Koʻpgina daryolarning suvlaridan togʻ etaklaridagi yerlarda sugʻorma dehqonchilik qilishda foydalaniladi[4].
Tumanda yer osti suvlari ham mavjud. Asosan, ular 2-3 metrdan 6-20 metrgacha chuqurlikda joylashgan[4].
Oʻzbekistondagi eng yirik gidroelektr stansiyasi Chorvoq GES Boʻstonliq tumani hududida joylashgan. Yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish 2 megavatt-soatni tashkil qiladi.
Chorvoq GES tumandagi boshqa gidroelektr stansiyalar singari Oʻrta Osiyodagi eng yirik gidroelektr stansiyalardan biri Chirchiq-Boʻzsuv suvenergetika trakti tarkibiga kiradi[2][4].
Tumanda yulgʻun, astragalus glycyphyllos, shuvoq va boshqa dorivor togʻ oʻsimliklari keng tarqalgan.
Togʻli hududlarda olma, archa, yongʻoq, pista, bodom, naʼmatak, zirk va boshqa oʻsimliklar yovvoyi holatda oʻsadi[4].
Tumanda sut emizuvchilardan qoʻngʻir ayiq, boʻri, tulki, toʻngʻiz, arxar va boshqa turdagi togʻ echkisi va qoʻylar, quyon, boʻrsiqlar yashaydi.
Tumanning shimoli va sharqida qor qoplonlari kuzatilgani haqida bir necha bor xabarlar berilgan. Echkemar, boshqa turdagi kaltakesaklar va ilonlar keng tarqalgan.
Bu yerda qushlardan burgut (lotincha: Aquila chrysaetos) va boshqa turdagi burgutlar, kalxat, oʻrdak, kaklik, zagʻizgʻon kabilar koʻp uchraydi[2].
Tumanning maʼmuriy markazi Gʻazalkent shahri boʻlib, 25 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi va ayni paytda tumanda shahar maqomiga ega boʻlgan yagona aholi punkti ham boʻlib qolmoqda.
Tuman tarkibi quyidagilardan iborat:
17 ta shaharchalar[5]:
24 ta qishloq fuqarolar yigʻini:
Hududda koʻplab kichik qishloqlar ham mavjud boʻlib, ularning baʼzilari borish qiyin boʻlgan baland togʻlarda joylashgan[2].
2023-yil mart oyi maʼlumotlarga koʻra, tumanda 175 724 ming kishi yashaydi[6]. 2013-yil holatiga koʻra, bu tumanda taxminan 160 000 kishi yashagan.
Tuman aholisining 60 foizdan ortigʻi qishloqlarda istiqomat qiladi. 2002-yilgi maʼlumotlarga asosan tumanda 72 ming oʻzbek istiqomat qilgan, ular aholining 45,1 foizini tashkil etgan. Qolgan millatlar esa qozoqlar 42 300 (26,5%), tojiklar 27 100 (17,0%), ruslar 12 000 (7,5%), shuningdek, ukrainlar, tatarlar, koreyslar va boshqa millatlarning diasporalari ham istiqomat qilgan boʻlib, ular aholining deyarli 4% ni tashkil qilishgan[2][7].
Tumanning umumiy yer fondi 479 ming gektarni tashkil etadi. Shundan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun 209 ming 900 gektar, koʻp yillik daraxtlar yetishtirish uchun 6,8 ming gektar, yaylovlar uchun 190 ming gektar yer ajratilgan[2].
Boʻstonliq tumanida asosan qishloq xoʻjaligi tarmoqlari: chorvachilik, dehqonchilik (paxtachilik, sabzavotchilik, polizchilik, bogʻdorchilik, uzumchilik) rivojlangan.
Chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, gʻallachilik, paxtachilik va sabzavotchilikka ixtisoslashgan 22 shirkat xoʻjaliklari mavjud.
Fermer xoʻjaliklarining umumiy soni 140 tadan oshadi. Tumanda yiliga oʻrtacha 7 ming tonna gʻalla yetishtiriladi. Bu koʻrsatkich bilan tuman Toshkent viloyatida gʻalla yetkazib beruvchi asosiy hududlardan biri hisoblanadi[2][8].
Xususiy va davlat mulkida jami 25 100 bosh qoramol, 67 800 bosh mayda shoxli chorva (qoʻy va echki), 18 000 bosh parranda, 4 800 bosh yilqilar uyuri mavjud[2].
Tumanning oʻrmon xoʻjaligi 23 ming 100 gektar yerni egallaydi. Oʻrmon xoʻjaligida, asosan, oʻrmon yongʻogʻi oʻstiriladi.
Xoʻjalik aholiga yiliga 3 ming tupga yaqin yongʻoq koʻchati, biroz kamroq uzum yetkazib bermoqda. Oʻrmon xoʻjaligida yana dorivor togʻ oʻsimliklari yigʻib olinadi[2].
Boʻstonliq tumani iqtisodiyoti va sanoati boʻyicha Toshkent viloyatida eng rivojlangan tumanlardan biri boʻlib, Qibray tumanidan keyin 2-oʻrinda turadi[2].
Tumanda oltin, qoʻngʻir koʻmir, mis, marmar, granit va slanets konlari mavjud.
Bu konlarni oʻzlashtirish asosan ochiq usulda qazib olish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Shuningdek, marmar va paxtani qayta ishlash korxonalari, gʻisht, beton plitalar, ichimliklar, qandolat, sut mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritadi[2].
Tumanda 2 540 dan ortigʻi kichik biznes subyektlari, 30 dan ortiq turli korxona, shundan 22 tasi qoʻshma korxonalar, xususan, „Gʻazalkent oyna“ (shisha ishlab chiqarish), „Oʻzborn tekstil“ (toʻqimachilik), „Konvin“ (alkogol), „Agromir Gazalkent“ (konserva), „Boʻstonliqsut“ (sut mahsulotlari) korxonalari) kabilar ham oʻz faoliyati olib borishadi.
2011-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 102,6 milliard soʻmga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi esa 208,7 milliard soʻmga yetgan[8].
Boʻstonliq tumanidagi avtomobil yoʻllarining umumiy uzunligi 400 km dan ortiq, shundan 180 km ga yaqini respublika ahamiyatidagi avtomobil yoʻllaridir.
Tumanning janubiy qismidan temir yoʻl oʻtgan. Eng yirik temir yoʻl stansiyasi Xoʻjikent stansiyasi. Koʻpgina yoʻnalishlarda avtobus xizmati yoʻlga qoʻyilgan[8].
2014-yil holatiga koʻra, Boʻstonliq tumanida 53 ta umumtaʼlim maktabi mavjud boʻlib, ularda 32 mingdan ortiq bola taʼlim olmoqda. 2004 yil holatiga koʻra, tumanda 1 ta kasb-hunar kolleji faoliyat yuritgan.
Boʻstonliq tumanida Madaniyat saroyi, madaniyat uylari, koʻplab klublar mavjud. Tumanning har bir aholi punktida kutubxonalar ochilgan[8].
1936-yildan beri „Boʻstonliq ovozi“ va „Bostonlik dovusi“ nomli gazeta (oʻzbek va qozoq tillarida) nashr etiladi[2].
2000-yillarning oʻrtalariga kelib tumanda 2 ta kasalxona, poliklinika, 1 ta silga qarshi poliklinika, 18 ta feldsher-akusherlik punktlari mavjud boʻlgan[2]. Deyarli barcha aholi punktlarida qishloq vrachlik punktlari va ambulatoriyalar mavjud[8].
Boʻstonliq tumani hududida deyarli barcha turdagi kasalliklarga chalingan bemorlar uchun turli sanatoriylar va sogʻlomlashtirish joylari bor.[2]
Togʻ havosi va tabiati tufayli tumanning sanatoriylariga Toshkent viloyati va butun Oʻzbekiston hamda boshqa mamlakatlardan odamlar tashrif buyurishadi.
Boʻstonliq tumanida stadionlar, sport zallari, sport maydonchalari, suzish havzalari va boshqa sport inshootlari mavjud.
Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlardan koʻplab sportchilar togʻ havosi, yaxshi ekologiya va infratuzilma tufayli oʻz yoʻnalishida bu yreda tayyorgarlik mashgʻulotlarini olib borishadi. Tumanda togʻ-changʻi kurortlari Chimyon, Beldersoy va Amirsoy ham mavjud.
Oʻzbekistondagi eng yirik dam olish maskanlari Boʻstonliq tumani hududida joylashgan[2]. Aynan shu yerda Chorboq suv ombori sohilidagi koʻplab yozgi va qishki (shu jumladan bolalar) oromgohlar, changʻi markazlari, alpinizm bazalari, sport markazlari, sanatoriylar va plyajlar joylashgan.
Chorvoq suv ombori qirgʻoqlari va Chirchiq, Burchmullo, Gʻazalkent, Iskandar, Sijjak, Chorvoq daryolari yirik turizm markazlari hisoblanadi.
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.