Arxitekturada gotika uslubi
From Wikipedia, the free encyclopedia
XII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Yevropa davlatlari shaharlarida savdo va hunarmandchilik tez rivojlanadi. Shaharlar iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayot markazlariga aylanadi. Buning natijasida arxitektura sohasida yangi uslub— gotika uslubi shakllanadi va rivojlanadi. Rim uslubining asosiy xususiyati ogʻir tosh konstruksiyalaridan iborat edi. Gotika uslubi esa yengil karkas konstruksiyalariga asoslangan. Yevropa davlatlarida shaharlar asosan savdo yoʻllari kesishgan joylarda shakllanadi. Savdo yoʻllari kesishgan joyda bozor maydoni hosil boʻladi. Bozor maydoniga yaqin joyda shahar asosiy ibodatxonasi va shahar hokimiyati binosi-ratusha quriladi. Devorlar bilan oʻralgan shahar hududining yeri juda qimmat va qadrli edi. Shuning uchun arxitektor va quruvchilar shaharda quriladigan imoratlarning tejamli va yengil qilib qurilishi usullari ustida ish оlib borishadi va natijada gotika karkas uslubi shakllanadi. Gotika uslubi shakllanishi sharqiy mamlakatlar arxitekturasi taʻsiri ostida amalga oshdi. Gotika uslubini yaratgan arxitektorlarning texnik yutuqlari, birinchi navbatda, bazilika turidagi ibodatxonalar qurilishida qoʻllanildi. Gotika karkas sistemasi nervyura, arkbutan va kontrforslardan iborat. Nervyura - bu bino yopilmasi qobiqlaridagi toshdan terilgan ravoq shaklidagi qovurgʻalar. Nervyuralar — yopilma qobiqlaridagi asosiy yuk koʻtaruvchi konstruktiv qism. Nervyuralarning ishlatilishi yopilma ogʻirligini kamaytirishga imkon yaratdi, chunki yopilma qobiqlarida avval nervyuralar ravoq shaklida terib chiqiladi va keyin havzalar yordamida qobiqning qolgan qismlari teriladi. Bino yopilmasi ogʻirligi nervyuralardan arkbutanlarga uzatiladi.
Arkbutan — ogʻma turgan yarim ravoq shaklli konstruktiv element boʻlib, kuchlanishini nervyuralardan kontrforslarga uzatish uchun xizmat qiladi. Kontrforslar bino yopilmalaridan barcha kuchlanishni qabul qiluvchi ustunlardir. Kontrforslar qalinligi pastga qarab oʻsib boradi. Shunday qilib, gotika uslubida qurilgan binolarda nervyura, arkbutan va kontrforslardan tashkil topgan karkas bino mustahkamligi va turgʻunligini taʻminlaydi. Gotika uslubidagi binolar yopilmasini bajarishda yogʻoch fermalardan keng foydalanilgan. Gotika uslubining nazariy asoslari dominikanlik rohib Vinsent de Bovening "Buyuk oyna" deb nomlangan asarida oʻz aksini topgan. Muallifning 83 ta kitobi 3 jildlik asarlar toʻplamida jamlangan boʻlib, arxitekturaviy va qurilish faoliyatining barcha sohalari yoritilgan. Gotika arxitekturasida bino va inshootlar qurilishi uchun oldindan loyiha tayyorlangan va barcha konstruktiv qisimlarning hisob-kitoblari bajarilgan boʻladi. Gotika arxitekturasida turar-joy imoratlari qurilishida yogʻoch karkasdan iborat faxverk uylari keng tarqaladi. Faxverk uylarida ustunlar va boshqa yuk koʻtaruvchi qismlar yogʻochdan tayyorlanib, ularning oraligʻi gʻisht va toshlar bilan toʻldirilgan boʻladi. Gotika arxitekturasidagi karkas sistemasi oʻzining vertikal yoʻnalishida rivojlangan kompozitsion tuzilishi bilan ajralib turadi va bu konstruktiv badiiy ifodalanish vositasiga aylanadi. Gotikadagi bazilika turidagi ibodatxonalar konstruktiv tuzilishiga mos ravishda binoning ichki fazoviy tuzilishi va bezatilishida ham oʻziga xos xususiyatlar hosil boʻladi. Masalan, markaziy nervyura uch qavatli ravoqli arkadadan, ikkinchi qavat triforiy boʻlimidan va uchinchi qavat markaziy neryuraga yorugʻlik beradigan derazalardan tashkil topgan. Asosiy ustunlardan ingichkaroq ustunchalar ajraladi va ular yopilma qobiqning nervyuralariga oʻxshab ketadi.Karkas sistemasidan foydalanish devorlarni yengil qilib ishlash va ulardagi derazalar sonini koʻpaytirishga imkon yaratadi. Natijada ibodatxonalar ichki fazosi yaxshi yoritiladi. Derazalar baland ravoqli shaklda bajarilib, vitrajlar bilan toʻldiriladi. Turli ranglarda bajarilgan vitrajlardan oʻtadigan yorugʻlik nurlari bino interyerlarida sirli muhit yaratishga xizmat qiladi. Binolarning tashqi koʻrinishlarida ham ularning konstruktiv qismlari (nervyuralar, transept, arkbutan, kontrfors ravoqli qobiqlar) kompozitsion elementlar sifatida badiiy ifodalanish vositalariga aylanadi.[1]