Appendiksning yalligʻlanishi From Wikipedia, the free encyclopedia
Appenditsit — appendiks, yaʼni koʻrichak chuvalchangsimon oʻsimtasining nospetsifik yalligʻlanish kasalligi[3]. Kasallik belgilari odatda qorinning pastki oʻng tomonida ogʻriq, koʻngil aynishi, qusish, ogʻiz qurishi va ishtahaning pasayishi koʻrinishida namoyon boʻladi. Biroq, taxminan 40 % holatlarda bunday tipik belgilar paydo boʻlmasligi ham mumkin. Apendiks yorilishi ogʻir asoratlar: qorin parda ichki qavatining keng, tarqalgan, ogʻriqli yalligʻlanishi va sepsisga olib kelishi mumkin[10].
Appenditsit | |
---|---|
Sinonimlari | Epitiflit[1].Epitiflit[2] |
Belgilari | Qorinning oʻng pastki qismidagi ogʻriq, koʻngil aynishi, qusish va ishtahaning pasayishi |
Mutaxassislik | Umumiy jarrohlik |
Alomatlar | Qorinda ogʻriq, koʻngil aynishi, qusish, ishtahaning pasayishi[3]. |
Tashxis usullari | Simptomlarga asoslanib, qon, siydik tahlili va qoʻshimcha instrumental tekshiruvlar[4][5]. |
Differensial tashxis | Xoletsistit, pankreatit, gastroenterit, buyrak sanchig`i, oshqozon yarasining teshilishi[6]. |
Davolash |
Appendektomiya (appendiksni jarrohlik yoʻli bilan olib tashlash) Istisno: Infiltrativ Appenditsitda konservativ davo qilinadi[7][8]. |
Uchrash tezligi | 11.6 million (2015)[9] |
Appenditsit appendiks ichki boʻshligʻining tiqilib qolishi natijasida yuzaga keladi[11][7]. Virusli infeksiya, parazitlar, oʻt toshlari va oʻsmalar tufayli yoki yalligʻlangan limfoid toʻqimalar tufayli kelib chiqishi mumkin[12]. Ushbu tiqilib qolish appendiksdagi bosimning oshishiga, toʻqimalarida qon oqimining pasayishiga va yalligʻlanishni keltirib chiqaradigan appendiks ichidagi bakteriyalarning koʻpayishiga olib keladi[7][13]. Agar bu jarayon davolanmasa, appendiks yorilib, qorin boʻshligʻiga bakteriyalar chiqib ketishi mumkin va bu jarayon asoratlarning kuchayishiga olib keladi[14][15].
Appenditsit tashxisi asosan bemorlardagi klinik belgilarga qarab qoʻyiladi[16]. Bundan tashqari, bemorlarni aktiv kuzatish, obyektiv, laboratoriya va instrumental tekshiruvlarni oʻtkazish ham yaxshi samara beradi[4]. Instrumental tekshiruvlardan appenditsit kasalligida keng qoʻllanadiganlari ultratovush va kompyuter tomografiyasidir (KT)[4]. Oʻtkir appenditsitni aniqlashda kompyuter tomografiyasi ultratovushga qaraganda aniqroq ekanligi isbotlangan[17]. Lekin, bolalar va homilador ayollarda koʻproq ultratovush tekshiruvi qoʻllanadi. Chunki kompyuter tomografiyasining radiatsiya nurlari ona va bola organizmiga salbiy taʼsir oʻtkazishi mumkin[4].
Oʻtkir appenditsit uchun standart davolash usuli yalligʻlangan appendiksni jarrohlik yoʻli bilan olib tashlashdir[7][18]. Bu operatsiya qorin boʻshligʻida ochiq kesma (laparotomiya) orqali yoki laparoskopiya yordamida bir nechta kichikroq kesmalar orqali amalga oshirilishi mumkin. Antibiotiklar perforatsiyaga uchramagan appenditsitning ayrim holatlarida samarali boʻlishi mumkin[19][20]. 2015-yilda 11,6 millionga yaqin appenditsit holati qayd etilib, bu kasallikdan 50, 100 ga yaqin bemor oʻlgan[9][21]. Amerika Qoʻshma Shtatlarida har yili appenditsit bilan ogʻrigan 300 000 dan ortiq bemorda appendektomiya amaliyoti bajariladi[22].
Appenditsit kasalligi nafaqat odamlarda, balki appendiks oʻsimtasi mavjud boʻlgan hayvonlarda ham uchrashi mumkin. Appendiks oʻsimtasi bor hayvonlarga quyonlar, gvineya choʻchqasi, maymunlar va otlar misol boʻla oladi. Lekin otlarning appendiks oʻsimtasi juda katta boʻlib, koʻr ichak bilan orasidagi chegara yaxshi ifodalanmagan boʻladi. Bundan tashqari otlarning ichaklarida yalligʻlanish jarayonlari boshlansa appendiks bilan birga koʻr ichak ham yalligʻlanadi. Shu sababli veterinariya sohasida otlarga appenditsit tashxisi qoʻllanilmaydi. Umuman olganda hayvonlarda appenditsit kasalligi mavjud boʻlgan taqdirda ham, bunday tashxis qoʻyish juda qiyin[23].
Oʻtkir appenditsit appendiksning birlamchi obstruksiyasi (toʻsilishi) natijasida kelib chiqadi[24][25]. Ushbu toʻsiq paydo boʻlgach, appendiks shilliq bilan toʻlib, kattalashadi. Shilliq ishlab chiqarilishining davom etishi appendiks devorlari ichidagi bosimning yanada oshishiga olib keladi. Bosimning koʻtarilishi tromboz va mayda tomirlarning tiqilib qolishiga, limfa oqimining buzilishlariga sabab boʻladi. Bu darajaga yetib kelganda appendiksning oʻz-oʻzidan tiklanishi kamdan-kam hollarda sodir boʻladi. Appendiks qon tomirlarining tiqilib qolishi natijasida avval ishemiya, keyin esa nekrotik jarayon yuzaga keladi. Bakteriyalar nekrozga uchragan appendiks devorlaridan chiqa boshlagach, atrofidagi toʻqimalar ham yiringlay boshlaydi. Natijada sepsis, peritonit va kamdan-kam hollarda appendiksning yorilishi yuzaga keladi. Ushbu jarayonlar rivojlangan sari asta-sekin qorindagi ogʻriq va boshqa belgilari paydo boʻla boshlaydi[26].
Qoʻzgʻatuvchi omillarga bezoarlar, yot jismlar, travma, ichak qurtlari[27], limfadenit va koʻpincha appendikolitlar yoki fekalitkar deb ataladigan kalsifikatsiyalangan najas toshlari kiradi[28][29]. Qoʻzgʻatuvchi omillardan fekalitlar koʻproq diqqatni tortadi, chunki rivojlangan mamlakatlarda appenditsitga chalingan bemorlarni tekshirib koʻrilganda koʻpchiligida ushbu elementlar topilgan[30].
Najas toshlarining paydo boʻlishi yoʻgʻon ichakning oʻng qismida rezervuari borligi va najas oʻtib ketish vaqtining choʻzilishi bilan boʻgliq deb hisoblangan. Biroq, keyingi tadqiqotlarda bu oʻz isbotini topmadi[31]. Divertikulyar kasalliklar va adenomatoz poliplar tarixan nomaʼlum boʻlgan va turli Afrika qabilalarida appenditsit kam uchraydigan yoki umuman boʻlmagan holatlarida yoʻgʻon ichak saratoni ham juda kam uchragan. Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, appenditsit va boshqa yuqorida aytib oʻtilgan yoʻgʻon ichak kasalliklarining koʻpayishida tarkibida klechatkasi kam boʻlgan taomlarni muntazam istemol qilish muhim rol oʻynaydi[32][33].
Appenditsit koʻpincha 5 yoshdan 40 yoshgacha boʻlgan odamlarda uchraydi[35]. 2013-yilda bu kasallik butun dunyo bo‘ylab 72 000 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Bu koʻrsatkich 1990-yilda 88 000 tani tashkil etar edi[36].
Oʻtkir appenditsit qorindagi ogʻriq, koʻngil aynishi, qusish va isitma kabi klinik belgilar bilan boshlanadi. Koʻrichak oʻsimtasining shishishi va yalligʻlanishi oʻsha joydagi qorin pardani ham taʼsirlantira boshlaydi[39]. Koʻrichak tipik joylashgan boʻlsa, bu holatda ogʻriq qorinning oʻng pastki sohasida seziladi. Ogʻriqning bu klassik joylashuvi uch yoshgacha boʻlgan bolalarda aniqlanmasligi mumkin.
Appenditsitda ogʻriq kindik atrofida kuchsiz boshlanadi va bir necha soatdan keyin odatda qorinning oʻng pastki qismiga oʻtadi (Kocher simptomi). Bu holatda qorin devori yumshoq bosimga (palpatsiya) ham juda sezgir boʻladi. Qoʻl barmoqlari uchki qismlari bilan qorin devorining pastki oʻng qismini bosib turib birdaniga qoʻyib yuborish natijasida ogʻriqning kuchayishi (Blumberg simptomi) ham musbat natija beradi. Agar appendiks retrosekal joylashgan boʻlsa (koʻrichak orqasida joylashgan boʻlsa), qorinning oʻng pastki qismiga chuqur bosim berilganda ham ogʻriq sezilmasligi mumkin (soqov appenditsit). Buning sababi shundaki, gaz bilan toʻlgan koʻrichak yalligʻlangan appendiksni bosimdan himoya qiladi. Xuddi shunday, agar appendiks toʻliq tos boʻshligʻida joylashgan boʻlsa, odatda qorin boʻshligʻida hech qanday ogʻriq sezilmaydi. Bunday hollarda yalligʻlanish jarayoni kechayotgan, atipik joylashgan appendiksni Obraztsov va Ivanov kabi bir nechta simptomlar yordamida aniqlab olish mumkin[40].
Appenditsit tashxisi kasallik simptomlari, klinik, laborator va instrumental tekshiruvlarga asoslanib qoʻyiladi. Kasallik kechishiga koʻra tipik va atipik boʻladi. Odatda appenditsit anoreksiya, koʻngil aynishi yoki qayt qilish bilan birga kindik atrofida boshlanadigan va bir necha soatdan soʻng qorinning oʻng pastki qismiga oʻtadigan ogʻriqlar bilan boshlanadi[3]. Ogʻriq, anoreksiya, leykotsitoz va isitma tipik kechayotgan appenditsitning klassik belgilari hisoblanadi.
Atipik kechishida esa boshlangʻich alomat sifatida birdaniga qorinning oʻng pastki qismidagi oʻgʻriqlar paydo boʻlishi mumkin. Appenditsitning atipik kechishida koʻpincha ultratovush va kompyuter tomografiyasi yordamida tashxis qoʻyiladi[5].
Appenditsit uchun maxsus laboratoriya tekshiruvlari mavjud boʻlmasa-da, infeksiya belgilarini tekshirish uchun umumiy qon tahlili oʻtkaziladi. Appenditsit bilan ogʻrigan odamlarning 70-90 foizida leykotsitlar normadan baland chiqadi. Lekin qorin boʻshligʻi va chanoq aʼzolarining boshqa koʻplab kasalliklari ham leykositlarning koʻpayishiga sababchi boʻlishi mumkin[47]. Interleykin-6, kalprotektin va NGAL kabi yangi molekulalarning diagnostikasi samaradorligi bolalar appenditsitida oʻrganilgan va oʻrtacha foydaliligi aniqlangan[48][49][50].
Siydik tahlili odatda infeksiyani koʻrsatmaydi, ammo homiladorlik holatini, ayniqsa tugʻish yoshidagi ayollarda ektopik homiladorlik ehtimolini aniqlash uchun kerak boʻladi. Siydikni tahlil qilish qorin ogʻrigʻining sababi sifatida siydik yoʻllari infeksiyasini istisno qilish uchun ham muhimdir. Siydik tahlilda bir koʻruv maydonida 20 dan ortiq leykositlar mavjudligi siydik yoʻllari yalligʻlanishidan dalolat beradi[51].
Bolalarda appenditsitga xos qorin ogʻrigʻi boshlangan zahoti zudlik bilan jarroh konsultatsiyasini olish va qoʻshimcha tekshiruvlarni amalga oshirish kerak[52]. Chunki bolalarda simptomlarning aniqlanishi kattalarga nisbatan qiyinroq boʻladi. Qoʻshimcha tekshirish usullarini tanlayotganda radiatsiya taʼsirini ham inobatga olish kerak. Shu sababli bolalarga birinchi navbatda ultratovush tekshiruvi, bu tekshiruv bilan aniqlab boʻlmagan holatdagina KT tekshiruvini amalga oshirish kerak[53][54][55]. Kattalar va oʻsmirlarda appenditsit tashxisini qoʻyish uchun kompyuter tomografiyasi ultratovushga qaraganda aniqroqdir. Kompyuter tomografiyasining sezgirligi 94 %, oʻziga xosligi 95 %. Ultratovush tekshiruvining umumiy sezuvchanligi 86 %, oʻziga xosligi 81 % ni tashkil etadi[56].
Qorin boʻshligʻi ultratovush tekshiruvi, ayniqsa doppler sonografiya appenditsitni aniqlash uchun samarali usul hisoblanadi. Ultratovush tekshiruvi oʻng yonbosh boʻshligʻida erkin suyuqlik toʻplanishini, rangli doppler yordamida esa appendiksdagi qon oqimini koʻrish mumkin[57]. Baʼzi hollarda (taxminan 5 %)[58], qorinning oʻng pastki qismi ultratovush tekshiruvida appenditsit jarayonining mavjudligiga qaramay, hech qanday anormalliklarni aniqlamaydi. Bu koʻpincha appenditsit boshlangan, lekin hali sezilarli darajada kattalashmagan vaqtida noʻtoʻgʻri xulosa chiqarilishiga sababchi boʻladi. Bundan tashqari, qorin devorlarida toʻplangan ortiqcha yogʻ va ichakdagi gazlar bu tekshiruvni oʻtkazishda qiyinchiliklar tugʻdiradi. Ushbu qiyinchiliklarga qaramay, tajribali sonografiya mutaxasisi appenditsit va shunga oʻxshash alomatlarga ega boʻlgan boshqa kasalliklarni ajrata oladi[59].
Kompyuter tomografiyasi (KT) appenditsit tashxisini qoʻyish uchun juda qulay tekshiruv usuli, ayniqsa anamnez va klinik simptomlar yordamida tashxis qoʻyish qiyin boʻlgan vaziyatlarda KT yordamida kasallikni aniqlab olish mumkin. 2019-yilgi Cochrane tekshiruvi kattalardagi oʻtkir appenditsit tashxisi uchun KTning sezgirligi va oʻziga xosligi yuqori ekanligini aniqladi[61]. Radiatsiya nurining zararli taʼsiri tufayli bolalar va homilador ayollarga KT qoʻllab boʻlmaydi[62][63].
Appendiks najas bilan toʻlib, intraluminal distansiyaga olib kelishi mumkin va bu holatni ultratovushdan farqli oʻlaroq kompyuter tomografiyasi ajratib bera oladi[64]. Bundan tashqari, qoʻshni ichak devori bilan solishtirganda yoki atrofidagi yogʻ, yogʻli tutqichlarining yalligʻlanish belgilari ham tashxisni aniqlashtirishda yordam beradi. Biroq, bu belgilarning yoʻqligi tashxis qoʻyishga toʻsqinlik qila olmaydi[64].
Magnit-rezonans tomografiya (MRT) bolalar va homilador ayollarda appenditsit tashxisini qoʻyish uchun tobora keng qoʻllanilmoqda. Homiladorlikda faqatgina ikkinchi va uchinchi trimestrda qoʻllash mumkin boʻlib, ayniqsa bachadonning kengayishi appendiksni siqib chiqargan holatlarida MRT yordamida uni aniqlash mumkin. Homiladorlikning birinchi trimestrida MRT tekshiruvi mumkin emas. Chunki homilada hali organogenez jarayoni kechayotganligi sababli magnit maydonning zararli taʼsiri boʻladi[65].
Umuman olganda, qorin boʻshligʻining oddiy rentgenografiyasi appenditsit tashxisini qoʻyishda samarali emas[66][67]. Lekin rentgenografiya yordamida siydik yoʻllari toshlarini, ingichka ichak tutilishini yoki teshilgan yarani aniqlash mumkin va bu differensial tashxislashda muhim ahamiyatga ega. Appenditsit tashxisi qoʻyilgan bemorlaning 5 % dan kamrogʻida oʻng pastki tomondagi ichaklarda shunchaki shaffof boʻlmagan najas toʻplangan boʻlishi mumkin[68].
Appenditsit bilan kasallanishi mumkin boʻlgan odamlarni aniqlashga harakat qilish uchun bir nechta baholash tizimlari ishlab chiqilgan[69].
Alvarado eng mashhur baholash tizimlaridan biri hisoblanadi. 5 dan past ball toʻplanganda appenditsit kasalligi yoʻqligini, 7 yoki undan ortiq ball toʻplanganda esa oʻtkir appenditsitni prognoz qilsa boʻladi[69]. 5 yoki 6 ball toʻplagan odamlar appenditsitga shubha qilinadi va qoʻshimcha instrumental tekshiruvlar oʻtkaziladi.
Oʻng yonbosh sohasiga koʻchib oʻtuvchi ogʻriq | 1 ball |
Anoreksiya | 1 ball |
Koʻngil aynishi va qayt qilish | 1 ball |
Oʻng yonbosh sohasidagi ogʻriq | 2 ball |
Blumberg simptomi musbatligi | 1 ball |
Isitma | 1 ball |
Leykositlar sonining koʻpayishi (leykotsitoz) | 2 ball |
Leykositar formulaning chapga siljishi | 1 ball |
Umumiy ball | 10 ball |
---|
Hatto klinik jihatdan tasdiqlangan appenditsit uchun ham appendektomiya namunalarini muntazam gistopatologik tekshirish zarur. Chunki operatsiyadan keyingi davolash paytida kutilmagan qoʻshimcha patologiyalarning oldini olish muhim hisoblanadi[70]. Shunisi eʼtiborga loyiqki, appendektomiya namunalarining taxminan 1 foizida appendiks saratoni tasodifan topiladi[71].
Periappenditsit — appendiks atrofidagi toʻqimalarning yalligʻlanishi boʻlib, koʻpincha qorin boʻshligʻining boshqa patologiyalari bilan birgalikda topiladi[72].
Namuna | Makroskopik patologiya | Rangli mikroskopiya | Rasm | Klinik ahamiyati |
---|---|---|---|---|
Oʻtkir intraluminal yalligʻlanish | Koʻrinmaydi |
|
Yoʻq | |
Shilliq qavatning oʻtkir yalligʻlanishi | Koʻrinmaydi |
|
Enterit uchun ikkilamchi boʻlishi mumkin. | |
Yiringli oʻtkir appenditsit | Koʻrinmas boʻlishi mumkin.
|
|
Simptomlarning asosiy sababi deb taxmin qilish mumkin | |
Gangrenoz / nekrotik appenditsit |
|
|
Agar davolanmasa perforatsiya boʻladi | |
Periappenditsit | Koʻrinmas boʻlishi mumkin.
|
|
Agar izolyatsiya qilingan boʻlsa, ehtimol boshqa kasallik uchun ikkinchi darajali | |
Eozinofil appenditsit | Koʻrinmaydi |
|
Parazitar yoki eozinofilli enterit ehtimoli. |
Bolalarda: gastroenterit, Mekkel divertikuliti, invaginatsiya, Genoch-Schönlein purpurasi, lobar pnevmoniya, siydik yoʻllarining infeksiyasi, yangi boshlangan pankreatit va bolalarga nisbatan zoʻravonlik natijasida qorin boʻshligʻi travması bilan differensial diagnostika qilinadi .
Ayollarda: Homiladorlik testi tugʻish yoshidagi barcha ayollar uchun muhimdir, chunki bachadondan tashqari homiladorlik appenditsitga oʻxshash belgilarga ega boʻladi. Ayollarda shunga oʻxshash qorin ogʻrigʻining boshqa akusherlik / ginekologik sabablari orasiga tos aʼzolarining yalligʻlanish kasalliklari, tuxumdonlarning buralishi, hayz koʻrish, dismenoreya, endometrioz va Mittelschmerzlar kiradi[74]. Erkaklarda: moyakning buralishi bilan differensial diagnostika oʻtkaziladi. Kattalarda: yangi boshlangan Kron kasalligi, yarali kolit, enterit, xoletsistit, buyrak sanchigʻi, teshilgan oshqozon yarasi, pankreatit, toʻgʻri ichakning gematomasi kabi kasalliklar bilan taqqoslash lozim. Keksa odamlarda: divertikulit, ichak tutilishi, yoʻgʻon ichak karsinomasi, tutqich ishemiyasi bilan appenditsit dif diagnostika qilinadi.
„Pseudoappenditsit“ atamasi appenditsitga taqlid qiladigan holatni tasvirlash uchun ishlatiladi[75]. Bunday holatning sababi Yersiniya enterokoliti boʻlishi ham mumkin[76].
Oʻtkir appenditsit[77] odatda jarrohlik yoʻli bilan davolanadi. Antibiotiklar asoratlanmagan appenditsitni davolashda xavfsiz va samarali boʻlsada[78][8][79], 26 % odamlarda bir yil ichida qaytalanish kuzatiladi va oxir-oqibat appendektomiya amaliyoti talab qilinadi[80]. Agar appendikolit mavjud boʻlsa, antibiotiklar samarasiz hisoblanadi[81]. Jarrohlik operatsiyasi oʻtkir appenditsitni davolashning standart usuli hisoblanadi.
Favqulodda appendektomiya muolajalarida operatsiyadan keyingi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan asoratlarni oldini olish uchun antibiotiklardan foydalanish tavsiya etiladi va antibiotiklar operatsiyadan oldin, operatsiya vaqtida yoki undan keyin bemorlarga berilganda samarali boʻladi[82].
Ogʻriq qoldiruvchi vositalar (masalan, morfin) appenditsit klinik tashxisining toʻgʻriligiga taʼsir qilmaydi va shuning uchun bemorga erta yordam sifatida qoʻllanishi mumkin[83]. Tarixan baʼzi umumiy jarrohlar orasida analgetiklar bolalarning klinik tekshiruviga taʼsir qiladi degan xavotirlar bor edi, baʼzilari esa jarroh bemorni tekshirib koʻrmaguncha ularni bermaslikni tavsiya qilishgan[83].
Koʻr ichakning appendiks oʻsimtasini olib tashlovchi jarrohlik amaliyoti appendektomiya deb ataladi. Appendektomiya ochiq yoki laparoskopik jarrohlik yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin. Laparoskopik appendektomiya oʻtkir appenditsitda ochiq appendektomiyaga nisbatan bir qator afzalliklarga ega[84].
Bir asrdan koʻproq vaqt davomida laparotomiya (ochiq appendektomiya) oʻtkir appenditsitni davolashning standart usuli boʻlgan[85]. Ushbu protsedura qorinning pastki oʻng sohasidagi bitta katta kesma orqali infeksiyalangan appendiksni olib tashlashdan iborat[86]. Laparotomiyadagi odatda 51-76 mm uzunlikda kesma kesiladi.
Ochiq appendektomiya amaliyoti umumiy ogʻriqsizlantirish ostida amalga oshiriladi. Kesma 51-76 mm uzunlikda va qorinning oʻng pastki qismida qilinadi. Kesma orqali qorin boʻshligʻi ochilganidan soʻng yalligʻlangan appendiks topiladi va atrofidagi infisirlangan toʻqimalari bilan birga kesib, olib tashlanadi. Infeksiyalangan hududni diqqat bilan tekshirish va atrofdagi toʻqimalarning shikastlangani yoki infeksiyalanganligi belgilari yoʻqligiga ishonch hosil qilish zarur. Operatsiya oxirida qorin boʻshligʻiga drenaj (xoʻppoz shakllanishining oldini olish uchun qorin boʻshligʻidan tashqariga chiqarilgan vaqtinchalik naycha) kiritilishi mumkin, ammo bu bemorning kasalxonada qolish vaqtini oshiradi[87]. Jarroh operatsiya oxirida mushak va teri qavatlarini tikib, ushbu amaliyotni yakunlaydi. Infeksiyalarning oldini olish uchun kesma sohasidagi choklar steril salfetkalar yoki jarrohlik yopishtiruvchi vositalari bilan qoplanadi.
Laparoskopik appendektomiya 1983-yilda joriy qilingan boʻlib, oʻtkir appenditsit uchun koʻp qoʻllanadigan jarrohlik amaliyot turiga aylanmoqda[88]. Ushbu jarrohlik amaliyotida qorin boʻshligʻida har biri 6.4-12.7 mm boʻlgan uch-toʻrtta kesma qilinadi. Ushbu turdagi kesmalardan biriga laparoskop deb ataladigan maxsus jarrohlik asbobini kiritish orqali appendektomiya amaliyoti amalga oshiriladi. Laparoskop inson tanasidan tashqaridagi monitorga ulangan va u jarrohga qorin boʻshligʻi hududni tekshirishga yordam berishi uchun moʻljallangan. Qolgan ikkita kesik jarrohlik asboblari yordamida appendiksni maxsus olib tashlash uchun moʻljallangan. Laparoskopik appendektomiya ochiq appendektomiyaga nisbatan bir qator afzalliklarga ega. Jumladan, kam invaziv amaliyot turi, operatsiyadan keyingi tiklanishga qisqa vaqt ketishi, operatsiyadan keyingi ogʻriqlarning kamroq kuzatilishi va jarrohlik kesmalarining infisirlanishi xavfi kamroqligi afzalliklariga kiradi. Biroq, qorin boʻshligʻidagi abssesning paydo boʻlishi laparoskopik appendektomiyada ochiq appendektomiyaga qaraganda deyarli uch baravar koʻp uchraydi[89].
Operatsiyadan oldingi davrda bemorlarga operatsiyadan 1 kun oldin kechasi ovqat yemasligi buyuriladi. Organizmdagi bakteriyalarni oʻldirish, qorin boʻshligʻidagi infeksiyani tarqalishini oldini olish va operatsiyadan keyingi yuzaga keladigan asoratlarni oldini olish maqsadida antibiotiklar va kerak boʻlsa metronidazol kabi ineksiyalarni ham tayinlash mumkin[90]. Oshqozon boʻsh boʻlsa (soʻnggi olti soat ichida oziq-ovqat isteʼmol qilinmagan boʻlsa), odatda umumiy ogʻriqsizlantirish qoʻllanadi qoʻllanadi.
Appendektomiyani oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng, tayyorgarlik jarayoni taxminan bir-ikki soat davom etadi. Shu bilan birga, jarroh bemorga jarrohlik amaliyotini tushuntiradi va appendektomiyani amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflar haqida maʼlumot beradi. Agar appendiks yorilib ketmagan boʻlsa, asoratlanish darajasi atigi 3 % ni tashkil qiladi, ammo agar appendiks yorilib ketgan boʻlsa, asorat darajasi deyarli 59 % gacha koʻtariladi[91]. Eng koʻp uchraydigan asoratlar pnevmoniya, kesma churrasi, tromboflebit va qon ketishidir[92][93].
Kasalxonada qolish muddati odatda bir necha soatdan bir necha kungacha davom etadi. Ammo asoratlar yuzaga kelganda bir necha hafta davom etishi ham mumkin. Qayta tiklanish jarayoni vaziyatning ogʻirligiga qarab farq qiladi: agar appendiks yorilib ketgan boʻlsa uzoqroq, agar appendiks yorilib ketmagan boʻlsa tiklanish ancha tez boʻladi[94]. Jarrohlik amaliyotidan soʻng bemorlar shifokor tavsiyalariga toʻliq amal qilishlari shart.
Amerika Qoʻshma Shtatlarida 2010-yilda oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, appenditsit bilan kasallangan bemorlarning kasalxonada qolish vaqti oʻrtacha 1,8 kunni tashkil etadi. Agar appendiks yorilib ketgan boʻlsa kasallangan bemorlarning kasalxonada qolish vaqti oʻrtacha 5,2 kunni tashkil etgan[95].
Jarrohlikdan soʻng bemor reanimatsiya boʻlimiga oʻtkaziladi. Bu vaqtda bemorning hayotiy muhim aʼzolari faoliyati muntazam tekshirib turiladi. Agar kerak boʻlsa, ogʻriq qoldiruvchi vositalar qoʻllanishi mumkin. Bemorlar toʻliq oʻzlariga kelganlaridan soʻng, odatiy bemorlar xonasiga koʻchiriladi. Jarrohlikdan keyingi kun koʻp bemorlarga toza ichimlik suvi buyuriladi. Keyin ichaklar faoliyati qayta tiklangach parhezli ovqatlanishga oʻtishlari mumkin[96]. Bemorlarga toʻshakning chetiga oʻtirish va kuniga bir necha marta qisqa masofani bosib oʻtish ham tavsiya etiladi. Appendektomiyadan soʻng toʻliq tiklanish taxminan 4-6 hafta davom etadi, agar appendiks yorilib ketgan boʻlsa, bu muddat sakkiz haftagacha davom etishi mumkin.
Appenditsit bilan ogʻrigan bemorlarning aksariyati jarrohlik amaliyotidan soʻng tezda tuzalib ketishadi. Lekin davolash kechiktirilsa yoki peritonit paydo boʻlib, asoratlar yuzaga keladigan boʻlsa bemorlarning tuzalib ketishi ancha vaqtgacha choʻzilib ketadi. Qayta tiklanish davri yoshga, bemorlarning umumiy holatiga, asoratlar rivojlanganligiga bogʻliq holda oʻzgarib turadi. Yosh bolalarda esa qayta tiklanish 3 hafta davom etadi[97].
Odatda oʻtkir appenditsitda tezda appendektomiya amaliyoti bajariladi. Lekin bazida amaliyot bajarilmasidan oldin appenditsit belgilari oʻz-oʻzidan yoʻqoladi. Agar appenditsit belgilari oʻz-oʻzidan yoʻqolsa, uning takroriy qoʻzishini kutish kerakmi yoki appendektomiya amaliyotini bajarish kerakmi degan masala munozarali boʻlib qolmoqda. Atipik appenditsitda esa tashxis qoʻyish murakkabroq, hatto tashxis qoʻyib appendektomiya amaliyoti boshlanganda ham bir qancha qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Atipik appenditsitda oʻz vaqtida tashxis qoʻyilib, appendektomiya amaliyoti bajarilgan bemorlar ham 2-4 hafta ichida tuzalib ketishlari mumkin. Agar appenditsit asoratlari rivojlanmasa, bu kasallikning oʻlim koʻrsatkichi ancha past natijalarni qayd etadi[98].
Appendikulyar infiltrat deb nomlanuvchi yana bir holat uchrab turadi. Bu yalligʻlanish paytida appendiks erta olib tashlanmasa charvi va ichaklar unga yopishib, paypaslanadigan boʻlak hosil qilishidir. Bu davrda operatsiya qilish xavfli hisoblanadi. Shu sababli konservativ davo choralari olib boriladi va 3 oydan soʻng rejali ravishda appendiks oʻsimtasi olib tashlanadi[99].
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.