2012-yil fenomeni
From Wikipedia, the free encyclopedia
2012-yil fenomeni esxatologik fenomen boʻlib, 2012-yil 21-dekabr kuni kataklizm yoki keskin oʻzgarishlar sodir boʻlishiga ishonchlarda namoyon boʻladi.[1][2][3] Ushbu sana Maya taqvimida „4-Ajau, Tunning 9-ilohi, 3-Kank’in, 1-Kaban yil“ nomi bilan atalib, 5125 yillik sikl oxiri sifatida belgilangan.[4] Bu sanaga turli astronomik tizilish va numerologik formulalar aloqador qilib koʻrsatiladi, biroq ularning hech biri akademik fan tomonidan qabul etilmagan.
New Age harakati tafsiriga koʻra 2012-yil 21-dekabridan boshlab Yer va uning aholisi fizik yoki ruhiy transformatsiyani boshidan kechirishi mumkin.[5] Boshqalarning fikricha bu kuni dunyo yakuni yoki shunga oʻxshash halokat roʻy beradi. Ehtimoliy ssenariylarga Quyosh maksimumi, Yer va ulkan qora tuynuk oʻzaro taʼsiri[6] yoki Yer va Nibiru nomli gipotetik sayyora toʻqnashuvi kiradi.
Turli sohalar olimlari bu farazlarni asossiz, deb baholashadi. Mayashunos tarixchilar Maya solnomalarida qiyomat haqida eslatilmagan, deyishadi.[3][7][8] Astronomlar va boshqa olimlar bu farazlarni soxta fan, deb rad etishadi.[9]