Rivojlangan mamlakat
rivojlangan sanoat va yetakchi infratuzilmaga ega mamlakat / From Wikipedia, the free encyclopedia
Rivojlangan mamlakat (yoki yuqori daromadli mamlakat[3][4]) — nisbatan kam rivojlangan mamlakatlar bilan solishtirilganda iqtisodiy hayot darajasining ancha yaxshiligi, yuksak taraqqiy qilgan iqtisodiyot sohibi ekanligi va texnologik jihatdan ilgʻor infratuzilmaga egaligi bilan ajralib turadigan suveren davlatdir. Odatda, iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash mezonlari yalpi ichki mahsulot (YaIM), aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad, sanoatlashuv darajasi, infratuzilmaning yaxshi yoʻlga qoʻyilgani va umumiy turmush darajasiga koʻra belgilanadi[5]. Shunga qaramay, rivojlanganlik darajasini belgilashda qaysi mezonlar qoʻllanilishi va qaysi mamlakatlarni sanoatlashgan deb tasniflash mumkinligi borasidagi bahslar hozirgi kunga qadar davom etib kelmoqda. Rivojlangan mamlakatlarning turli taʼriflari Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon banki tomonidan eʼtirof etiladi, bundan tashqari, Inson taraqqiyoti indeksi reytingi oʻzida oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi, taʼlim va aholi jon boshiga daromadning umumiy indeksini aks ettirgani uchun rivojlangan davlatlarga baho berishda asosan shu kriteriyalar hisobga olinadi. Rivojlangan mamlakatning yana bir keng tarqalgan oʻlchovi bu aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotning eng kamida 22 000 AQSh dollari boʻlishi kerakligidir. 2023-yil hisob-kitoblariga koʻra 37 ta mamlakat asosiy toʻrtta mezon talablariga toʻgʻri kelgan boʻlsa, qolgan 16 ta davlat toʻrt mezondan uchtasiga mos kelgan.
Odatda rivojlangan mamlakatlarning postindustriyadan keyingi iqtisodiyotlari rivojlangan boʻladi. Bunda xizmat koʻrsatish sohasi yalpi ichki mahsulotga sanoat sektoriga qaraganda koʻproq daromad keltiradi. Rivojlangan mamlakatlar sanoatlashtirish jarayonida boʻlgan yoki sanoatdan oldingi mamlakatlar bilan, baʼzilari eng kam rivojlangan mamlakatlar toifasiga kiritilishi mumkin boʻlgan, deyarli toʻliq agrar boʻlgan rivojlanayotgan mamlakatlar bilan taqqoslanadi. 2023-yildagi XVJ maʼlumotlariga koʻra, rivojlangan mamlakatlar yalpi ichki mahsuloti nominal qiymatlar boʻyicha jahon yalpi ichki mahsulotining 57,3 foizini va xarid qobiliyati pariteti (PPP) boʻyicha jahon yalpi ichki mahsulotining 41,1 foizini tashkil qilgan[6].