Ochlik
Oziq moddalar yetishmasligi oqibatida oʻlim / From Wikipedia, the free encyclopedia
Ochlik — organizmni saqlab qolish uchun kerakli darajadan past boʻlgan jiddiy energiya yetishmovchiligi. Bu holat toʻyib ovqatlanmaslikning eng ekstremal shakli hisoblanadi. Uzoq vaqt davom etgan ochlik hayot uchun zaruriy organlarning shikastlanishiga[1] va, oxir-oqibat, oʻlimga olib kelishi mumkin. Toʻyib ovqatlanmaslik[2] atamasi ochlik alomatlari va oqibatlarini tavsiflaydi. Bundan tashqari, ochlik qiynoqqa solish yoki oʻlimga hukm qilish vositasi sifatida ham qoʻllanilishi mumkin.
| |
---|---|
1921—1922-yillardagi ocharchilikdan aziyat chekayotgan rus qizi | |
Belgilari | zaiflik yoki doimiy charchoqni his qilish, energiya yetishmasligi, ongni yoʻqotish |
Mutaxassislik | kritik tibbiy yordam |
Sabablari | toʻyib ovqatlanmaslik |
Tashxis usullari | simptomlarga asoslangan holda |
Takrorlanishi | Dunyo boʻylab 720 dan 811 milliongacha odam (2020-yil) |
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, ochlik dunyo aholisi sogʻligʻiga tahdid soladigan jiddiy xavflardan biri sanaladi[3][4]. JSST, shuningdek, toʻyib ovqatlanmaslik bolalar oʻlimiga sabab boʻlayotgan eng jiddiy omillardan biri ekanligini taʼkidlaydi — qayd etilayotgan bolalar oʻlimi holatlarining yarmiga ocharchilik sabab qilib koʻrsatiladi[3]. Toʻyib ovqatlanmaslik holatlari har yili besh yoshgacha boʻlgan 3,1 million bolaning oʻlimiga sabab boʻlmoqda[5]. Ochlik holatlari haqidagi haqiqiy raqamlarni keltirib oʻtish qiyin, ammo Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, toʻyib ovqatlanmaslikning nisbatan yengil shakli hozirda taxminan 842 million kishida yoki dunyo aholisining har sakkizinchisida (12,5 %) kuzatiladi[6].
Shishgan oshqozon kvashiorkor deb ataladigan notoʻgʻri ovqatlanish shaklidan darak beradi. Kvashiorkorning aniq patogenezi maʼlum emas, chunki dastlab u uglevodlarga boy (masalan, makkajoʻxori), proteinsiz dietalar bilan bogʻliq deb taxmin qilingan[7]. Koʻpgina bemorlarda albumin darajasining past boʻlishiga ushbu holatning natijasi sifatida qaraladi. Aflatoksin bilan zaharlanish, oksidlovchi stress, immunitetning buzilishi va ichak mikrobiotasining oʻzgarishi kabi ehtimoliy sabablar ham taklif qilingan[8]. Davolash choralari vazn yoʻqotish va mushaklarning yoʻqolishi kabi simptomlarni yengillashtirishga yordam beradi, ammo uning oldini olish ham juda muhimdir[7].
Hech qanday oziq-ovqatsiz qolganda odam odatda 2 oy ichida halok boʻladi[9]. Ammo bir kishining 382 kun oziq-ovqatsiz omon qolishi hammani hayratda qoldirgan[10]. Ozgʻin odamlar odatda tana massasining 18 foizigacha qismini yoʻqotgunga qadar omon qolishi mumkin. Semizlik kuzatilgan odamlar bu holatga, ehtimol, 20 foizdan koʻproq chidaydilar. Ochlik holatida ayollar erkaklarga qaraganda uzoqroq umr koʻrishlari aniqlangan[11][12].