Markaziy Osiyo
oʻrta osiyo / From Wikipedia, the free encyclopedia
Markaziy Osiyo — bu Osiyo qitʼasidagi sub-mintaqa boʻlib, janubi-gʻarbda Kaspiy dengizi va shimoli-gʻarbda Sharqiy Yevropadan sharqda Xitoy va Moʻgʻulistonga qadar, janubda Afgʻoniston va Erondan shimolda Rossiyaga qadar choʻzilgan.[1] Mintaqa oʻz ichiga sobiq sovet davlatlari boʻlmish Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonni oladi. Ushbu besh respublika nomidagi oʻxshashliklar tufayli mintaqadan tashqarida (asosan Gʻarbda) mintaqa davlatlari umumiy tarzda '-stanʼ davlatlari deb ham yuritiladi.
Maydoni | 4,003,451 km2 |
---|---|
Aholisi | 75,897,577 (2021) |
Aholi zichligi | 17.43/km2 |
Etnoxoronim | Markaziy Osiyolik |
Davlatlar |
Qozogʻiston Qirgʻiziston Tojikiston Turkmaniston O'zbekiston |
Tillar | Dungan, koryo-mar, Moʻgʻul, qirgʻiz, qoraqalpoq, qozoq, rus, tojik, turkman, uygʻur, oʻzbek |
Vaqt mintaqalari |
UTC+05:00 UTC+06:00 |
Yuqori darajali internet domeni | .kg, .kz, .tj, .tm, .uz |
Islomdan oldingi davrda va Islom dini mintaqaga kirib kelishi davrida (tahminan milodiy 1000-yil yoki undan oldin) Markaziy Osiyoda asosan eroniy tilda soʻzlashuvchi va madaniyatga ega boʻlgan xalqlar istiqomat qilgan[2][3]. Hududda baqtriyaliklar, soʻgʻdlar, xorazmliklar va yarim-koʻchmanchi skiflar hamda dahlar yashagan. Turkiy xalqlarning koʻchib kelishi bilan Markaziy Osiyo asta-sekin oʻzbeklar, qozoqlar, tatarlar, turkmanlar, qirgʻizlar va uygʻurlar kabi turkiy xalqlarning vataniga aylandi. Tojikistonni istisno qilganda, hududda amal qilgan Eroniy tillar oʻrniga Turkiy tillar kirib keldi.
Tarixan Markaziy Osiyo Buyuk Ipak yoʻli bilan aloqador boʻlib, Yevropa va Uzoq Sharq orasida odamlar, tovarlar va gʻoyalar almashinuvi uchun chorraha vazifasini bajargan. Markaziy Osiyoning koʻpchilik davlatlari bugungi kunda ham dunyo iqtisodining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.[4][5]
XIX asr oxirlaridan XX asr oxirigacha Markaziy Osiyo ruslar tomonidan mustamlakaga aylantirilgan. Hudud dastlab Rossiya imperiyasi, keyinchalik Sovet Ittifoqi tarkibiga kiritilgan boʻlib, bu ruslar va boshqa slavyan xalqlarining hududga koʻchib kelishiga sabab boʻldi. Bugungi kunda Markaziy Osiyoda kelib chiqishi Yevropalik boʻlgan koʻp sonli xalqlar mavjud boʻlib, ulardan asosiy qismi Qozogʻistonda istiqomat qiladi. Hududda 7 million ruslar, 500,000 ukrainlar va tahminan 170,000 nemislar yashaydi. Stalin davridagi majburiy koʻchirishlari sababli hudduda bugungi kunda 300,000 dan ortiq koreyslar ham istiqomat qiladi.[6]
Markaziy Osiyoda tahminan 72 million kishi istiqomat qilib, ular beshta davlatga taqsimlangan: Qozogʻiston (19 million), Qirgʻiziston (7 million), Tojikiston (10 million), Turkmaniston (6 million) va Oʻzbekiston (35 million).[7]