Fransiyada turizm
From Wikipedia, the free encyclopedia
Fransiya—dunyoda eng koʻp sayyoh tashrif buyuruvchi mamlakat. 2013-yilda Fransiyadagi turizm yalpi ichki mahsulotga (YaIM) bevosita 79,8 milliard yevro hissa qoʻshdi. Uning 30 foizi xalqaro tashrif buyuruvchilar hisobidan, 70 foizi esa ichki turizm xarajatlaridan toʻgʻri keladi. Sayohat va turizmning umumiy hissasi YaIMning 9,7 % ni tashkil qiladi va mamlakatda 2,9 million ish oʻrni (bandlikning 10,9 %) tashkil etadi[1]. Turizm toʻlov balansiga katta hissa qoʻshadi.
2018-yilda Fransiyaga 89 million xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu dunyodagi barcha mamlakatlar orasida eng yaxshi natijadir[2]. Fransiyada YuNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan 45 ta obyekt mavjud boʻlib, ularda yuqori madaniy qiziqishga ega boʻlgan shaharlar yoki joylar (birinchi oʻrinda Parij, shuningdek, Luara vodiysi, Tuluza,Strasburg, Bordo, Lion va boshqalar), plyajlar va dengiz boʻyidagi kurortlar, togʻ-changʻi kurortlari mavjud. Shuningdek, koʻpchilik oʻzining goʻzalligi va osoyishtaligi bilan zavqlanadigan qishloq hududlari (yashil turizm) ham salmoqli oʻrinegallagan. Boy merosga ega boʻlgan kichik va goʻzal fransuz qishloqlari (masalan, Kollonges-la-Ruj, Lokronan yoki Montsoreau) Les Plus Beaux Villages de France (soʻzma-soʻz „Fransiyaning eng goʻzal qishloqlari“) uyushmasi orqali targʻib qilinadi[3]. „Ajoyib bogʻlar“ roʻyxati Madaniyat vazirligi tomonidan tasniflangan ikki yuzdan ortiq bogʻlarning roʻyxatidir.