Miley Ray Cyrus amerikalik aktrisa va musiqachidir. Country musiqachi Billy Ray Cyrus oilasida tugʻilgan Miley bolaligida Doc seriali va Big Fish filmida kichik rollarda suratga tushdi. 2006-yili Cyrus Disney Channel tayyorlagan Hannah Montana serialida Miley Stewart rolini ijro etib, oʻsmirlar idoliga aylandi. 2007-yili Hollywood Records bilan shartnoma tuzib, teleserial soundtracki va Cyrus'ning debut albomi boʻlgan Hannah Montana 2: Meet Miley Cyrus musiqiy albomini chiqardi. Albom Qoʻshma Shtatlarda uch million nusxada sotilib, "See You Again" singli Billboard oʻnligiga kirdi. Oʻsha yili uning Best of Both Worlds Tour gastroli boʻlib oʻtdi va unga asoslangan Hannah Montana & Miley Cyrus: Best of Both Worlds Concert filmi chiqarildi.