Bekobod tumani
Bekobod tumani – Toshkent viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Shimolida Toshkent viloyatining Boʻka tumani, gʻarbda Sirdaryo viloyati, sharq va janubida Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,76 ming km². Aholisi 127,7 ming kishi (2000). Bekobod tumanida 1 shaharcha va 12 qishloq kengashi bor. Markazi—Zafar shaharchasi. Tabiati. Tuman xududi Dalvarzin choʻli va qisman Mirzachoʻlda joylashgan. Eng sharqida yer yuzasi bir oz oʻrqir. Tumanning adir qismida jar koʻp. Tuman hududi Sirdaryo tomon qiya. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —2,5°, iyulniki 28,5°. Yiliga 227 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 220 kun. Tumanning janubida shamol koʻp boʻladi. Janubi-sharqdan shimoli-sharqqa tomon Sirdaryo oqib oʻtadi. Sirdaryo sohilida qoldiq koʻllar bor. Dalvarzin, Jivali, Oʻrtoqli, Doʻstlik kanallari va Xasyoz arigʻi oqib oʻtadi. Tuprogʻi oʻtloqi va oʻtloqi-botqoq, oqish boʻz tuproq. Botqoq, shoʻr bosgan va eroziyaga uchragan yerlar ham bor. Bekobod tumanida miya, yantoq, qamish, koʻgʻa, yulgʻun, qiyoq kabi oʻsimliklar oʻsadi. Chiyaboʻri, toʻqay mushugi, boʻrsiq, qoʻshoyoq, koʻrsichqon, kaltakesak va ilonlar, qushlardan oʻrdak, loyxoʻrak, qirgʻovul, soʻfitoʻrgʻay, chumchuq va boshqa yashaydi.