Moskva – Rossiya Federatsiyasi poytaxti, Moskva viloyati markazi, federal ahamiyatdagi shahar. Rossiya Federatsiyasining yirik siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy markazi. Moskvada Rossiya Federatsiyasi Prezidenta, Federal Majlis, Rossiya Federatsiyasi hukumati, Konstitutsiyaviy Sud, Oliy Sud, Oliy arbitraj sudi, Rossiya Federatsiyasi Prokuraturasi qarorgohlari joylashgan. 10 maʼ-muriy okrugga boʻlingan. Shahar chegarasi, asosan, Moskva halqa avtomobil yoʻlidan oʻtadi. Maydoni 994,0 km², shu jumladan, Moskva halqa avtomobil yoʻli doirasida 878,7 km². Aholisi 8305,0 ming kishi dan ziyod.
Moskva universiteti, M. V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti — Rossiyadagi ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlaydigan eng yirik oliy oʻquv yurti. 1755-yil M. V. Lomonosov tashabbusi bilan tashkil qilingan. Dastlab falsafa, huquq va tibbiyot fakultetlari boʻlgan. Universitet podsho Rossiyasida ilgʻor fan va maʼrifat markazi boʻlgan. Unda yirik olimlar to'planib, turli ilmiy yoʻnalishlar shakllangan. Universitetda A. N. Radishchev, A. S. Griboyedov, M. Yu. Lermontov, V. G. Belinskiy, A. I. Gersen, A. N. Ostrovskiy, I. S. Turgenev, K. D. Ushinskiy, A. P. Chexov va boshqa mashhur kishilar oʻqigan. 1940-yil M. V. Lomonosov nomi berilgan. Fizika, matematika, kimyo, biologiya, geologiya, geografiya, filologiya, tarix, falsafa, psixologiya, huquq va boshqa sohalar boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydi. Tarkibida 18 fakultet, Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim va oʻqituvchilar malakasini oshirish muassasalari, darslar fransuz tilida olib boriladigan kollej bor. Universitetda 200 dan ortiq kafedra va 430 ilmiy tadqiqotlar laboratoriya va stansiya, 4 ilmiy tadqiqotlar instituti, hisoblash markazi, 4 rasadxona, 3 muzey, Botanika bogʻi, ilmiy kutubxona, nashriyot mavjud. 1992-yil universitet oʻzini oʻzi boshqaruvchi Rossiya davlat oliy oʻquv yurti makrmini oldi. Universitetda 25 mingdan ortiq talaba taʼlim oladi, 9 mingga yaqin ilmiy pedagogik xodim ishlaydi.
Moskva jomeʼ masjidi — Moskva shahrida joylashgan, Yevropadagi va Rossiyadagi eng yirik masjidlardan biri.
Masjid binosi 1904-yili qurilgan, 2011-yilda esa, rekonstruksiya uchun buzib tashlangan edi. 2015-yilning 23-sentyabr kuni, Qurbon hayiti arafasida masjidning ochilish marosimi boʻldi. Marosimda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, hududlardan Ramzan Qodirov va boshqalar qatnashdilar. Oʻzbekiston nomidan Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi qatnashdi.
2015-yilning 5-oktyabr kuni masjidga Muhammad paygʻambar sochlari taqdim etildi.