Sloveniya
From Wikipedia, the free encyclopedia
From Wikipedia, the free encyclopedia
Sloveniya (Slovenija), Sloveniya Respublikasi (Republika Slovenija) — Bolqon yarim orolning shim.garbida joylashgan davlat. Maydoni 20,3 ming km². Aholisi 1,93 mln. kishi (2002). Poytaxti — Lyublyana shahri. Maʼmuriy jihatdan 62 tumanga boʻlingan.
Sloveniya Respublikasi Republika Slovenija
| |
---|---|
Shior: Kdor ne skače ni Sloven | |
Madhiya: Zdravljica | |
Poytaxt | L'yublyana |
Rasmiy til(lar) | Slovencha |
Hukumat | Parlamentlik Respublika |
• Prezident |
Nataša Pirc Musar |
• Bosh Vazir |
Robert Golob |
Mustaqillik (Yugoslaviyadan) | |
• Sana |
25-iyun 1991 |
Maydon | |
• Butun |
20,273 km2 (154-oʻrin) |
• Suv (%) |
0.7 |
Aholi | |
• 2002-yilgi roʻyxat |
2,011,070 (145-oʻrin) |
• Zichlik | 99/km2 |
YIM (XQT) | 2005-yil roʻyxati |
• Butun |
AQSh$42,260 mil. (84-oʻrin) |
• Jon boshiga |
AQSh$21,014 |
Pul birligi | Yevro (EUR) |
Vaqt mintaqasi | UTC+1 |
UTC+2 | |
Qisqartma | SI |
Telefon prefiksi | 386 |
Internet domeni | .si |
|
Sloveniya — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1991-yil 23-dekabrda qabul qilingan; unga 1997 va 2000-yillarda tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident (2002-yildan Yanez Drnovshek). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 2 palatali parlament — Davlat majlisi va Davlat Kengashi, ijrochi hokimiyatni rais boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.
Sloveniya — asosan, togʻli mamlakat. Shimoli-gʻarb va shimolida Sharqiy Alp tizmasi, janubida Dinara yassitogʻligining shimoliy chekkasi, janubi-gʻarbda gʻaroyib gʻorlari bilan mashxur boʻlgan Karst platosi bor. Sharqda va Adriatika dengizining Triyest qoʻltigʻi sohilida chogʻroq pasttekisliklar joylashgan. Qoʻrgʻoshinrux rudalari, simob, bir oz miqdorda qoʻngʻir koʻmir, lignit, neft, barit, binokorlik materiallari konlari mavjud. Iqlimi moʻʼtadil, kontinental. Asosiy daryolari — Sava, Drava (Dunay irmoqlari). Togʻlarda muz va karst koʻllari bor. Sloveniya hududining 46% ga yaqini oʻrmon, baland togʻlarda buk va eman oʻrmonlari togʻ yonbagʻirlarida aralash va ignabargli oʻrmonlar bilan almashinadi. Kattagina maydonlar — yaylov. Hayvonot dunyosi qoʻngʻir ayiq, bugʻu, togʻ echkisi, kemiruvchilar va turli parrandalardan iborat. Triglav milliy bogʻi tashkil etilgan.
Asosiy aholisi slovenlar (90%); xorvat, serblar ham yashaydi. Shahar aholisi 51,5%. Dindorlarining aksariyati xristian (katolik)lar. Rasmiy til —sloven tili. Yirik shaharlari: Lyublyana, Maribor.
Sloveniya hududida qadimdan keltilliriy qabilalari yashagan. Mil. av. 1-asrda Rim davlati bosib olgan. 6—7-asrlarda bu yerga slavyan (sloven)lar kelib oʻrnashgan. 7-asrda Karantaniya deb ataluvchi ilk davlat paydo boʻlgan. 11 — 13-asrlarda S hududida Karintiya, Shtiriya, Krayna va boshqa knyazliklar paydo boʻldi. 1282-yil Sloveniyaning katta qismi Gabsburglar yermulki tarkibiga kirdi va 16-asr boshlariga kelib, barcha sloven yerlari qoʻshib olindi. 1478, 1515, 1573-yillarda dehqonlarning qoʻzgʻolonlari boʻldi. 18-asrning 2-yarmida oʻtkazilgan islohotlar tufayli iqtisodiy jonlanish roʻy berdi. 1848—49 yillardagi inqiloblar natijasida yersuv munosabatlari yemirilib, pultovar munosabatlari rivojlana boshladi. 1914—18 yillarda milliy harakat avj oldi. 1918-yildan Sloveniya yerlari Serb, xorvat, slovenlar qirolligi (1929-yildan Yugoslaviya qirolligi)ga birlashdi. 1941-yil Yugoslaviya fashistlar bosqiniga duchor boʻlib, Sloveniya yerlarini Italiya bilan Germaniya boʻlib oldi. 1945-yil 15-mayda ozod qilindi. 1946-yilgi Parij sulh shartnomasiga binoan, Yugoslaviya bilan qayta qoʻshilib, 1991-yilgacha uning tarkibidagi respublikalardan biriga aylandi. 1991-yil 25-iyunda respublika Skupshchinasi Sloveniyaning davlat mustaqilligini eʼlon qildi va Yugoslaviya tarkibidan chiqqanligini bildirdi. Sloveniya — 1992-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1991-yil 27-dekabrda tan olgan va 1995-yil 16-yanvardan diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 25-iyun — Sloveniya davlatchiligi kuni (1991).
Liberal demokratiya partiyasi, 1913-yil asos solingan Sloveniya liberal partiyasining davomchisi sifatida 1989-yilda qayta tiklangan; Sloveniya demokratik partiyasi, 1992-yil tuzilgan; Sotsialdemokratlar Yagona roʻyxati partiyasi, 1992-yil asos solingan; Koʻkatparvarlar partiyasi, 1992-yil tashkil etilgan; Sloveniya xalq partiyasi, 2000-yil tuzilgan; Sloveniya milliy partiyasi; Sloveniya sotsialdemokratik partiyasi, 1989-yil asos solingan; Sloveniya pensionerlar demokratik partiyasi. Sloveniya mustaqil kasaba uyushmalari birlashmasi; Sloveniya mustaqilligi yangi kasaba uyushmalari konfederatsiyasi.
Sloveniya — industrialagrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 35%, qishloq xoʻjaligining ulushi 5%, xizmat koʻrsatish sohasining ulushi 60%.
Qoʻrgʻoshinrux, polimetall rudalar, qoʻngʻir kumir, boksit, surma, simob qazib olinadi. Yesenitse, Shtore, Ravneda qora metallurgiya, Mejitse, Kidrichevoda rangli va kora metallurgiya korxonalari bor. Mashinasozlik, sellyulozaqogʻoz sanoati va metall ishlash — sanoatning yetakchi tarmogʻi. Maribor, Lyublyana, Sele, Krandagi zavodlarda gidroturbinalar, yuk avtomobillari, avtobus, mototsikl, roʻzgʻor asboblari, elektrotexnika buyumlari va boshqa ishlab chiqariladi. Kimyo va elektrkimyo sanoati (jumladan, karbid kalsiy ishlab chiqarish) rivojlangan. Yogʻochsozlik, kemasozlik, toʻqimachilik, poligrafiya, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, koʻnpoyabzal, oziq-ovqat, jumladan, vinochilik sanoati korxonalari bor. Elektr energiyasi GES larda hosil qilinadi (yiliga oʻrtacha 12,6 mlrd. kVtsoat). Asosiy sanoat markazlari: Lyublyana, Maribor.
Qishloq xoʻjaligi sermahsul. Goʻshtsut chorvachiligi rivojlangan, qoramol, choʻchqa, ot. qoʻy boqiladi. Dehqonchilikda kartoshka, bugʻdoy, makkajoʻxori, suli, arpa, tariq, xmel, qand lavlagi, zigʻir ekiladi. Bogʻdorchilik va tokchilik rivojlangan.
Transportida temir yoʻl uzunligi 1,2 ming km, avtomobil yoʻllari uzunligi 14,7 ming km. Dengiz porti — Koper. Xorijiy sayyohlik yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Chetga yuk avtomobillari, avtobuslar, toʻqimachilik, kimyo sanoati va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari chiqaradi. Chetdan avtomatika va aloka vositalari, mashina va uskunalar, isteʼmol tovarlari oladi. Pul birligi tolar.
Sloveniyada 8 yillik maktab taʼlimning asosiy boʻgʻini hisoblanadi. Toʻliq oʻrta maʼlumotni gimnaziya beradi. Malakali ishchilar tayyorlaydigan maktablar, qishloq xoʻjaligi, texnika va boshqa sohalarga ixtisoslashgan maktablar bor. 26 oliy oʻquv yurti mavjud. Yiriklari: Lyublyana universiteti (1595—96), Oliy Pedagogika maktabi va boshqa Koʻp ilmiy muassasalar — Sloveniya Fan va sanʼat akademiyasi (1921), Geol., Tabiat va tarix yodgorliklarini saqlash, Ishchilar harakati tarixi ilmiy tadqiqot institutlari, Lyublyana universiteti huzuridagi Yadro tadqiqotlari instituti, mintaqaviy ilmiy va madaniy-maʼrifiy jamiyatlar Lyublyanada joylashgan. 168 ta yirik kutubxona (jumladan, Milliy va universitet kutubxonasi), 94 ta muzey (jumladan, milliy va zamonaviy galereyalar, milliy, etn. va shahar muzeylari) bor.
Asosiy gaz.lari: "Delo" ("Ish", mustaqil kundalik gazeta, 1959-yildan), "Drujina" ("Oila", haftanoma, 1952-yildan), "In" ("Sloveniyadan xabarlar", ingliz va sloven tillarida chiqadigan haftanoma), "Mladina" ("Yoshlar", haftanoma, 1942-yildan), "Slovenets" ("Sloveniyalik", kundalik gazeta, 1991-yildan), "Slovenske novitse" ("Sloveniya yangiliklari", kundalik gazeta, 1991-yildan), "Vecher" ("Oqshom", kundalik gazeta, 1945-yildan). Sloveniya telegraf agentligi (STA) Sloveniya Respublikasi axborot agentligi boʻlib, 1991-yil asos solingan. Sloveniya Radio va televideniyesi faoliyat koʻrsatadi; radioeshittirish 1928-yildan, telekoʻrsatuv 1958-yildan boshlangan. 3 davlat radio dasturi va 2 davlat telekanali mavjud. Eshittirish va koʻrsatuvlar sloven, venger, italyan tillarida olib boriladi.
Sloveniya yozma adabiyoti 10-asrdan boshlangan. Uning rivojlanishida boy xalqogʻzaki ijodiyoti muhim rol oʻynagan. Ruhoniy P. Trubar (1508—86) sloven alifbosini ishlab chiqib, sloven tilida liniy adabiyotlar nashr ettirdi. Sloveniya Krel. Yu. Dalmatin, A. Boxorich uning ishini davom ettirdi. 18-asrda Yevropa Uygʻonish davri gʻoyalari taʼsirida dunyoviy adabiyot vujudga kelib, rivojlandi. Dramaturg A. T. Linhart va shoir V. Vodnik ijodiyoti shu davrga toʻgʻri keldi. F. Preshern (1800—49) ijodi ("Poeziya", 1847) sloven va yevropa adabiyotida muhim voqea boʻldi, uning asarlari Sloveniyada romantizmning karor topishida katta rol oʻynadi. F. Levstik sloven nazmi, nasri va adabiy tanqidchiligida realistik oqimni boshlab berdi. Uning izdoshlari — avvalo tarixiy qissa va romanlari bilan tanilgan Y. Yurchich, yozuvchi va shoirlardan Y. Strirar, I. Tavchar, Ya. Kersnik, Sloveniya Yenko, Sloveniya Gregorchich, A. Ashkers realizmni yuqori pogʻonaga koʻtardilar.
19-asr oxiri — 20-asr boshlarida "Sloven moderni" ijodiy guruqi (nasrda Y. Sankar, D. Kette, nazmda O. Jupanchich va boshqalar) adabiy jarayonni rivojlantirdi. Guruh aʼzolari oʻsha paytda Yevropada urf boʻlgan naturalizm, impressionizm, simvolizm sheʼriy usullaridan foydalanib, ijtimoiy va milliy tengsizlikka qarshi norozilik kayfiyatini ifodaladilar. 20—30-yillarda shoirlardan O. Jupanchich, A. Gradnik, yozuvchi va dramaturglardan F. Bevk, Yu. Kozak, B. Kreft, P. Vorans xalq xayotini haqqoniy aks ettirdilar. Ikkinchi jahon urushi yillaridagi ozodlik kurashi davrida sheʼriyat yetakchi janr buldi. Partizan shoirlar M. Bor, K. DestovnikKayux, T. Selishkar, E. Kotsbek va boshqa oʻz sheʼrlari bilan xalqni kurashga daʼvat etdilar. Urushdan keyingi yillarda Ya. Menart, L. Krakar, T. Pavchek, K. Kovich sheʼriyatida, M. Mixelich, P.Zidar, V. Kavchich qissa va romanlarida, P. Kozak, D. Smole, P. Bojich pyesalarida inson ahvolruhiyati chuqur tahlil qilinib, voqealar silsilasi jushqin ifodalab berildi, turli gʻoyalar kurashi xolisona aks ettirildi.
Sloveniya hududida mil. av. 1-asr va mil. 4-asrlarda Qad. Rim shaharlari (Emona, xrz Lyublyana; Petovio, hozirgi Ptuy) mavjud boʻlgan. Ulardagi istehkomlar, ibodatxonalar, osma quvurlarning qoldiqlari hozirgacha saqlangan. Oʻrta asrlardan roman uslubidagi (Stichnadagi cherkov, 1136 — 56), gotika uslubidagi (Ptuydagi cherkov, 1260—70. PtuyskGora qishlogʻidagi cherkov, 15-asr boshi) ibodatxonalar qolgan. 15— 16-asrlar meʼmorligida Uygʻonish davri belgilari seziladi. 17—18-asrlarda barokko uslubi yoyildi, bu uslub cherkovlar (Lyublyanadagi avliyo Yakov cherkovi, 1613— 15; Ursulin cherkovi, 1718—26), ratushalar, favvoralar (Lyublyanadagi F. Robba favvorasi, 1751) va sh.k.lar qurilishida namoyon boʻldi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Y. Plechnik, I. Vurnik, V. Shubits kabi meʼmorlar ijodida milliy anʼanalar va qad. meʼmoriy uslublar bilan bir katorda "modern" uslubidan ham foydalanildi. 1945-yildan keyin erkin rejali yangi shaharlar, sanoat rayonlari, koʻp qavatli turar joy majmualari, jamoat markazlari, Koper, Piran va boshqa kurortshaharlar, sayyohlik maskanlari kurila boshladi. Dengiz boʻylarida devorlari toshdan tiklanib, tomi cherepitsa bilan yopilgan, sharqiy va togʻ oldi joylarida yogʻoch va guvaladan tiklanib, tomi poxol va taxtachalar bilan yopilgan uylar koʻproq uchraydi.
Sloveniya hududida paleolit davriga mansub suyakdan yasalgan buyumlar, neolit davriga oid chorpoya ustiga kurilgan binolarning krldiklari, jimjimador naqshlangan sopol idishlar topilgan. Jez davridan jez haykalchalar, naqshin shamshir va boshqa saqlangan. 9—12-asrlar slavyan kabrlaridagi kumush zargarlik buyumlari oʻyma naqsh bilan ziynatlangan. 12— 13-asrlarda cherkovlar tosh oʻymakorligi va burtma gullar bilan bezatilgan. 14-asrda yogʻoch haykaltaroshligi paydo boʻldi (Solchavdagi "Bibi Maryam" cherkovi). 16-asrda portret va dunyoviy rang-tasvir sanʼati rivojlandi, cherkov devorlariga rayem solish urf boʻldi. Metall, yogʻoch va sopol buyumlar yasashga kirishildi. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida F. Kovchich rasmlari, L. Yansha manzaralari, I. Tomins portretlari mashhur boʻldi. 20-asr rassomlaridan F. Tratnik, G. Kos, F. Mixelich, haykaltaroshlaridan F. Berneker, L. Dolinar ijodi diqqatga sazovor. Amaliy bezak sanʼati turlari rivojlangan.
Koʻpgina xalq kuylariga nemisavstriya hamda venger xalq musiqa anʼanalarining yaqinligi xoSloveniya Sloveniyada mavsum, marosim (koledalar), tarixiy, qahramonlik, sevgi, hazil qoʻshiqlari mavjud. Koʻp ovozli kuylash keng tarqalgan. Xalq cholgʻu asboblardan lab garmonikasi, skripka, klarnet va boshqa mavjud. Professional musika sanʼati monastirlarda (12-asrdan) hamda cherkovlar huzuridagi ashula maktablari (13-asrdan)da rivoj topdi. Ilk kompozitorlar orasida Ya. Gallus (diniy va dunyoviy koʻp ovozli asarlar yaratgan) alohida ajralib turadi. 17-asr kompozitorlaridan vokal va cholgʻu asarlar mualliflari G. Plavets (Plauts), Ya. B. Dolar, I. Posh (Poxius) barakali ijod qildilar. 18-asrda Lyublyanada Filarmoniya akademiyasi tashkil etildi. Ya. Zupan, Ya. Novak dastlabki operalarni yozdilar. 1892-yil Lyublyanada Sloveniya teatri ochildi, 1919-yil konservatoriya (1939-yildan Musika akademiyasi), 1934-yil Musika tarixi instituti, 1939-yilda filarmoniya ish boshladi. 20-asrning 2-yarmida Sloveniya radio va televideniyesi huzurida xor va estrada orkestri, Lyublyana universiteti huzurida musiqashunoslik instituti tashkil etildi. Zamonaviy kompozitorlardan D. Shvara, P. Ramovsh, I, Petrich; dirijyorlardan Sloveniya Xubad, D. Jebre, sozandalardan D. Tomishich, M. Lipovshesh, I. Ozim, xonandalardan L. Koroshech, V. Bukovetslar mashhur.
17-asrda nemis va lotin tillarida dastlabki tomoshalar — "maktab dramasi" va diniy mavzudagi dramalar koʻrsatila boshlagan, sung dunyoviy teatrlar ham paydo bulgan. 1765-yil Lyublyanada doimiy ishlaydigan Tabaka teatri ochilib, unda nemis tilida A. Iffland, A. Kotsebu, 19-asrdan F. Shiller va boshqa mualliflarning pyesalari kursatilgan. 1789-yil birinchi sloven pyesasi — A. Linhartning "Mitska — jupan qizi" pyesasi sahnalashtirildi. 1867-yil tashkil etilgan Teatr jamiyati, asosan, sloven dramaturglarining asarlarini kursata boshladi. 1va 2-jahon urushlari urtasidagi davrda Sloven milliy teatr truppasi kaytadan tashkil etildi, 20-asrning 2-yarmida yangi teatrlar barpo etildi. Lyublyanada Eksperimental (1956-yildan), bolalar teatrlari, qugʻirchoq teatr, Teatr sanʼati akademiyasi, Sloven teatr muzeyi ishlaydi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.