tarixiy yirik savdo yoʻli From Wikipedia, the free encyclopedia
Buyuk Ipak yoʻli – qadimda sharq bilan gʻarbni bogʻlab turgan savdo yoʻli, insoniyat rivojlanishi tarixining, uning birlashuvga hamda madaniy qadriyatlari bilan almashishga, hayotiy fazo-yu mahsulotlarni sotish uchun bozorlarga erishishga intilishining oʻziga xos boʻlgan hodisasi. Dengiz, okean yoʻllari ochilmasdan oldin bu yoʻllar muhim ahamiyat kasb etgan.
Sharqda aytiladigan naqlga qaraganda: „Oʻtirgan – boʻyra, yurgan – daryo“. Harakatlanish – bu hayotdir, sayohat qilish, jahongashtalik doimo taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan edi. Insoniyat tarixida eng ulkan boʻlgan ushbu qitʼalararo savdo yoʻli Yevropa va Osiyoni bir-biriga bogʻlab, oʻtmishda antik Rim davlatidan to Yaponiyaning qadimgi poytaxti Nara shahrigacha choʻzilgan edi. Albatta, sharq va Gʻarb oʻrtasidagi savdo oʻtmish qaʼriga choʻkkan qadim-qadim zamonlardan beri olib borilar edi, lekin bu kelgusida bunyod etilgan Buyuk yoʻlning aloxidagi qismlari edi. Savdo aloqalari hosil boʻlishiga Markaziy Osiyo togʻlarida yarim qimmatbaho toshlar – Sharqda nihoyatda qadrlangan lazurit, nefrit, aqiq, feruzalar qazib chiqariladigan konlarni topib, qazib olish koʻp jihatdan koʻmaklashgan. Masalan, Markaziy Osiyodan Eronga, Mesopotamiyaga va hatto Misrga lazurit toshi yetkazib beriladigan „lazurit yoʻli“ mavjud edi. U bilan bir paytda „nefrit yoʻli“ ham tarkib topgan, bu yoʻl Xotan va Yorkend tumanlarini Shimoliy Xitoy mintaqalari bilan bogʻlar edi. Bundan tashqari, Old Osiyo mamlakatlariga Soʻgʻdiyona va Baqtriya davlatlaridan aqiq toshlari olib ketilar edi, Xorazmdan esa feruza keltirilgan. Bu yoʻnalishlarning barchasi oxir-oqibat Buyuk Ipak yoʻliga kirib mujassamlashgan. Markaziy Osiyodan Gʻarbga va Janubga oʻtkazilgan karvon yoʻllarini hamda Xitoydan Sharqiy Turkistonga olib boradigan yoʻllarni oʻzaro bogʻlab bergan buyuk yoʻlning haqiqiy boshlanishini tarixchilar eramizdan avvalgi ikkinchi asrning oʻrtalarida, deb hisoblaydilar, oʻsha davrda xitoyliklar uchun ilk bora Gʻarb oʻlkalari
Qadimda va oʻrta asrlarda Sharq va Gʻarb mamlakatlarini ilk bor oʻzaro bogʻlagan qitalararo karvon yoʻli (miloddan avvalgi 2-asr— milodiy 15-asr). Buyuk Ipak yoʻli atamasi ushbu yoʻldan tashilgan qimmatbaho mahsulot – Xitoy ipagi bilan bogʻliq. Gʻarb mamlakatlari uzoq vaqtgacha ipakchilik sirasrorlaridan bexabar boʻlishgan.
Buyuk ipak yoʻli atamasi qadimda ishlatilmagan. Buyuk ipak yoʻlini tarixiy, geografik va madaniy jihatlarini ilmiy oʻrganish amalda koʻplab mamlakat olimlari tomonidan 19-asrning 2-yarmidan boshlangan. Uni tadqiq etishga Gʻarbiy Yevropa, Rossiya va Yaponiya olimlari salmoqli hissa qoʻshdilar. Xususan, Yaponiyada „Buyuk ipak yoʻli ensiklopediyasi“ nashr qilindi. 1877-yil mashhur nemis olimi Karl Rixtgofen oʻzining „Xitoy“ nomli yirik ilmiy asarida ulkan Yevroosiyo materigining turli qismlarini bogʻlovchi yoʻllar tizimini „Ipak yoʻli“ deb atagan, keyinchalik „Buyuk ipak yoʻli“ atamasi qabul qilingan.
Miloddan avvalgi 2-asrgacha ham Sharq bilan Gʻarb oʻrtasida Oʻrta Osiyo karvon yoʻllari orqali amalga oshirilgan aloqalar mavjud boʻlgan. Bunga Togʻli Oltoydagi Poziriq qoʻrgʻonidan topilgan Kichik Osiyoda tayyorlangan buyumlar, Afgʻoniston va Oʻrta Osiyodan topilgan yunon buyumlari misol boʻlishi mumkin. Iskandar Maqduniy (qarang Aleksandr Makedoniyalik) saltanati tuzilishi bilan bu aloqalar toʻgʻri yoʻlga solingan. Buyuk ipak yoʻlining sharqiy qismini barpo etishda sugʻdiylar katta rol oʻynaganlar. Iskandar Maqduniy tomonidan Sugʻdiyona mamlakati istilo etilishi bilan koʻplab sugʻdiylar sharqqa tomon koʻchganlar va Buyuk ipak yoʻlining markaziy qismini – Oʻrta Osiyodan tortib Xitoyning Chanan shahrigacha boʻlgan oraliq masofada savdo faktoriyalari (manzilgohlari) bunyod etganlar. Oʻz navbatida Xan imperiyasi miloddan avvalgi 1-ming yillik oxirida oʻz hududini Oʻrta Osiyo tomon kengaytirish siyosati yurgizib bu yoʻnalishga alohida eʼtiborini qaratadi va bu yoʻl haqida maʼlumot toʻplash, aygʻoqchilik va diplomatik maqsadlarida elchi Chjan Szyanni yuboradi. O'zining mashhur sayohati davomida miloddan avvalgi 138—126 yillarda xitoylik diplomat Chjan Szyanni Farg'ona otlarining go'zalligidan hayratda qoldi. U Farg'ona vodiysida ko'rgan bu ulug'vor tulporlar nafaqat go'zalligi va salobati bilan ajralib turar, balki o'sha davrdagi past bo'yli xitoy otlaridan ancha ustun xususiyatlarga ega edi. Farg'ona otlari, shuningdek, "osmon tulporlari" sifatida ham mashhur bo'lib, xitoy kavalariyasining rivojlanishida muhim rol o'ynadi. Ular kuch va tezlik timsoliga aylandi va kavalariyaga kiritilishi Xan sulolasiga katta harbiy ustunlik yaratishga yordam berdi. Bu afsonaviy tulporlar tarixda o'chmas iz qoldirib, butun dunyodagi otlarni qadrlovchi avlodlarga ilhom bag'ishladi. Bundan tashqari, farg'ona tulpori Buyuk Ipak yo'li ramziga aylandi, ba'zan uni "otli yo'l" deb ham atashadi, bu qadimgi savdo yo'lining rivojlanishida otlarning ahamiyatini ko'rsatib turadi. [1]Ammo Suriyadagi Oʻrta dengizning sharqida joylashgan Giyerapol shahridan Serika (Xitoy)gacha boʻlgan masofa boʻylab tuzilgan dastlabki batafsil yoʻllik makedoniyalik savdogar May Titsian (milodiy 100 yil) tomonidan tuzilgan. Bu maʼlumotlar Klavdiy Ptolomeyning „Geografik qoʻllanma“sida saqlangan. Ptolemey esa oʻz navbatida bu maʼlumotlarni tarixchi Marinning taxminan 107—114-yillar oraligʻida yozilgan va bizgacha yetib kelmagan asarlaridan olgan. Ushbu maʼlumotlarga kõra, Buyuk ipak yoʻli 2 kat (kiyem) ga boʻlingan: Giyerapoldan Toshminor (Toshqoʻrgʻon)gacha va Toshminordan Serikagacha. Yoʻlning Oʻrta Osiyo qismi Ariya (hozirgi Turkmanistonning janubiy va Afgʻonistonning shimoliy-gʻarbida joylashgan qadimiy viloyat) dan boshlangan. Ariyadan yoʻl shimolga Margʻiyonadagi Antioxiyaga (Bayramali shahri yaqinidagi koʻhna Marv shahri xarobasi) ketgan, soʻngra sharqqa burilib Baktra (Shimoliy Afgʻonistondagi Balx shahri)ga borgan. Bu yerdan yoʻl shimoliy tomon yoʻnalib Termiz atrofida Amudaryodan oʻtilgan va soʻngra 2 tomonga ketilgan. Birinchisi, shimoldagisi boʻylab Temir darvoza orqali Marokanda (Samarqand)ga, u yerdan Fargʻonaga ketilgan. Ikkinchisi, janubdagisi esa Surxondaryo vodiysi boʻylab komedlarning togʻli oʻlkasiga (hozirgi Qorategin) olib borgan. Har ikki yoʻnalish ham Toshminorga olib borgan. Uni ayrim olimlar Toshkent hududida, boshqalari Olay vodiysida joylashgan deb hisoblaydilar. Toshminordan soʻng yoʻl Oʻrta Osiyo hududidan tashqariga chiqqan, Ergashtom atrofida „savdogarlar qoʻnimgohi“ joylashgan, soʻngra yoʻl TaklaMakon choʻlidan oʻtib Dunxuanga, soʻngra Xitoyning qadimiy poytaxti – Chananga olib borgan. Bu yerdan yoʻl ehgimol shimoli-gʻarbga Koreya va Yaponiyaga ketgan boʻlsa kerak. Milodiy 5—8-asrlarda Buyuk ipak yoʻlining Yettisuv orqali Choch (Toshkent vohasi), Sugʻd, soʻngra Poykend, Marv boʻylab Eron Xurosoniga eltuvchi shimoliy qismi muhim ahamiyat kasb etgan. Ayni shu davrda Eron orqali Vizantiyaga ipak olib oʻtish taqiqlanganligi munosabati bilan sugʻd savdogarlari Vizantiya va Turk xoqonlari vositachiliklarida Sugʻd va Xorazmdan Kaspiy dengizini aylanib oʻtib, Shimoliy Kavkazdagi dovonlardan oshib Qora dengiz va keyinchalik Konstantinopolgacha olib boruvchi yangi yoʻl tarmogʻini ochadilar. Gʻarbda yuksak kadrlangan, qiymati jihatidan oltin va qimmatbaho toshlarga tenglashtirilgan ipak vositasida Vizantiya imperatorlari Yevropadan jangchilar yollashgan va qoʻshni „varvar“ – german va slavyan qabilalarining hukmdorlarini oʻz tomonlariga ogʻdirib olishgan, chunki ipak ularda yanada qadrliroq sanalgan. Ipak bu paytda 3 buyuk davlat: Vizantiya imperiyasi, Sosoniylar Eroni va buyuk Turk xoqonligi oʻrtasidagi iqtisodiy raqobat obyektiga aylangan. Biroq, bu „ipak“ yoʻli aftidan uzoq vaqt mavjud boʻlmagan, chunki 6-asr 2-yarmida Xitoy ipak ishlab chiqarish boʻyicha monopol huquqdan mahrum boʻlgan, asr oxirida esa Vizantiya shu qadar koʻp miqdorda ipak yetishtirar ediki, uni Xitoydan keltirishga hech qanday ehtiyoj qolmagan. Vizantiya ipak sanoatini barpo etilishi va uni astasekin Kavkazorti va Oʻrta dengiz mamlakatlariga tarqalishi bilan Buyuk ipak yoʻlining tarixi tugaydi. Keyingi asrlarda, ayniqsa moʻgʻullar saltanati davrida garchand Sharq bilan Gʻarbni bogʻlovchi karvon yoʻli mavjud boʻlgani haqida koʻplab dalillarni keltirish mumkin boʻlsada, lekin „ipak yoʻli“ nomini unga shartli ravishda qoʻllash mumkin, chunki bu yoʻlning ahamiyatini endilikda ipak emas, boshqa tovar va maqsadlar belgilar edi.
1987-yil YuNESKO madaniy taraqqiyot boʻyicha BMTning umumjahon dekadasi doirasida „Ipak yoʻli – muloqot yoʻli“ xalqaro dasturini qabul qildi. Bu dastur Oʻrta Osiyo xalqlari boy madaniy tarixlarini keng qamrovda tadqiq etishni nazarda tutadi. Biroq uning asosiy maqsadi – Sharq bilan Gʻarb oʻrtasida yanada mustahkamroq madaniy va iqtisodiy aloqalar oʻrnatish, ushbu buyuk qitʼalarda yashovchi koʻp sonli xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni yaxshilashdan iborat. Koʻplab (30 dan ziyod) xalqaro ilmiy konferensiya (jumladan, Samarqand, 1990-yil oktabr; Buxoro, 1996-yil fevral) va seminarlar oʻtkazildi. Buyuk ipak yoʻli y. boʻylab birgalikda xalqaro ekspeditsiyalar uyushtirildi, kinofilmlar yaratildi, kitoblar, broshyuralar va maqolalar chop etildi, baʼzi arxeologik va meʼmoriy yodgorliklar taʼmirlandi. Baʼzi bir Sharq mamlakatlarida (Hindiston, Xitoy, Oʻzbekiston, Shri Lanka, Yaponiya) Buyuk ipak yoʻli y.ni oʻrganish boʻyicha maxsus ilmiy institutlar barpo etilgan. Maye, BMT va YuNESKO qaroriga koʻra, Samarqand shahrida Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti ochilgan. 1997-yil mayda Oʻrta Osiyoni Eron bilan bogʻlagan Saraxs – Mashhad temir yoʻl uchastkasi qurilishi tugallandi, bu bilan Oʻrta Osiyo mamlakatlari Fors qoʻltigʻiga, Yevropa mamlakatlari esa Oʻrta Osiyoga chiqish imkoniga ega boʻldilar. Ilmiy va madaniy dasturlardan tashqari Buyuk ipak yoʻli y.ni tiklash boʻyicha jahonshumul ahamiyatga ega boʻlgan loyiha amalga oshirilmoqda (qarang Yevropa-Kavkaz-Osiyo transport yoʻlagi (TRACECA)). Navbatdagi vazifa – Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi temir yoʻl uchastkasini qurishdir. Mana shu reja amalga oshgudek boʻlsa, Atlantika okeanidan tortib Tinch okeanigacha boʻlgan masofada Buyuk ipak yoʻlining „temir yoʻl“ varianti toʻla tiklangan boʻladi.
Oʻzbekistonda Buyuk ipak yoʻlini tiklashga katta eʼtibor qaratilmoqda. 1995-yil 2-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning Buyuk ipak yoʻlini qayta tiklashda Oʻzbekistonning ishtirokini avj oldirish va respublikada xalqaro sayyohlikni rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi farmoni eʼlon qilindi (yana qarang: Buyuk ipak yoʻli sayyohlik yoʻnalishlari)."
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.